Shu yil 12 dekabr kuni Urganch shahar “Imom Faxriddin ar-Roziy” o‘rta maxsus islom bilim yurtida Payg‘ambarimiz Muhammad Mustafo (sollallohu alayhi va sallam) tug‘ilgan oy, Mavludi sharif munosabati bilan “Biz uchun Rasululloh (s.a.v.)da buyuk o‘rnak bor” mavzuidagi tadbir o‘tkazildi. Tadbir bilim yurti mudiri D.Abduqodirov boshchiligida tashkil qilinib, unda O‘MI Xorazm viloyat vakili X.Abdullayev, Toshkent islom instituti mudarrislari Soatmurot Primov, Abdurasul Toshpolatovlar ishtirok etishdi.
Tadbirni bilim yurti mudarrisi D.Esonov olib bordi. Tadbir Qur’oni karim tilovati bilan boshlandi. Tadbirni bilim yurti mudiri D.Abduqodirov ochib berib, “Rasululloh (s.a.v.) hayotlarini o‘rganish va uning ahamiyati” mavzuida gapirib o‘tdi. Tadbir davomida talabalari orasida Hadis aytish bo‘yicha, Rasululloh (s.a.v.) hayotlaridagi muhim voqea hodisalarni hamda sahobalar ismlarini sanab berish kabi bellashuvlar tashkil qilindi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilari orasida ham siyrat bo‘yicha viktorina savollari o‘ynaldi.
Bellashuvlardan so‘ng, talabalar tomonidan Imom Barzanjiy (r.a.) qalamiga mansub “Mavlud” asari o‘qilib, duolar qilindi. Shu bilan birga tadbir davomida X.Abdullayev, S.Primov, A.Toshpolatovlar Mavludi sharif va uning ahamiyati, Rasululloh (s.a.v.)ning biz uchun go‘zal o‘rnak ekanlari to‘g‘risida ma’ruzalar qilishdi.
Tadbir so‘nggida bellashuvda g‘olib bo‘lgan hamda tadbirda faol qatnashgan talabalarga esdalik sovg‘alari berildi.

Olimjon ADILOV,
bilim yurti mudiri o‘rinbosari
Bugun, 23 dekabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari va Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev Saudiya Arabistonining mamlakatimizdagi elchisi Yusuf al-Utaybiyni qabul qildilar.
Muloqot chog‘ida ikki davlat rahbarlarining do‘stona munosabatlari tufayli O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni aloqalari tarixiy davrga qadam qo‘ygani, ayniqsa, mana shunday iliq munosabatlar natijasida oliy darajadagi muloqotlar, tashriflar, kelishuvlar amalga oshirilgani, ko‘p qirrali hamkorlik va keng ko‘lamli sheriklik kengaygani, shuningdek, qo‘shma korxonalar soni ortgani va ikki davlat o‘rtasidagi aviaqatnovlar ko‘paygani ta’kidlandi.
Ayniqsa, diniy-ma’rifiy sohadagi hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarilgani, xususan, haj va umra tadbirlari namunali tarzda tashkil etilayotgani, keng ko‘lamli xayriya tadbirlari va ijtimoiy loyihalar muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yilgani, xalqaro anjuman va ko‘rgazmalarda ikki tomonlama faol ishtirok va hamkorlik qilinayotgani kabi jihatlarga urg‘u qaratildi.
Tomonlar haj-umra, ziyorat turizmi, ilmiy-tadqiqot, tajriba almashish va diniy-ma’rifiy sohalarda o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirishga kelishib oldilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati