Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Rizo – Allohning qazosiga muvofiq kechayotgan barcha hodisalarga nisbatan ko‘ngilning mamnun va xursandchilik kayfiyatidir. Aynan shuning uchun ham Allohning barcha hukmlariga rozi bo‘lgan banda ulug‘ mukofotlarga sazovor bo‘ladi.
“Qiyomat kuni Allohning jarchisi uning nomidan baland ovozda:
– Mening hammadan-da musaffo bandalarim qayerdalar? – deb nido qilganida farishtalar:
– Sening o‘sha hammadan-da musaffo bandalaring kimlardir? – deb so‘raydilar.
Shunda Alloh taolo:
– Ular men berganga qanoat aylab, qazoimdan rozi bo‘lganlar, – deb javob beradi”.
Yana hazrati Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan bunday rivoyat qilingan ekan: “Alloh taolo Muso alayhissalomga murojaat qildi: “Mening oldimda menga yaqinlashishliging uchun qazoimga rozi bo‘lishligingdan ko‘ra sevimliroq yo‘l yo‘q” (Ibn Abbosdan rivoyat qilingan, Mujohid rivoyati).
Imom Abul Hasan Shozaliy quddisa sirruhu vasiyat qiladilar: “O‘zingning xohishu irodangdan kechib, Allohning xohishu irodasi tomon qochgil. Agar kimdir o‘zining ixtiyoricha nimanidir xohlasa, hali uni oladimi yo yo‘qmi, bu noma’lum... Agar o‘sha xohlagan narsasini olganida ham olgani unda qoladimi-yo‘qmi, buni bilmaydi. Agar bordiyu o‘sha narsa unda umrining oxirigacha qolganida ham bunda uning uchun xayr bormi yo yo‘qmi, anglash qiyin. Modomiki, shunday ekan, bilgilki, yaxshilik faqat Allohning sen uchun iroda va ixtiyor etgan taqdiridagina mavjuddir, xolos!”.
Kunlardan birida hazrati Husayn ibn Ali roziyallohu anhuning huzurlarida sahoba Abu Zarr al-G‘iforiy roziyallohu anhuning “Men uchun boy yurganimdan ko‘ra kambag‘alligim, sog‘ligimdan ko‘ra dardmandligim yaxshiroqdir” degan so‘zlarini eslab bunday dedilar:
– Alloh Abu Zarrni rahmatiga olgan bo‘lsin, bu gap ularning o‘zlariga xosdir, ammo men bu haqda bunday deyman: “Kimda-kim Alloh ixtiyor etgan narsani eng yaxshi ixtiyor deb bilguvchi bo‘lsa, Uning ixtiyorining oldida o‘zga hech bir narsani ixtiyor etmaydi” (Ibn Asokir rivoyati).
Ulug‘ sahobiy Umar ibn Xattob roziyallohu anhu Abu Muso al-Ash’ariy roziyallohu anhuga bunday ma’noda maktub yo‘llaganlar: “Barcha yaxshilik Allohning qazosiga rozi bo‘lishlikda jamlangandir. Agar shunday qilolsang, qanday ham yaxshi, yo‘qsa, sabrli bo‘lgin!”.
“Axloqus solihiyn” (Yaxshilar axloqi) kitobidan
Yo‘ldosh Eshbek, Davron Nurmuhammad
tarjimasi.