JЕNSHЕN (Ranax ginseng) — araliyadoshlarga (Araliceae) mansub ko‘p yillik o‘t. Sharqiy Osiyo, Xitoy va Koreyada tabiiy holda o‘suvchi qadimgi o‘simlik. Juda qadimdan dorivor o‘simlik sifatida ma’lum (ildizidan olingan dori-darmonlar organizmning quvvatini oshiradi). Bo‘yi 30—50 sm, barglari panjasimon qirqma, gullari mayda, ko‘kish, soyabonsimon to‘pgulga yig‘ilgan. Mevasi yumshoq. Etli ildizi silindrsimon, xushbo‘y, ta’mi achchiqroq. Ildizining yuqori qismi yo‘g‘onroq, pastki qismi shoxlangan, qisman odam gavdasini eslatadi. Shu bois unga «jenshen», ya’ni xitoycha «odam-ildiz» deb nom berilgan. Ildizining og‘irligi 20—25 g keladi. Jenshenning tabiiy zahiralari juda ham kamayib ketgan. Shuning uchun ko‘p joylarda ekib o‘stira boshlandi. O‘zbekistonda botanika bog‘ida o‘stiriladi.
Uni yovvoyi holda Xabarovskda, Koreyada, Manchjuriyada va Xitoyda uchratish mumkin. Ko‘pincha jenshen kedr daraxtlari o‘sadigan soya-salqin va sersuv o‘rmonlarda o‘sadi. Jenshen turli tabiiy o‘g‘itlarga boy, yumshoq, uvada tuproqli yerlarni xush ko‘radi. Quyosh nurlari tik tushadigan yerda o‘smaydi, xuddi shuning uchun ham u atrofi daraxtlar bilan o‘ralgan o‘rmonzorlarda o‘sadi. (“O‘zME”dan)
Jenshenning foydali xossalari
Tarkibida mavjud bo‘lgan bir qancha foydali kimyoviy moddalar sababidan jenshen qadimdan xalq tabobatida turli kasalliklarni davolashda keng qo‘llangan. O‘simlik ildizida alkaloidlar, turli shiralar, S vitamini, oltingugurt va fosfor, xushbo‘y moddalar, shuningdek, mikro- va makroelementlar bor.
O‘simlik inson organizmiga tinchlantiruvchi va og‘riq qoldiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Jenshen kishida ishchanlik qobiliyatini kuchaytiradi, o‘t moddasini organizmdan chiqarib yuboradi, o‘pkada gaz almashinuvini yaxshilaydi. Jenshenning shifobaxsh ta’siri natijasida kishida arterial qon bosimi me’yoriga keladi, endokrin tizimi ish faoliyati kuchayadi, qon tarkibida qand moddasi miqdori pasayadi.
Jenshen asabiylashish, siqilish va tashvishlanish holatlarida tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. O‘simlikni aqliy va jismoniy zo‘riqishlarda iste’mol qilinadi.
Jenshen qon shakllanishini va xotirani yaxshilaydi, modda almashinuvi va yurak-qon tomirlari tizimi faoliyatini me’yoriga keltiradi. Jenshen – ko‘rish qobiliyatini yaxshilovchi, jarohatlar bitishiga yordam beruvchi, og‘riqni qoldiruvchi, asab tizimini tinchlantiruvchi o‘simlik.
Jenshen organizmning erta qartayishiga yo‘l bermaydi, bunda organizmga boshqa salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi. Bu o‘simlik immunitetni kuchaytiradi, tanadagi ortiqcha yog‘larning erishiga yordam qiladi. Xalq tabobatida jenshen damlama, qaynatma, malham, choy sifatida va quruqligin yanchib iste’mol qilinadi.
Tomirlardagi og‘riqni qoldirish va shamollashni davolashda jenshen. Tog‘ asalidan 1 kg olinadi va unga 50 g jenshen ildizi maydalangan bo‘laklari solinadi. Mazkur asal solingan idish qorong‘i joyda bir necha hafta saqlanadi. Tindirilgach, asaldagi jenshen ildizi qoldiqlari butkul olib tashlanadi. Bu tabiiy doridan kuniga bir choy qoshiq ichib, kishi tomirlaridagi va boshdagi og‘riqlardan xalos bo‘ladi, charchoq bilmaydi, tetik bo‘ladi, shamollashdan ham forig‘ bo‘ladi.
Yo‘tal va tumovda jyenshen. Bu dorini tayyorlash uchun bir bosh katta turp olinadi, uning bosh tomoni o‘yib olinib, chuqurcha hosil qilinadi va olov ustidagi manti qasqon bug‘xonasiga ikki soatga qo‘yiladi, uning yoniga - mantiqasqon bug‘xonasiga bitta jenshen ildizi qo‘yiladi. So‘ng ularni bug‘xonadan olinadi. Turpning o‘yilgan chuqurchasiga jenshen ildizi solinadi va unga teng asal qo‘shiladi. Turpning o‘yilgan chuqurchasi uning o‘zidan kesib olingan qopqog‘i bilan berkitiladi, bir sutka davomida tindiriladi, turp ichida hosil bo‘lgan suyuqlikni bir choy qoshig‘idan kuniga uch mahal ichiladi. Bir necha kunlik bunday muolaja natijasida yo‘taldan ham, tumovdan ham forig‘ bo‘linadi.
Jenshenli choy inson salomatligiga ajoyib ta’sir ko‘rsatadi. Bunday choyni tayyorlash uchun quritib yanchilgan jenshen ildizi ustidan qaynab turgan suv quyiladi, ustini yopib, 20 minut tindiriladi, so‘ng dokadan o‘tkaziladi. Choyni sutkasiga uch mahal bir osh qoshig‘idan bir oy davomida ichiladi, so‘ng o‘ttiz kun tanaffus qilib, muolaja kursi takrorlanadi.
Bunday damlangan choy organizmni umumiy mustahkamlovchi, kuch-quvvat bag‘ishlovchi tinchlantiruvchi xususiyatlarga ega. O‘simlikning faol moddalari asab tizimi faoliyatini mustahkamlaydi, jismoniy va aqliy charchoqni pasaytiradi, yurak va qon tomirlari faoliyatini yaxshilaydi, ishtahani ochadi, arterial qon bosimini me’yoriga keltiradi, ishchanlik qobiliyatini oshiradi.
Jenshen bilan muolaja qilish bo‘yicha tavsiyalar
O‘simlik tarkibidagi barcha foydali moddalar majmuasi organizmni sog‘lomlashtiruvchi vosita sifatida ajoyib ta’sir ko‘rsatadi. Bunda o‘simlikning sog‘lomlashtiruvchi foydali xususiyatlari kasalliklardan forig‘ bo‘lishda yordam berishi bilan birgalikda, nafaqat muolaja uchun balki, turli xastaliklarning oldini olish uchun ham xizmat qiladi.
Xususan, uning barglari, tanasi, gullari va urug‘i shifobaxsh damlama tayyorlashda ishlatiladi.
Damlamani muntazam ichish qandli diabet, tropik yaralar, neyropsixik xastaliklarni davolab tuzatishda, shuningdek, doimiy charchoqdan forig‘ bo‘lishda, asabiylashish, siqilish va tashvishlanishdan so‘ng ruhiy yengillikni tiklashda yordam beradi.
Yaqinda olib borilgan tadqiqotlar bu o‘simlik barglarida polisaxaridlar mavjudligini aniqladi, bu moddalar turli o‘simtalarga barham beradi. Shunday qilib, bu o‘simlikdan rak kasalligining oldini olish va uni davolashda ham foydalanilmoqda.
Ortiqcha vaznli, to‘ladan kelgan kishilar uchun ham bu o‘simlikning foydasi katta, shu bilan bir qatorda u organizmni yoshartirish xususiyatiga ham ega. O‘ziga ozishni maqsad qilib qo‘ygan kishilar bu damlamani ichib yurishlari yaxshi natijalar beradi.
Xulosa qilib shuni aytish mumkin, jenshendan tayyorlangan turli dorilar quyidagi kasalliklarni davolashda qo‘llaniladi:
Bundan tashqari jenshenning turli bo‘laklaridan tayyorlangan damlama va eliksirlardan har xil ko‘rinishdagi kasalliklarning oldini olish, tana umumiy sog‘ligini tiklash, inson organizmidagi turli bezlar faoliyatini izga solishda foydalaniladi.
Jenshendan turli dorilar tayyorlanadi. Bu dori-darmonlarni dorixonalardan xarid qilib olish yoki shifokor tavsiyasiga asosan uy sharoitida tayyorlash mumkin.
Choy
Bu shifobaxsh ichimlikni jenshen quritilgan ildizining yanchilganidan tayyorlash mumkin. Uning ustidan 1:10 miqdorda qaynab turgan suv quyiladi va 10 minut tindiriladi. So‘ng damlama dokadan o‘tkazilib, ovqatlanishdan 20 minut oldin bir osh qoshiqdan kuniga 2-3 mahal ichiladi. Bunday shifobaxsh damlama kasalliklarning oldini olish maqsadida 1 oy davomida ichiladi, keyin kamida 30 kun tanaffus qilinadi.
Asal aralashmali jenshen ma’juni
Agar asal aralashtirilsa, shirin va foydali shifobaxsh vosita hosil bo‘ladi. Buning uchun quritib yanchilgan jenshen ildizi olinadi. Unga 30 baravar miqdorda ko‘p asal qo‘shiladi (1:30 nisbatda bo‘ladi). Uni iste’mol qilishdan oldin uy haroratida 10 kun davomida dimlab tindiriladi. Asalning o‘zi ko‘pgina shifobaxsh xossalarga ega, shuning uchun bu ma’jun butun organizm uchun nihoyatda foydalidir. Uni 2 oy mobaynida ovqatlanishdan 20 minut oldin kuniga 3 mahal 1 choy qoshig‘idan iste’mol qilinadi.
Davolanish maqsadida jenshenni iste’mol qilish biron a’zodan qon oqishi, homiladorlik, surunkali va yuqumli kasalliklarda va turli shamollashlarda mumkin emas. Jenshen iste’mol qilishning yomon oqibatlari yo‘q, lekin u kuchli ta’sir qiluvchi vosita bo‘lgani sababli, qattiq bosh og‘rig‘i keltirib chiqarishi, qon bosimi bor kishilarda (juda sezilarli) salomatlikning yomonlashuviga sabab bo‘lishi mumkin, 45 yoshga yetmagan kishilarga uni iste’mol qilish mumkin emas. Ba’zi kishilarda uni muolaja sifatida iste’mol qilinganda ko‘ngil aynish, qayt qilish, qon bosimi ko‘tarilishi yuz berishi mumkin. Shu belgilardan birontasi kuzatilsa, darhol shifokorga murojaat qilish lozim. Kunning ikkinchi yarmida jenshen iste’mol qilish tavsiya etilmaydi.
12 yoshga to‘lmagan bolalarni jenshen bilan davolash mumkin emas.
Jenshen bilan davolanayotib, mast qiluvchi ichimliklar ichish qat’iyan man etiladi.
Jaloliddin Nuriddinov tayyorladi
26 yanvar 2017 yil
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Nabiy sollallohu alayhi vasallam Madina bozorida bir a’robiydan ot sotib oldilar. Yonlarida pul yo‘q edi. Savdolashib bo‘lgach, pulni olib kelish uchun shoshib uylariga ketdilar. A’robiyga ortlaridan borishni tayinladilar. A’robiy sekin yurdi. Savdo pishganidan xabari yo‘q kishilar a’robiydan otning narxini so‘ray boshlashdi. Ulardan biri a’robiyga Nabiy alayhissalom bermoqchi bo‘lgan puldan ortiqroq pul taklif qildi. Shunda a’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan yangi narx bersalar sotishini, aks holda, boshqa kishiga berishini aytdi. Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
- Men sendan otni sotib olgan edim-ku! – dedilar.
A’robiy aytdi:
- Allohga qasamki, men uni sizga sotganim yo‘q! Nabiy sollallohu alayhi vasallam:
- Men sendan uni sotib oldim! - dedilar yana. Atrofga odam to‘plandi. A’robiy Nabiy sollallohu alayhi vasallamga dedi:
- Meni otni sizga sotganimga guvohingiz bormi? Shunda Huzayma ibn Sobit roziyalloxu anhu o‘rtaga otilib chiqdi va:
- Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam otni sendan sotib olganlariga guvohman! dedi. Aslida, Huzayma savdoga guvoh bo‘lmagan edi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ham undan ajablanib so‘radilar:
- Nima bilan guvohlik berasan?
Huzayma dedi:
- Ey Allohning Rasuli! Sizni tasdiqlaganim bilan guvohlik beraman. Samodan xabar keltirganingizni tasdiqlab, yerdagi xabaringizni yolg‘onga chiqaramanmi?!
Nabiy sollallohu alayhi vasallam shunda o‘sha mashhur gapini aytdilar:
Huzaymaning guvohligi ikki kishining guvohligiga tengdir!
Abu Bakr roziyallohu anhuning davrida Qur’on jamlandi. Zayd ibn Sobit roziyallohu anhu har bir oyatni kim Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning og‘izlaridan eshitganiga ikkita guvoh keltirsagina yozib olar edi. Ahzob surasiga yetganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitgan, ammo unutgan bir oyatni bilib qoldi. Bu oyatni Huzayma kelib unga eslatdi. U oyat Quyidagi oyat edi:
«Mo‘minlardan Allohga bergan va’dalariga sodiq qolgan kishilar bordir. Bas, ulardan ba’zilari ajalini topdi. Ba’zilari esa kutib turibdi. Ular biror narsani almashtirmadilar» (Ahzob surasi, 23-oyat).
Zayd roziyallohu anhu: «Huzaymaning guvohligi Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytganlaridek, ikki kishining guvohligiga o‘tadi», dedi va bu oyatni Mus'hafga kiritib qo‘ydi. Biz bu oyatni qiyomat kunigacha tilovat qilamiz!
Alloh taolo haqlarni himoya qilish uchun shartnomalarni yozib qo‘yishni amr qiladi. Xaridorning haqqini, sotuvchining haqqini, qarz beruvchining haqqini, qarz oluvchining haqqini, ishchining haqqini, ish beruvchining haqqini... Ammo shuni bilishimiz kerakki, gapiga javob bermaydigan kishini hech qanaqasiga eplab bo‘lmaydi. Insonlar dunyo epchilniki deb o‘ylashadi. Yuqoridagi ko‘proq beradigan kishini topgan va savdosini buzgan a’robiy kabi mol jamlash uni qanday yo‘l bilan topishingizdan qat’i nazar daholikni talab qiladi deb xayol qilishadi. Insonlar harom u yoqda tursin, hatto halolning ham kuni kelib ketishini unutishadi. Qolaversa, baraka degan narsa bor. Alloh taolo yolg‘on qasam bilan, xiyonat bilan, va’daga xilof qilish bilan topilgan moldan barakani tortib oladi. Qolaversa, bundan keyin o‘lim, oxirat va hisob-kitob degan narsalar ham bor. Unutmaylik!
«Nabaviy tarbiya» kitobi asosida tayyorlandi