Huzayfa roziyallohu anhu(r.a)dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Chaqimchi jannatga kirmaydi”. (imom Buxoriy va Muslim rivoyati)
Abu Hurayra r.a. dan rivoyat qilinadi, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam aytdilar:
“Orangizdagi eng yomon kishi kimligini bilasizlarmi? Cahobalar Alloh va uning Rosuli bilguvchiroq deb javob berishdi. Ul zot: Sizlarning eng yomoningiz ikkiyuzlamachi kishidir. U bir jamoaga bir yuz bilan va boshqasiga boshqa bir yuz bilan boradi”. Muhaddis olimlar xadisda ikkiyuzlamachi deyilgan kishini quyidagicha ta’riflashadi:
Masalan ikkiyuzlamachi odam Umarning oldiga borib Usmonning nomidan uni yomonlaydi, Usmonning oldiga borib Umarning nomidan uni yomonlaydi. Bu maqolani o‘qiyotgan o‘quvchi avvalo o‘zining kimligiga va atrofidagi do‘stlarini qanaqaligiga bir ahamiyat bersin!
Chaqimchilik – bir insonning gapini boshqa bir insonga ularning o‘rtasida adovat va g‘azab keltirib chiqarish uchun aytish. Chaqimchilik bu muqaddas Islom diynimizda katta gunohlardan biri hisoblanadi. Chunki chaqimchilik musulmonlar orasiga, jamiyatga va qarindosh urug‘chilik rishtalariga rahna soluvchi illatlardan biridir. Muqaddas kitobimiz Qur’oni Karimda va Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning Xadisi Shariflarida ham chaqimchilik katta gunohlardan biri ekani zikr qilinadi.
Yana bir xadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam:
“Mendan emas xasadgo‘y, chaqimchi, kohin. Va men ham ulardan emasman” deganlar (imom Tabaroniy rivoyati). Xadisi sharifning ma’nosiga e’tibor bersak yuqoridagi uch toifadan Alloh Taoloning eng suyukli Payg‘ambari yuz o‘girmoqda, qiyomat kuni musulmonlarni shafoat qiluvchi zot ulardan qattiq g‘azablanmoqda. Bu uch gunohkor toifa Allohning mag‘firatidan, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatidan mahrum bo‘lmoqda. Siz musulmon bo‘la turib Allohning va Rosulullohning g‘azabiga duchor bo‘lishni xoxlaysizmi?!
Marhamat Alloh Taolo sizga ixtiyor berib qo‘ygan xasad qilishda, chaqimchilikda va kohin(folbin)lik qilishda davom eting. Yo‘q men Allohning mag‘firatiga muhtojman, qiyomat kunida Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning shafoatiga ega bo‘lmoqchiman desa, hoziroq xasad, chaqimchilik, kohin(folbin)lik qilib diynga va jamiyatga zarar berishni to‘xtatsin. Alloh Taolo barchamizni bu yomon illatlardan uzoq qilsin.
Habibulloh Abdurazzoqov,
"Hazrati Imom" jome masjidi imom noibi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Haqiqatda, imom Abu Hanifa Rasuli Mustafoga ergashgan sahobalaridan ba’zilarini ko‘rgan, uning ko‘rgani sahihdir va bu guruhning soni yetti nafardir va shu sabab sharafdir.
Anas, Jobir, Ma’qal ibn Yasor shuningdek, Vosila ibn Asqo’ – vafo egasi. Shuningdek, Abdulloh ibn Unays, u ibn Jaz’i deb ham tanilgan. Oisha bilan yakunlayman, udir binti Ajrad. Ular asrlarning eng yaxshisidan, poklik egalaridan edilar
Sharq muftiysi, Burhonuddin Ibrohim ibn Hasan Mulla Ahsoiy yozgan.
Izoh: Imom Abu Hanifa rahmatullohi alayh tobeinlardan hisoblanadilar. U zot: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning as’hoblaridan yettitalari bilan ko‘rishdim. Ular: Anas ibn Molik, Abdulloh ibn Jaz’i Zubaydiy. Jobir ibn Abdulloh, Ma’qal ibn Yasor, Vosila ibn Asqo’, Oisha binti Umar va Abdulloh ibn Unaysdir”, deganlar.