Fiqh – Islomdagi eng mo‘tabar fanlardan biri. Paydo bo‘lish tarixi ham o‘zoq o‘tmishga borib taqaladi. Fiqh keng qamrovli ilmlardan bo‘lib, ko‘plab shahobchalarga bo‘linib ketadi. Fiqh islomning avvalida paydo bo‘lib, bugungi kunimizga qadar o‘z qadrini yo‘qotmay davom etib kelayotgan va qiyomat kuniga qadar saqlanib qoladigan ilmlardan biridir.
Tarix davomida ko‘plab fuqaholar yetishib chiqdi. Ular bu ilmga oid son-sanoqsiz asarlarni ta’lif va tasnif etdilar. Bu kitoblarning sanog‘ini aniq bilishning iloji ham yo‘q. Bu, musulmon ulamolarining yuksak e’tiborlari nishonasi desak ayni haqiqat bo‘ladi.
Fiqh – Insonning o‘zi o‘ziga, o‘zidan boshqalarga va Robbisiga nisbatan haq-huquqlar, axloq odob me’yorlari, yoqimli va yoqimsiz ishlar borasidagi tutgan o‘rnini nozik va nafis jihatlarigacha o‘rganadigan, asl va furu’(asosiy va ikkinchi darajali hukmlar)da mukammal tarzda bahs olib boruvchi ilm hisoblanadi.
Fiqh – ijtimoiy hayotning barcha jabhalarida uchraydigan turli masalalar xususida bahs yuritib bu masalalarga nisbatan shari’atning tutgan o‘rnini belgilab beruvchi ilmdir.
Fuqohalar: “Biron bir voqea hukmdan holi bo‘lmaydi”-deydilar.Ya’ni sodir bo‘layotgan har bir voqea hodisotlarga tegishli, o‘ziga xos hukm chiqarilishi lozim bo‘ladi.
Fiqhning lug‘atdagi ma’nosi;
Fiqh, aslida bilim va fahm demoqdir! “Lisonul arab” nomli kitobda fiqh so‘zi lug‘oviy jihatdan quyidagicha tahlil qilingan;
“Fiqh – Biror narsani bilish, uni fahmlash va anglash”.
Fiqh kalimasi Qur’oni karimning ko‘plab oyatlarda lug‘oviy ma’noda kelgan.
Alloh ta’olo shunday deydi;
قال تعالى: ﴿لَهُمْ قُلُوبٌ لا يَفْقَهُونَ بِهَا
Ularda qalblar bor, (lekin) ular bilan «anglamaydilar». (A’rof – 179)
وَمَا كَانَ الْمُؤْمِنُونَ لِيَنْفِرُوا كَافَّةً فَلَوْلا نَفَرَ مِنْ كُلِّ فِرْقَةٍ مِنْهُمْ طَائِفَةٌ لِيَتَفَقَّهُوا فِي الدِّينِ وَلِيُنْذِرُوا قَوْمَهُمْ إِذَا رَجَعُوا إِلَيْهِمْ لَعَلَّهُمْ يَحْذَرُونَ
Mo‘minlar yoppasiga (jangga) chiqishlari shart emas. Ularning har bir guruhidan bir toifa chiqmaydimi?! (Qolganlari Payg‘ambardan) dinni o‘rganib, qavmlari ularga (jangdan) qaytib kelgach, (gunohdan) saqlanishlari uchun ularni ogohlantirmaydilarmi?! (Tavba - 122)
Fiqhning istilohdagi ma’nosi;
Ulamolar fiqhga quyidagi ta’riflarni beradilar:
“Oxirat sa’odatiga erishish uchun, aniq shar’iy dalillar asosida far’iy amaliy hukmlarni chiqarib olish”.
Aniq shar’iy dalillar deyilganda Qur’oni karim oyatlari va Payg‘ambarimiz Muhammad alayhis salomning sunnatlarini tushunamiz.
Far’iy amaliy hukmlar, asliy hukmlardan ajrab chiqadigan ikkinchi darajali hukmlar sanalib, shari’atda ibodat va muomalotlarni o‘z ichiga oladi.
Qur’on va sunnatda mavjud bo‘lgan aniq dalillar asosida shar’iy hukmlarni anglash, tegishli hukmlarni ishlab chiqish ularni, musulmon kishi zimmasidagi hayotning turli sohalarida duch keladigan ishlar va ibodatlarni tartibga solib turivchi fan fiqh deb nomlanadi.
Fiqh – Biror narsaga nisbatan halol, harom, farz, vojib, mandub, makruh va shu kabi bir qancha hukmlarni tayin qiladi.
Fiqh – ibodatlar, odamlar o‘rtasidagi madaniy aloqa va muomalalar, nikoh va ajrim masalalari, jinoyat va jazo, savdo sotiq shuningdek ko‘plab hukmlarni o‘z ichiga oladi.
Islom fiqhi nazariy jihatdan bir qancha ilmlarni o‘z ichiga oladi. Jumladan:
Fiqhga bo‘lgan zarurat va ehtiyoj
Inson Alloh ta’ologa iymon keltirganidan keyin, Unga qullikni izhor qilganidan so‘ng, islom dinini tan olib, dinning o‘z shari’ati va qonun-qoidalari borligini anglaydi va bu qoidalarga bo‘ysinish lozim ekanini tushunib yetadi.
Mo‘min kishi, islom shari’atinig qonun-qoidalariga mos amaliy hatti-harakatlarni hayotning barcha sohalarida aniq va tiniq belgilab olishi zarur.
Mo‘min, duch kelgan biron bir masala yoki muammoni shunchaki tashlab qo‘ysinmi? Yoki uni yechimini topsinmi? Uni shariatning qaysi yo‘rig‘iga binoan tasarruf qilsin?
Mo‘min qachonki masala va muammoning yechimini aniq belgilab olsa va shari’at yuklaganidek uning buyruq va qaytariqlariga amal qilsa, albatta Alloh, taqvodor bandalariga va’da qilgan jannatga loyiq bo‘ladi. Abadiy saodatga erishadi.
Biroq, shari’atning hukmlari barchaga ochiq-oydin, mukammal suratda osonlik bilan ma’lum bo‘lsa, amaliy hatti-harakatlarning chegarasi har bir shaxs uchun juda oson ish bo‘lib qoladi. Chunki, har bir inson o‘zining amaliy harakatlarini vojib amallarda “qilmoq kerak”, harom ishlarni “qilmaslik lozim”, muboh amallarni “xoxlasa qiladi, xoxlamasa qilmaydi, u ixtiyoriy ishlar”- deb belgilab oladigan bo‘lsa, inson amallarini chegaralab beruvchi juda keng ma’nodagi ilmiy bahs va munozaralarga ehtiyoj sezmaydi. Biroq haqiqat undoq emas.
Islom qonun-qoidalari joriy bo‘lgan zamondan yiroqlashganimiz, shari’at hukmlaridan ko‘pining o‘zimizga nisbatan noaniq va chigal suratlarda saqlanib qolishiga sabab bo‘lmoqda. Inson sodir bo‘lgan qandaydir voqeaga nisbatan shari’atning belgilab bergan hukmi farzmi, vojibmi, sunnatmi, harom yoki muboh darajasida ekanini bilmasa o‘zining bu voqeaga nisbatan harakatlarini aniq yo‘naltirolmaydi.
Ana shu asosga binoan, har bir sodir bo‘lgan voqea-hodisotlarga shari’at tushunchalaridan kelib chiqadigan, har qanday chigal va yechimini topmayotgan masalalarga oydinlik kirita oladigan ilmning bo‘lish zarurati yuzaga keladi. Aynan mana shunday muhim ishni kafolatlaydigan ilm bu fiqh ilmidir!
“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti o‘qituvchisi T. Karimov
(vahiyning ta’rifi va turlari)
Hadis Alloh taolo O‘z payg‘ambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamga yuborgan vahiy hamda dinda ergashilishi vojib bo‘lgan hujjat hisoblanadi. Bu xususda Nabiy alayhissalom: “Menga Qur’on bilan birga uning mislicha (ilm va hikmat) berildi”, deb aytganlar. Shu bois sunnatga sahobalar davridan buyon butun ummat ijmo qilgan (kelishib qabul etgan) bo‘lib, biror olim unga na qarshi chiqqan va na shubha qilgan.
Biroq keyingi asrlarda bu masala bo‘yicha shubha-gumonlar uyg‘otuvchi turli guruhlar va shaxslar paydo bo‘ldi. Ular sunnatni vahiy sanamay, uning islomiy qonunchilik manbai emasligini da’vo qiladi. Bunday toifa vakillarining fikricha, go‘yo Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamga Qur’ondan boshqa hech narsa nozil qilmagan.
Shunday buzuq qarash egalari bugun ham yo‘q emas. Demak, odamlar ongini ularning fitnakor fikrlaridan himoya qilish, botil da’volarning tagi puch ekani ko‘rsatib berish bugun ham dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Xususan, bu masalaga bag‘ishlangan avvalgi maqolada hadislar ham Kur’oni karim singari Allohning muhofazasida ekani naqliy va aqliy dalillar orqali bayon qilingan edi (https://muslim.uz/oz/e/post/47287-hadislar-ham-alloh-muhofazasidadir). Bundan kelib chiqadiki, hadis vahiyga asoslanmaganda edi, uni oxirzamonga qadar ilohiy himoyaga olishga zarurat bo‘lmasdi.
Ushbu maqolada vahiyning ta’rifi va turlariga to‘xtalishga qaror qildik. Bu safar payg‘ambarlik Kitob nozil bo‘lishi bilan emas, balki Alloh tanlagan bandasiga vahiy kelishi bilan amalga oshishini bayon qilamiz. Shu asosda vahiyning qiroat qilinadigan (Qur’on) va qiroat qilinmaydigan (hadis) turlarini sharhlab o‘tamiz.
“Vahiy” so‘zi “maxfiy va tezkor xabar berish”, “ishora qilish” yoki “ilhom berish” ma’nolarini anglatadi. Payg‘ambarlar va valiy zotlar haqidagi oyatlarda ishlatilgan “vahiy” so‘zining aksari shu ikki ma’noga tayanadi.
Rog‘ib Isfahoniy o‘zining “Mufradot” asarida bunday deydi: “Vahiyning asli (ma’nosi) “tezkor ishora” demakdir. Bu ramz yo ishora ko‘rinishidagi so‘z, biror tovush, tana a’zolari harakati va yoki yozuv orqali sodir bo‘lishi mumkin. Alloh taoloning nabiylari va valiylariga yo‘llagan kalomi ham vahiy deyiladi”. Sho‘ro surasining 51-oyatiga ko‘ra, ushbu jarayon bir necha turga bo‘linadi: “Inson bilan Alloh (bevosita) so‘zlashishi joiz emas. Faqat vahiy orqali yo parda ortidan yoki elchi (farishta) yuborib, izni bilan xohlagan narsani vahiy qilishi mumkin. Albatta, U (sha’ni) oliy va hikmat sohibidir”.
Demak, vahiy rasul yo nabiyga quyidagi ko‘rinishlarda nozil bo‘ladi.
Ko‘rinadigan elchi orqali. Bunga Jabroil alayhissalom muayyan suratda kelib, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga so‘zlarini eshittirishi misol bo‘ladi.
Bevosita so‘zlashish. Muso alayhissalom kabi so‘zlovchini ko‘rmay turgan holda, aytganlarini tinglash.
Qalbga solish. Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Ruhul quds (Jabroil alayhissalom) qalbimga soldi”, deganlaridek.
Ilhom. Muso alayhissalomning onasiga emizish buyurilgani kabi.
Tush orqali. Nabiy alayhissalom: “Vahiy uzildi, faqat bashorat qoldi. U – mo‘minning tushi”, deb marhamat qilganlar
Rog‘ib Isfahoniyning so‘zlariga ko‘ra, “vahiy” ilhom va tushni, “parda ortidan” iborasi so‘zlovchi ko‘rmasdan eshitishni, “elchi yuborib” esa Jabroil alayhissalomning muayyan bir suratda kelishini anglatadi. “Allohning nabiylarga yo‘llagan kalomi vahiydir” degan gapdan ma’lum bo‘ladiki, “vahiy” so‘zi ham xabar berish jarayoniga, ham yuborilgan xabarning o‘ziga nisbatan ishlatiladi. Shundan kelib chiqib, ayrim olimlar vahiyni bunday ta’riflagan: “U – xoh bevosita, xoh bilvosita bo‘lsin – aynan Alloh taoloning huzuridan ekanligi qat’iy sobit bo‘lgan ma’rifatdir”.
Ulamolar vahiyning qirqdan ortiq ko‘rinishini sanab o‘tishgan bo‘lsa-da, ularning barchasi Alloh taolo Qur’oni karimda belgilagan quyidagi to‘rt asosiy shaklga borib taqaladi:
1. Jabroil alayhissalomning o‘z asliy qiyofasida ko‘rinishi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bunday holatga ikki marta duch kelganlar – bir marta Yerda, bir marta osmonda ko‘rganlar. Bu haqda Najm surasida bayon qilingan.
2. Jabroil alayhissalomning inson qiyofasida kelishi. Uni boshqa odamlar ham ko‘rgan. Ko‘pincha Dihya Kalbiy roziyallohu anhu suratida, ba’zan notanish a’robiy ko‘rinishida namoyon bo‘lgan.
3. Jabroil alayhissalom Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning qalblariga vahiyni joylashi.
4. Jabroil alayhissalomning odamlarga ko‘rinmay tushishi. Bu vahiyning eng ko‘p uchraydigan turi bo‘lib, bunda atrofdagilar farishtani ko‘rmagan, biroq Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdagi og‘ir o‘zgarishlar sezgan. U zot qattiq uyquga ketgandek holatga tushib, hatto sovuq kunlari ham peshonalaridan ter chiqib ketardi. O‘z so‘zlariga ko‘ra, bunday holat oldidan qo‘ng‘iroq ovoziga o‘xshash tovush eshitilgan. Sahobalar bu tovushni asalarilarning g‘ung‘ullashiga o‘xshatgan.
Qur’oni karimning to‘laligicha Jabroil alayhissalom vositasida nozil bo‘lgan. Bunga Shuaro surasining 192-194-oyatlari dalil bo‘ladi: “Albatta, (bu Qur’on) barcha olamlar Parvardigori tomonidan nozil qilingandir. (Ey Muhammad!) uni siz (oxirat azobidan) ogohlantirguvchilardan bo‘lishingiz uchun qalbingizga Ruhul-amin (Jabroil) nozil qildi”.
Vahiy Alloh taoloning payg‘ambarlariga yo‘llagan ilohiy xabari bo‘lib, turli ko‘rinishlarda nozil qilingan. “Jabroil menga qo‘shni haqida shunchalar ko‘p nasihat qildiki, “uni merosxo‘rlardan qilib qo‘ymasa edi” deb o‘ylab qoldim” hadisidan ham bilish mumkinki, Sunnat shunchaki insonning fikri emas, Parvardigorning O‘z elchisi orqali qilgan xitobidir, negaki, farishtalar faqat buyruqni ijro etadi, o‘z-o‘zidan biror ishga qo‘l urmaydi. Qudsiy hadislar ham bunga tasdiq bo‘ladi. Shundan kelib chiqadiki, Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning sunnatlari ham Qur’oni karim kabi vahiyga asoslangani bois musulmonlar uchun hidoyat va shariat manbai hisoblanadi.
Mazkur dalillar shuni ko‘rsatadiki, islomni faqat Qur’on bilan cheklab, Sunnatni inkor qilish na ilmiy va na shar’iy asosga ega. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga nozil qilingan vahiy nafaqat qiroat qilinadigan Qur’on, balki ummatga dinni tushuntirib beruvchi Sunnat orqali ham yetkazilgan. Shu sababli har bir musulmon kishi Qur’on va Sunnatni hidoyatning bir butun manbai sifatida qabul qilishi lozim.
Nurmuhammad Matkarimov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy tadqiqot
markazi ilmiy xodimi
O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitaning 2026 yil 14 maydagi 4224 -sonli xulosasi asosida tayyorlandi