Necha yillar oldin bir sher bo‘lgan ekan. U qarib hayvonlarni tutib yeya olmaydigan darajada kuchdan qolibdi. Ochlikdan qiynalib, oxiri bir hiyla o‘ylabdi. Hayvonlar shohi sher kasal bo‘ldi, deb jonivorlarga e’lon qilib, o‘zi bir g‘or ichiga borib yotibdi. Hayvonlar navbat bilan uni ko‘rgani kela boshlashibdi. Sher esa g‘orga kirgan hayvonlarni tutib yeya boshlabdi. Bu voqea tezda o‘rmonga tarqalibdi. Hayvonlar nima qilishni bilmay qolishibdi. Sherning ziyoratiga boray, deyishsa, borganlardan birortasining qaytganini ko‘rishmabdi, bormay, desa, sher tuzalib qaytsa, uning g‘azabidan qo‘rqishibdi. Shunda tulki: "Men borib gap nimada ekanini bilib kelaman", debdi va g‘orga qarab ketibdi. G‘or og‘ziga borib ichkariga mo‘ralabdi, qarasa, sherning qariganidan yurishga ham kuchi qolmabdi. Uni ko‘rgan sher: "Kel, ey tulki, oldimga kir, men bilan biroz suhbat qil", debdi. Tulki esa: "Shohim, jon deb kirardimu, lekin oyog‘im ostiga qarasam, hayvonlarning g‘orga kirgan izlarini ko‘ryapman, qaytib chiqqan izlarini esa ko‘rmayapman, shuning uchun meni ma’zur tutasiz", deb orqasiga burilib ketib qolibdi. Kelib hayvonlarga ko‘rganlarini aytib, ularni tinchlantiribdi.
Ey inson, bilginki, tirikchilik sherni ham tulki qiladi. Lekin tirikchilik uchun o‘ylagan rejang atrofingdagilarga ziyon yetkazmasligi lozim. Aks holda, sen ham sherning kuniga tushib qolishing mumkin.
Akbarshoh Rasulov
Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom institutiga yangi qabul qilingan 1-kurs talabalari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari ustoz Zayniddin domla hamrohligida idora faoliyati bilan yaqindan tanishdilar.
Tanishuv davomida talabalarga O‘zbekiston musulmonlari idorasining tarixi, tuzilmasi, asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi. Shuningdek, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, ta’lim va ma’rifat yo‘nalishidagi loyihalar xususida so‘z yuritildi.
Talabalar idora faoliyatiga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob olib, kelgusidagi ta’lim va kasbiy faoliyatlari uchun muhim ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati