Inson salomatligi hamda xotirjamligi uchun organizmda barcha vitaminlar va mineral moddalar me’yorda bo‘lishi zarur
U yoki bu moddaning yetishmovchiligidan inson tanasi xastalanib, bu haqda signal beradi.
Bu kalsiy moddasiga ham tegishlidir. Uning yetishmovchiligidan nafaqat bolalar va yoshi ulug‘ kishilar, balki mehnatga yaroqli yoshdagi aholi ham aziyat chekadi.
Bundan tashqari yoshligida yetarli miqdorda kalsiy moddasiga boy ne’matlardan iste’mol qilmaslik qariganda suyak va bo‘g‘im kasalliklariga chalinishga sabab bo‘ladi.
Quyida keltiriladigan tanadagi o‘zgarishlar kishini bu haqda ogohlantiradi:
- Tirnoq, soch va suyaklar mo‘rtligi.
- Tirnoq yupqalashib, sekin o‘sadi, lat yeyish va sinish hollari oson bo‘lib qoladi. Sochlarning rangi o‘chib, ko‘p to‘kiladi, uchlaridan sinishi ko‘payadi.
- Kalsiy yetishmovchiligidan tishlar zaiflashadi. Ular sinuvchan va shikastlanishga ta’sirchan bo‘lib qoladi.
- Kalsiy yetishmovchiligini boshidan kechirayotgan kishi asabiy va serjahl bo‘lib qoladi. Tez charchaydi, fikrlari tarqoq bo‘ladi. Shuningdek, badanda tez-tez titroq yuz berib turadi.
- Bolalarda o‘sishning sekinlashuvi kalsiy yetishmovchiligidan darak beradi.
Kalsiy yetishmovchiligi aniqlanganida shifokorlar bu holatni me’yoriga keltirishga o‘tishadi. Bunda avval parhez uslubi tavsiya etiladi. Organizmda kalsiy moddasini ko‘paytirish uchun shifokorlar kalsiyga boy bo‘lgan tabiiy ozuqaviy mahsulotlarni ko‘proq iste’mol qilishga asoslaniladi. Bunday ozuqaviy manbalar qatoriga sut mahsulotlari (tvorog, sut, yogurt, kefir, pishloq, qaymoq va boshqalar); yashil sabzavotlar karam, turp va rediska bargi bilan, yaproqli ko‘katlar (rayhon, petrushka, ukrop); dukkakli o‘simliklar (no‘xat, fasol); yong‘oqlar (pista, yong‘oq, bodom); kunjut, baliq konservalari va turli mevalarning yangi olingan sharbatlari kiradi.
Organizm kalsiyni o‘zlashtirishiga ma’danli gazlashtirilgan ichimliklar, kofe va alkogol to‘sqinlik qiladi.
Jaloliddin Nuriddinov
27 aprel 2017 yil
#xabar #tashabbus
Bu yil yurtimizdan hajga borgan yurtdoshlarimiz Arafot vodiysida muftiy, shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari boshchiliklarida yurtga qaytgach, «Yangi O‘zbekistonning tinchlik va ma’naviyat targ‘ibotchilari bo‘lamiz» degan ezgu tashabbusni ilgari surgan edilar.
Ana shu ezgu tashabbus amalga ko‘chib, yurtimiz bo‘ylab qizg‘in pallaga kirmoqda. Jumladan, hojilar kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, ilm-ma’rifatga homiylikda namuna bo‘lish, to‘ylar, oilaviy tadbir va marosimlarda me’yorga amal qilgan holda kamxarj va ixcham o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lish, tarbiyasida muammosi bor yoshlar o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borish, mehr-oqibat kabi xayrli ishlarini amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatishmoqda.
11 iyul, muborak juma kunida Andijon, Namangan viloyatlari hamda Toshkent shahri hojilari, imom-xatiblar, mahalla faollari bilan birgalikda xonadonlarga, oilalarga kirib borishdi. Tashabbus doirasida joylardagi yuzga yaqin ijtimoiy va ma’naviy ko‘makka muhtoj xonadon xolidan xabar olinib, ma’naviy va moddiy yordamlar ko‘rsatildi. Ajrim yoqasida turgan oilalar saqlab qolinib, ularga oila mustahkamligi bo‘yicha tushunchalar berildi, yoshlarga pandu nasihatlar qilindi.
Hojilar ishtirokida o‘tkazilayotgan bunday ezgu tadbirlar tufayli moddiy-ma’naviy ko‘makka muhtoj oilalar vakillari, bemor fuqarolar o‘zlarining yolg‘iz emasliklarini, davlatimiz, xalqimiz har doim ular bilan yelkadosh ekanini teran his etishmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati