Mohi Ramazonning shukuhi yurtimiz ora kezib yurganda, tunlar ham go‘yo kunduzgiday. Hatto bu tarovatni faqatgina shahar yoki markazlarda emas, balki yurtimizning eng chekka go‘shalari misolida ham namoyon bo‘lmoqda. Allohning kalomiga muxlis bo‘lgan yurtdoshlarmiz ila gavjum bo‘lgan masjidlar uzra taralayotgan ziyo ko‘kka quloch ochganday go‘yo. Duoga ko‘tarilgan qo‘llarda esa ajib bir his bor. Chunki bu muborak oyning avvali rahmat, o‘rtasi mag‘firat, oxiri esa do‘zaxdan ozod qilinishdek darajaga burkangan.
Farg‘ona viloyatida ham mohi mahbubning ilk kunidan 160 dan ortiq masjidda 300 dan ziyod hofizi Qur’onlar ishtirokida boshlangan Kalomulloh xatmi kecha-yu kunduz yurtdoshlarimiz ongu shuuriga halovat bag‘ishlayotir.
“Agar kishi Qur’onni kunduzi xatm qilsa, farishtalar kechgacha uning haqqiga salavot aytadilar. Agar u undan (Qur’ondan) tunda forig‘ bo‘lsa, farishtalar tong otguncha salavot aytadilar” (Dorimiy rivoyati).
Ushbu damlarda yoshu qari qo‘lini duoga ochib – Vatani, xalqi, oilasi tinch-omon, jismi va ruhi orom topishini so‘rab Yaratganga iltijo aylamoqda. Iloho, muborak oyda qilayotgan duo-yu iltijolarimizni Alloh ijobat qilsin!
Qo‘shtepa tumani “Muborak” jome masjidi
Quvasoy shahar “Islom” jome masjidi
Rahmatillo Jalilov,
O‘MI Farg‘ona viloyati vakilligi xodimi
Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtincha bo‘lib turgan fuqarolarimiz bilan doimiy muloqotni qo‘llab-quvvatlab turish, ularning haq-huquqlarini himoyalash, huquqiy ongini oshirish, ma’rifatini ziyoda qilish bo‘yicha suhbatlar o‘tkazish maqsadida O‘zbekiston delegatsiyasining Tatariston va Boshqirdistonga xizmat safari uyushtirildi.
Prezident Administratsiyasining topshirig‘i ijrosiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari O. Abdullayev boshchiligida yurtimizning Rossiya Federatsiyasidagi Favqulodda va Muxtor elchisi B.Asadov, Bosh konsuli M.Xayriddinov va bir qator tegishli tashkilotlar vakillaridan tashkil topgan delegatsiya tarkibida O‘zbekiston musulmonlari idorasi vakili Ibrohimjon Inomov ham ishtirok etdi.
Vatandoshlarimiz bilan “Ota-onani rozi qilish – farzandlik burchi”, “Halol kasb – baraka kaliti”, “Milliy va diniy qadriyatlarimiz”, “Oilada farzand tarbiyasi”, “Aqidada adashmaylik!”, “Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish odobi”, “Islomda bag‘rikenglik”, “Islomda vatanparvarlik tushunchasi” mavzularida suhbatlar o‘tkazildi. Har qanday diniy mavzudagi ma’lumotlar borasida O‘zbekiston musulmonlari idorasiga tegishli rasmiy internet tarmoqlardan foydalanish tavsiya etildi. Turli diniy oqimlardan ehtiyot bo‘lish zarurligi – ham shariat ko‘rsatmasi, ham zamon talabi ekani ta’kidlandi.
Rossiya musulmonlari markaziy diniy idorasi raisi, muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat delegatsiya a’zolarini qabul qilib, O‘zbekiston xalqiga mehri o‘zgacha ekanini bildirdi. Uchrashuv davomida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlarining salomi esdalik hadyalari taqdim etildi. Muftiy Talgat Safa Tadjuddin hazrat mehmonlarni Diniy idora va uning qoshidagi Rossiya islom universiteti bilan tanishtirib chiqdi.
Xizmat safari davomida vatandoshlarimiz bilan bo‘lgan suhbatlarda bugun mamlakatimizda qilinayotgan ishlar to‘g‘risida to‘xtalinib, yurt tinchligi, xalq farovonligi va salomatligi, dinimiz ravnaqi yo‘lidagi islohotlar, yangiliklar haqida ham aytib o‘tildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati