Har-bir ota-ona farzandlari voyaga yetgach, qizi bo‘lsa aqlli, oilam deydigan yigitga turmushga berishni, o‘g‘li bo‘lsa, hayoli iboli, oilam deydigan qizni kelin qilishni orzu qiladi. Ammo keyingi vaqtlarda sovchilar kelsa tag-tugini surishtiradigan yoki sovchilikka boriladigan bo‘lsa, qizning otasi qayerda ishlashi-yu, yaqinlarini olib borganda uyaltirmaydigan darajada dang‘illama joylari bo‘lishini diliga tugib boradiganlar uchrab turadi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiiy sollallohu alayhi vasallam: “Ayol to‘rt (narsasi) uchun nikohlanadi: moli uchun, hasabi uchun, jamoli uchun va dini uchun. Bas, dindorini tanla, qo‘ling tuproqqa qorilgur”, dedilar” (Imom Buxoriy, Imom Muslim, Imom Termiziy, Imom Dovud, Imom Nasoiy).
Farzandiga juft tanlashda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haq yo‘lni ko‘rsatib berdilar. Hazrati Umar roziyallohu anhuning kelin tanlashdagi talablari ko‘pchilikka ibrat bo‘lsa ajab emas.
Hazrati Umar kechalari Madinani aylanib zavq olardilar. Chunki bu shaharning har bir ko‘chasida Rasululloh sollallohu alayhi va sallam bilan bog‘liq xotiralar bor edi. Har zamonda sevimli Payg‘ambar bilan o‘tkazgan kunlarini eslab, u zotni xuddi yonlaridek his qilardilar. Zero, sevgan sevilgan bilan yonma-yondir.
Ba’zan oy nuri ham bo‘lmagan tunlarda Umarni yolg‘izlatmagan, o‘zini unuttirmagan Zot borki, ertaga Uning oldida hisob beradi. Alloh Umarning shu damda qanday fikr va hissiyotlar bilan aylanib yurganini uning o‘zidan yaxshi biladi. Qudrati cheksiz, ilmi va rahmati barchani qamraydigan Zot sevimli Rasuliga yuborgan kitobda shunday degan: ”Qayerda bo‘lsangizlar ham, U(Alloh) sizlar bilan birgadir” (Hadid surasi, 4-oyat).
Qayerda bo‘lmasin Alloh bilan birgaligini his qilib turgan odamlar orasida hazrat Umarning o‘ziga xos o‘rinlari bor. Cheksiz qudrat sohibi bo‘lgan buyuk Parvardigorga nisbatan bo‘lgan bu taqvo hech kim yo‘q joylarda Umarni ko‘p yig‘latgan... .
Shunday hislar bilan tunda shahar aylanar ekanlar, hazrat Umar bir ayolning ovozini eshitib qoldilar:
Sutga ozgina suv qo‘shaylik, qizim.
Onajon, amiral mo‘minin: “Sutga suv qo‘shmanglar”, - degan.
Amirul mo‘minin bu yerda yo‘q. U sening nima qilayotganingni ham bilmaydi.
Siz haqsiz, onajon. Amirul mo‘minin nima qilayotganimni ko‘rmayapti. Lekin Alloh ko‘rib turibdi-ku!
Hazrat Umarning etlari jimirlab, ko‘zlariga yosh keldi.
Qiz Qur’on tarbiyasini olgan, Allohdan qo‘rquv va Unga muhabbatni qalbiga jo qilgan edi. Bunaqa qizni kunduzi chiroq yoqib qidirib topish dushvor. Binobarin, bunaqa qizlar uchun bor-yo‘g‘ingni sarflasang, bu yo‘lda bir umr ter to‘ksang ham kam edi. Insoniyat haqiqiy mas’uliyatini shunday fikrlarga ega bo‘libgina bilishi mumkin.
Farzand onasidan odob o‘rganishi kerak, lekin onasiga odob bergan bu qiz hazrat Umarning tamoyillariga rosa mos kelardi. Chunki odamlar hazrat Umarning: “Men uchun eng mahbub inson adolatga zid ish taklif qilinganida, manfaatli bo‘lishiga qaramasdan, rad eta olgan insondir”, - deganlarini eshitishgan edi. Mana, o‘sha maftun bo‘lgan mahbubni topib turibdilar U kishi o‘zlarida yo‘q sevinib ketdilar. Dunyoda shunday insonlar borligidan ko‘ngillari ko‘tarildi.
Onasiga tanbeh bergan qiz tashqarida voqeani kuzatib, haqiga duolar qilib turgan xalifani sezmadiyam.
