Millatimiz quyoshi hazrat Navoiyning “Munojot”ida “Parvardigoro, mening gunohlarim juda ham ko‘p. Ammo Sening rahm-shafqating undan-da ko‘pdir” mazmunidagi iltijosi bor.
Haqiqatan, Alloh taoloning biz bandalariga mehribonchiligini qarangki, ayni jazirma issiq bo‘ladigan iyun oyida ro‘zador bandalarini va ularning sharofati ila ro‘za tutmaganlarni ham shunday ajoyib havo bilan siylab turibdi. Yurtdoshlarimiz “Toshkent mo‘jizasi”, deb ta’riflayotgan “Islom ota” masjidida taroveh namozi o‘qilmoqda. Farg‘ona yo‘li hozirgi kengaytirilgan holida bir tarafdan “Elektroappart” zavodi atrofigacha, ikkinchi tomondan “Farg‘ona” dehqon bozoriga qadar mashina bilan to‘lgan.
Qorilarning shirali ovozi tun pardasini yorib atrofdagi mahallalarga taraladi. Bunday ajoyib qiroatni tinglagan kishilar mast bo‘ladi. Ko‘ngillari ko‘tarilib, ko‘zlariga yosh qalqadi. Qalbining tub-tubidan Alloh taologa bo‘lgan haqiqiy muhabbatini his qiladi. Shunday shukuhli kunlarga yetkazganiga, qalbiga iymon nurini joylaganiga shukr qiladi.
Ana shunday fayzli damlarda masjidda, namozxonlar safida bo‘lish qanday buyuk saodat. Zotan, Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda “Farzlardan keyingi eng afzal namoz kecha ichidagi namozdir”, deyilgan (Imom Ahmad rivoyati).
Kecha ichida farzdan keyingi eng afzal namozni o‘qisangiz, yana katta jamoatning ichida bo‘lsangiz, bundan ortiq baxt bormi!..
حدثنا أبو جعفر محمد بن علي الوراق نا عبيد الله بن محمد أبو محمد القرشي التيمي نا عبد الرحمن بن حماد نا حفص بن سليمان أنا طلحة بن يحيى بن طلحة عن أبيه عن طلحة بن عبيد الله قال: سألت رسول الله صلى الله عليه وعلى آله وسلم عن تفسير سبحان الله قال: فقال: هو تنزيه الله عن كل سوء.
Talha ibn Ubaydulloh roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi va ’alaa olihi vasallamdan “Subhanalloh”ning tafsiri haqida so‘radim. U zot alayhissalom: “U Alloh taoloni har qanday nopoklikdan poklashdir”, dedilar”.
Abu Said Haysam ibn Kulayb Shoshiyning
“Musnadi Shoshiy” asaridan
Davron NURMUHAMMAD