Tarixda bir boy savdogar bo‘lgan ekan. Uning boyligi yetti pushtiga yetar ekan. Shunga qaramasdan u o‘g‘liga gilam to‘qish hunarini o‘rgatibdi. Bir kuni bola do‘stlari bilan sayrga chiqibdi. Pul undirish ilinjida poylab yurgan qaroqchilar uni o‘g‘irlab, olib qochishibdi. Shahar chetidagi bir xaroba uyga olib borib qamab qo‘yishibdi. Otasiga xat yuborib o‘g‘lining evaziga katta pul so‘rashibdi. Lekin savdogar pulni berishga shoshilmabdi. Qaroqchilarning toqati toq bo‘lib, bolani o‘ldirmoqchi bo‘lishganda bola ularga shunday debdi: "Meni o‘ldirsangiz, hech narsasiz qolasiz. Agar aytganlarimni qilsangiz, mendan foyda ko‘rishingiz mumkin. Menga gilam to‘qish uchun ip va dastgoh olib kelinglar. Men gilam to‘qiyman, siz uni bozorga olib chiqib sotasiz va yaxshigina pul ishlab olasiz".
Qaroqchilar tez orada birinchi gilamni bozorga olib chiqishibdi. Bozor aylanib yurgan savdogar o‘g‘lining to‘qigan gilamini tanibdi va bir kishi orqali katta pulga sotib olibdi. Uyga kelib gilamni diqqat bilan tekshiribdi. O‘g‘li gilamdagi naqshlar orasiga o‘zi turgan joyning xaritasini ustalik bilan joylashtirgan ekan. Savdogar do‘stlarini olib o‘sha joyga boribdi va o‘g‘lini tutqunlikdan xalos etibdi.
Hunar boyga ham, kambag‘alga ham birdek kerak ekan. Agar boy bo‘lsangiz, ertayu kech boyligingizni saqlaysiz. Agar hunarmand bo‘lsangiz, hunaringiz sizni asraydi.
Akbarshoh RASULOV
«Vaqf» xayriya jamoat fondi Farg‘ona viloyati filialining fidoyi xodimlari va volontyorlari tomonidan saxovatpesha xalqimiz tomonidan qilingan xayr-ehsonlar ezgu maqsadlar yo‘lida sarflanmoqda.
Navbatdagi xayriya tadbiri doirasida Uchko‘prik tumanida yashovchi, jigar sirrozi kasalligiga chalingan og‘ir bemor Kazakov Ilyosjon Yoqubovichning holidan xabar olinib, unga jarrohlik amaliyoti xarajatlari uchun 132 million 500 ming so‘m miqdorida xayriya mablag‘i, oziq-ovqat mahsulotlari jamlanmasi, Mus'haf va boshqa ehsonlar topshirildi.
Bugun bemorlar va ehtiyojmand insonlarga ko‘rsatilayotgan bunday ko‘mak — xalqimizning mehr-oqibati, saxovati va hamjihatligining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati