Imom Busiriy rahimahulloh aytadilar:
U sifatiyu surati mukammal bo‘lgan zot,
Insonlar Xoliqi habib aylab tanlagan zot.
Go‘zalligida sherikdan bo‘ldi munazzahi,
Undadir ikkiga bo‘linmas go‘zallik javhari.
Qurtubiy aytadilar: “Rasulullohning go‘zalliklari biz insonlarga butunlayicha zohir bo‘lmagan. Agar mukammal zohir bo‘lganida edi, ko‘zlarimiz ul zotni ko‘rishga toqat qila olmas edi”.
Rasululloh shaklu shamoyillari komilligi, ko‘rinishlari chiroyligiga dalolat qiladigan nabaviy hadislar va rivoyat qilingan asarlar[1] juda ham ko‘p. Shu e’tibordan, Alloh subhanahu va taolo u zotning sharafli badanlarini (go‘zallikda) ulardan oldin ham keyin ham o‘xshashi bo‘lmaydigan ko‘rinishda qilib qo‘yganiga iymon keltirish payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamga to‘liq iymon keltirish sharti hisoblanadi.
Sharafli yuzlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yuzi eng chiroyli kishi edilar[2], xuddi quyosh yuzlarida yurgandek edi[3]. (Ya’ni, quyosh qanday o‘z falakida yursa, xuddi shunday go‘zallik ul zotning yuzlarida yurar edi).
Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam mutohham (ya’ni, o‘ta semiz) ham mukalsam (ya’ni, o‘ta yumaloq yuzli) ham bo‘lmaganlar. Balki, yuzlarida birozgina dumaloqlik bor edi[4].
Oisha onamiz aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qachon xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oyning bo‘lagidek chaqnar edi”[5].
Abu Bakr Siddiq va Ka’b ibn Molik aytadilar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning yuzlari xuddi oyning doirasidek edi”.
Abu Tufayldan bizlarga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering, deb so‘rashganlarida: “U zot oq (tiniq) rangli, yuzlari chiroyli kishi edilar. Agar xursand bo‘lsalar, yuzlari xuddi oynadek chaqnar va go‘yoki to‘lin oy u zotning yuzlarida ko‘rinib turgandek bo‘lar edi[6]”.
Jobir roziyallohu anhu aytadilar: “Ul zotning yuzlari xuddi quyosh bilan oyga o‘xshardi. Yuzlari doira shaklida edi[7]”.
Ko‘rib turganingizdek, Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlagan sahobalar bir ovozdan u kishining yuzlari nurli, yorqin hamda nur sochib turuvchi yorqin ziyo va go‘zallik ila barq urib turuvchi bo‘lganini ta’kidlamoqdalar.
Hasan ibn Aliy tog‘alari Hola ibn Abu Holadan rivoyat qilgan hadisda shunday deganlar: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ko‘rkam, yuksak hurmatli kishi edilar. Yuzlari xuddi to‘lin oy kechasi oyning charaqlaganidek porlab turar edi[8]”.
Jobir ibn Samura oy yorishgan kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni ko‘rib shunday degan ekanlar: “Men bir u zotga bir oyga qaray boshladim. Aniq ayta olamanki, u zot oydan ham go‘zalroq edilar[9]”.
Robi’ binti Mu’avvizdan bizga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamni sifatlab bering, deb so‘rashganida: “Ey o‘g‘illarim, agar u zotni ko‘rganingizda edi, xuddi porlab chiqayotgan quyoshni ko‘rgandek bo‘lardingiz”, deb javob berganlar[10].
Ummu Ma’bad ham nabiy alayhissalomni sifatlab shunday degan ekan: “Men pokiza, go‘zal xulqli, yuzi chiroyli, xushro‘y kishini ko‘rdim[11]”.
Hamadonlik bir ayol: “Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan birga haj qilganman”, deb aytganida: “U zotni bizga vasflab bering”, deb so‘rashdi. Ayol: “U zot xuddi to‘lin oy kechasidagi oyga o‘xshaydilar. Men Rasulullohdan oldin ham keyin ham u zotga o‘xshashini ko‘rmadim”, deb aytgan[12].
Yanoqlari
Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli yanoqlariga kelsak, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yanoqlari tekis edi (ya’ni, do‘ppayib ham turmagan, shishlik ham bo‘lmagan).
Ko‘zlari
Ul zot sollallohu alayhi vasallamning sharafli ko‘zlarini Alloh taolo shunday sifatlaydi:
مَا زَاغَ الْبَصَرُ وَمَا طَغَى (17)
“(Payg‘ambarning) ko‘zi (chetga) og‘gani ham yo‘q, o‘z haddidan oshgani ham yo‘q”.
Sahih hadisda rivoyat qilinganki, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kunduzda qanday ko‘rsalar, zulmatli qorong‘u kechada shunday ko‘rardilar. Shuningdek, old tomonlarini qanday ko‘rsalar, orqa tomonlarini ham xuddi shunday ko‘rar edilar.
Ibn Abu Holadan rivoyat qilingan hadisda: “Rasululloh qarasalar, tanalari bilan butunlay burilib qarar edilar. Rasululloh nazarlari pastga qaragan kishi edilar, (ya’ni, nazarlari yuqoridan ko‘ra pastki tomonga ko‘proq qarar edilar). Qarashlari mulohazali edi[13]. (Ya’ni, fikr yuritgan kishidek, qarardilar).
Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Nabiy alayhissalom ko‘zlari katta-katta, uzun kiprikli hamda ko‘zlari qizilga moyilroq (ya’ni, qizg‘ishroq) kishi edilar”[14].
Boshqa bir rivoyatda: “Ko‘zlari tim qora edi”, deyilgan[15]. Yana bir rivoyatda esa: “Ko‘zlarining oqida biroz qizilligi bor edi”, deyilgan[16]. Ko‘zning oqida qizilligi bor bo‘lishi arablarda maqtalgan, mahbub ko‘rilgan edi.
Boshlari va peshonalari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning peshonalari keng edi. Bu borada kelgan hadislarning lafzlari turli bo‘lsa-da, barchasi bir ma’noda kelgan.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning boshlari (o‘rtachadan) kattaroq edi. Aliy roziyallohu anhuning bu borada rivoyat qilgan hadislari ham shu ma’noda.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning qoshlari uzun, yoysimon va ingichka, bir-biriga birlashib yopishmagan edi.
Burunlari
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam qirra burunli[17] edilar.
Muhammad
(sollallohu alayhi vasallam)
komil inson
kitobidan tarjima
Baratov G‘iyosiddin
[1] Sahobalarning yoki tobeinlarning so‘zlari.
[2] Ikki shayx, ya’ni Imom Buxoriy va Imom Muslimning Baro ibn Ozib (roziyallohu anhu)dan rivoyatlari.
[3] Imom Termiziyning Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyatlari
[4] Imom Termiziy rivoyati.
[5] Shamoil egalari rivoyat qilgan.
[6] Imom Muslim rivoyati.
[7] Imom Muslim rivoyati.
[8] Imom Termiziy rivoyati.
[9] Imom Termiziy rivoyati. (Sahih).
[10] Imom Termiziy va Imom Bayhaqiy rivoyatlari.
[11] Imom Bayhaqiy va Imom Hokim rivoyatlari, Imom Hokim sahih, deganlar.
[12] Termiziy rivoyati. (Shamoil kitoblarida).
[13] Imom Termiziy rivoyati (“Shamoil”da).
[14] Bayhaqiy rivoyati.
[15] Imom Termiziy rivoyati.
[16] Imom Muslim rivoyati.
[17] Qirra burun - burunning yuqori qismi sal ko‘tarilgan, o‘rtasida ozgina egiklik bor, burun suyagining o‘rtasi bo‘rtib chiqqan hamda burun teshigi tor bo‘lganidir.
Bismillahir Rohmanir Rohiym.
Alloh taologa bitmas-tuganmas hamdu sanolar bo‘lsin.
Payg‘ambarimizga mukammal va batamom salavotu durudlar bo‘lsin.
Sarmoyangiz umringizdir...
Alloma Ibn al-Javziy o‘zining «Mudahish» nomli kitobiga bunday yozadi:
Bir kishi bor edi, u bozorda muz sotardi. Ovozini chiqarib bunday derdi: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qilinglar!”.
Bu kishi odamlarning yuragini yumshatib, ulardan muz sotib olishlarini so‘rardi. Chunki u sotadigan muz — vaqt o‘tishi bilan erib ketardi. Agar u muzini tezda sotib ulgurmasa, butun sarmoyasi yo‘q bo‘lib ketadi. Shuning uchun u bor ovozi bilan: “Sarmoyasi erib ketayotgan odamga rahm qiling!”.
Muzlab qolgan suvning har bir tomchisi sizning tark etgan umr lahzangiz kabidir, u endi hech qachon qaytmaydi.
Hayotingizdagi sanoqli kunlardan foydalaning…
Solihlardan biri aytadi: «Men “Asr” surasini yigirma yil o‘qidim, lekin uning ma’nosini tushunmasdim. “Nima uchun Alloh inson tabiatan ziyonda deb aytyapti va buni qasam bilan ta’kidlayapti?” deb o‘ylardim.
Keyin esa Alloh ziyondan najot topganlarni to‘rtta sifat bilan istisno qiladi:
– iymon keltirganlar,
– solih amal qilganlar,
– haqqa da’vat etganlar,
– sabrni tavsiya qilganlar.
Shunda men “Asr” surasidagi qasamning ma’nosini angladim: “Dunyodagi eng katta sarmoya bu – umringiz. Umringizdan o‘tgan har bir lahza erib ketgan muz kabi qaytib kelmaydi. Shuning uchun sarmoyangizni ehtiyot qiling! U siz yashab turgan vaqtdir. Ajal yetishidan avval tiriklik fursatidan foydalaning».
Alloh umrimizni uzun va xotimamizni chiroyli qilsin.
Sarmoyangizni o‘g‘irlayotganlarga e’tibor bering!
Har birimiz sarmoyamiz ya’ni vaqtimizni kim yoki nimalar zoye qilayotganini yaxshi bilamiz.
Allohni zikr qilishdan yoki U Zotga va Rasuliga itoat qilishdan boshqa narsa bilan vaqtni zoye qilmang.
Unutmang, sarmoyangiz — umringiz!
Maqsudali domla QOSIMOV,
Xo‘jaobod tumani “Yetti chinor” jome masjid imom-xatibi.