بسم الله الرحمن الرحيم
Muhtaram jamoat! Hayot taqozosi bilan insonlar doimo bir-birlari bilan turli xil moliyaviy muomala qilishga muhtojdirlar. Lekin bu aloqada maqsadni halol yo‘llar bilan amalga oshirish, harom yo‘llardan chetlanish va boshqalarning haq-huquqlariga tajovuz qilmaslik shartdir.
Islom dini doimo adolatli bo‘lishga va o‘zganing haqqini nohaqlik bilan yemaslikka buyuradi.
يَا أَيُّهَا الَّذِينَ آَمَنُوا لَا تَأْكُلُوا أَمْوَالَكُمْ بَيْنَكُمْ بِالْبَاطِلِ إِلَّا أَنْ تَكُونَ تِجَارَةً عَنْ تَرَاضٍ مِنْكُمْ وَلَا تَقْتُلُوا أَنْفُسَكُمْ إِنَّ اللَّهَ كَانَ بِكُمْ رَحِيمًا
Ya’ni, «Ey imon keltirganlar! Mol-mulklaringizni o‘rtada nohaq (yo‘llar) bilan yemangiz! O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno. Shuningdek, o‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz! Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir”. (Niso surasi, 29 oyat)
Birovning molini botil yo‘l bilan yeyishga ribo, qimor, poraxo‘rlik, aldamchilik, narxni sun’iy ravishda ko‘tarish, o‘g‘rilik, tovlamachilik va boshqalar kiradi.
Oyati karimada botil yo‘l bilan birovning molini yeyishdan «O‘zaro rozilik asosidagi tijorat bo‘lsa, u bundan mustasno», deb istisno qilinmokda. Chunki, tijorat — halol mehnat. Tojir mehnat qilib, molu pulini ishga solib, ishlab chiqaruvchi va xaridor orasida vositachi bo‘ladi. Bu vazifani bajarish uchun orada anchagina xizmatlarni ado etadi. Uning kelajakda foyda ko‘rish-ko‘rmasligi, foydaning oz yoki ko‘p bo‘lishi gumon bo‘ladi. U kasod bo‘lish, sinib, molsiz-pulsiz qolish ehtimollarini ham bo‘yniga olib, bu ishga qo‘l uradi.
Oyatning davomida «O‘zlaringizni (bir-biringizni nohaq) o‘ldirmangiz!» — demokda.
Sirtdan qaragan odam, bir-birining molini botil yo‘l bilan yeyish va o‘zini o‘zi o‘ldirish orasida nima aloqa bor, deyishi mumkin. Lekin chuqurroq o‘ylab ko‘rilsa, hayotiy tajribaga nazar solinsa, haqiqatda bu ikki narsa o‘rtasida bevosita aloqa borligi ko‘riladi. Jumladan, mazkur botil yo‘l bilan mol yemoq ham katta ma’siyat sifatida halokatga sabab bo‘ladi. Bu ishni qilganlar o‘zini o‘zi o‘ldirgan bo‘ladi.
«Albatta, Alloh sizlarga rahm-shafqatlidir».
Agar u rahm qilib, to‘g‘ri yo‘lni ko‘rsatib bermaganida, noto‘g‘risidan qaytarmaganida, katta mashaqqatda qolgan bo‘lar edingiz.
وَمَنْ يَفْعَلْ ذَلِكَ عُدْوَانًا وَظُلْمًا فَسَوْفَ نُصْلِيهِ نَارًا وَكَانَ ذَلِكَ عَلَى اللَّهِ يَسِيرًا
Ya’ni, «Kimda-kim shu (qotillik)ni adovat va zulm yuzasidan qilsa, albatta, Biz uni do‘zaxda kuydiramiz. Bu (esa) Allohga osondir». (Niso surasi 30-oyat).
Demak, kim mazkur ishni tajovuzkorlik (ya’ni, haromligini bilib turib) va zulm ila (ya’ni, qilishdan tap tortmay) qilsa, oxiratda do‘zaxga kiritiladi. Ammo, bu bilan, banda noumid bo‘lmasligi lozim. Alloh taolo qudrati cheksiz, azobi katta bo‘lishi bilan birga, marhamati ham keng, rahm-shafqati cheksiz Zotdir. Agar bandalar o‘zlarini o‘nglasalar, ularning gunohlarini o‘tishi muqarrar.
Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom o‘z hadislaridan birida «Mo‘minlarning molini nohaq o‘zlashtiradigan kishilar Qiyomat kunida do‘zaxga tushurlar», deb marhamat qilganlarini yaxshi bilamiz.
Naql qilinishicha, Abdulloh ibn Muborakdek buyuk olim o‘z ona yurti Marvda bo‘lgan paytlarida birovdan bir qalam oldilar. Oradan vaqt o‘tib Abdulloh ibn Muborak Marvdan Shomga bordilar. Shomga borgach boyagi qalam hayollariga kelib, darhol ortlariga qaytib, qalamni egasiga topshirgan ekanlar.
Muhtaram birodorlar! Mo‘min-musulmonlar o‘rtasida moliyaviy munosabatlar, iqtisodiy muomalotlar odobiga amal qilinmasa, adolat bilan ish tutilmasa, jamiyatda o‘zaro ishonchsizlik, zulmkorlik, haqsizlik va ixtilof-ziddiyatlar yuzaga keladi. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam hadislarining birida:
" مَنْ غَشَّ فَلَيْسَ مِنَّا " (رواه الترمذى)
Ya’ni, «Kimki hiyonat qilsa bizlardan emas» – dedilar. Abu Hurayradan rivoyat qilingan boshqa bir hadisda shunday deganlar:
عَنْ أَبِي هُرَيْرَةَ عَنِ النَّبِيِّ قَالَ: مَطْلُ الْغَنِيِّ ظُلْمٌ
Ya’ni, Nabiy sollallohu alayhi vasallam Boyning (zimmasidagi qarz yoki haqni) bermay yurishi zulmdir», dedilar».
Moddiy imkoni bor odam o‘z zimmasidagi moliyaviy burchni ado etmay yurishi zolimlikdir.
Ushbu tushuncha unutilgan jamiyatlarda boylar, imkoni bor odamlar birovning haqini bermay yurishi keng tarqalgan.
وَلِلنَّسَائِيِّ: وَالَّذِي نَفْسِي بِيَدِهِ لَوْ أَنَّ رَجُلاً قُتِلَ فِي سَبِيلِ اللهِ ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ ثُمَّ أُحْيِيَ ثُمَّ قُتِلَ وَعَلَيْهِ دَيْنٌ مَا دَخَلَ الْجَنَّةَ حَتَّى يُقْضَى عَنْهُ دَيْنُهُ.
Ya’ni, Nasaiy qilgan rivoyatda: «Mening jonim qo‘lida bo‘lgan zot ila qasamki, agar bir kishi Allohning yo‘lida qatl qilinsa, so‘ng tiriltirilsa, yana qatl qilinsa va tiriltirilsa, so‘ng yana qatl qilinsa-yu, uning zimmasida qarzi bo‘lsa, qarzi ado etilmaguncha jannatga kirmas», deyilgan.
Agar inson Allohning yo‘lida bir emas, uch marta shahid bo‘lsa ham qarzini ado qilmagan bo‘lsa, jannatga kira olmaydi. Unday odamning jannatga kirishi olgan qarzining uzilishiga bog‘liq bo‘lib qoladi. Qarzi uzilsa, jannatga kiradi, bo‘lmasa yo‘q.
Muhtaram namozxonlar! Birovning molini yeyish deganda faqatgina shaxslararo deb tushunilmasligi kerak.
Kundalik ehtiyojimiz uchun foydalanadiganimiz tabiiy gaz, elektr toki, suvni olib ko‘raylik. Odatda bu ne’matlar bizning xonadonimizga yetib kelgunicha qanchadan-qancha harajatlar qilinadi. Qolaversa, ularni doimiy bo‘lishini ta’minlan uchun ham millionlab mablag‘lar sarflanadi. Sarf qilingan mablag‘lar o‘z joyiga qo‘yilmasa, butun xalq mazkur ne’matlardan foydalanishi to‘xtaydi. Buning uchun esa ikki tomonlama shartnomalar tuziladi. Ya’ni ta’minlovchi va iste’molchi o‘rtasida. Tuzilgan shartnoma shar’an bajarilishi shart.
Shundan kelib chiqib agar iste’molchi ishlatgan narsasini haqqini to‘lamasa, nafaqat ta’minlovchi tashkilotni balki, xalqning mulkini harom yo‘l bilan o‘zlashtirgan bo‘ladi. Shuning uchun ham har bir ishlatilayotgan narsalarga ularni hisoblagichlar o‘rnatilagan. Demak hisoblagichda ko‘rsatilgan raqamlarga qarab, ishlatilgan gaz, tok, suvlarning narxlari chiqarilar ekan, buning biror chaqasiga ham xiyonat qilmasdan to‘lash lozimdir. Aks holda kimlardir o‘zining mavqei, mansabi yoki yana qandaydir imtiyozlaridan foydalanib yoki muttahamlik qilib iste’mol qilingan gaz, suv, issiqlik va elektr quvvati haqqini o‘z vaqtida to‘lamasa, avvalo, xalqning rizqini qiyilishiga, barakani ko‘tarilishiga va hattoki ma’lum bir mintaqalarni gaz, tok, va suvsiz qolishiga sababchi bo‘ladi. Qolaversa, Allohning huzurida ham javob beradi.
Masalaning ikkinchi tarafi ham bor. Bunda iste’molchilar o‘zlari to‘lashi kerak bo‘lgan mablag‘larni to‘lig‘icha to‘laydi, lekin ta’minlovchilarning tashkilot a’zolaridan ba’zi birlari o‘zining vazifasini suiiste’mol qilib, to‘lanayotgan mablag‘larni ma’lum qismini kerakli joyga yetkazmasdan o‘zining hamyoniga uradi. Yoki bir mahalladagi ba’zi bir kimsalar uy-joylari keng va katta bo‘lganligi tufayli gaz va tok va suvlarni hisob-kitobsiz darajada ishlatadi va isrof qiladi. To‘lovga kelganda esa undan bosh tortishga harakat qiladi.
Bu kabi nohaqliklardan uzoqda bo‘lib, davlat oldidagi zimmamizda turgan to‘lov va soliqlarni o‘z vaqtida ado etishga harakat qilaylik.
Alloh taolo ijtimoiy va iqtisodiy hayotimizning barcha sohalarida halollik va poklikka rioya qilib yashamog‘imizga muvaffaq aylasin. Omiyn!
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Nihoyat, Makka fath bo‘ldi. Bir paytlar g‘ordan vahiy dahshatidan titrab-qaltirab yolg‘iz tushib kelgan bir nafargina Inson butun bir ummatga aylandi.
Tun zulmatida Quraysh o‘ldirishga qasd qilgan Inson Makkadan sodiq do‘sti bilan Madina tomon chiqib, bir necha yildan so‘ng Makkaning to‘rt darvozasidan kuppa-kunduz kuni g‘olib bo‘lib kirib keldi! Kuraysh esa, o‘sha kuni o‘zlaridan qasos olinishini kutib, u zotning oldida bosh egib o‘tirardi. Ularni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U kishini yolg‘onchiga chiqarganlarni, aziyat berganlarni, Ka’ba atrofida sajda qilayotganida ustiga tuyaning eshini (ya’ni, ko‘p kitoblarda " سَلَى جَزُور"ni tuyaning ichak-chavog‘i deb yozishadi. Ustoz Abdul Azim Ziyouddin domla «Nurul yaqiyn» kitoblarida yozgan izohda bunday tushuntirganlar: «Imom Buxoriy rivoyatida سَلَى جَزُور va Muslim rivoyatida سَلَى جَزُور, ya’ni «tuyaning qog‘onog‘ini» deyilgan. Qog‘onoq — homilani o‘rab turuvchi shilliq parda, yo‘ldosh.) ag‘darganlarni, Abu Tolib darasida qamal qilganlarni, u kishini yolg‘onchi, sehrgar, majnun deb ayblaganlarni, so‘ngra u kishini o‘ldirish uchun har bir qabiladan bittadan kishi tanlab, u kishining qoni barchaga tarqalishi uchun birgalikda o‘ldirmoqchi bo‘lganlarni nima qildi deb o‘ylaysiz?
U zot sollallohu alayhi vasallam ulardan qasos olmadilar. Balki ularga: «Boraveringlar, sizlar ozodsizlar!» dedilar!
Abu Bakr roziyallohu anhu uyiga borib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam duo qilishlari va islomga kirishi uchun qartayib qolgan, oyoqlarini ko‘tarishga ham majoli yo‘q otasi Abu Quhofani olib keldi. U hali-hamon iymon keltirmagan edi. Uni ko‘rgan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Qariyani ovora qilibsan-ku, uni uyida qoldirsang bo‘lmasmidi, biz o‘zimiz uning oldiga borar edik», dedilar.
Abu Bakr roziyallohu anhu aytdi: «Yo Allohning Rasuli! Sizning borishingizdan ko‘ra otam kelishi to‘g‘riroqdir».
Nabiy sollallohu alayhi vasallam uni o‘tirishga taklif qildilar. Uning ko‘ksini siladilar va: «Musulmon bo‘l», dedilar. Abu Quhofa iymon keltirdi. Abu Bakr roziyallohu anhu yig‘ladi. Qo‘lida ko‘p sahobalar islomga kirgan, ko‘p buyuklar iymonga kirgan buyuk sahobaning otasi endi Islomga kirdi...
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odoblariga qarang! U kishi yoshi bir joyga borib qolgan qariyaning huzurlariga kelishini noo‘rin bildilar. O‘zlari uning oldiga borishga tayyor ekanliklarini aytdilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam doimo yoshi kattalarga shafqatli edilar. Doimo: «Sochlari oqargan musulmonni ikrom qilish Allohni ulug‘lashdandir!» der edilar.
Bir qariya Nabiy sollallohu alayhi vasallamni qidirib keldi. Sahobalar unga yo‘l berishmadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ularga: «Kichigimizga rahm qilmagan, kattamizni hurmat qilmaganlar bizdan emas!» dedilar.
Qariyalarga xuddi otamiz yoki bobomiz kabi muomalada bo‘lishimiz lozim. Onaxonlarga esa onamiz yoki buvimiz kabi muomalada bo‘lishimiz kerak. Inson qariganda o‘zining zaifligi, bemorligi va ojizligiga qarab qachonlardir yosh bo‘lganini, kuchli bo‘lgan paytlarini eslaydi, eziladi. Garchi boshqalarga ko‘rsatmasa-da, qalbida siniqlikni his qiladi. Bu siniqlikka faqatgina atrofdagilar beradigan e’tibor va hurmatgina davo bo‘la oladi! Ko‘ngil olish ibodatdir!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi