Sayt test holatida ishlamoqda!
24 Sentabr, 2026   |   13 Rabi`us soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:53
Quyosh
06:12
Peshin
12:15
Asr
16:30
Shom
18:21
Xufton
19:36
Bismillah
24 Sentabr, 2026, 13 Rabi`us soni, 1448

Taroveh necha rakat?

05.06.2017   92709   3 min.
Taroveh necha rakat?

Abu Salama ibn Abdurrahmon Oisha onamiz raziyallohu anhodan Rasululloh sallallohu alayhi va sallamning Ramazonda o‘qiydigan namozi qanday ekanligini so‘raganlarida, ummul mo‘minin Oisha onamiz raziyallohu anho: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda ham, undan boshqasida ham o‘n bir rakatga ziyoda qilmas edilar. To‘rt rakat o‘qirdilar. Ularning qanday ham chiroyliligi, uzunligini so‘ramay qo‘yaver!... So‘ng yana to‘rt rakat o‘qirdilar. Ularning qanday ham chiroyliligi, uzunligini so‘ramay qo‘yaver!... So‘ng uch rakat (vitr) o‘qir edilar”. – deb javob berganlar

Mazkur hadisi sharifga binoan payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi va sallam tarovehni sakkiz rakat o‘qiganliklari ma’lum bo‘lmoqda.

 Jobir ibn Abdulloh raziyallohu anhudan qilingan rivoyat ham yuqoridagi hadisni quvvatlab kelgan.  Zero, u zot  “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazon oyida bizga sakkiz rakat namoz o‘qib berdilar va vitr o‘qidilar. Ertasi kuni biz masjidga yig‘ildik, ul zoti sharif chiqadi, deb o‘yladik. Bas, tong otguncha bizning oldimizga kelmadilar. So‘ng kelganlarida, biz aytdikki: “Ey, Rasululloh! Kecha masjidda to‘plangan edik, bizga namoz o‘qib berasiz deb umid qilgan edik”. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Men sizlarga farz bo‘lib yozilishidan qo‘rqdim”, – dedilar”.

Shundoq bo‘lsa-da, tarovehni yigirma rakat ekanligiga sahobalar, tobe’inlar, hamda ulardan keyingi avlodlar va barcha fiqhiy mazhablarning imomlari ittifoq qilganlar. Jumladan,  Ibn Abbos raziyallohu anhudan keltirilgan rivoyatda: Rasululloh sallallohu alayhi va sallam Ramazonda yigirma rakat taroveh o‘qiganlar va vitrni ham o‘qiganlar. Imom Bayhaqiy ham mazkur hadisni rivoyat qilib: “Rasululloh sallallohu alayhi va sallam yigirma rakatni jamoatsiz o‘qir edi”, deb qo‘shimcha qilganlar. Abu Abdurahmon Sulamiyning rivoyatida, Hazrati Ali karramallohu vajhahu Ramazonda qorilarni chaqirib, ulardan biriga odamlarga yigirma rakat o‘qib berishni buyurgan, Hazrati Ali esa ularga vitrni o‘qib berganlar.

Yazid ibn Rumon raziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Umar ibn Xattobning zamonida odamlar yigirma uch rakat ila qoim bo‘lar edilar”. Yigirmasi taroveh, uchtasi vitr. Hazrati Umar roziyallohu anhu o‘zlarining xalifalik davrlarida odamlarning ramazon kechalarida masjidga to‘plab, tarovehni yigirma rakat jamoat bilan o‘qishni joriy qildilar. Sahobalardan biror kishi bu ishga qarshi chiqmadi. Hatto hazrati Umardan keyingi hazrati Usmon va hazrati Aliydek xulofoi roshidinlar martabasidagi zotlar ham bu amalni to‘xtatishmagan. Vaholanki, bu ulug‘lar dindagi bid’at amallarning ro‘parasida hargiz sabr qilib turmaganlar, balki u bid’at bo‘lsa, o‘z o‘rnida to‘xtatardilar.  Rasululloh sollallohu alayhi vasallam muborak hadisi shariflarida shunday marhamat qilgandilar: “O‘zinglarga mening sunnatimni hamda roshid va mahdiy bo‘lgan (ya’ni, hidoyat, to‘g‘ri yo‘lda yuruvchi) xalifalarimni sunnatini lozim tutinglar, buni aql tishlaring bilan mahkam tishlab olinglar”. (Abu Dovud rivoyati). Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi va sallamning mazkur ko‘rsatmalariga muvofiq Mullo Ali qori rahmatullohi alayh “Mishkatul masobih”ning sharhi “Mirqotul mafotih”da sahobalar taroveh namozining yigirma rakat ekanligiga ijmo qilishganligini keltirganlar.

Yuqoridagi rivoyatlardan shuni xulosa qilishimiz mumkinki, taroveh namozining yigirma rakatligi kecha yoki bugun paydo bo‘lgan narsa emas, balki Hazrati Umarning xalifalik davrlaridan boshlab joriy qilingan sunnat ekan. O‘tgan ajdodlarimiz ushbu sunnatga og‘ishmay amal qilib kelgan. Alloh taolo bizlarga ham ana shunday mustahkam e’tiqodda bo‘lishimizni nasib etsin. 

Sayyid Muhyiddin maxdum o‘rta maxsus islom bilim yurti mudarrisi Abdug‘ofur Niyazqulov

Ramazon
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazini ochiq ilmiy platforma sifatida e’tirof etdilar

24.09.2026   15960   3 min.
Imom-xatiblar Islom sivilizatsiyasi markazini ochiq ilmiy platforma sifatida e’tirof etdilar

Jamiyatda sog‘lom ma’naviy muhitni mustahkamlash, aholini, ayniqsa, yoshlarni ishonchli manbalarga asoslangan bilim bilan ta’minlashda imom-xatiblarning o‘rni muhim. Minbarda aytilgan har bir so‘z ilmiy asos va ishonchli manbaga tayanishi uchun esa diniy soha vakillarining muntazam ravishda bilimlarini boyitib borishi talab etiladi. Ana shu maqsadda Namangan viloyatidan kelgan imom-xatiblar O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdilar, xabar bermoqda iccu.uz.

Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan bunyod etilgan Markaz bugun uch ming yillik tariximizni namoyish etuvchi muzey sifatidagina emas, balki keng qamrovli ilmiy-tadqiqot maskani sifatida ham faoliyat yuritmoqda. Bu yerda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ish olib bormoqda. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi, Imom Buxoriy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari bilan yaqin hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.

Shu kunga qadar ilmiy va innovatsion yo‘nalishda 810 ta loyiha amalga oshirilib, ularda 2 mingga yaqin mahalliy va xorijiy olimlar ishtirok etgan. Bu ko‘rsatkichlar Markazning ilmiy-tadqiqot salohiyatini namoyon etadi.

Tashrif Markaz kutubxonasidan boshlandi. Mehmonlar bu yerda jamlangan mumtoz manbalar, islom tarixi, aqida, fiqh, hadis va tafsir ilmlariga oid nashrlar, tabiiy va aniq fanlar tarixiga oid tadqiqotlar hamda elektron resurslar bilan tanishdilar. Tadqiqotchilar uchun yaratilgan zamonaviy sharoitlar ham ularda katta qiziqish uyg‘otdi.

Shundan so‘ng imom-xatiblar Islomdan avvalgi davr, Birinchi va Ikkinchi Renessans hamda Yangi O‘zbekiston davriga bag‘ishlangan ekspozitsiyalarni tomosha qildilar. Ular orqali yurtimiz hududida asrlar davomida shakllangan ilmiy, ma’naviy va madaniy merosning yaxlit manzarasi bilan tanishdilar.

Namangan viloyati Norin tumani bosh imom-xatibi Zikrillo qori Umurzoqov ekspozitsiyalarda ajdodlarimizning ilmiy va ma’naviy merosi turli yo‘nalishlarda yaxlit holda namoyon etilganiga alohida e’tibor qaratdi.

«Bu maskanga qadam qo‘ygan har bir inson Markaziy Osiyo xalqlari, xususan, o‘zbek millati tarix davomida qanday yuksak marralarni egallaganini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi. Ajdodlarimiz nafaqat matematika, astronomiya, tibbiyot kabi dunyoviy ilmlar, balki diniy-ma’rifiy va ilmiy yo‘nalishlarda ham butun jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Bu yerda ana shu merosni ko‘rib, o‘z tariximiz bilan haqli ravishda faxrlanish tuyg‘usi yanada kuchayadi», — dedi u.

Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumani «Is'hoqxon To‘ra Ibrat» jome masjidi imom-xatibi Jafarxon So‘fiyev esa Markazni mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohaga qaratilayotgan e’tiborning amaliy natijalaridan biri sifatida qayd etdi.

«Bugun yurtimizda muqaddas dinimizga, sivilizatsiyalar tarixiga va umuman, umuminsoniy merosga bo‘lgan e’tibor yuksak darajaga ko‘tarildi. Mana shunday ulkan maskan bunyod etilgani buning yorqin isbotidir. Bu yerda islom tarixi boshqa sivilizatsiyalardan ajratilgan holda emas, balki butun insoniyat taraqqiyotining uzviy qismi sifatida ko‘rsatilgan. Bunday yondashuv har bir tashrif buyuruvchiga tariximizni kengroq anglash, boshqa xalqlar madaniyatini hurmat qilish va bag‘rikenglikni qadrlash imkonini beradi», — dedi u.

Tashrif yakunida imom-xatiblar Markazda olgan bilim va taassurotlarini o‘z hududlaridagi jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazish muhimligini ta’kidladilar. Ilmiy resurslardan diniy-ma’rifiy faoliyatda keng foydalanish, ajdodlarimiz merosini ishonchli manbalar asosida targ‘ib etish yosh avlodning tarixiy ongi va ma’naviy dunyoqarashini boyitishga xizmat qilishi qayd etildi.

Zero, tarixiy va ilmiy merosni chuqur o‘rganish, uni ishonchli manbalar asosida keng jamoatchilikka yetkazish hamda yangi avlodga munosib tarzda meros qoldirish Uchinchi Renessans poydevorini mustahkamlashning muhim omillaridan biridir.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari