Sayt test holatida ishlamoqda!
08 Yanvar, 2026   |   19 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:24
Quyosh
07:49
Peshin
12:35
Asr
15:30
Shom
17:15
Xufton
18:33
Bismillah
08 Yanvar, 2026, 19 Rajab, 1447

Yo hayot, yo mamot masalasi

15.02.2017   9855   4 min.
Yo hayot, yo mamot masalasi

Abdulla Avloniy: “Tarbiya bizlar uchun yo hayot – yo mamot, yo najot – yo halokat, yo saodat – yo falokat masalasidur”, degan edi. Darhaqiqat, oilada farzand tug‘ilishi bilan uning ota-onasi va yaqinlari, avvalo, uni tarbiya qilish haqida qayg‘uradilar. Ismni ham yaxshi inson bo‘lsin, degan pok niyatlar bilan eng chiroylisini tanlaydilar. Olam-olam orzular, chaqaloqni hech narsadan kam qilmay ulg‘aytirish kerak degan maqsadlar bilan ota-ona farzandi uchun yashay boshlaydi. Biroq asosiy mohiyatni ba’zan unutib qo‘yadi. Tarbiya...

“Garchi har bir inson beshikdan to qabrgacha ilm olish qobiliyatiga ega bo‘lsa‑da, lekin uni bolalikdan tarbiyalash ta’sirliroq va juda muhimdir”, degan ekan Fitrat. Har bir ota-ona ana shu fikrni hamisha yodda tutmog‘i lozimdir. Binobarin, murg‘ak bolalar ongiga atrofdagilarning har bir so‘zi, qilayotgan ishlari saqlanib, kelajakda mustaqil bo‘lganida ana shu xotiralari bilan ish yuritadi. Demak, farzand tarbiyasi uchun avvalo oila a’zolarining o‘zi ham bevosita o‘rnak bo‘lishi kerak.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam) bunday marhamat qilganlar: “Bolalaringizga odob beringlar va odoblarini chiroyli qilinglar”.  Haqiqatdan ham, farzandlarning go‘zal odob bilan bezanganligi Yaratgan nazdida muhim fazilatdir. Ushbu hadisni idrok etgan holda, har bir ota-ota o‘z dilbandining xulq-atvori, ma’naviyatiga chuqur e’tibor qaratishi, tarbiyasini doimo nazorat qilib borishi maqsadga muvofiqdir.

Yana bir muhim jihat – bolalarni bekor qolishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak. Chunki bekorchilik har qanday yot fikrlarga yo‘l ochib berishi shubhasizdir. Bu borada hadisi shariflardan birida Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Avlodlaringizga suzishni, otishni va ot minishni ta’lim beringlar”, deganlar. Xuddi shunday, mazkur hadis bugun uchun ham ahamiyatlidir. Binobarin, bugungi kunda ham sog‘liqni saqlash, xastaliklarga chalinmaslik uchun badantarbiya qilish, sport bilan shug‘ullanish muhim hisoblanadi. Shu sababdan ham yosh avlod vakillari turli sport to‘garaklari, jismoniy mashg‘ulotlar va musobaqalarga jalb etilmoqda. Har tomonlama barkamol, yetuk yoshlarimiz jahon minbarlarida yuqori o‘rinlarni egallamoqdalar. Demak, yoshlarni sport to‘garaklari bilan band etish bir tarafdan uning vaqtini foydali mashg‘ulotlarga jalb etadi, ikkinchidan esa uning sog‘lom va fikri teran bo‘lishi uchun xizmat qiladi.

Buyuk bobokalonimiz Alisher Navoiy esa tarbiyaning samarasi haqida qimmatli misrasini bitgan:

Qatraga chun tarbiyat etdi sadaf,

El boshiga chiqquncha topdi sharaf.

O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti bunday degan: “Odobli, bilimdon va aqlli, mehnatsevar, imon-e’tiqodli farzand nafaqat ota-onaning, balki butun jamiyatning eng katta boyligidir”. Chindan ham, bugun farzandlarning baxtu saodati, yorug‘ kelajagi uchun  yurtimizda ko‘plab islohotlar amalga oshirilmoqda. O‘g‘il-qizlarning barkamol inson bo‘lib voyaga yetishi, yuksak iste’dod sohibi bo‘lishi ota-ona hamda Vatani oldidagi farzandlik burchidir.

Ming afsuski, bugungi kunda ko‘plab buzg‘unchiliklar va razilliklarga sabab bo‘layotgan kimsalar uchrab turibdi. Ularning asosiy e’tiborlari yoshlar ongiga qaratilgani achinarlidir. Oilada yetarli tarbiya va mehr olmagan aksariyat yoshlarning buzg‘unchi oqimlarga kirib qolayotgani ham ayni haqiqatdir. Ushbu hodisalarni ko‘rib, bilib turgan har bir ongli inson farzandlarini bu xurujlardan himoya qilish maqsadida avvalo tarbiya ishlarini olib borishi, ayniqsa, bolaligidanoq nima halolu nima harom, Islom dinining musaffo e’tiqodlari haqida tushunchalar berishi zamon talabidir. Binobarin, ertangi kunning egalari kelajak taraqqiyotini belgilaydi.

Xoja Samandar Termiziy aytganidek:

Tarbiyadan tuproq gavhar bo‘ladi.

Nof ichra qon mushki asg‘ar bo‘ladi.

Qiymatsiz qora bir temirni iksir,

Tarbiya aylagach sof zar bo‘ladi!

Dilshod SOLIHOV,

“Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom

bilim yurti 4-kurs talabasi

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Girdobdan chiqish imkoni bormi?

07.01.2026   4255   3 min.
Girdobdan chiqish imkoni bormi?

Dunyo shiddat bilan o‘zgarib, axborot oqimi misli ko‘rilmagan darajada tezlashgan asrda inson ongi eng katta kurash maydoniga aylandi. Bu maydonda esa eng xavfli qurol mutaassiblik va radikallashuvdir. Ko‘pincha "haqiqatni izlash" niqobi ostida boshlangan yo‘l, afsuski, ko‘plab insonlarni jamiyatdan uzilishga, oilasidan kechishga va oxir-oqibat fojiaga olib kelmoqda.

Biroq eng muhim savol ochiq qolmoqda: Xato qilgan, adashgan va mutaassiblik ko‘chasiga kirib qolgan inson uchun ortga yo‘l bormi?

Hech kim bir kunda radikal bo‘lib qolmaydi. Bu jarayon odatda bilimsizlikdan boshlanadi. Diniy yoki dunyoviy bilimlarning yuzakiligi insonni manipulyatsiya quroliga aylantiradi. Vaholanki, islom dini birinchi navbatda insonni fikrlashga va ilm olishga chaqiradi. Qur’oni karimda shunday marhamat qilinadi:

«Ayting: «Biladiganlar bilan bilmaydiganlar teng bo‘lurmi?!» (Zumar surasi, 9-oyat)

Bu oyat insonni ko‘r-ko‘rona kimgadir ergashishdan emas, balki aql va ilm bilan fikr yuritishga undaydi. Mutaassib inson esa izlanishdan to‘xtagan va faqat muayyan bir guruhning fikrini mutlaq haqiqat deb biladigan kishidir.

Mutaassiblikning eng katta xavfi dunyoni faqat "qora" va "oq"qa ajratishdir. Unda bag‘rikenglik yoki boshqacha fikrlashga joy yo‘q. Inson bu girdobga tushganda, atrofidagi hammani, hatto ota-onasini ham "osiy" sifatida ko‘ra boshlaydi.

Ammo tarix va bugungi kun tajribasi shuni ko‘rsatadiki, ortga qaytish nafaqat imkon bor, balki zarur hamdir.

Adashgan insonning ortga qaytishiga ko‘pincha qo‘rquv va jamiyatning nafrati xalaqit beradi. Bu yerda eng katta mas’uliyat yaqinlari va jamiyat zimmasiga tushadi. Adashgan insonni jarlikka itarib yuborish emas, balki unga qo‘l uzatish lozim. Zero, Payg‘ambarimiz alayhissalom marhamat qilganlaridek:

«Alloh taolo muloyimdir va muloyimlikni yaxshi ko‘radi. U Zot muloyimlik uchun qattiqqo‘llikka bermagan ajr-mukofotni beradi». (Imom Muslim rivoyati)

Tavba va qaytish yo‘lidagi ilk qadamlar:

  • Muloqotni uzmang: Nafrat bilan emas, mehr bilan yondashing.
  • Tanqidiy fikrlashni uyg‘oting: Savol berishga va voqelikka xolis baho berishga o‘rgating.
  • Ilmga yo‘naltiring: Faqat bitta manba emas, balki sof diniy va ilmiy manbalardan foydalanishga undang.

To‘g‘ri yo‘lga qaytish imkoni har doim bor. Inson xato qilishi mumkin, lekin xatoda oyoq tirab turish — haqiqiy mag‘lubiyatdir. Mutaassiblikdan qaytish — bu faqat fikrni o‘zgartirish emas, bu — hayotga, oilaga va kelajakka qaytishdir.

Shermuhammad Boltayev,

Xorazm viloyati Shayx Qosim bobo

masjidi imom-xatibi

MAQOLA