Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning jufti halollaridan biri, onamiz Ummu Salama (roziyallohu anho)ga cho‘rilari Xayra o‘g‘illik bo‘lgani haqidagi xushxabar kelib, mo‘minlar onasi (Alloh u kishidan rozi bo‘lsin)ning qalblarini qamrab olgan shodu xurramlik, onamizning nurli chehrasida ham namoyon bo‘lgan edi. So‘ngra, bu xushxabarni eshitgach, chillasini uylarida o‘tkazish uchun, ona-bolani olib kelishga tezda odam jo‘natdilar. Chunki Xayra Ummu Salama (roziyallohu anho)ning huzurlarida hurmat va ehtiromga sazovor, qalbdan yaxshi ko‘rishlarini qozona olganidan, yangi tug‘ilgan chaqaloqni ko‘rish zavqi-shavqi onamizda kuchli edi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Xayra chaqalog‘ini ko‘tarib kirib keldi. Ummu Salama onamizning ko‘zlari bolaga tushishi bilan, qalblarini unga nisbatan mehribonlik va mamnunlik egalladi. Chaqaloq ham unga qaragan odamni o‘ziga rom qiladigan darajada yuz-ko‘zi chiroyli, to‘rt muchasi sog‘ va shiringina edi. Bolaning onasiga yuzlanib:
— “Chaqalog‘inga ism qo‘ydingmi?” deb so‘radilar.
Xayra:
— “Yo‘q onajon, o‘zingiz xohlagan ismni qo‘yasiz deb, cizning ixtiyoringizga qoldirdim”, dedi. Shunda Ummu Salama (roziyallohu anho):
— “Yaratgandan baraka tilab, ismini Hasan qo‘yamiz”, dedilar va qo‘llarini ko‘tarib go‘dakning haqqiga duoi xayr qildilar.
Yangi mehmon xushxabari Ummu Salama (roziyallohu anho)ning xonadonlariga quvonch olib keldi. Bu xursandchilikda ularga Madinadagi yana bir xonadon ahli sherik edi. Bu xonadon Payg‘ambar sollallohu alayhi va sallamning vahiy kotiblari Zayd ibn Sobit (roziyallohu anhu)ning xonadoni edi. Chunki Zayd ibn Sobitning xizmatchisi Yasor go‘dak Hasanning otasi edi-da. Yasor ham ulug‘ sahobiy huzurlarida hurmatga sazovor, u zotning muhabbatlarini qozongan edi. Shunday qilib Islom tarixida buyuk olim Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)nomi bilan tanilgan Hasan ibn Yasor, Payg‘ambar (sollallohu alayhi va sallam)ning xonadonlaridan birida o‘sib ulg‘ayib, U zotning jufti halollaridan biri Ummu Salama nomi bilan mashhur bo‘lgan, Hind bint Suhaylning hujralarida tarbiya topdi.
Hasan nubuvvat xushbo‘yliklari bilan muattar bo‘lgan, uning nuri bilan jilviragan shunday muhitda hayot kechirdi. Bundan tashqari Payg‘ambar sollallohu alayhi va salamning masjidi shariflarida Usmon ibn Affon, Ali ibn Abu Tolib, Abu Muso Ash’ariy, Abdulloh ibn Umar, Abdulloh ibn Abbos, Anas ibn Molik, Jobir ibn Abdulloh (roziyallohu anhum) va boshqa sahobalarga shogird bo‘lib ilm o‘rgandi, ulardan rivoyatlar qildi. Bularning ichlarida mo‘minlar amiri Ali ibn Abu Tolibga qattiq muhabbat qo‘ydi. U kishining taqvosi, ibodatidagi ehsoni va dunyo zebu ziynatlariga berilmasligi Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)ni lol qoldirgandi. Ali ibn Abu Tolibning yetuk ilmlari va hikmatlari, sermazmun so‘zlari va qalblarni larzaga soluvchi pand-nasihatlari uni o‘ziga rom etdi. Shulardan qattiq ta’sirlangach, u zotning ibodat va taqvodagi xulqlari bilan xulqlandi. Fasohat va bayondagi yo‘llarida izma-iz yurdi. Hasanning yoshi o‘n to‘rtga kirib, kattalar safiga qo‘shilgach, ota-onasi bilan Basraga ko‘chib o‘tib, shu yerda yashab qoldi. Shu sabab olimning ismiga Basra shahri nisbat berilib, odamlar orasida Hasan Basriy bo‘lib tanilgan.
Hasan kelgan vaqtda Basra shahri Islom davlatidagi ilm o‘choqlarining eng kattalaridan edi. Undagi katta masjid esa, Basraga kelgan sahobalar va tobeinlarning ulug‘lari bilan dengiz misoli to‘lqinlanib turardi. Turli ilm halqalari masjidning ichi-yu tashqarisini obod qilib, ko‘rkiga ko‘rk qo‘shar edi. Hasan ham masjidni o‘ziga lozim tutib, ummati Muhammadning olimi va obidi Abdulloh ibn Abbos (roziyallohu anhumo)ning ilm halqalaridan joy olib, u kishidan tafsir, hadis, qiroat, fiqh, adab va boshqa ilmlardan tahsil oldi. Ko‘p o‘tmay o‘z davrining yetuk, zabardast olim va fuqaholarining biriga aylandi. Odamlar unga yuzlanib, uning to‘lib toshgan ilm bulog‘idan qonib-qonib simiradigan, qattiq qalblarni eritib, ko‘zlardan yoshlar oqizadigan va’z-nasihatlariga jim o‘tirib quloq tutadigan, aqllarni maftun etadigan hikmatlarini yod olib, tadabbur qiladigan, mushki anbardan xushbo‘yroq axloqini o‘zlariga o‘rnak qilib oladigan bo‘ldilar.
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) fazilatlari atrof shaharlarga va odamlar orasida tez yoyilib ketdi. Xalifa va amirlar qiziqib u haqda so‘rab surishtiradigan, xabardor bo‘lishga intiladigan bo‘ldi.
Hasan Basriy (rahmatullohi alayh) sakson yilga yaqin umrini ilm, hikmat va ma’rifat bilan o‘tkazdi. Kelajak avlodga qoldirgan bebaho meroslari — asrlar osha qalblarga ulfat bo‘lib qolgan, qalblarni titratib, ta’sirlantiradigan, ko‘zlardan shoshqator yoshlar oqizadigan, adashganlarni Allohga yo‘llaydigan, beparvo-g‘ofillarni esa dunyoning haqiqati va undagi odamlarning ahvoli bilan ogoh qiladigan va’z-nasihatlaridir.
U zot quyidagi nasihatlar sohibi edilar:
- Allohning bandadan voz kechganining alomati, bu bandaning befoyda narsa bilan mashg‘ul bo‘lishidir.
- Bandani orzu havasi uzaygani sari ishi yomonlashaveradi.
- Dinda sen bilan musobaqalashadigan kishi bilan musobaqalash. Dunyoingda sen bilan musobaqalashsa uni tark qil.
- Ne’matga zikrni ko‘paytiringlar. Albatta uning zikri shukrdir.
- Axloqi maqtaladigan insonlarni do‘st tut. Albatta odamlar orasida bundaylari kam bo‘ladi.
- Ikki narsa hech hamroh bo‘lmaydi: qanoat va hasad. Ikki narsa hech ajralmaydi: hirs va hasad.
- Ey odam bolasi, kuning seni mehmoningdir. Unda yaxshilik qil. Kuningda yaxshilik qila olsang Allohga hamd ayt. Agar kuningda yomonlik qilsang o‘zingni aybla.
- Sabr jannat xazinasidandir. Chunki inson bir soatlik sabri bilan barcha yaxshiliklarga erishadi.
- Mo‘min kishi o‘zida imon va qo‘rquvni jamlaydi. Munofiq buzg‘unchilik va xotirjamlikni jamlaydi.
- Ko‘zim bilan biror narsaga qarasam, tilim bilan biror narsa gapirsam, qo‘lim bilan biror narsani ushlasam va oyog‘im bilan biror joyga yursam u toat yoki ma’siyat ekaniga qarayman. Agar toatda bo‘lsa, oldinga yuraman. Agar ma’siyatda bo‘lsa ortda qolaman.
Maslama ibn Abdulmalik aytadi: “Men Hasan Basriyga ham qo‘shni, ham suhbatdosh bo‘lganman. U kishining so‘zi amaliga muvofiq edi. Hech qachon odamlardn ta’ma qilmas va Alloh taologa muhabbati kuchli edi”.
Hijratning 110 yili, Rajab oyida vafot etgan Hasan Basriy (rahmatullohi alayh)ning janozasi juma kuni o‘qildi. Bu xabardan Basra shahri aholisi qayg‘uga botdi. Alloh u kishidan rozi bo‘lsin.
Internet materiallari asosida
Ilyosxon Ahmedov
tayyorladi.
“Yangi O‘zbekiston” gazetasining shu yil 27 avgust kungi 175-sonida O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR hazratlarining “Qadr-qimmatimiz ulug‘lanayotgan yurt” nomli maqolasi chop etildi.
Ezgulik, bag‘rikenglik markaziga aylanayotgan mamlakatimizda diniy-ma’rifiy sohada erishilayotgan tarixiy yutuqlar e’tirofiga bag‘ishlangan qiyosiy-tahliliy maqolaning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin:
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Butun xalqimiz tomonidan katta shodiyona qilinayotgan, o‘z taqdirini shu aziz Vatan taqdiri bilan bog‘lagan qirq millionga yaqin yurtdoshimiz qalbini cheksiz faxr-iftixor tuyg‘ulariga to‘ldirayotgan mustaqillik bayrami – istiqlolimizning 35 yillik ayyomi bilan barchani chin qalbimdan muborakbod etaman.
Alloh taologa behisob shukrki, mamlakatimizda so‘nggi yillardagi jadal va keng ko‘lamli islohotlar qatorida e’tiqod erkinligini ta’minlash hamda mo‘min-musulmonlar emin-erkin toat-ibodat qilishi uchun yaratilayotgan sharoitlar yangi bosqichga ko‘tarildi.
Bunyodkorlik va ma’naviy tiklanish solnomasi
So‘nggi o‘n yillik solnomasiga qaraydigan bo‘lsak, yurtimizning har bir hududida ulkan bunyodkorlik ishlariga guvoh bo‘lamiz. Ularning eng mahobatlilari, shubhasiz, poytaxtimizdagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Samarqanddagi Imom Buxoriy majmuasidir.
Bundan 9 yil oldin Islom sivilizatsiyasi markazini barpo etish haqida maxsus qaror qabul qilinib, amaliy ishlar boshlangan edi. Nihoyat joriy yilda qadimdan Toshkentning ma’naviy markazi bo‘lib kelgan Hazrati Imom majmuasi yonida milliy ruh va zamonaviy sharoitlarga ega muhtasham inshoot barpo etildi. Markazning asosiy zali, ta’bir joiz bo‘lsa, qalbi, hech shubhasiz, muqaddas Qur’on zalidir. Bu yerda dunyodagi eng qadimiy Hazrati Usmon Mus'hafi yuksak maqomiga yarasha munosib o‘rin topdi.
Bu maskanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi ham yangi qarorgohiga ega bo‘ldi. Prezidentimizning oq fotihasi bilan biz ham shu yerda faoliyatimizni davom ettiryapmiz.
Imom Buxoriy majmuasi qurilishi 2019 yilda boshlangan edi. Qariyb 45 gektar maydonni qamrab olgan hududda ulkan maqbara, 10 ming kishilik masjid, innovatsion muzey, kutubxona, mehmonxonalar va boshqa zarur infratuzilma inshootlari barpo etildi.
Shu muazzam majmua foydalanishga topshirilayotganida xayolimga bir fikr keldi. Bilasiz, Imom Buxoriy bobomiz ilm talab qilish yo‘lida qancha mashaqqatlar chekib dunyo kezdilar. Buyuk muhaddis bo‘lib Vatanimizga qaytib keldilar. Lekin unga hozirgidek e’tibor, ehtirom, e’zoz ko‘rsatilmagandi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Imom Buxoriy hazratlarining boy ilmiy merosini yuksak darajada qadrlash va targ‘ib etishga yangi bosqichda keng imkoniyatlar yaratildi. Hozir butun islom olami, barcha musulmonlar shu majmuaga talpinmoqda.
Shuningdek, Farg‘onadagi Burhoniddin Marg‘inoniy yangi majmuasi, Namangandagi Sulton Uvays Qaraniy ziyoratgohi, Andijon bosh masjidi, Surxondaryodagi termiziylar maqbaralari, Qashqadaryodagi Abu Muin Nasafiy ziyoratgohi, Buxorodagi Mir Arab oliy madrasasi, Nukusdagi Imom Eshon Muhammad, Urganchdagi Oxun bobo masjidlari, Toshkentdagi Suzuk ota, Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf masjid-majmualari, Toshkent viloyatidagi Zangiota ziyoratgohini ham sanab o‘tish mumkin.
Yurtimizning shaharu qishloqlarida, eng chekka hududlarida 130 taga yaqin yangi masjid ochildi. 500 dan ziyod jome butunlay qaytadan bunyod etildi. 3 ta oliy va 1 ta o‘rta maxsus madrasa tashkil etildi. Jumladan, 500 yillik tarixga ega Mir Arab oliy madrasasining tarixiy maqomi tiklandi va uni dunyoga mashhur al-Azhar majmuasi darajasiga yetkazish ishlari davom etmoqda.
Samarqandda Hadis ilmi maktabi, Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti, shuningdek, Imom Termiziy nomidagi o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi faoliyat boshladi. Toshkent islom institutida magistratura tashkil qilinib, bu yil ilk bitiruvchilar sohaning nufuzli idoralarida mehnat faoliyatiga kirishdi.
Qur’oni karim va tajvid o‘quv kurslari soni 30 dan oshdi. Mashg‘ulotlarni 100 mingdan ziyod tinglovchi yakunlab, Allohning kalomini o‘qish baxtiga erishdi. Bundan tashqari, internet orqali onlayn qiroat saboqlari yo‘lga qo‘yildi.
Diniy idoramiz huzurida Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan Fatvo markazi tashkil etildi. Bu yerda diniy ulamolarimiz har yili yurtdoshlarimizning 300 mingdan ortiq savoliga javob berib kelmoqda. E’tiborlisi, ishlash yo o‘qish maqsadida chet davlatda bo‘lib turgan vatandoshlarimizning savollariga mobil ilova va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham javob berish imkoniyati yaratilgan.
Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy va Bahouddin Naqshband nomidagi 4 ta xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ta’sis etilib, nodir ilmiy-ma’rifiy asarlar tadqiq qilinmoqda.
Ziyorat va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash
Haj va umra safarlariga keng yo‘l berildi. Haj kvotasi 3 baravar, ya’ni 5 mingdan 15 mingga ko‘paygan bo‘lsa, umraga qo‘yilgan kvota cheklovlari olib tashlandi. Natijada har yili 1 millionga yaqin hamyurtimiz Allohning baytini ziyorat qilishga muvaffaq bo‘lmoqda.
Bu yildan boshlab Prezident hojilari dasturi joriy etilib, el-yurtimizga sidqidildan xizmat qilgan 100 nafar yurtdoshimiz haj safariga imtiyozli borib keldi.
Ramazon oyi, ikki hayit bayrami haqiqiy ma’noda katta ayyomga aylandi. Bu muborak sanalarni Prezident qarori bilan keng nishonlash dunyo mamlakatlari tajribasida yo‘q. Ayniqsa, joriy yilgi ayyomlarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilgan ulkan voqeliklarni alohida ta’kidlash kerak: Ramazon oyida 1 trillion 100 million so‘m, Qurbon hayitida 700 milliard so‘m mablag‘ xayriya ishlariga yo‘naltirildi.
Diniy soha xodimlariga bugungidek e’tibor, ijtimoiy, moddiy qo‘llab-quvvatlash ilgari kuzatilmagan edi. Ayniqsa, 15 ulamoning Imom Buxoriy ordeni bilan mukofotlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.
Imom-xatiblarimiz xorijiy tajriba almashish va malaka oshirish uchun chet davlatlarga bormoqda. Xususan, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Yevropa mamlakatlari, Saudiya Arabistoni, Misr, BAA, Turkiya, Janubiy Koreya singari davlatlarda malaka oshirish kurslari, Qur’oni karim xatmlari, diniy-ma’rifiy suhbatlarda ishtirok etmoqda. Albatta, bunday yuksak ehtirom va keng imkoniyatlar qalblarimizda cheksiz shukronalik tuyg‘usini uyg‘otadi. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda shukr qiluvchilarga ne’matlarini yanada ziyoda etishni va’da qilib, bunday marhamat qiladi:
“Va Robbingiz sizga: “Qasamki, agar shukr qilsangiz, albatta, sizga ziyoda qilurman. Agar kufr keltirsangiz, albatta, azobim shiddatlidir”, deb bildirganini eslang” (Ibrohim surasi, 7-oyat).
Ushbu ilohiy va’daga muvofiq, tinch va farovon kunlarimizning qadriga yetish, yurtimizda amalga oshirilayotgan xayrli va ezgu ishlarga shukronalik keltirish ne’matlarning bardavom va yanada ziyoda bo‘lishiga sababdir. Zotan, shukr faqat tilda emas, balki mehr-oqibat, saxovat va ezgu amallarda namoyon bo‘lishi bilan o‘z ma’nosini topadi.
Buyuk saodatning ifodasi
Mamlakatimizdagi ochiqlik siyosati natijasida O‘zbekiston musulmonlari idorasining islom olami bilan aloqalari rivojlanmoqda. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlandi. Turkiy davlatlar muftiylari kengashi, Abu Dabi tinchlik forumi, Xalqaro musulmon ulamolari kengashi, Musulmon donishmandlar kengashi, Islomiy fiqh akademiyasi, Islom olami uyushmasi, Podshoh Salmon nomidagi Hadisi sharif akademiyasi va Xalqaro islom fiqhi akademiyasi kabi nufuzli tashkilotlar shular jumlasidan.
Yaqinda mamlakatimizda I xalqaro islom sivilizatsiyasi forumi o‘tkazildi. U butun dunyo e’tiborini yana bir bor O‘zbekistonga qaratdi. Forum doirasida ko‘plab nufuzli olimlar, ulamolar yurtimizga tashrif buyurib, amalga oshirilayotgan ijobiy o‘zgarishlarning shohidi bo‘ldi.
Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk mutafakkir allomalarning hayoti va ilmiy merosini o‘rganish yuzasidan 600 dan ortiq kitob, monografiya, risola, roman nashr qilindi.
Umuman olganda, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan xalqparvar siyosat aholining turmush sifatini yanada oshirish, ilgari adashgan yo‘lidan qaytib, sog‘lom hayot kechirish yo‘lini tanlagan shaxslarni afv etish kabi savobli ishlarda namoyon bo‘layotir.
Bularning bari Alloh taoloning inoyati bilan erishilgan istiqlol sharofatidandir. Tiklangan ma’naviy qadriyatlar, keng ochilgan e’tiqod imkoniyatlari yangi O‘zbekistonda inson qadri naqadar yuksak darajaga ko‘tarilganining yorqin misolidir. Bu ishlar ma’rifat, bag‘rikenglik va ezgulik tamoyillari atrofida birlashgan xalqimizning kelajakka ishonchini yanada mustahkamlaydi.
Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam o‘z ta’limotlarida inson uchun eng ulug‘ saodat tinchlik-osoyishtalik, tansihatlik va xotirjamlik ekanini alohida ta’kidlaganlar:
“Sizlardan kim ahli-oilasi tinch, tani sog‘ va bir kunlik yeguligi bor holda tong ottirsa, go‘yoki unga butun dunyo to‘laligicha berilibdi” (Imom Termiziy rivoyati).
Bugun yurtimizda hukm surayotgan tinchlik va emin-erkinlik mana shunday ulug‘ saodatning amaliy ifodasidir.
Alloh taolo jonajon Vatanimiz istiqlolini abadiy, tinchligimizni barqaror aylasin! Yurtimiz rivoji va xalqimiz farovonligi yo‘lida sidqidildan xizmat qilayotgan Prezidentimiz va barcha mutasaddilarga kuch-g‘ayrat, mustahkam sog‘liq va ulkan zafarlar yor bo‘lsin. El-yurtimiz ahil-inoqligi, xonadonlarimizning qut-barakasi hech qachon arimasin!
Shayx Nuriddin XOLIQNAZAR,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy, “Oliy Darajali Imom Buxoriy” ordeni sohibi