Bo‘lim mudiri Xomidjon Ishmatbekov
Qabul vaqtlari |
Dushanbadan Jumagacha |
Telefon raqami |
+99871 150-00-24 |
Elektron pochta |
|
Bo‘lim xodimlari mo‘min-musulmonlar hayotiga, toat-ibodatlariga doir dolzarb masalalar yechimini topish, shar’iy fatvolar chiqarish bilan shug‘ullanadi. Musulmonlarning ibodatlar va diniy ahkomlar, nikoh, taloq, bay’, halol va harom kabi masalalar yuzasidan qilgan murojaatlarini atroflicha o‘rganib, tegishli fatvolar beradi. Bo‘limning keyingi yillarda chiqargan bir talay fatvolari ibodatlarni shar’iy tartibga solish, turli bid’at va isroflarga chek qo‘yish, ixtiloflar va o‘rinsiz bahs-munozaralariga barham berishga qaratildi. Bulardan “Shar’iy nikohdan o‘tish odoblari”, “Musibat yetgan xonadonlarga ta’ziya bildirish va ba’zi marosimlar odobi”, “Taloqqa oid ayrim masalalar haqida”, “Muborak haj ibodatini ado etish bilan bog‘liq masalalar to‘g‘risida” kabi fatvolar musulmonlar hayotida sezilarli voqea bo‘ldi. Ayniqsa, islomiy aqidamiz sofligini saqlash, turli ixtiloflarga barham berish maqsadida chiqarilgan “Din niqobi ostidagi dinbuzarlar”, “Juma namozi va ehtiyoti peshin haqida”, “Tasavvuf pirlariga qo‘l berishdagi ba’zi noto‘g‘ri aqidalar”, “Tasavvuf haqida” kabi fatvolar musulmonlar birligini, jamiyat osoyishtaligini ta’minlashda juda foydali bo‘ldi.
Bo‘lim juma mav’izalari uchun dolzarb mavzularda tezislar tayyorlab, respublika masjidlariga yetkazib beradi. Ushbu tezislar to‘planib, har yili alohida kitob holida chop ettiriladi.
Ushbu bo‘limga turli yillarda Salohiddin Muhiddinov, Fozil qori Sobirov, Abdulaziz Mansur, Kimsanboy Abdurahmonov, Mustafoqul Qorayev, Abdug‘ani Ismoilov, Abdulhamid Tursunov rahbar bo‘lishgan. Hozir bo‘limni Homidjon Ishmatbekov boshqaryapti.
Bo‘lim faoliyatidan lavhalar:
Albert Enshteyn dars o‘tish jarayonida to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozib, o‘ninchisining javobini atay xato chiqardi. Sinfda o‘tirganlar kulib yubordi. Shunda Enshteyn ham qo‘shilib kulib qo‘ydi va so‘zida davom etdi:
“Men to‘qqiz masalani to‘g‘ri yozganimda hech kim meni tabriklamadi. Ammo birgina xato qilganimda hamma kulib yubordi. Hayotda juda ko‘p odam voqea-hodisalarga, kishilarning tutumlariga shunday yondashadi. Ya’ni, o‘zidan boshqalarning yutug‘ini nazardan qochirib, xatosini tez ko‘rishadi. O‘ziga nisbatan esa, unday emas... Sizlarga bu masalani atay xato ishlab ko‘rsatishimdan maqsad, ertangi hayotingizda ana shunday vaziyatlarga to‘g‘ri yondashing. Zero, xato qilmaydigan yagona odam bu – hech narsa qilmaydigan odamdir”.
Darhaqiqat, biz ojiz bandalar Allohning huzurida qancha xatolar, gunoh ishlar qilamiz va Uning mag‘firatidan umidvor bo‘lamiz. Lekin bir inson xato qilsa tezda qo‘limizni bigiz qilib ko‘rsatamiz. Ayniqsa, bizga nisbatan nimadir sodir etib qo‘ysa, kechirmaymiz. Jag‘imiz tolguncha shikoyat qilaveramiz. Bu sinovli, o‘tkinchi dunyoda yondashuvimizni to‘g‘rilab olaylik, azizlar! Shunda yashash ham osonlashadi, halovatimiz ham yo‘qolmaydi...
Akbarshoh Rasulov