Hazrat Umar shu kecha Qur’onning ” : ”Qayerda bo‘lsangizlar ham, U (Alloh) sizlar bilan birgadir”, - oyatini hayotdagi tafsirini ko‘rib, buyuk Parvardigorga hamdu sano aytdilar. Ana shu birgalikni bilish qorong‘u, amir ko‘rmaydigan joylardagina bilinadi.
Hazrat Umar ovoz sohibasini ko‘rmadilar, uning kimligini ham bilolmadilar. Ammo u qiz: “Mo‘minlar, shak-shubhasiz, og‘a-inidirlar” (Hujurot surasi, 10-oyat), oyatiga ko‘ra hazrat Umarning qarindoshidir.
O‘sha tun hazrat Umar odmigina yotoqlariga yotarkanlar, tinimsiz shu oyatni takrorlab, Alloh bilan birga ekanini his qilish quvonchini his etdilar va ko‘ngillarini ko‘targan o‘sha ovozni eshitgandek bo‘ldilar.
Ertasiga bomdodni o‘qib bo‘lib, birinchi qilgan ishlari kechagi uyni topish bo‘ldi. Uy sohibi u kishini ehtirom bilan qarshi olib, izzat-ikrom ko‘rsatdi. Hazrat Umar dastavval kechagi ovoz sohibasi turmush qurganmi, yo‘qmi shuni so‘radilar.
U hali turmushga chiqmagan, mo‘minlar amiri.
Javobdan hazrat Umarning boshlari ko‘kka yetdi. Hech bir tujjor savdo-sotig‘idan qancha foyda olsa ham, bu darajada xursand bo‘lmasa kerak.
Unda qizingni o‘g‘lim Osimga so‘ramoqchiman.
Bosh ustiga. Bu narsa oilamiz uchun sharafdir, mo‘minlar amiri (Abdulloh ibn Abdul-hakim “Siyrati Umar ibn Abdulaziz”).
Hazrat Umar o‘z farzandlariga munosib ko‘radigan kelin Allohdan qo‘rqadigan, har bir ishda Uning nazoratini his etadigan darajada oqila bo‘lishi kerak edi.
Manbalar asosida
Munira ABUBAKIROVA
O‘zbekiston musulmonlari idorasi mutaxassisi
Shu yil 12 iyul bosh imom-xatib Musoxon domla Abbosiddinov raisligida O‘zbekiston musulmonlari idorasi Namangan viloyat vakilligida hududdagi imom-xatiblar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda Namangan viloyati hokimining o‘rinbosari Xotamov Jamshid ishtirok etdi.
Yig‘ilishda 2025 yilning birinchi yarmida amalga oshirilgan ishlar muhokama etilib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar kelishib olindi.
Yig‘ilishda imomlik sharafli va mas’uliyatli vazifa ekani, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, o‘z ustida muntazam ishlashi va mo‘min-musulmonlarning ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ehtiyojlarini ta’minlash uchun tinimsiz izlanib, xizmat qilishlari zarur ekani alohida qayd etildi.
Shuningdek, imomlar hududlardagi mahallalar bilan muntazam aloqada bo‘lib, hojilar bilan birga yoshlar tarbiyasiga alohida e’tibor qaratish, ilm-ma’rifatga qiziqtirish va yosh avlod kelajagi uchun mustahkam poydevor yaratish, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarning oldini olish, keksalarni hurmat qilish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish, yurt tinchligi va osoyishtaligi uchun barcha birdek mas’ulligi kabilarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlandi.
Yig‘ilishda tashkiliy masala ko‘rildi. Norin tumani bosh imom-xatibi va “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi lavozimida ishlab kelayotgan Kamoliddin domla Hamroqulov vazifasidan ozod etilib, tumandagi “Haqqulobod” jome masjidi imom-noibi lavozimiga o‘tkazildi. Norin tumani bosh imom-xatibi va “Haqqulobod” jome masjidi imom-xatibi lavozimiga Zikrullo domla Umurzoqov tayinlandi.
Shuningdek, Uychi tumanidagi “Xudoyberdi eshon” jome masjidi imom-xatibi Olimxon domla Isaqov, To‘raqo‘rg‘on tumanidagi “Isfahon” jome masjidi imom-xatibi Muhibullo domla Xudoyberdiyev va Yangiqo‘rg‘on tumanidagi “Beshbuloq” jome masjidi imom-xatibi Akmalxon domla Sappanovlarga tuman bosh imom-xatibi lavozimi yuklatildi.
Yig‘ilish yakunida Namangan viloyatida uzoq yillardan beri xizmat qilib kelayotgan, bugungi kunda nafaqa yoshiga yetgan bir guruh imom-xatib va imom-noiblarga vakillik tomonidan tashakkurnoma va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati