Sayt test holatida ishlamoqda!
28 Dekabr, 2025   |   8 Rajab, 1447

Toshkent shahri
Tong
06:23
Quyosh
07:48
Peshin
12:30
Asr
15:20
Shom
17:05
Xufton
18:24
Bismillah
28 Dekabr, 2025, 8 Rajab, 1447

Juma kunining 6 siri

24.01.2017   26104   3 min.
Juma kunining 6 siri

Juma – har bir daqiqasi Allohning marhamatiga to‘la bo‘lgan kundir. Ba’zan biz bu kunni boshqa kunlar singari oddiygina o‘tkazamiz, e’tiborsizlik qilib qanchadan-qancha savoblardan bebahra qolayotganimizni anglamaymiz. Binobarin, juma kuni:

  1. Duolar ijobat bo‘ladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi: “Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) juma kuni duolarning ijobat bo‘lishi haqida: “Bu kunda shunday fursat borki, musulmon banda namoz o‘qish uchun shu vaqtga duch keladi va Allohdan nimani so‘rasa, istaganini shubhasiz beradi”, dedilar (Buxoriy, Muslim). 

  1. Salavotlar Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam)ga ko‘rsatiladi.

 Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Sizlar uchun eng xayrli kun – juma kunidir. Shunday ekan bu kuni menga ko‘p salavotlar aytinglar, chunki bu kungi salavotlar menga ko‘rsatiladi”, deb aytganlar (Abu Dovud).   

  1. Qadamlar ostidan nurlar chiqadi.

  Ibn Umar (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim «Kahf» surasini juma kuni o‘qisa, qiyomat kuni uning qadami ostidan nur chiqib, osmonu falakni yoritadi va uning ikki juma orasidagi xatolari kechiriladi”, deganlar.

  1. Masjid sari tashlangan har bir qadam nafl ro‘za va ibodat qilganga tengalshtiriladi.

Avs ibn Avs (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kimki juma kuni g‘usl qilib,  masjidga yayov borsa, juma xutbasini chalg‘imasdan eshitsa va namoz o‘qisa, masjidga sari bosib o‘tgan har bir qadami uchun bir yillik (nafl) ro‘za va (nafl) tungi namozning ajri beriladi”, dedilar. 

  1. Gunohlar mag‘firat etiladi.

Payg‘ambarimiz (sollallohu alayhi va sallam): “Kimki g‘usl qilib, pokiza kiyim kiysa va mushk bilan  xushbo‘ylansa, masjidga shoshmasdan borsa va imom ma’ruzasini bo‘lmasdan eshitsa va namoz o‘qisa u kishi uyga o‘tgan jumadan beri qilgan gunohlaridan forig‘ bo‘lgan holda qaytadi”, dedilar.

Boshqa bir hadisda esa, “Kimki juma namozidan so‘ng, oyog‘ini almashtirmasdan turib quyidagi suralarni 7 martadan o‘qisa: Fotiha, Ixlos, Falaq va Nos suralarini, Alloh subhanahu va Taolo uning avvalgi va oxirgi gunohlarini kechiradi va uni mukofotlaydi, deganlar.

  1. Masjidga barvaqt borgan tuya qurbonlik qilgan ajriga noil bo‘ladi.

Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilinadi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Kim juma kuni g‘usl qilib, masjidga erta borsa, bitta tuya so‘ygandek bo‘ladi. Kim ikkinchi vaqtda borsa, xuddi bitta sigir so‘ygandek, kim uchinchi vaqtda borsa, xuddi bitta shoxdor qo‘chqor so‘ygandek, kim to‘rtinchi vaqtda borsa, xuddi bitta tovuq so‘ygandek, kim beshinchi vaqtda borsa, xuddi bir tuxum atagandek bo‘ladi. Imom (minbarga) chiqqanda esa farishtalar xutbani eshitishga hozir bo‘ladilar”, dedilar (Abu Dovud, Ibn Moja).

Ushbu hadislar juma kunining fazilati va savobi haqida bir eslatmadir. Barchamiz bu kunning ulug‘ fazilatlaridan to‘liq bahramand bo‘laylik.

M. Zufarova

tayyorladi

Boshqa maqolalar
Maqolalar

Ilmga tikilgan sarmoya va uning mevasi

27.12.2025   1032   3 min.
Ilmga tikilgan sarmoya va uning mevasi

Fazilatli shayx Muhammad Avvoma hafizahulloh aytadilar:
"Hindistonlik ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh haqida eshitgansizlar. Shayx Abdulhay Laknaviy rohimahulloh hind ulamolari orasida nihoyatda mashhur olim bo‘lgan. U zot rohimahulloh qirq yoshga yetmasdan, ya’ni o‘ttiz to‘qqiz yarim yoshda vafot etgan, qirqqa kirib ulgurmagan. Shunga qaramay, u juda ulkan ilmiy meros qoldirgan: uning yozgan asarlari 115 dan ortiq! Ularning ichida kichik risolalar ham, katta kitoblar ham bor. Ammo o‘sha kichik risolalarning o‘zi ham katta bir kitobning o‘rnini bosa oladigan darajada edi, chunki ularning har birida ma’lum bir ilmiy masala nihoyatda puxta va mukammal tarzda yoritib berilgan.

 Buning sababi quyidagicha: Bir kuni o‘sha paytdagi Laknav amiri shayxning ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, unga chuqur sho‘ng‘ib ketgani va aqlbovar qilmas iste’dodi haqida xabar topadi va uni o‘z huzuriga chaqirtiradi. Shayx amirning oldiga borgach, amir u zotga shunday deydi…
 Uning shayxga nima deganini aytishdan avval ushbu voqeani hikoya qilib bergan hind ulamosi menga aytgan yana bir gapni zikr qilib o‘tay: "Biz olti kishidan iborat oila edik: ota-onam va to‘rt nafar farzand - jami olti kishi. Oyiga to‘rt rupiy bizga kifoya qilar edi". Mazkur ulamo Shayx Abdulhay Laknaviy vafotidan o‘ttiz yil o‘tib tug‘ilgan. Ya’ni, o‘sha davrda to‘rt rupiy hozirgidan ancha katta xarid quvvatiga ega bo‘lib, avvallari bu pulga bugungi kundan ko‘ra ko‘proq narsa sotib olish mumkin edi. Shunga qaramay, bu kishi: "Bizning oilamizga oyiga to‘rt rupiy yetardi", deyapti...
  
Endi avvalgi gapimizga qaytsak: Shunday qilib Laknav amiri Shayx Abdulhayni huzuriga chaqirtirib, u zotga: "Men sizga o‘z hisobimdan oyiga to‘rt yuz rupiy maosh tayinlayman. Siz ilm bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zingizni ilmga bag‘ishlang!" deydi.

Shayx bu voqeadan keyin ilmga butkul berildi va ana shunday buyuk natijaga erishdi! Ey yoshlar, e’tibor bering, aytilgan raqamlarni mulohaza qiling! To‘rt yuz rupiy shayx uchun naqadar katta mablag‘ bo‘lgan. Nega? Ayni mana shu narsa uchun - men sizlarga aytmoqchi bo‘lgan narsa shu: Tolibi ilmni o‘z kafilligiga olish, ya’ni ilm talab qiluvchini moddiy jihatdan ta’minlash!

Bu uning ilmga bo‘lgan ta’siridir. Tarix bizga buni real voqelik misolida ko‘rsatib bermoqda. Shu bois ushbu ishni barcha musulmonlar orasida, jumladan, boy-zodagonlar va ulamolar o‘rtasida yana qayta tiriltirishimiz kerakki, ular o‘zaro hamkorlik asosida shar’iy ilmlar uchun vaqf qo‘llab-quvvatlovini qayta tiklasinlar".

Muhaddis Muhammad Avvoma suhbatlaridan

HIM talabasi
Nazirxonov Hasanxo‘ja tarjimasi

MAQOLA