Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447

Muhammad (s.a.v.) ni go‘zalliklarini bezatib turgan ikki narsa

10.11.2016   7730   23 min.
Muhammad (s.a.v.) ni go‘zalliklarini bezatib turgan ikki narsa

Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga go‘zallikning barchasi ato qilingani hadislarda zikr qilingan. Faqat bu  go‘zallik ikkita asosiy narsaga binoan bo‘lgan.

1. Jaloliy (buyuk) haybat.

2. Porlab turgan nur. 

Shuning uchun ham Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamni ko‘rgan kishilar chiroylariga maftun bo‘lib qolmasdi, Yusuf alayhissalomdagi go‘zallik buning aksi bo‘lib, u zotga chiroyning yarmi berilgan edi. Shu bois, u kishini ayollar ko‘rganida, chiroylariga maftun bo‘lib, qo‘llarini kesganlar va: “Vo ajabo! Bu inson emas, farishtaning o‘zi-ku”, deyishgan edi. Shoir aytadi:

Gar ko‘rsa edi Yusufni, Zulayhoning dugonalari

Qo‘llaridan ko‘ra yuraklarini kesishga ham rozi bo‘lar edi.

Jaloliy haybat

Rasulullohning ulug‘vorliklari, haybatlari haqida Hind ibni Abu Hola ul zotni sifatlab, shunday degan: “Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam ko‘rkam, yuksak hurmatga ega kishi edilar”[1].

Aliy roziyallohu anhu aytadilar: “Kim Rasulullohga behosdan yo‘liqqanida, u kishini Rasulullohning salobati bosar edi”.[2]

Yana boshqa bir kishi aytadi: “Payg‘ambar alayhissalom majlislarida insonlarning eng viqorlisi edilar[3].

Bir kuni Rasulullohning huzurlariga bir kishi kirib keldi va Rasulullohning haybatlaridan o‘zini yo‘qotayozdi. Rasululloh bu holatni ko‘rib unga: “Tinchlan”, dedilar”[4].

Amr ibn Os roziyallohu anhu Hazrati Mustafo sollallohu alayhi vasallam haqida shunday deydi: “Payg‘ambar alayhissalomning salobatlaridan  ikki ko‘zim ila u zotni to‘yib ko‘rolmaganman. Shuning uchun ham biror kishi mendan ul zotni sifatlab berishimni so‘rasa, tavsif qilib berolmas edim. Chunki, ul zotni ikki ko‘zim ila to‘liq ko‘rolmagan edim”[5].

Ibn Abu Hola Rasulullohni sifatlab shunday degan: “Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam agar gapirsalar, majlisda o‘tirganlarning barchasi xuddi boshlarida qush qo‘ngandek jim o‘tirardilar”[6].

Haqiqatdan ham sahobalar (roziyallohu anhum) Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning yuksak haybat va viqorlari tufayli u zotga chuqur nazar tashlay olmasdilar. Shuning e’tiboridan Payg‘ambarimizni faqatgina sahobalarning yoshlari yoki payg‘ambarlik kelishidan oldin u zotning qaramog‘larida tarbiya ko‘rgan Hind ibn Abu Hola, Aliy roziyallohu anhu kabi sahobalar sifatlab berganlar.

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam haybatlarining buyukligi va viqorlarining komilligidan, kim ul zotning huzurlarida o‘tirsa, uni salobatlari bosar edi. Ba’zan bu Muhammadiy haybatdan birga o‘tirgan kishini qattiq titroq bosar edi. Shuning uchun ham Rasululloh ularning qo‘rquvlari bosilsin, deb ularga yumshoq muomala qilib ularga nisbatan muloyim bo‘lardilar.

Qoyla binti Muxrimadan rivoyat qilinadi, u: “Men Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamni cho‘kkalab o‘tirganlarini ko‘rganimda, qo‘rquvdan cho‘chib tushdim. Shunda bir kishi: “Yo Rasululloh,  bechora ayol qo‘rqib ketdi”, dedi. Rasululloh orqalarida turgan holimda, menga qaramasdan: “Ey miskina! Xotirjam bo‘l”, dedilar. Rasululloh  shu gaplarini aytganlaridan so‘ng, Alloh taolo ichimdagi qo‘rquvni ketkazdi”, dedi.

Abu Mas’ud al-Badriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi, u kishi aytadi: “Kunlarning birida men xizmatchimni urayotganim edim, bir payt ortimdan: “Bilib qo‘y, ey, Abu Mas’ud!”, degan tovushni eshitdim. Shunda g‘azabimdan ortimga o‘girilib ham qo‘ymasdan, davom etaverdim, keyin meni bir narsa o‘rab olgandek bo‘ldi. Shunday ortimga o‘girilsam, ro‘paramda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam turgan ekanlar. U zotni ko‘rganimda, haybatlaridan qo‘limdan qamchim tushib ketdi. Menga qarab: “Allohga qasamki, Alloh taolo bu ishni qilishga sendan ko‘ra haqliroqdir”, dedilar. Shunda men: “Yo Rasululloh,  bundan keyin hech qachon biron bir xizmatchimni urmayman”, dedim”.

Porlab turuvchi nurlari

Nabaviy go‘zallik to‘la namoyon bo‘ladigan Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning nurlariga kelsak, yuqorida sharafli yuzlarini sifatlaganimizda, yuzlaridan nur sochib turganiga dalolat qiladigan bir qancha sifatlarni zikr qilgan edik.

Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamdagi nur asliy hisoblanadi. Bu nur borliqdagi butun nurlar ichida yaratilgan eng birinchi nurdir. Mashhur[7] hadisda shunday deyilgan: “Ey Jobir, Alloh taolo eng birinchi bo‘lib, payg‘ambaringning nurini yaratgan”.

Zarqoniy aytadilar: “Bayhaqiy ham mazkur hadisni ozgina boshqacharoq zikr qilgan”. Imom Termiziyning: “Alloh taolo eng birinchi yaratgan maxluqi qalamdir”, deb rivoyat qilgan hadisi mazkur hadisga zid emas. Chunki,  bu ikkala hadisni quyidagicha tushunsak bo‘ladi:

Qalam birinchi bo‘lib yaratilgan, degani Muhammad sollallohu alayhi vasallam nurlaridan boshqa narsalarga nisbatan birinchi yaratilgan yoki ba’zilar aytganlaridek, barcha narsalardagi birinchilik o‘z jinsiga nisbatan bo‘lgan. Shuning e’tiboridan mazkur hadisning ma’nosi quyidagicha bo‘ladi: “Alloh taolo nurlar (jinsi)dan birinchi bo‘lib mening nurimni yaratdi”.

Bu Muhammadiy nurni Aliy ibn Husayn otalaridan, otalari bobolaridan rivoyat qilgan hadis tasdiqlaydi: “Payg‘ambar alayhissalom: “Men Robbim huzurida nur edim”, dedilar”. Ushbu hadisni hofiz Abulhasan Aliy ibn Muhammad ibn Qatton o‘zining “Ahkom” asarida zikr qilgan. Vaholanki, Ibn Qatton hadis munaqqidlaridan[8] hamda hadis bobida mohirligi mashhur bo‘lgan kishilardan edi. Shu bilan birga rivoyatga, hifzga va bu borada puxta bo‘lishga eng ko‘p e’tibor beradigan olimlardan edi.

Yana bu nuroniylikni Alloh taoloning quyidagi oyati karimasining mazmuni ham tasdiqlaydi:

{ قد جاءكم من الله نور وكتاب مبين } [المائدة/15]،

“Darhaqiqat, Allohdan sizlarga nur va ravshan kitob keldi”. Chunki ko‘plab olimlar: “Ushbu oyatdagi “nur”dan maqsad, Muhammad sollallohu alayhi vasallam”, deb aytganlar. Imom Tabariy, Ibn Abu Hotam hamda Qurtubiylarning tafsirlarida xuddi shunday tafsir qilingan.

Qatoda aytadi: “Ushbu oyatdagi nurdan Muhammad sollallohu alayhi vasallam nazarda tutilyapti”.

Payg‘ambar alayhissalom tug‘ilgan paytlarida, onalari nurni ko‘rganlari va bu nur Rasululloh  bilan birga chiqib, Shom qasrlarini yoritgani haqida sobit bo‘lgan ko‘pgina rivoyatlar ham Payg‘ambarimiz haqiqatdan ham nuroniy bo‘lganlarini qo‘llab-quvvatlaydi.

Yana ul zot sollallohu alayhi vasallamning nuroniy ekanlarini Tabaroniyning hadisida zikr qilingan jumlalar tasdiq etadi, hadisda shunday deyilgan: “Biz Payg‘ambar alayhissalom (gapirsalar) og‘izlaridan xuddi nur chiqayotganini ko‘rgan edik”, deyilgan. Bu hadisni Ibn Abbosdan rivoyat qilingan hadis quvvatlaydi: “Rasululloh  sollallohu alayhi vasallam agar gapirsalar, nur tishlarining orasidan porlayotgandek ko‘rinar edi”. Zarqoniy bu hadisni Imom Termiziy va Dorimiy rivoyat qilganini aytgan.

“Shamoil”da Imom Termiziy Ibn Abu Holadan rivoyat qilgan hadisda ul zotni sifatlab shunday deyilgan: “Rasulullohda o‘zlarini ulug‘vor qilib ko‘rsatadigan nurlari bor edi”.

Oisha roziyallohu anho aytadilar: “Bir kuni o‘tirgan edim, Payg‘ambar alayhissalom esa oyoq kiyimlarini ta’mirlab o‘tirgan edilar. Shunda peshonalari terlay boshladi, terlardan esa nur paydo bo‘la boshladi. Buni ko‘rib hayratlanib qoldim. Rasululloh: “Senga nima qildi, hayratlanib qolding?” dedilar. Men: “Peshonangiz terlay boshladi keyin terlardan nur paydo bo‘ldi, agar Abu Kabir Huzaliy sizni (shu holatingizda) ko‘rganida edi, aytgan she’riga siz haqliroq ekaningizni bilar edi”, dedim”. Chunki, Huzaliy o‘z she’rida shunday degan edi:

U pok bo‘lgan edi, barcha ayolning changidan, buzuqligu kasalligidan

Gar boqsang uning yuziga, porlar edi u, yuzlarining chaqnashidan.

Ba’zi ilmsizlar (mazkur hadislar va ma’lumotlarni o‘qib) Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning nur bo‘lganlarining ma’nosini ul zot nur chiqaruvchi jism edilar, deb tushunadilar. Bu esa noto‘g‘ri tushunish, xato fikr. Ular bu xato o‘ylari bilan Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamni go‘yoki, chiroq yoki elektr lampochkasiga chiqarib qo‘yadilar. Vaholanki, Rasululloh bunday jismli bo‘lishlari mumkin emas, u zot yuksak, buyuk, ulug‘ martabaga egadirlar. To‘g‘ri, biz ham nur chiqaruvchi jismlar qanday yoritadigan bo‘lsa, xuddi ana shunday nur gohida Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamda ham ko‘ringanini inkor qilmaymiz. Lekin bunday  holat doimiy ravishda bo‘lmagan. Balki, qachon o‘sha narsaga ehtiyojlari tug‘ilsa, shunda paydo bo‘lar edi, xuddi boshqa g‘ayritabiiy mo‘jizalari kabi. Holbuki, bunday holatlar darajalari Rasulullohdan pastroq bo‘lganlarda ham kuzatilgan. Masalan, ulug‘ sahobiy Usayd ibn Huzayrda sodir bo‘lgan voqea kabi.

Anas roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Usayd ibn Huzayr bilan Abbod ibn Bishr qop-qorong‘u kechada Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning huzurlarida edilar. Gaplashib bo‘lganlaridan keyin chiqib ketdilar. Shunda birlarining tayoqlari charaqlab yo‘lni yorishtirdi. Ular tayoqning yorug‘ligida yurib borardilar. Bir-birlaridan ajralgan vaqtlarida, har birining tayog‘i nur chiqarib atrofni yorishtirdi. Ular ham uning yog‘dusida ketdilar”. Imom Buxoriy o‘z sahihlarida zikr qilgan.

Shuningdek, bunday holat “Zin-nur” (ya’ni, nur egasi) deb ataluvchi ulug‘ sahobiy, davslik Tufayl ibn Amrda[9] ham sodir bo‘lgan. U Rasululloh  sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga keladi va (o‘z yurtidagi) qavmini islom diniga da’vat qilmoqchi, bo‘lib: “Meni ularga yuboring va ular  ishonishlari uchun menga bir belgi qilib bering”, deydi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohim unda nur paydo qil”, deb duo qiladilar. O‘shanda ikki ko‘zi orasida nur porlaydi. Tufayl ibn Amr: “Ey Robbim, qavmim meni musla[10] bo‘libdi, deb o‘ylab qolishlaridan qo‘rqaman”, deganida, shu zahotiyoq ana shu nur qamchisiga ko‘chib, zulmatli kechada yo‘lni yorishtiradi.

 Muhammad

(sollallohu alayhi vasallam)

komil inson

kitobidan tarjima

Baratov G‘iyosiddin

 



[1] Imom Termiziy rivoyati.

[2] Imom Termiziy rivoyati (Shamoilda)

[3] Abu Dovud rivoyati. (Nasimur-riyoz, ya’ni “Bog‘ shamoli” kitobi, 2\117)

[4] Imom Buxoriy Anas roziyallohu anhudan mu’allaq holda rivoyat qilgan bo‘lsa, Ibn Moja uni muttasil holatda rivoyat qilgan. (Nasimur-riyoz, ya’ni “Bog‘ shamoli” kitobi 2\104).

[5] Imom Muslim rivoyati. (Sahihlarida 3/127, Navaviy sharhi).

[6] Imom Termiziy (Shamoilda),  hamda Ibn Sa’d va Tabaroniy rivoyatlari.  

[7] Odamlarning tillarida mashhur bo‘lganligi e’tiboridan.

[8] Chuqur o‘rganadigan, nozik qirralarigacha e’tibor beradigan, kerakli o‘rinlarda tanqid qiladigan kishi.

[9] Ibn Torif ibr Os ibn Sa’laba ibn Salim ibn Fahm ibn G‘onam ibn Davs.

[10] Insonni tahqirlab a’zolarini kesib, mayib-majruh qilishga musla deyiladi. 

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

21.07.2025   2448   7 min.
O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda

Bugun O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi muzeyi “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” bo‘ylab joylashtiriladigan miniatyuralarning tayyorlanish jarayoni bilan tanishish uchun olimlar, mutaxassislar ishtirokida ommaviy axborot vositalari vakillariga press tur tashkil etildi. 


    Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” uzunligi qariyb 52 metr, bo‘yi bir metrli ganchkor bezak bilan hisoblaganda 5 metrni tashkil etadi.


    Devor bo‘ylab jami 10 dan ortiq miniatyura o‘rin oladi. Devoriy suratning hajmini hisobga olgan holda miniatyuralarni 50 ga yaqin rassomlar ikki oydan buyon tinim bilmay mehnat qilmoqda.


    San’atshunoslik fanlari bo‘yicha falsafa doktori, rassom Behzod Hojimetovning ma’lum qilishicha, devor uchun Hirot Buxoro, Samarqand va qisman hind miniatyura maktablari asosida ishlangan miniatyuralar saralab olingan. 

    “50 ga yaqin miniatyuralar orasida Sheroz, Isfahon, Tabriz miniatyura maktablari uslubida ishlanganlari ham bor edi, ammo o‘zimizning allomalar, tarixiy voqeliklar aks etgan rasmlar tanlab olindi. Bundan tashqari ov, jang kabi manzaralardan voz kechildi. Sababi devoriy suratlar konsepsiyasi birinchi o‘rinda sivilizatsiyalar, shaxslar hamda kashfiyotlar mavzularini o‘z ichiga oladi. Miniatyuralar ham shu mavzulardan chetlab o‘tilmagan holda saralangan. 10 dan ortiq miniatyura chizish ishlarining 80 foizini bajarib bo‘ldik. Muzey devorining balandligi 8 metrni tashkil qilib, uning 3 metrdan yuqori qismiga aynan ushbu miniatyuralar devori joylashtirishi ko‘zda tutilgan. Miniatyuralar hajmini inobatga oladigan bo‘lsak, uni Ginness rekordlar kitobiga ham kiritishimiz mumkin. Kompozitsiyalarimiz yuqori sifatli matoga, sifatli bo‘yoqlar bilan chizildi hamda Italiyadan keltirilgan tilla suvi bilan ishlov berildi. Endilikda ustaxonada ishlangan barcha ishlarni O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazining qurilishi yakuniga yetgan binosiga olib borib, maxsus yelimlar bilan devorga joylashtirish ishlari qolgan. Miniatyuralarni tanlashda ekspozitsiyada joylashtirilgan faksimellar, eksponatlar va qo‘lyozmalarni takrorlamaslikka e’tibor qaratildi. Shuningdek, bosh g‘oya sifatida kashfiyotlar va sivilizatsiyalar mavzusiga e’tibor berildi.
 
   Miniatyuralarning ayrimlari bizgacha to‘liq yetib kelmagan, ularni devor hajmiga moslashtirib, o‘z uslubidan chiqmagan holda kompozitsiyani to‘liq tikladik. Shuningdek, har bir miniatyuralar orasiga o‘sha davrda ishlatilgan naqshlar bilan hoshiyalar chizildi. Ushbu naqshlarni ikki xil – Buxoro hamda Hirot maktabi uslubida chizdik. Naqshlardan aynan bittasi ilmiy kengash a’zolari tomonidan tanlanib, barcha miniatyuralar orasiga joylashtiriladi” – dedi rassom Behzod Hojimetov. 

    
    Qayd etilishicha, devordagi miniatyuralardan Amir Temurning Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilinishi va uning ilm-fan, madaniyat va me’morchilik rivojiga qo‘shgan hissasiga alohida e’tibor qaratiladi. Bu tarixiy jarayonni ifodalashda Sharafiddin Ali Yazdiyning “Zafarnoma” asarining Londonda, Britaniya kutubxonasida saqlanayotgan nusxasidagi miniatyuralardan foydalanilgan. Devor markazida Amir Temurning toj kiyish marosimi aks etgan “Balx qurultoyi” miniatyurasi joylashtirgan. Asosiy e’tibor Amir Temurning ma’rifatparvar hukmdor sifatidagi siymosini ko‘rsatib berishga qaratiladi. Jumladan, ushbu yirik tasviriy san’at asarida Amir Temur davrida qurilgan imoratlar tasvirlanadi. Shu bilan birga Samarqandda Behzod tomonidan aks ettirilgan Bibixonim masjidining qurilish jarayoni ham alohida ko‘rsatiladi. Mirzo Ulug‘bek va uning jahon ilm-faniga qo‘shgan hissasiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Ulug‘bekning hayotligida chizilgan ikkita miniatyura – ulardan biri Nizomiy “Xamsa”sidan olingan miniatyura, ikkinchisi As-Sufiyning “Kitabi sivaril-kavakib as-sabita” kitobidagi Sefey yulduz turkumi suratidir. Mirzo Ulug‘bekning asl qiyofasini tiklashda bu suratlar katta o‘rin tutadi. Shu bois rangtasvir asarida ushbu miniatyuralarni ham aks ettirish nazarda tutiladi. 


    Xurosondagi Temuriylar davri Renessansida Husayn Boyqaro va Alisher Navoiyning hissasi alohida ko‘rsatiladi. Bunda qadimiy miniatyuralar orqali Hirot manzaralari, Navoiy, Husayn Boyqaro, ularning davrasida turgan Abdurahmon Jomiy, Kamoliddin Behzod, Xondamir singari Hirot madaniy muhiti namoyandalari ko‘rsatib beriladi. Shuningdek, Husayn Boyqaroning ilm va madaniyat homiysi sifatidagi rolini ham ko‘rsatib berish maqsad qilingan. Bunda ham turli qo‘lyozmalarda aks etgan ana shunday miniatyuralardan foydalaniladi. 


    Mazkur ekspozitsiyada Bobur va Boburiylar merosiga ham alohida e’tibor qaratiladi. Boburga bag‘ishlangan qismda uning tarixiy qo‘lyozmalardagi miniatyuralaridan keng foydalaniladi. Ayniqsa, Amir Temurning Bobur va va uning avlodlari qurshovida yaratilgan miniatyurasi alohida o‘rin tutadi. 

 

    Shuningdek, Markaziy Osiyoda Temuriylardan so‘ng davlatni uzoq vaqt idora qilgan Shayboniylar va Ashtarxoniylar davridagi ilm-fan, ta’lim va madaniy hayot o‘sha davrda chizilgan tarixiy suratlarda o‘z aksini topadi.


    O‘tkazilgan taqdimotda bir qator tarixchi va san’atshunos olimlar, ishchi guruh a’zolari hamda rassomlar ishtirok etib, “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yuzasidan o‘z fikr va mulohazalarini bildirib o‘tdi. Ayrim ko‘zga tashlangan kamchiliklarni tuzatish bo‘yicha takliflar berildi.  


   O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ilmiy kotibi Rustam Jabborov ham miniatyuralar devorini shakllantirishda rassomlar bilan birgalikda fikr almashib, o‘zining tavsiyalarini bergan.

   “Markazning muzey ekspozitsiyasi ichki kontentini boyitish, markaz devorlarini o‘z davriga xos miniatyura hamda suratlar bilan bezatish yuzasidan qizg‘in jarayon davom etmoqda.  Markazning kengaytirilgan yig‘ilishlari muhokamasida olimlar va mutaxassislar tomonidan aynan “Ikkinchi Renessans davri” bo‘limini miniatyuralardan iborat kompozitsiya bilan boyitish taklifi berilgan edi. Ikkinchi Renessans davri Amir Temur taxtga o‘tirgan paytdan boshlanishini inobatga oladigan bo‘lsak, ushbu devorda aynan shu mavzuga mos miniatyura ham joylashtiriladi. 1450 yilga oid Sharafiddin Ali Yazdiyning «Zafarnoma» asaridagi miniatyura bugungi kunda Britaniya kutubxonasida saqlanadi. Endilikda biz ushbu miniatyurani O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ekspozitsiyasida ko‘rishimiz mumkin bo‘ladi. 35 yoshli navqiron Amir Temur beklar, sarkardalar, saroy amaldorlari hamda ustozlari qurshovida tasvirlangan surat qo‘sh sahifada chizilgan. Uni rassomlarimiz devor hajmiga moslashtirgan holda yaxlit kompozitsiya sifatida tiklagan. Ushbu miniatyuralarning har birining asosi mavjud. O‘ylashimcha, Markazga tashrif buyuradigan tomoshabin "Ikkinchi Renessans davri" zalida aynan o‘sha paytdagi muhitni his qiladi. Sababi ayni shu davrda miniatyura san’ati taraqqiy etgan. O‘sha davrning eng buyuk rassomlaridan Kamoliddin Behzod, Mahmud Muzahhib singari musavvirlar ijod qilishgan. Devor uchun tanlangan miniatyuralar ham aynan shu musavvirlar hamda ularning shogirdlari tomonidan ishlangan. Bu miniatyuralarda o‘sha paytdagi davlatchilik, xalq hayoti, ijtimoiy himoya, ayollar, yoshlar kabi masalalar aks ettirilgan”, – deydi Rustam Jabborov.


    O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi muzeyida Ikkinchi Renessans davri miniatyuralarini o‘z ichiga olgan  “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” tashrif buyuruvchilar ko‘z o‘ngida tarixni jonlantirsa, ajabmas. 


Islom sivilizatsiyasi markazi Axborot xizmati

O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda O‘zbekistonda 52 metrli “Sivilizatsiyalar va kashfiyotlar devori” yaratilmoqda
O'zbekiston yangiliklari