Yaratganning marhamati bilan Ramazon oyining birinchi jumasini o‘qishga musharraf bo‘ldik.
“Burunlari ro‘za tutganda kunning o‘tishi qiyin bo‘lardi, oyning to‘lishini-ku gapirmay qo‘yavering. Ayniqsa, taroveh namozida soatlab tik turish azob edi. Hozir esa bir zumda kun botib qo‘yadi. Ro‘zaning qanday o‘tayotganini sezmay qolayotganga o‘xshayman, Tarovehda ham charchamayapman, aksincha, so‘z bilan ta’riflab bo‘lmas darajada huzur qilyapman.
O‘sha qiynalib ro‘za tutib taroveh o‘qib yurgan kezlarda, yoshlikda shuncha qiyinchilik, yoshim ulg‘ayaversa, amallab uyda o‘qib qo‘ya qolaman chog‘i, shu tarovehni deb yurardim. Aksincha, endi kuchga to‘lib borayotganga o‘xshayman”, deydi bir mahalladoshimiz namozdan qaytayotib suhbatlashganda.
Qanday ajoyib inson u. Uning iymoni ziyoda bo‘lgani bois ana shu o‘zgarishlar yuz berayapti. Bu katta davlat axir, shunday emasmi!
“Xolid ibn Volid” jome masjidiga yig‘ilgan namozxonlarga kuch-quvvat, sabr-matonat iymon va niyatga qarab bo‘lishi haqidagi amri ma’ruf ayni shu masalada bo‘ldi.
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov