Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Sahobalarni qanday taniymiz?

04.05.2017   18777   5 min.
Sahobalarni qanday taniymiz?

“Sahoba” so‘zi lug‘atda do‘st, hamroh, yo‘ldosh kabi ma’nolarni bildiradi.  Bu so‘zning istilohiy ma’nosida ko‘plab tariflar berilgan. Ularning orasida hadis ulamolari bergan ta’rif eng mukammalidir. Hadis ulamolari Ibn Saloh, Ibn Kasir, Ibn Hajar va imom Suyutiylar “sahoba” so‘ziga quyidagicha ta’rif berishgan: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelganidan to vafot etgunlaricha U zotga imon keltirgan holda yo‘liqib shu holda vafot etgan kishiga “sahoba” deyiladi.

Bu qisqaligiga qaramasdan juda ko‘plab ma’nolarni o‘z ichiga oladi. Jumladan: Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning suhbatida doimiy yurganlarning sahobaligiga shubha yo‘q. Ammo atroflarida u zotni ko‘rgan-u, ovozlarini eshitmagan yoki ko‘zi ojizligi sabab ko‘rolmay qolgan yoxud u zotdan biror bir hadis rivoyat qilmagan kishilar bor edi. O‘sha zamonda hali balog‘at yoshiga yetmagan yoshlar, hayotida bir lahzagina ko‘rishish baxtiga ega bo‘lganlar bor edi. Bu ta’rifdagi “U zotga imon keltirgan holida yo‘liqib”, degan jumla umumiy bo‘lib, yuqoridagilarning barchasini ham qamrab oladi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan ko‘rishib, gaplashib yurgan, o‘tmishdagi payg‘ambarlarga imon keltirgan, ammo u zotga imon keltirmagan yoki vafot qilganlaridan so‘ng imon keltirganlar yoxud tili bilan imon keltirib, qalbida tasdiqlamagan munofiqlar[1] “U zotga imon keltirgan holida yo‘liqib”, degan jumladagi sahobalar qatoriga qo‘shilmaydi. 

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga imon keltirib, adashib murtad bo‘lgan, so‘ng yana imonga kelgan kishilar bo‘lgan edi. Ular ham “U zotga imon keltirgan holda vafot etgan”ligi uchun sahoba deyiladi. Bundagi asosiy shart Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hayotliklarida imonga kelgan bo‘lishidir.

Oxirgi zamon payg‘ambariga ishonib, kutib yashagan, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga payg‘ambarlik kelishidan avval ko‘rib vafot etganlar, u zotni vafot qilganlaridan so‘ng ko‘rganlar ham “payg‘ambarlik kelganidan toki vafot etgunlaricha” degan qayd bilan  sahoba deyilmaydi.

Ko‘rinib turibdiki, o‘sha zamonda yashagan kishilarning sahobaligini aniqlash masalasi juda ham mushkul ish sanaladi. Shuning uchun ham ulamolar sahobalikni aniqlashning muayyan yo‘llarini belgilaganlar.

  1. Sahobaligida shak-shubha qolmagan darajada tanilib ketish. Masalan, hazrati Abu Bakr, Umar, Usmon, Ali roziyallohu anhu kabilarning sahobaligiga hech kim shubha qilmaydi.
  2. Yuqoridagidek shuhrat topmagan bo‘lsa-da, lekin islom olamida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning izdoshi ekani haqida keng miqyosda xabarlar tarqashidir. Bunga yetmish ming kishi hisobsiz jannatga kirishi haqidagi xabarda nomi zikr qilingan Ukkosha ibn Mihsan misol qilingan.
  3. Sahobaligi ma’lum bo‘lganlar biror kishi haqida gapirganida “U sahobalardan edi” deb guvohlik berishi.
  4. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonida yashagan odam “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman” yoki “u zotning falon ishni qilganlarini ko‘rganman” qabilidagi so‘zlar bilan hadis rivoyat qilishi. Bu hadis matn va sanad jihatidan qabo‘l darajasida bo‘lsa, shu hadis roviysi ham sahoba bo‘ladi.
  5. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning zamonida yashagan odam: “Men sahobaman” yoki “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan falon ishda birga edim” deb, o‘zining sahobaligiga o‘zi guvohlik berishi. Bunda ham mazkur hadis va uning roviysi muhaddislar tarafidan ziyraklik bilan o‘rganib chiqiladi, sahobaligini inkor qiladigan ma’lumot topilmasa, sahobalar qatorida sanaladi.
  6. Adolatli tobe’in biror hadis sanadida o‘zi bilan Rasululloh sollallohu alayhi vasallam oralarida bir kishini keltirib, “Shu odam sahoba edi” deb guvohlik bersa, uning guvohligi qabul qilinadi.

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning sahobalari ana shu taxlit taniladi. Bundan tashqari, islom olamining zabardast ulamolari va tarixchilari sahobalar hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan maxsus kitoblar yozgan. Masalan, Abu Nuaymning “Ma’rifat us-sahoba”, Ibn Hajar Asqaloniyning “Isoba fiy tamyiz sahoba”, Ibn Abdulbarrning “Istiob fiy ma’rifat il-as'hob”, Ibn Asiyrning “Usud ul-g‘oba fiy ma’rifat is-sahoba”, Imom Zahabiyning “Tajriyd asmo is-sahoba” kabi mashhur asarlar mavjudki, bugungi kunda ana shu kitoblarda nomlari keltirilgan shaxslar ham sahobiy deb tan olingan. 

Abdulboqiy TURSUNOV,  

“Hidoya” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi 

 

 

[1] . Ularning munofiqligi Rasululloh s.a.v.ning so‘zlari yoki sahobalardan ishonchli sanadlar ila kelgan mutavotir rivoyatga qarab aniqlanadi. Birovni munofiqlikda ayblashga sahobalar o‘zlaricha botinishmagan.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

"Vaqf" fondi va Turkiya diyonat vaqfi hamkorligi yangi bosqichda

28.08.2026   12758   1 min.

Joriy yilning 26 avgust kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasida «Vaqf» xayriya jamoat fondi hamda Turkiya Diyonat vaqfi mas’ul xodimlari ishtirokida videokonferensiya formatida muloqot bo‘lib o‘tdi.


Uchrashuvda ikki muassasa o‘rtasida imzolangan memorandum va uning asosida ishlab chiqilgan yo‘l xaritasidagi vazifalar ijrosi atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar sheriklik aloqalarini mustahkamlash hamda uning amaliy mexanizmlarini belgilab olish masalalariga alohida e’tibor qaratdilar.


Muloqot davomida vazifalarning joriy holati tahlil qilinib, istiqbolda amalga oshiriladigan qo‘shma tashabbuslar va ijtimoiy loyihalar borasida o‘zaro tajriba almashishga kelishib olindi. Xususan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma tashabbuslar, yoshlar bilan ishlash va ijtimoiy loyihalarni hayotga tatbiq etish, xorijiy xayriya xizmatlarini tashkil etish hamda zakot va xayriya munosabatlarini yanada rivojlantirish kabi o‘zaro manfaatli yo‘nalishlar bo‘yicha atroflicha fikr almashildi.


Ta’kidlash joizki, mazkur muloqot ikki qardosh davlat vaqf fondlari o‘rtasidagi diniy-ma’rifiy va saxovat yo‘nalishidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi. 


O‘zbekiston musulmonlari idorasi

Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari