Muqaddas dinimiz Islomda barchaga birdek xitob qilinib, erkak va ayollarga tenglik ila muomala qilingan. Haq-huquqlarda birini boshqasidan ustun qo‘yilmagan. Shuningek, islom shariati umumiy shaklda aniq maqsadga erishishni ko‘zlagan bo‘lib, u “himoya” deb ataladi. Himoya esa turli jabhalarda, turli shakllarda namoyon bo‘ladi. Xususan, ayollarning sha'ni, ularga taalluqli bo‘lgan barcha narsa islom dini asosida himoya etiladi. Shu sababdan ham Qur'oni karim va sunnati nabaviyda ayollarga oid haq-huquqlar, nozik va daqiq ta'riflar alohida e'tibor bilan keltiriladi, adolat, latofat va mehr ila bayon qilinadi. Shularni e'tiborga olgan holda, ayolning qiz, rafiqa va ona sifatida umr kechirishi va uning umr bosqichlarida ehtiromi va himoyasini ko‘zda tutgan oyat va hadislarni etiboringizga havola etamiz.
Islom dini ayollarning sha'nini ko‘tarib, ularning turmush tarzini go‘zallashtirgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam ayollarga o‘z erlariga itoat qilishni, erkaklarga esa jufti halollariga mehribonlik qilishni buyurganlar. Qizlarni majburlab erga berish, ularning mollarini yeyishni man qilganlar. Chunki johiliyat davrida ayollar meros ololmas, agar biror kishiga qiz farzand ko‘rganining xabari berilsa, g‘azablanganidan yuzlari qorayib, bo‘zarib ketar edi. Alloh taolo Qur'oni karimda ularning bu holatini bunday bayon qiladi:
وَإِذَا بُشِّرَ أَحَدُهُمْ بِالْأُنْثَى ظَلَّ وَجْهُهُ مُسْوَدًّا وَهُوَ كَظِيمٌ * يَتَوَارَى مِنَ الْقَوْمِ مِنْ سُوءِ مَا بُشِّرَ بِهِ أَيُمْسِكُهُ عَلَى هُونٍ أَمْ يَدُسُّهُ فِي التُّرَابِ أَلَا سَاءَ مَا يَحْكُمُونَ
“Qaysi birlariga qiz (ko‘rgani haqida) xushxabar berilsa, g‘azabi kelib, yuzlari qorayib ketadi. U (qiz)ni kamsitgan holda, olib qolish yoki (tiriklay) tuproqqa qorish (to‘g‘risida o‘y surib), o‘ziga xushxabar berilgan narsaning «yomon»ligidan (oriyat qilib) odamlardan yashirinib oladi. Ogoh bo‘lingizki, ularning bu hukmlari juda yomondir (“Nahl” surasi, 58-59 oyatlar).
Qur'oni karimda “Niso” (Ayollar) nomi bilan alohida sura nozil qilingan bo‘lib, unda meros va ayollarga muomala qilish hukmlari bayon etilgani dinimizda ularning ehtirom qilinganini ko‘rsatib beradi.
Alloh taolo “Niso” surasida bunday marhamat qiladi:
الرِّجَالُ قَوَّامُونَ عَلَى النِّسَاءِ بِمَا فَضَّلَ اللَّهُ بَعْضَهُمْ عَلَى بَعْضٍ وَبِمَا أَنْفَقُوا مِنْ أَمْوَالِهِمْ فَالصَّالِحَاتُ قَانِتَاتٌ حَافِظَاتٌ لِلْغَيْبِ بِمَا حَفِظَ اللَّهُ وَاللَّاتِي تَخَافُونَ نُشُوزَهُنَّ فَعِظُوهُنَّ وَاهْجُرُوهُنَّ فِي الْمَضَاجِعِ وَاضْرِبُوهُنَّ فَإِنْ أَطَعْنَكُمْ فَلَا تَبْغُوا عَلَيْهِنَّ سَبِيلًا إِنَّ اللَّهَ كَانَ عَلِيًّا كَبِيرًا
“Erkaklar xotinlar ustidan (oila boshlig‘i sifatida doimiy) qoim turuvchilardir. Sabab – Alloh ularning ayrimlari (erkaklar)ni ayrimlari (ayollar)dan (ba'zi xususiyatlarda) ortiq qilgani va (erkaklar o‘z oilasiga) o‘z mol-mulklaridan sarf qilib turishlaridir. (Ayollar ichida) solihalari – bu (Allohga va eriga) itoatli, g‘oyibga Alloh saqlaganicha himoyatli (ya'ni, erlarining sirlari, mulklari va obro‘larini saqlovchi)lardir. Xotinlarning itoatsizligidan qo‘rqsangiz, avvalo ularga nasihat qilingiz, so‘ngra (bu ta'sir qilmasa,) ularni o‘rinlarda (aloqasiz) tark etingiz, so‘ngra (bu ham kor qilmasa) ularni (majruh bo‘lmagudek darajada) uringiz. Ammo sizlarga itoat qilsalar, ularga qarshi (boshqacha) yo‘l axtarmangiz. Albatta, Alloh oliy va ulug‘ zotdir (“Niso” surasi, 34-oyat).
Alloh taolo ushbu oyati karimada soliha ayolning sifatlarini bayon qilib, ortidan itoatsizlik sodir etgan ayolga rahm-shavqat bilan, bosqichma-bosqich qilinishi kerak bo‘lgan muomala uslubi haqida ta'lim bermoqda. Bu uslub – avval chiroyli pand-nasihat, so‘ngra shunda ham itoat qilmasa, o‘rinlarini alohida qilish, bu ham kor qilmasa, qattiqroq chora – ozor bermaydigan darajada ta'zir berishga izn berilishidir. Ushbu ta'lim mehribon va rahmli bo‘lgan Alloh taolo tomonidan ayollarga bo‘lgan izzat-ikrom namunasi desak, adashmagan bo‘lamiz.
Ayollarga bo‘lgan ikromning namunalaridan yana biri shuki, ushbu surada ayollar va erkaklar lafzlarining teng miqdorda keltirilganidir.
Islom erkaklarga o‘z ayollari bilan go‘zal muomalada bo‘lishni va bunda ular uchun yaxshilik borligi quyidagicha bayon qiladi:
وَعَاشِرُوهُنَّ بِالْمَعْرُوفِ فَإِنْ كَرِهْتُمُوهُنَّ فَعَسَى أَنْ تَكْرَهُوا شَيْئًا وَيَجْعَلَ اللَّهُ فِيهِ خَيْرًا كَثِيرًا
“Ular bilan totuv turmush kechiringiz. Agar ularni yomon ko‘rsalaringiz, (bilib qo‘yingki,) balkim sizlar yomon ko‘rgan narsada Alloh (sizlar uchun) ko‘pgina yaxshilik paydo qilishi mumkin” (“Niso” surasi, 19 oyat).
Shuningdek, dinimizda ayollar ona sifatida ulug‘lanadi. Islom farzandlarni onalariga chiroyli muomalada bo‘lishga buyurib, bu orqali ayollarni ona sifatida ulug‘laydi. Alloh taolo Qur'oni karimdagi boshqa o‘rinlarga nisbatan ota-onaga yaxshilik qilish borasida kelgan oyatlarni juda ham chiroyli tarzda bayon qilgan. Jumladan, “Isro” surasining 23-oyatida:
“Rabbingiz, Uning O‘zigagina ibodat qilishingizni hamda ota-onaga yaxshilik qilishni amr etdi. (Ey inson!) Agar ularning biri yoki har ikkisi huzuringda keksalik yoshiga yetsalar, ularga «uff!..» dema va ularni jerkima! Ularga (doimo) yoqimli so‘z ayt!” , – deya amr qilingan.
Boshqa surada esa:
“Biz insonga ota-onasini (rozi qilishni) buyurdik. Onasi uni zaiflik ustiga zaiflik bilan (qornida) ko‘tarib yurdi. Uni (ko‘krakdan) ajratish (muddati) ikki yilda (bitar). (Biz insonga buyurdikki) «Sen Menga va ota-onangga shukr qilgin! Qaytishlik Mening huzurimgadir”, – deb buyuriladi (“Luqmon” surasi, 14-oyat).
Qur'oni karimdagi ota-onaga yaxshilik qilish borasida kelgan yana bir oyat quyidagicha marhamat qilinadi:
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. Onasi uni (qornida) qiynalib ko‘tarib yurgan va uni qiynalib tuqqandir. Unga homiladorlik va uni (sutdan) ajratish (muddati) o‘ttiz oydir. Bas, qachonki, u voyaga yetib, qirq yoshga to‘lganida: «Ey, Rabbim! Menga va ota-onamga in'om etgan ne'matingga shukr qilishga va O‘zing rozi bo‘ladigan solih amalni qilishga meni muvaffaq etgin va men uchun zurriyotimni isloh et! Albatta, men Senga (gunohlarimdan) tavba qildim va, albatta, men musulmonlardandirman», – deydi”(“Ahqof “surasi, 15-oyat).
Ushbu o‘rinda shuni ta'kidlash lozimki, Allohga osiy bo‘luvchi o‘rinlarda ularga itoat qilinmaydi. Bu haqda bunday marhamat qilinadi:
“Biz insonni ota-onasiga yaxshilik qilishga buyurdik. (Ammo) agar ular sen bilmagan narsalarni (soxta ma'budalarni) Menga sherik qilishingga zo‘rlasalar, u holda ularga itoat etmagin! (Barchangiz) Menga qaytursiz, bas, Men (o‘shanda) sizlarga qilib o‘tgan amallaringiz xabarini berurman”, – deb marhamat qilinadi (“Ankabut” surasi, 8-oyat).
Sunnati nabaviyyada ham onalarga yaxshilik qilishga doir ko‘plab buyruqlar kelgan bo‘lib, ba'zilarini e'tiboringizga havola etamiz.
“Bir kishi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Yo Rasululloh, eng chiroyli muomalamga kim haqli?” – deb so‘radi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, – dedilar. U kishi: “So‘ng kim?” – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang”, – dedilar. U kishi yana: “So‘ng kim?” – dedi. Rasululloh alayhissalom: “Onang”, – dedilar. U kishi: “So‘ng kim?” – dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “So‘ng otang”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam uch bora “Onang”, deb aytishlari Islomda onaning sha'ni naqadar ulug‘ va hurmat-ehtiromga loyiq ekaniga dalolat qiladi. Islom shariatidan boshqa hech bir shariatda onaning qadri bunchalik baland qilib belgilanmagan.
Talha ibn Muoviya Sulamiy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ey Allohning Rasuli! Men Alloh yo‘lida jihod qilishni qasd qildim”, – deb aytdim. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Onang tirikmi?” – dedilar. Men: “Ha”, – dedim. U Zot alayhissalom: “Onangning oyoqlarini o‘zingga lozim tut (doim xizmatida bo‘l), chunki jannat o‘sha yerdadir”, – dedilar (Imom Termiziy rivoyati).
Darhaqiqat, islomda ayollar rafiqa sifatida ulug‘lanadi. Bu borada Rasululoh sollallohu alayhi vasallamning “Vidolashuv haji”da sahobiylarga qarata ayollar haqida aytgan vasiyatlarini keltirib o‘tishimiz juda ham o‘rinli bo‘ladi: “Ayollar borasida Allohdan qo‘rqinglar. Chunki sizlar Allohning omonati ila ularni qo‘lga kiritdingiz va Allohning kalimasi bilan ularning farjlarini o‘zlaringizga halol qilib oldingiz” (Buxoriy rivoyati).
Rasululloh alayhissalom boshqa bir hadisda: “Albatta, ayollar erkaklarning yarmi (sherigi, tug‘ishganlari)dir”, – deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati).
Ushbu hadisi sharifga binoan, Islom shariati ayollarni har qanday holat va ishlarda erkaklarga sherik qilgan desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, ayol farzandlarni tarbiyalash, borasidagi xizmati oilani mustahkamlash yo‘lida ham erkaklarga hamroh ekanidan dalolatdir. Er-xotin o‘zaro inoq bo‘lgan oiladan sunnati nabaviy ko‘rsatib bergan yo‘lga muvofiq go‘zal xonadon paydo bo‘ladi. Bunday xonadonlar esa jamiyat binosini barpo qilishda muhim rol o‘ynaydi. Shu sababli ham ayol jamiyatning yarmi deyiladi. Balki, ayol yarmidan ham ko‘proq ulushga ega. Zero, ayol bu – ona, rafiqa, qiz va opa-singildir.
Qolaversa, islomda ayollar qiz sifatida ulug‘lanadi. Nabiy alayhissalom Islomning mohiyatini bayon etib, qizlarning ulug‘ maqom sohibalari ekanini ta'kidlaganlar. Ularning huquqlarini bayon qilib, zimmalaridagi vojiblarni ko‘rsatib berish ila johiliyat davrida urfga aylanib, tarqalib ketgan qabihlik – qizlarni tiriklayin ko‘mish muammosini bartaraf qildilar.
Oisha roziyallohu anho onamiz aytadi: “Bir ayol o‘zining ikki qizini yetaklab kelib, ular uchun bir narsa so‘radi. Menda bir dona xurmodan boshqa narsa yo‘q edi. So‘ng o‘sha xurmoni ayolga uzatdim. Ayol xurmoni qizlariga bo‘lib berdi, o‘zi esa yemadi. Keyin turib chiqib ketdi. Shundan so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kelib qoldilar. Men U zotga bo‘lgan voqeani aytib berim. U Zot: “Kim bu qizlar uchun biror narsadan tashvishlanib qayg‘ursa, (shu ishi) jahannamdan to‘siq bo‘ladi”, – dedilar” (Imom Termiziy rivoyati).
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, ayol go‘yo qalb gavhari. Ayol borki, olam munavvar. Ona – mehribonlik timsoli! Unga yaxshilik qilish esa dunyoda baxt, oxiratda saodatga erishish sabablaridandir. Shunday ekan, onamizning nurli yuzlariga tabassum ila boqib, mehribonlik va oilaviy mehr-muhabbat asosida hayot kechirish barchamizga nasib etsin!
Jaloliddin Hamroqulov
Toshkent islom instituti
“Tahfizul Qur'on” kafedrasi mudiri
“Novza” jome masjidi imom-xatibi
Muhtaram vatandoshlar!
Siz, azizlarni, barcha mo‘min-musulmon yurtdoshlarimizni, butun xalqimizni ulug‘ va mo‘tabar ayyom – Qurbon hayiti bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etib, o‘zimning yuksak hurmatim va ezgu tilaklarimni bildirishdan g‘oyat mamnunman.
Jamiki islom ummati uchun qadrli bo‘lgan ushbu shukuhli bayram – Iyd al-Adhoni el-yurtimiz bilan birgalikda tinch va osoyishta muhitda kutib olayotganimiz uchun, avvalo, mehribon va qudratli Alloh taologa behisob shukronalar aytamiz.
Hech shubhasiz, keyingi yillarda Yangi O‘zbekistonda ijtimoiy, xalqchil davlat barpo etish, uning ma’naviy asoslarini mustahkamlash va ta’sirchanligini oshirishda muqaddas islom dini, uning asosiy bayramlaridan biri bo‘lgan Qurbon hayiti ham muhim rol o‘ynamoqda.
Ayniqsa, bu bayramning insonparvarlik, ahillik, saxovat va olijanoblik kabi fazilatlari yurtimizda “Inson qadri uchun, inson baxti uchun” degan ezgu g‘oya asosida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarga uyg‘un va hamohang bo‘lib, aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash, keksalar, yoshlar va xotin-qizlar haqida alohida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, kambag‘allikni qisqartirishga qaratilgan dasturlarimiz samarasini oshirishga xizmat qilayotganini alohida ta’kidlash o‘rinlidir.
Aziz do‘stlar!
Bugungi kunda mamlakatimizda turli millatlar va diniy konfessiyalar o‘rtasidagi hamjihatlikni mustahkamlash, vijdon erkinligini ta’minlash, diniy-ma’rifiy merosimizni asrab-avaylash, yosh avlodni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida tarbiyalash bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu haqda so‘z yuritganda, islom dinining ezgu tamoyillarini chuqur o‘rganish, buyuk tariximiz va madaniyatimiz durdonalarini, mashhur allomalarimizning boy merosini to‘plash va keng targ‘ib etishga alohida e’tibor qaratilayotganini ta’kidlash lozim. Jumladan, ko‘hna Sharq mo‘jizasi – Samarqand shahri 2025 yilda islom madaniyati poytaxti, deb e’lon qilindi, ulug‘ vatandoshimiz Imom Moturidiyning 1155 yillik tavallud sanasi yurtimiz bo‘ylab keng nishonlanmoqda, Imom Buxoriy, Imom Moturidiy va Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari qatoriga, shu yil Buxoro shahrida o‘z faoliyatini boshlaydigan Bahouddin Naqshband ilmiy-tadqiqot markazi ham qo‘shildi.
Poytaxtimiz Toshkent shahrida bunyod etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy-ma’naviy yo‘nalishdagi ulkan va noyob loyiha sifatida el-yurtimiz va xalqaro jamoatchilikda katta qiziqish uyg‘otmoqda. Bu muazzam maskan ko‘p ming yillik qadimiy tariximiz, boy va betakror milliy madaniyatimizning yorqin timsoli sifatida Yangi O‘zbekiston hayotidagi g‘oyat muhim voqeaga aylanadi, deb ishonaman.
Hurmatli yurtdoshlar!
Shu saodatli kunlarda 15 ming nafar vatandoshimiz muqaddas haj ziyoratini ado etmoqda. Ezgu duo va niyatlar ijobat bo‘ladigan mana shunday munavvar lahzalarda ularni ham Qurbon hayiti bilan samimiy qutlab, Yaratgandan yurtimizga sog‘-omon qaytib kelishlarini so‘raymiz.
Umid qilamizki, muhtaram hojilarimiz jamiyatimizda birdamlik, oila va mahallalarimizda mehr-oqibat muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarimiz tarbiyasini kuchaytirish, ularni ilm-ma’rifatga, zamonaviy kasb-hunarlarni egallashga, Vatan himoyachisi bo‘lishga targ‘ib etish, muhtoj insonlarga ko‘mak berishda alohida ibrat va namuna ko‘rsatadilar.
Qalblarimiz quvonchga to‘lgan ushbu fayzli kunlarda xorijiy davlatlarda bo‘lib turgan vatandoshlarimizni ham bugungi ulug‘ ayyom bilan chin dildan qutlab, ularga sog‘lik-omonlik, baxt va omad tilaymiz.
Jahonning uzoq-yaqin o‘lkalaridagi musulmon ummatini ham qizg‘in tabriklab, ularning xalqlari va mamlakatlariga tinchlik, ravnaq va farovonlik tilab qolamiz.
Aziz va muhtaram vatandoshlar!
Hozirgi kunda dunyo naqadar murakkab va tahlikali bo‘lib borayotganini barchamiz ko‘rib turibmiz. Bunday keskin sharoitda yurtimizda tinchlik, o‘zaro hurmat va totuvlik muhitini saqlab, barcha soha va tarmoqlarda fidokorona mehnat qilib ko‘zlagan yuksak maqsadlarimizga yeta olamiz.
Albatta, o‘z tarixida ne-ne sinov va mashaqqatlardan munosib o‘tgan mard va olijanob xalqimiz bunga har tomonlama qodir.
Bu yo‘lda el-yurtimizga mansub mehr-oqibat, o‘zaro birlik va jipslik biz uchun beqiyos kuch-qudrat manbai bo‘lib xizmat qiladi, deb ishonaman.
Siz, azizlarni muqaddas Qurbon hayiti bilan yana bir bor chin dildan tabriklab, barchangizga tinchlik-xotirjamlik, sihat-salomatlik, xonadonlaringizga fayzu baraka tilayman.
Qutlug‘ ayyom barchamizga muborak bo‘lsin!
Shavkat Mirziyoyev,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti