Muqaddas Islom dinimizda insonning tug‘ilishidan oldingi haq-huquqlaridan tortib, to vafot etgandan keyingi hayotidagi huquqlarigacha to‘la-to‘kis bayon qilingan. Insonning vafotidan keyingi haqlaridan biri uni yaxshilik bilan eslash, xotiralash va haqqiga xayrli duo qilishdir. Alloh taolo Islom ummatini o‘zidan oldin o‘tganlari haqqiga duo qilganlar deb vasf qilgan va maqtagan:
وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ
“Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Allbatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10 oyat).
Ushbu oyatda musulmonlar o‘tmishdagi iymondoshlari uchun Alloh taologa duo qilishlari, mag‘firat so‘rashlari aytilmoqda. Islom ummatining asosiy qismi asrlar osha ushbu odobga sodiq qolib keldi. Imom Nasafiy o‘zining “Madorikut tanzil va haqoiqul ta’vil” nomli tafsirida keltirishicha, Hazrat Umar (roziyallohu anhu) oyatda zikr qilingan kishilar haqida: “Bu jamoaga qiyomatgacha Islomda tavallud topganlar barchasi kiradi”, degan ekanlar.
Imom Abullays Samarqandiy “Bahrul Ulum” tafsirida quyidagilarni yozadi: “Bu oyatda mo‘minlar zimmasiga o‘zlaridan oldin o‘tgan birodarlari uchun Allohdan mag‘firat so‘rashlari burch ekaniga dalil bordir. Shuningdek, undan mo‘minlar o‘zlarining ota-onalari va ta’lim bergan muallimlari haqqiga ham istig‘for aytishi kerakligi kelib chiqadi”.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ham o‘tgan insonlar haqida faqat yaxshi gap aytish, ularni yaxshilik bilan eslashga buyurganlar. Buyuk vatandoshimiz imom Abu Iso Termiziy ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “O‘tganlaringizni yaxshiliklarini tilga olinglar, yomonliklaridan tiyilinglar”, deb marhamat etganlar. U zot (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari doimo o‘tgan azizlarini esga olib turardilar. Onalarining qabrini ziyorat etardilar. Har hafta Madinadagi Baqi’ qabristoniga chiqib, u yerdagi marhumlarga salom berib va haqlariga duo qilardilar. Bir necha yil oldin vafot etib ketgan jufti halollari Hadicha onamizni (roziyallohu anho) tez-tez esga olib, yaxshiliklarini zikr qilardilar. Gohida qo‘y so‘ydirganlarida uni taqsimlab, “Bundan falon, falon ayollarga ham beringlar, ular Hadichaning dugonalari edi”, deb, ularga g‘o‘shtdan nasib ulashardilar.
Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) vafot etganlaridan keyin u zotning ta’lim-tarbiyalarini olgan sahobai kiromlar ham ushbu ta’limotlarga amal qildilar. Masjidga kirganlarida masjid chekkasida joylashgan ravzai muborakka kelib, Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) alohida salom berardilar. Sahobalar nafat Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi vasallam), balki boshqa o‘tib ketgan sahobalarni ham faqat yaxshilik bilan eslardilar, ularga nisbatan doimo yaxshi fikr aytardilar, yaxshi gumonda bo‘lardilar.
Ushbu an’ana asrlar osha Islom diniga e’tiqod va amal qilib kelayotgan bizning xalqimiz axloqiga ham singib ketgan. O‘tgan kishilarimizni “marhumlar” deyilishining o‘zi bunga yorqin misoldir. Chunki “marhum” so‘zining ma’nosi Allohning rahmatiga sazovor bo‘lgan, rahmatli degan ma’noni anglatadi.
Marhumlarni eslash, ularning haqlariga duo qilish, savoblar yetkazish kabi xalqimizda urfga aylangan amallarning barchasi Islom dini tushunchalari asosida joriy bo‘lgan. Dinimiz aqidasiga ko‘ra, inson o‘lganidan so‘ng unut bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki tanasi chirib ketsa-da, ruhi barhayot qoladi. Tana tuproqdan bo‘lgani uchun tuproqqa qorishib ketadi, ammo ruh Alloh taoloning huzuridan bo‘lgani bois, Alloh taoloning dargohiga qaytadi. Bizlarning qiladigan xayru ehsonlarimiz, duolarimiz ana o‘sha ruhga qaratilgan bo‘ladi. Tiriklarning duosi tufayli o‘tganlarning oxiratdagi darajalari ko‘tariladi, ruhlari xushnud bo‘ladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, ruhlar olamida bir kishining darajasi o‘z-o‘zidan ko‘tarilib qolar ekan. Shunda u: “Ey Robbim, bu qanaqasi bo‘ldi, hech qanday amal qilmasam ham darajam ko‘tarilib qolibdi”, der ekan. Shunda unga: “Sening haqqinga dunyodagi yaqinlaringdan biri duo qilgan edi, duosi qabul bo‘ldi va sening bu yerdagi darajang ko‘tarildi”, deyilar ekan.
Shuni alohida ta’kidlash lozim, marhumlarni yodga olish yuqorida aytilgan e’tiqod va tushunchalar asosida bo‘lish kerak. Ammo marhumlarga sig‘inish, ulardan madad so‘rash, ularga nazrlar atash dinimizda yo‘q. Islom dini o‘tganlardan yordam yoki duo so‘rashga emas, balki ularga savob bag‘ishlashga, haqlariga duo qilishga o‘rgatadi.
Ulamolarning ta’kidlashlaricha, payg‘ambarlarning, solih kishilarning, avliyolarning qabrlariga Alloh taoloning rahmati tushib turishi tajribalarda ko‘rilgan. Shu bois, bunday joylarga borganda kishilar o‘zlarida qandaydir ruhiy halovat, xotirjamlik sezadilar. Ammo shunda ham ularning haqlariga duo qilish, ibrat olishdan ortiq ishlar mumkin emas.
Xulosa o‘rnida, Alloh taolo o‘zining oxirgi va qiyomatgancha boqiy qoluvchi dini Islomda, sizu biz mo‘min-musulmonlaga dasturul amal qilib nozil qilgan ilohiy ta’limotda o‘rgatgan duoni so‘rab qolamiz: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Allbatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!”
Jaloliddin HAYDARALI o‘g‘li
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom xatibi
Mashina yo‘liga chiqib ketgan odamni ko‘rib haydovchi zo‘rg‘a to‘xtatib qoldi. Undan ham oldin yonidagi do‘sti tushasolib yo‘lovchining yoqasidan oldi. Uzr so‘rab dovdirayotgan odamni ko‘rib, haydovchi tez tushdi-da, do‘stidan uning yoqasini qo‘yib yuborishini so‘radi.
– Bu nima deganing?! Sal bo‘lmasa qamalib ketarding-ku buni deb, – yanada jahli chiqdi do‘stining.
– Sen uni qo‘yib yuboraver, gap bor... Bo‘ldi, aka, hushyor bo‘lib yetib oling... Yo‘q, shoshmang...
Haydovchi hatto u odamning qo‘liga pul ham berdi. Do‘stini hayron qoldirib, mashinaga qaytdi.
Do‘stining savol nazari bilan qarab turganini ko‘rib, izoh bera boshladi:
– Bir soatcha oldin dorixonaga kirgandim. Shu odamga ko‘zim tushgandi. Qo‘lida dorilar ro‘yxati yozilgan qog‘oz, puli yetmaganidan mung‘ayib turgan edi. Dorilar narxini eshitib, og‘ir qadamlar bilan chiqib ketgandi. Ortidan chiqib yordam bergim keldi. Lekin pulimni qizg‘ondim. Tashqariga chiqqanimda u onasi bilan gaplashib turgan ekan. Haligi odam onasi bilan gaplashib bo‘lgach: “Shuncha pulni qayerdan topaman? Yo Alloh! O‘zing yo‘l ko‘rsat, deganini eshitib ham indamay ketaverdim. Go‘yo unga pul bersam o‘zim och qoladiganday... Holbuki, Alloh taolo O‘z Kalomida: “Shayton sizlarni (xayr-ehson qilishda) kambag‘al bo‘lib qolishdan qo‘rqitadi” (Baqara surasi, 268-oyat) deya ogohlantirganini bilardim. Yana “Kimki (bir) hasana (savobli ish) qilsa, unga o‘n barobar (ko‘paytirib yozilur)” (An’om surasi, 160-oyat) degan va’dasini ham o‘qigandim. Baribir xomlik qildim. Sal bo‘lmasa o‘sha xasislik qilgan pulimdan o‘n, yuz hissasi chiqib ketadigan bir musibatga duchor bo‘lardim. Mayli, hechdan ko‘ra kech bo‘lsa ham, Alloh imkon berdi. Shuning uchun ayb u odamdamas, o‘zimda, deb bildim...
Ha, azizlar! Hayotimizda bunday holatlarga duch kelib turamiz. Avvalo, birov bilan tushunmovchilik bo‘lib qolsa u odamning ahvolini so‘raylik. Balki biror musibat yo tashvishda yurgandir. Darhol tilimizga kelgan so‘zlar bilan xaqorat qilib, urishib ketmaylik. Bunaqa vaziyatlarda shayton vasvasa qilishini unutmaylik. Xulosa qilishga shoshilmaylik. Hazrati inson degan nomga munosib ish tutaylik.
Akbarshoh Rasulov