Sayt test holatida ishlamoqda!
01 Iyul, 2025   |   6 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:09
Quyosh
04:54
Peshin
12:32
Asr
17:41
Shom
20:04
Xufton
21:41
Bismillah
01 Iyul, 2025, 6 Muharram, 1447

Hazrati Umarning kelin tanlashlari

01.03.2017   8633   5 min.
Hazrati Umarning kelin tanlashlari

Har-bir ota-ona farzandlari voyaga yetgach,  qizi bo‘lsa aqlli,  oilam deydigan yigitga turmushga berishni, o‘g‘li bo‘lsa, hayoli iboli, oilam deydigan qizni kelin qilishni orzu qiladi. Ammo keyingi vaqtlarda  sovchilar kelsa tag-tugini surishtiradigan yoki sovchilikka boriladigan bo‘lsa, qizning otasi qayerda ishlashi-yu,  yaqinlarini olib borganda uyaltirmaydigan darajada dang‘illama joylari bo‘lishini diliga tugib boradiganlar uchrab turadi.

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiiy sollallohu alayhi vasallam: “Ayol to‘rt (narsasi)  uchun nikohlanadi: moli uchun, hasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa qorilgur”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dovud, Imom Nasoiy).

Farzandiga juft tanlashda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haq yo‘lni  ko‘rsatib berdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhuning kelin tanlashdagi talablari ko‘pchilikka ibrat bo‘lsa ajab emas.

Hazrati Umar kechalari Madinani aylanib zavq olardilar. Chunki bu shaharning har bir ko‘chasida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq xotiralar bor edi. Har zamonda sevimli Payg‘ambar bilan o‘tkazgan kunlarini eslab, u zotni xuddi yonlaridek his qilardilar. Zero, sevgan sevilgan bilan yonma-yondir.

Ba’zan oy nuri ham bo‘lmagan tunlarda Umarni yolg‘izlatmagan, o‘zini unuttirmagan Zot borki, ertaga Uning oldida hisob beradi. Alloh Umarning shu damda qanday fikr va hissiyotlar bilan aylanib yurganini uning o‘zidan yaxshi biladi. Qudrati cheksiz, ilmi va rahmati barchani qamraydigan Zot sevimli Rasuliga yuborgan kitobda shunday degan: ”Qayerda bo‘lsangizlar ham, U(Alloh) sizlar bilan birgadir” (Hadid surasi, 4-oyat).

Qayerda bo‘lmasin Alloh bilan birgaligini his qilib turgan odamlar orasida hazrat Umarning o‘ziga xos o‘rinlari bor. Cheksiz qudrat sohibi bo‘lgan buyuk Parvardigorga nisbatan bo‘lgan bu taqvo hech kim yo‘q joylarda Umarni ko‘p yig‘latgan... .

Shunday hislar bilan tunda shahar aylanar ekanlar, hazrat Umar bir ayolning ovozini eshitib qoldilar:

Sutga ozgina suv qo‘shaylik, qizim.

Onajon, amiral mo‘minin: “Sutga suv qo‘shmanglar”, - degan.

Amirul mo‘minin bu yerda yo‘q. U sening nima qilayotganingni ham bilmaydi.

Siz haqsiz, onajon. Amirul mo‘minin nima qilayotganimni ko‘rmayapti. Lekin Alloh ko‘rib turibdi-ku!

Hazrat Umarning etlari jimirlab, ko‘zlariga yosh keldi.

Qiz Qur’on tarbiyasini olgan, Allohdan qo‘rquv va Unga muhabbatni qalbiga jo qilgan edi. Bunaqa qizni kunduzi chiroq yoqib qidirib topish dushvor. Binobarin, bunaqa qizlar uchun bor-yo‘g‘ingni sarflasang, bu yo‘lda bir umr ter to‘ksang ham kam edi. Insoniyat haqiqiy mas’uliyatini shunday fikrlarga ega bo‘libgina bilishi mumkin.

Farzand onasidan odob o‘rganishi kerak, lekin onasiga odob bergan bu qiz hazrat Umarning tamoyillariga rosa mos kelardi. Chunki odamlar hazrat Umarning: “Men uchun eng mahbub inson adolatga zid ish taklif qilinganida, manfaatli bo‘lishiga qaramasdan, rad eta olgan insondir”, - deganlarini eshitishgan edi. Mana, o‘sha maftun bo‘lgan mahbubni topib turibdilar U kishi o‘zlarida yo‘q sevinib ketdilar. Dunyoda shunday insonlar borligidan ko‘ngillari ko‘tarildi.

Onasiga tanbeh bergan qiz tashqarida voqeani kuzatib, haqiga duolar qilib turgan xalifani sezmadiyam.

Hazrat Umar shu kecha Qur’onning ” : ”Qayerda bo‘lsangizlar ham, U (Alloh) sizlar bilan birgadir”, - oyatini hayotdagi tafsirini ko‘rib, buyuk Parvardigorga hamdu sano aytdilar. Ana shu birgalikni bilish qorong‘u, amir ko‘rmaydigan joylardagina bilinadi.

Hazrat Umar ovoz sohibasini ko‘rmadilar, uning kimligini ham bilolmadilar. Ammo u qiz: “Mo‘minlar, shak-shubhasiz, og‘a-inidirlar” (Hujurot surasi, 10-oyat), oyatiga ko‘ra hazrat Umarning qarindoshidir.

O‘sha tun hazrat Umar odmigina yotoqlariga yotarkanlar, tinimsiz shu oyatni takrorlab, Alloh bilan birga ekanini his qilish quvonchini his etdilar va ko‘ngillarini ko‘targan o‘sha ovozni eshitgandek bo‘ldilar.

Ertasiga bomdodni o‘qib bo‘lib, birinchi qilgan ishlari kechagi uyni topish  bo‘ldi. Uy sohibi u kishini ehtirom bilan qarshi olib, izzat-ikrom ko‘rsatdi. Hazrat Umar dastavval kechagi ovoz sohibasi turmush qurganmi, yo‘qmi shuni so‘radilar.

U hali turmushga chiqmagan, mo‘minlar amiri.

Javobdan hazrat Umarning boshlari ko‘kka yetdi. Hech bir tujjor savdo-sotig‘idan qancha foyda olsa ham, bu darajada xursand bo‘lmasa kerak.

Unda qizingni o‘g‘lim Osimga so‘ramoqchiman.

Bosh ustiga. Bu narsa oilamiz uchun sharafdir, mo‘minlar amiri (Abdulloh ibn Abdul-hakim “Siyrati Umar ibn Abdulaziz”).

Hazrat Umar o‘z farzandlariga munosib ko‘radigan kelin Allohdan qo‘rqadigan, har bir ishda Uning nazoratini his etadigan darajada oqila bo‘lishi kerak edi. 

 

Manbalar asosida 

Munira ABUBAKIROVA

O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Xudkushlik qahramonlik emas

01.07.2025   936   2 min.
Xudkushlik qahramonlik emas

Inson zimmasida bir nechta omonatlar borki, bularni qadrlash zarur hisoblanadi. O‘z joniga o‘zi qasd qilish esa ana shu omonatga xiyonat qilishdir. Binobarin, Quroni karim Niso surasi 29-oyatida Haq taolo  xitob qilgan: "Bir-birlaringizni o‘ldirmangiz".

Jundab ibn Abdulloh roziyallohu anhu rivoyat qiladilar: "Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Sizlardan ilgari o‘tganlardan bir kishi jarohatlandi. Besabrlik qilib pichoq oldi-da, qo‘lni kesib tashladi va ko‘p o‘tmay, qon yo‘qotib vafot etdi. Alloh: "Bandam joniga qasd etdi, unga jannatni harom qildim", dedi" (Muttafaqun alayh).

Yana bir hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Kimki tog‘dan o‘zini tashlab, joniga qasd qilsa, u jahannam olovida abadulabad o‘zini pastga tashlaydi. Kimki zahar ichib joniga qasd qilsa, u qo‘lida zaharini tutib, jahannam olovida abadulabad o‘zini zaharlaydi. Kimki o‘zini temir bilan o‘ldirsa, u qo‘lida temirini tutib, jahannam olovida abadulabad u bilan o‘zini uradi" (Imom Buxoriy, Muslim va boshqalar rivoyati).

Mo‘tabar fatvo kitoblarimizdan “Fatavoi Sirojiya”da: “Qachon kema yona boshlasa, undagilarning agar o‘zlarini dengizga tashlashsa, suzish bilan xalos bo‘lib ketishga gumonlari g‘olib bo‘lsa, shunday qilishlari vojib bo‘ladi. Agar o‘zlarini dengizga tashlasalar ham g‘arq bo‘lishlari yoki tashlashmasa, kuyib ketishlari ehtimoli bo‘lsa, u holda kemada qolish va dengizga o‘zlarini otish orasida ixtiyorlidirlar. Kimki o‘zini o‘ldirsa, uning gunohi boshqa birovni qatl qilgandan ko‘ra qattiqroqdir!”

Yuqorida keltirilgan manbalardan ko‘rinib turibdiki dinimiz inson o‘z joniga qasd qilishga emas, balki bu omonatni asrashga qadrlashga chaqiradi. Lekin, jamiyatda ba’zi insonlar borki, o‘z joniga qasd qilishga, xudkushlikka rag‘bat qiladilar. Aslini olganda o‘zini-o‘zi o‘ldirish Alloh bergan ne’matni mutlaqo mensimaslikdir. Shu bilan birga bunday holat o‘sha jamiyatga ham musibat hisoblanadi.

O‘zini-o‘zi o‘ldirishning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq va kattaroq hisoblanadi. Endi, salgina hayot tashvishi deb, ozgina g‘am va alam deb o‘zini o‘ldirayotganlarning gunohi birovni o‘ldirishdan ko‘ra og‘irroq ekanligini bildik. Biroq, bundan ham eng achinarlisi, birovlarning yolg‘on-yashiq gaplariga uchib, “fatvo”lariga aldanib, begunoh mo‘min-musulmonlarni o‘ldirishga qasd qilib o‘zini o‘ldirishning gunohi bundan necha barobar og‘irroq hisoblanadi. Bu shahidlik emas, bu qahramonlik ham emas, balki xudkushlikdir.

Uychi tumani "Devona bobo" jome masjidi imom-xatibi

Abdufattoh Musaxanov

Manba: @Softalimotlar

MAQOLA