Sayt test holatida ishlamoqda!
21 Iyul, 2025   |   26 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:30
Quyosh
05:08
Peshin
12:34
Asr
17:38
Shom
19:55
Xufton
21:25
Bismillah
21 Iyul, 2025, 26 Muharram, 1447

Marhumlar xotirasi

06.05.2017   11106   6 min.
Marhumlar xotirasi

Muqaddas Islom dinimizda insonning tug‘ilishidan oldingi haq-huquqlaridan tortib, to vafot etgandan keyingi hayotidagi huquqlarigacha to‘la-to‘kis bayon qilingan. Insonning vafotidan keyingi haqlaridan biri uni yaxshilik bilan eslash, xotiralash va haqqiga xayrli duo qilishdir. Alloh taolo Islom ummatini o‘zidan oldin o‘tganlari haqqiga duo qilganlar deb vasf qilgan va maqtagan:

 وَالَّذِينَ جَاءُوا مِنْ بَعْدِهِمْ يَقُولُونَ رَبَّنَا اغْفِرْ لَنَا وَلِإِخْوَانِنَا الَّذِينَ سَبَقُونَا بِالْإِيمَانِ وَلَا تَجْعَلْ فِي قُلُوبِنَا غِلًّا لِلَّذِينَ آَمَنُوا رَبَّنَا إِنَّكَ رَءُوفٌ رَحِيمٌ 

“Ulardan keyin (dunyoga) kelgan zotlar ayturlar: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Allbatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!” (Hashr surasi, 10 oyat).

Ushbu oyatda musulmonlar o‘tmishdagi iymondoshlari uchun Alloh taologa duo qilishlari, mag‘firat so‘rashlari aytilmoqda. Islom ummatining asosiy qismi asrlar osha ushbu odobga sodiq qolib keldi. Imom Nasafiy o‘zining “Madorikut tanzil va haqoiqul ta’vil” nomli tafsirida keltirishicha, Hazrat Umar (roziyallohu anhu) oyatda zikr qilingan kishilar haqida: “Bu jamoaga qiyomatgacha Islomda tavallud topganlar barchasi kiradi”, degan ekanlar.

Imom Abullays Samarqandiy “Bahrul Ulum” tafsirida quyidagilarni yozadi: “Bu oyatda mo‘minlar zimmasiga o‘zlaridan oldin o‘tgan birodarlari uchun Allohdan mag‘firat so‘rashlari burch ekaniga dalil bordir. Shuningdek, undan mo‘minlar o‘zlarining ota-onalari va ta’lim bergan muallimlari haqqiga ham istig‘for aytishi kerakligi kelib chiqadi”.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) ham o‘tgan insonlar haqida faqat yaxshi gap aytish, ularni yaxshilik bilan eslashga buyurganlar. Buyuk vatandoshimiz imom Abu Iso Termiziy ulug‘ sahobiy Abdulloh ibn Umardan (roziyallohu anhu) rivoyat qilgan hadisda Rasululloh (sollallohu alayhi vasallam): “O‘tganlaringizni yaxshiliklarini tilga olinglar, yomonliklaridan tiyilinglar”, deb marhamat etganlar. U zot (sollallohu alayhi vasallam) o‘zlari doimo o‘tgan azizlarini esga olib turardilar. Onalarining qabrini ziyorat etardilar. Har hafta Madinadagi Baqi’ qabristoniga chiqib, u yerdagi marhumlarga salom berib va haqlariga duo qilardilar. Bir necha yil oldin vafot etib ketgan jufti halollari Hadicha onamizni (roziyallohu anho) tez-tez esga olib, yaxshiliklarini zikr qilardilar. Gohida qo‘y so‘ydirganlarida uni taqsimlab, “Bundan falon, falon ayollarga ham beringlar, ular Hadichaning dugonalari edi”, deb, ularga g‘o‘shtdan nasib ulashardilar. 

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi vasallam) vafot etganlaridan keyin u zotning ta’lim-tarbiyalarini olgan sahobai kiromlar ham ushbu ta’limotlarga amal qildilar. Masjidga kirganlarida masjid chekkasida joylashgan ravzai muborakka kelib, Rasulullohga (sollallohu alayhi vasallam) alohida salom berardilar. Sahobalar nafat Payg‘ambarimizni (sollallohu alayhi vasallam), balki boshqa o‘tib ketgan sahobalarni ham faqat yaxshilik bilan eslardilar, ularga nisbatan  doimo yaxshi fikr aytardilar, yaxshi gumonda bo‘lardilar.

Ushbu an’ana asrlar osha Islom diniga e’tiqod va amal qilib kelayotgan bizning xalqimiz axloqiga ham singib ketgan. O‘tgan kishilarimizni “marhumlar” deyilishining o‘zi bunga yorqin misoldir. Chunki “marhum” so‘zining ma’nosi Allohning rahmatiga sazovor bo‘lgan, rahmatli degan ma’noni anglatadi.

Marhumlarni eslash, ularning haqlariga duo qilish, savoblar yetkazish kabi xalqimizda urfga aylangan amallarning barchasi Islom dini tushunchalari asosida joriy bo‘lgan. Dinimiz aqidasiga ko‘ra, inson o‘lganidan so‘ng unut bo‘lib, yo‘q bo‘lib ketmaydi, balki tanasi chirib ketsa-da, ruhi barhayot qoladi. Tana tuproqdan bo‘lgani uchun tuproqqa qorishib ketadi, ammo ruh Alloh taoloning huzuridan bo‘lgani bois, Alloh taoloning dargohiga qaytadi. Bizlarning qiladigan xayru ehsonlarimiz, duolarimiz ana o‘sha ruhga qaratilgan bo‘ladi. Tiriklarning duosi tufayli o‘tganlarning oxiratdagi darajalari ko‘tariladi, ruhlari xushnud bo‘ladi. Imom Buxoriy rivoyat qilgan hadisda aytilishicha, ruhlar olamida bir kishining darajasi o‘z-o‘zidan ko‘tarilib qolar ekan. Shunda u: “Ey Robbim, bu qanaqasi bo‘ldi, hech qanday amal qilmasam ham darajam ko‘tarilib qolibdi”, der ekan. Shunda unga: “Sening haqqinga dunyodagi yaqinlaringdan biri duo qilgan edi, duosi qabul bo‘ldi va sening bu yerdagi darajang ko‘tarildi”, deyilar ekan.

Shuni alohida ta’kidlash lozim, marhumlarni yodga olish yuqorida aytilgan e’tiqod va tushunchalar asosida bo‘lish kerak. Ammo marhumlarga sig‘inish, ulardan madad so‘rash, ularga nazrlar atash dinimizda yo‘q. Islom dini o‘tganlardan yordam yoki duo so‘rashga emas, balki ularga savob bag‘ishlashga, haqlariga duo qilishga o‘rgatadi.

Ulamolarning ta’kidlashlaricha, payg‘ambarlarning, solih kishilarning, avliyolarning qabrlariga Alloh taoloning rahmati tushib turishi tajribalarda ko‘rilgan. Shu bois, bunday joylarga borganda kishilar o‘zlarida qandaydir ruhiy halovat, xotirjamlik sezadilar. Ammo shunda ham ularning haqlariga duo qilish, ibrat olishdan ortiq ishlar mumkin emas.

Xulosa o‘rnida, Alloh taolo o‘zining oxirgi va qiyomatgancha boqiy qoluvchi dini Islomda, sizu biz mo‘min-musulmonlaga dasturul amal qilib nozil qilgan ilohiy ta’limotda o‘rgatgan duoni so‘rab qolamiz: “Ey, Rabbimiz! O‘zing bizlarni va bizdan ilgari iymon bilan o‘tganlarni mag‘firat etgin va qalblarimizda iymon keltirgan zotlarga nisbatan gina paydo qilmagin! Ey, Rabbimiz! Allbatta, Sen mehribon va rahmli zotdirsan!”       

Jaloliddin HAYDARALI o‘g‘li

TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,

 “Novza” jome masjidi imom xatibi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi

17.07.2025   9252   3 min.
Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi

#Sayyor_yig‘ilish

Xabaringiz bor, shu yil haj mavsumida  xurmatli  Prezidentimiz O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilib, hojilarning hol-ahvollarini so‘radilar.

Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.

Shu tashabbus ayni kunlarda amalga ko‘chib, hojilarimiz mahallalarga kirib, tinchlik va ma’naviyatni targ‘ib etmoqdalar.

Bugun, 16 iyul kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida sayyor yig‘ilish o‘tkazildi.

Toshkent shahar bosh imom-xatibi Abduqahhor domla Yunusov olib borgan yig‘ilishda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Toshkent shahar vakilligi mas’ul xodimlari, tumanlar bosh imom-xatiblari, ulamolar, otinoyilar hamda «Haj 2025»da hajga borgan hoji otalar va hoji onalar ishtirok etishdi.

Dastlab Toshkent shahar bosh imom-xatibi  raisliklarida tumanlar bosh imom-xatiblari, shuningdek, tajribali imom-xatiblardan iborat Ishchi guruh shakllantirildi.

Abduqahhor domla amalga oshiriladigan ishlar ko‘lami, Ishchi guruh a’zolari hamda imom-xatiblar hamkorligining muhim jihatlari xususida yig‘ilganlarga tushunchalar berdilar.

Shundan so‘ng tumandagi barcha imom-xatiblar hojilar bilan birgalikda hududdagi 20 ta mahallaga chiqib, yuzga yaqin xonadonga kirishdi.

Ajrim yoqasiga kelib qolgan bir oilaga kirilib, ularga hojilar zarur tavsiyalarni berishdi. Oila boshliqlari xato qilganlarini anglab yetdilar.

Tadbir doirasida jismoniy imkoniyati cheklangan onaxonga maxsus aravacha hadya qilindi. Onaxon ko‘zidagi quvonch yoshlari bilan shu xayrli ishlarning boshida turgan aziz insonlarni alqab, ularga minnatdorligini izhor qildi.

Ehtiyojmand bir oilaga zamonaviy televizor hamda ro‘zg‘or uchun zarur bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi.

Yosh oilaga adabiy-badiiy kitoblar ulashildi.

Ko‘ngli o‘ksik insonlar holidan xabar olingani tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.

Bugungi tadbirni o‘tkazishdan maqsad yurtimizda inson qadri, sha’ni ulug‘ ekanini, odamlarga yaxshilik ulashib yashash, yurtimizda hukm surayotgan tinchlikning qadriga yetish, o‘zaro hamjihatlikni ta’minlash, yoshlarimizni turli yot g‘oyalardan asrashda hojilarimizning xizmati beqiyos ekanini ko‘rsatmoqda.

Aslida imom-xatiblarimiz har kuni shunday xayrli ishlarni amalga oshirmoqdalar. Bugunga kelib bu ish tizimli va keng ko‘lam kasb etib, takomillashib bormoqda.

 

Tadbir ishtirokchilari yana «Mulla Qosim» jome masjidiga qaytib, amalga oshirilgan ishlarni o‘rtaga tashlab, kelgusidaig rejalarni belgilab olishdi.

* * *

Peshin namozidan so‘ng Abduqahhor domla «Mulla Qosim» jome masjidida jamoatga «Shukronalik va tinchlikning qadri» mavzusida mav’iza qilib berdilar.

 

Xayrli duolar bilan sayyor yig‘ilish o‘z nihoyasiga yetdi.

* * *

Eslatib o‘tamiz, keyingi shunday tadbir Sergeli tumanida o‘tkaziladi.

Ulashing | @MuslimShosh

Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi Hoji – tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchisi
O'zbekiston yangiliklari