Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:«Yo Rasululloh! Siz biz bilan hazil-mutoyiba qilasiz», -deyishdi.«Men haqqdan boshqani gapirmayman», - dedilar». (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Allohning payg‘ambari, xotamul anbiyo bo‘lishlari bilan birga oddiy banda ham edilar. Boshqalar kabi odamlar bilan suhbatlashar, hazil-mutoyiba qilar edilar. Ammo hazillari rost bo‘lgan, zero hazil qilganda ham yolg‘on gapirishlikka ijozat yo‘qdir. Hozirda ba’zi kishilar yolg‘onni rosa gapirishadida, ortidan hazillashdim deb qo‘shib qo‘yadi. Bu mutlaqo mumkin emas!
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam hazil qilishlari doim ham bo‘lmagan va har kimga ham hazil qilavermaganlar. Men hazilkash kishiman deb rost gap bilan bo‘lsada doim hazil qilaverish kishini viqorini yo‘qotadi va boshqa ko‘ngilsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin. Quyida Rasululloh solallohu alayhi vasallamning qay o‘rinlarda hazil qilganlarini ba’zi misollar orqali tanishib chiqamiz:
Yosh bolalarga hazil qilganlari:
Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam ul zotni bir kun «Ey ikki qulog‘lik» deb chaqiribdilar. (Imom Termiziy rivoyat qilgan).
Ma’lumki Anas ibn Molik roziyallohu anhu 10 yoshlaridan Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning xizmatlarida bo‘lganlar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam u zotning yosh bolaliklarini e’tiboridan shunday hazil qilganlar va albatta so‘zlari haq so‘zdir.
Zaif kishilarga hazil qilganlari:
Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:
«Bir kishi Nabiy solallohu alayhi vasallamning huzurlariga ulov so‘rab keldi. Shunda u zot: «Bo‘pti, seni tuyaning bolasiga mindirib qo‘yamiz», - dedilar. «Tuyaning bolasini nima qilaman?» - dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam kulib: «Axir tuya ham tuyaning bolasi bo‘ladimi?» -dedilar». (Imom Buxoriy rivoyat qilgan).
Bir kishidan biror bir narsa so‘rab borgan kishi albatta hijolat bo‘ladi, o‘zini zaif deb his qiladi. So‘raluvchi kishi yaxshi muomala qilsa, o‘ziga yaqin olib biroz hazil qilsa so‘rovchining ko‘ngli ko‘tariladi albatta. Chunki Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday kishilarga ba’zida hazil qilgan ekanlar va albatta so‘zlari haq so‘zdir.
Ayollarga hazil qilganlari:
Xalqimizda «Ayol kishi shirin so‘zning gadosidir» degan naql bor. Bu albatta bejiz emas, ayollar nozik tabiatli, bir og‘iz shirin so‘zdan baxtiyor bo‘ladigan, salgina qo‘pol harakat, gap-so‘zdan ko‘ngillari buziladigan kishilardir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ayollar bilan qilgan muomalari ham bizga go‘zal namunadir. U zot alayhissalom ba’zi vaqtlarda ayollarga hazil qilar edilar. Bulardan bir kampir jannatga kirishini so‘rab duo qilishlarini so‘raganida «jannatga kampirlar kirmaydi» deganlari yoki onalarimiz va boshqa ba’zi ayollarni shishaga o‘xshatib tuyalarni haydab yuruvchi kishiga «Ohista bo‘l, Shishalarga sarbon bo‘lganingda» deganlarini misol keltirishimiz mumkin.
Birinchi holatda kampir kishi ayol ekani, zaifa ekani e’tiboridan hazil qilganlar. Keyin «Jannatga kampirlar kirmaydi» deganlarini izohlab yosh holda kirilishini aytib, oyatdan dalil ham keltiradilar.
Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ahli ayollari ila hazillashib turishliklari boshqa o‘rinlarda ham bo‘lgan. Shariatimizda ahli ayoli, farzandlari ila ko‘ngilxushlik qilish, ularni ko‘nglini ko‘tarish uchun hazil qilishga ruxsat bor. Albatta hazil rost bo‘lishligi, me’yorida bo‘lishli sharti bilan.
G‘iyosiddin Muhammad Yusuf tayyorladi.
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.