Mamlakatimiz mo‘min-musulmonlari muborak haj va umra ibodatlarini ado etishlar uchun yildan-yilga qulay shart-sharoitlar tashkil etib kelinmoqda. So‘nggi yillarda ziyoratchilarga ko‘rsatiladigan tibbiyot, transport, mehmonxona xizmatlari va ibodat masalalaridagi yordamlar saviyasi sezilarli darajada oshganini alohida qayd etish kerak.
Yana bir xursandchilik, haj safariga borish istagini bildirayotganlar soni oshib borayotganini inobatga olib, 2017 yildan yurtimizdan haj ziyoratiga boruvchilar soni 7200 nafar qilib belgilandi (ilgari 5200 nafar edi). Bu xushxabar barcha yurtdoshlarimizga katta quvonch baxsh etdi.
Shu kunlarda Haj ishlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistonida xizmat safarida bo‘lib, bir qator vazirlik va idoralar bilan 2017 yilgi haj mavsumini namunali tashkil etish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazmoqda. Kuni kecha Saudiya Arabistoni Haj va umra ishlari vaziri Solih Bantin bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda o‘tgan Haj mavsumidagi yutuqlar va kelayotgan mavsumga tayyorgarlik, uni yanada yaxshi tashkil etishga doir fikrlar bildirildi. Mazkur uchrashuv yakunida ikki tomon o‘rtasida imzolangan shartnomaga ko‘ra, joriy yil Haj mavsumi uchun O‘zbekistonga 7200 ta kvota ajratilishiga erishildi.

Kunning ikkinchi yarmida Haj ishlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi rahbariyati bilan Jidda shahrida uchrashuv o‘tkazdi. Muzokaralarda haj va umra ziyoratlarini tashkil etish doirasidagi tashkiliy masalalar, jumladan, Madina va Jidda shaharlari xalqaro aeroportlari orqali ziyoratchilarni tashish, ko‘rsatiladigan xizmatlar muhokama etildi. Saudiya Arabistoni Fuqaro aviatsiyasi bosh boshqarmasi O‘zbekiston haj ishchi guruhi va “O‘zbekiston havo yo‘llari” milliy aviakompaniyasi ish faoliyatiga yuqori baho berdi.

Shundan so‘ng Haj ishlari bo‘yicha O‘zbekiston delegatsiyasi tashrif dasturi doirasida Saudiya Arabistoni Transport korxonalari bosh vakilligi mas’ullari bilan uchrashdi. Uchrashuvda bosh vakillik rahbari Foruq Buxoriy O‘zbekiston tomonidan haj va umra tadbirlarini yuqori darajada tashkil etib kelayotgani, o‘zbekistonlik hojilar zamonaviy transport vositalari bilan ta’minlangani, shartnomaviy kelishuvlar O‘zbekiston tomonidan to‘laqonli bajarilayotganini alohida ta’kidladi. Foruq Buxoriy so‘zining yakunida O‘zbekiston haj delegatsiyasi a’zolariga yuqori darajadagi tashkiliy ishlar uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
axborot xizmati
Avval xabar berganimizdek, ayni kunlarda Prezidentimiz tashabbusi bilan yurtimizning barcha hududlarida “Ramazon – mehr-muruvvat, ahillik va shukronalik oyi” degan ezgu g‘oya asosida keng ko‘lamli xayriya tadbirlari va iftorlik marosimlari o‘tkazilmoqda.
Ana shunday ezgu an’ana va xayriya tadbirlari Surxondaryo viloyatida ham keng quloch yozmoqda. Surxondaryo viloyati hokimi Ulug‘bek Qosimov va viloyat bosh imom-xatibi Rasuljon domla Abdullayev boshchiligida hududdagi imom-xatiblar mahallalardagi ehtiyojmand xonadonlarda bo‘lib, iftorlik dasturxonlari yozish va hadyalar ulashish orqali ularning qalbiga xursandchilik kiritmoqdalar.
Jumladan, Termiz shahridagi “Abdurahmon Jomiy” mahallasida yashovchi Sadatovlar xonadonida fayzli iftorlik uyushtirilib, oila a’zolarining holidan xabar olindi.
Shu kunning o‘zida viloyatdagi 15 ta tuman bosh imom-xatiblari ham o‘z hududlaridagi boquvchisini yo‘qotgan va muhtoj fuqarolar xonadonlarida bo‘ldilar. Umumiy hisobda imomlar tomonidan 390 ta oilaga kirilib, ularga jami 258 million so‘mlik oziq-ovqat jamlanmalari tuhfa qilindi.
Ramazon oyining tarovatini oshirishga xizmat qilgan bu kabi mehr-muruvvat va saxovat tadbirlari butun o‘lkamiz bo‘ylab davom etmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati