Yuz bergan kuchli to‘fondan bir boy kishining barcha mol-dunyosi suvga g‘arq bo‘libdi. Butun boyligi birpasda yo‘q bo‘lganiga chidamagan boy ko‘chalarda faryodu-fig‘on chekib yig‘lab ketayotsa, qarshisidan bir odam chiqib qolibdi:
- Kap-katta odamga yig‘lash nimasi? - deya savol beribdi ajablanib.
- Men yig‘lamay kim yig‘lasin? - debdi u. - Bir zumda hamma mol-mulkimdan ayrilib, faqir-qashshoq bo‘lib qoldim-ku!..
- Ko‘p g‘am chekma, - deya ovutishga tushibdi yo‘lovchi kishi. - Umr yo‘ldoshing bormi?
- Bor, - debdi boy biroz hayron bo‘lib.
- Uning aqlu-hushi, farosati bormi? Boy bir zum o‘ylanib qolibdi va:
- Ha, bu jihatdan baxtiyorman! Farosatli, soliha, har doim kayfiyatimga qarab yashaydigan jufti halolim bor, - debdi boy.
- U holda nega yig‘laysan, ey g‘ofil banda?! Bu dunyoda mato uchun ham ko‘z-yosh to‘kadimi, odam? Saboq uchun bir gap aytay senga, men shunday bir xotinga uylanganmanki, erning qadr-qimmatiga yetmaydi. Sen falokatning nimaligini bilmas ekansan. Agar sen ham aqli kalta, tili uzun, jag‘i tinmas bir xotinga uylangan bo‘lganingda, o‘shanda bilarding haqiqiy falokat nimaligini! Do‘konlaring suvga g‘arq bo‘lgan bo‘lsa, sen sog‘ ekansan-ku, hammasini topasan. Faqat yoningda ko‘nglingdagidek ayoling senga madadkor bo‘lsa, ma’naviy quvvat berib tursa tezda o‘zingni o‘nglab olasan, - debdi, yo‘lovchi.
Xalqimizda "Yaxshi xotin yarim davlat" degan gap bejiz aytilmagan. Darhaqiqat, soliha, oqila ayol faqat jufti halolining emas, butun jamiyatning gultoji hisoblanadi. Chunki, tarbiyasi go‘zal ayol avvalo, ota-onalarini e’zozlaydi, turmush o‘rtog‘ini ardoqlaydi, asosiysi, farzandlariga chiroyli tarbiya berib, jamiyatga komil insonlarni voyaga yetkazib beradi.
TII talabasi
Tojiddinov Abdussomad
Toshkent islom institutida taniqli ulamo, Oliy ma’hadning birinchi rektori Shayx Yusufxon to‘ra Shokirov tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Shayx hazratning farzandi — Muhammadakmalxon domla Shokirov ishtirok etib, padari buzrukvorining ibratli hayoti va faoliyati haqida so‘zlab berdi. Davra suhbati davomida Oliy ma’hadning tashkil etish jarayoni, ilk rektor sifatidagi fidokorona xizmatlari, pedagogik mahorati va yuksak insoniy fazilatlariga oid nodir faktlar tilga olindi.

Institut jamoasi hamda «Xadichai Kubro» ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi ustozlari qatnashgan uchrashuvda Shayx Yusufxon to‘ra Shokirovning nafaqat din xodimi, balki mehribon oila boshlig‘i va ilm-fan rivojiga hissa qo‘shgan buyuk sulola vakili sifatidagi siymosi gavdalantirildi. Tadbir yakunida mazmunli suhbat uchun Muhammadakmalxon domlaga institut rektori tomonidan tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari taqdim etildi.


Shayx Yusufxon to‘ra hayotiga bag‘ishlangan turkum tadbirlar davom etmoqda:
Yubiley doirasida talabalar uchun quyidagi mavzularda suhbatlar tashkil etilmoqda:
Uyg‘un domla G‘afurov (TII rektori): «O‘zbekiston musulmonlari idorasi Xalqaro aloqalar bo‘limining tashkil etilishi va undagi Shayx Yusufxon to‘raning faoliyati»;
Shayx Abdulaziz Mansur (Faxriylar kengashi raisi): «Shayx Yusufxon to‘raning pedagogik va shaxsiy fazilatlari»;
Foziljon domla Ubaydullayev (Mirza Yusuf masjidi imom-xatibi): «Shayx Yusufxon to‘raning Diniy idora masjidlar bo‘limidagi faoliyati».

Bu kabi xotira tadbirlari ajdodlar va avlodlar o‘rtasidagi ma’naviy rishtani bog‘lashga, talaba-yoshlar qalbida ulug‘ ustozlarga nisbatan ehtirom va ilmga muhabbat uyg‘otishga xizmat qiladi.
Yoqubjon Buxarboyev,
TII prorektori