Xabar qilinganidek, 2017 yil 31 may kuni Surxondaryo viloyati Sherobod tumanida joylashgan Iso at-Termiziy majmuasi tarkibida yangi “Imom Termiziy” jome masjidining ochilish marosimi bo‘lib o‘tgan edi. Ushbu masjidning ochilishini nafaqat Surxondaryo viloyati, balki, butun yurtimiz aholisi mamnuniyat bilan qabul qildi. Zero, mazkur ma’rifat maskanining ochilishi Muborak Ramazon oyida xalqimizga munosib tuhfa bo‘ldi.
Ramazon kunlarining rahmat kechalarida “Imom Termiziy” masjidiga tarovih namozini ado etish uchun yuzlab namozxon tashrif buyurmoqda.
“Imom Termiziy” jome masjidining ochilish marosimi va shu kunlarda ado etilatyogan tarovih namozi aks etgan fotolavhalardan quyida bahramand bo‘lasiz.
O‘zbekiston musulmonlari idasi
Masjidlar bo‘limi
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov