Bir o‘rmonga o‘t ketib yong‘in bo‘libdi. Jonivorlarning bir qismi kuchlari yetgan narsa bilan suv tashib, o‘tni o‘chirmoqchi bo‘lishibdi. Ikkinchi qismi esa bundan hech narsa chiqmaydi deb, chetroqqa chiqib tomosha qilib turibdi. Bir chumoli o‘tni o‘chirish uchun hovuchida suv olib ketayotgan ekan. Buni ko‘rgan qarg‘a uning ustidan kulib debdi: “Mana shu suving bilan olovni o‘chiraman, deb o‘ylayapsanmi?” Chumoli unga javob beribdi: “Bilaman, bu suv bilan o‘tni o‘chirib bo‘lmaydi. Lekin men bu harakatim bilan kim tomonda turganimni bilaman”.
Ey farzand, bilginki, to‘qilgan matoda har bir ipning o‘z o‘rni bor. Matoning qaysi yeridan ip chirigan bo‘lsa, mato shu yerdan boshlab yirtiladi. Hayot zanjirida ham xuddi shunday: har bir odamning o‘z o‘rni va vazifasi bor. Muhimi – zanjirning uzilishiga sen sababchi bo‘lib qolmasligingdir.
Akbarshoh RASULOV tayyorladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish va ekologik barqarorlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ushbu ezgu tashabbus doirasida yurtimizdagi masjidlarda ham quyosh panellari va geleokollektorlarni o‘rnatish ishlari izchil davom ettirilmoqda.
2026 yil 29 iyul holatiga ko‘ra asosiy ko‘rsatkichlar:
Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 2 161 ta masjiddan:
1 910 tasi (88,4%) quyosh panellari bilan ta’minlandi (umumiy quvvati — 14,3 MVt / 14 315,5 kVt);
1 020 tasi (47,2%) issiq suv ta’minoti uchun geleokollektorlar bilan jihozlandi (umumiy sig‘imi — 206 470 litr).
Hududlar kesimida yetakchilar:
To‘liq qamrov: Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Sirdaryo, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlaridagi deyarli barcha masjidlarga quyosh panellari o‘rnatib bo‘lindi.
Eng yuqori quvvat: Toshkent shahri (2 559 kVt), Toshkent viloyati (1 706 kVt) va Samarqand viloyati (1 436,5 kVt) yetakchilik qilmoqda.
Geleokollektorlar bo‘yicha: Andijon (182 ta), Namangan (181 ta) va Toshkent viloyati (172 ta) masjidlarida eng yuqori ko‘rsatkichlar qayd etildi.
Qayta tiklanuvchi energiya tizimlarining joriy etilishi elektr energiyasi va tabiiy gaz sarfini sezilarli darajada kamaytirib, masjidlarning kommunal xarajatlarini qisqartirish hamda atrof-muhit muhofazasiga munosib hissa qo‘shish imkonini bermoqda.
Kelgusida qolgan 251 ta masjidga quyosh panellari va 1 141 ta masjidga geleokollektorlarni bosqichma-bosqich o‘rnatish va respublikadagi sig‘imlarni to‘liq «yashil energiya»ga o‘tkazish rejalashtirilgan.
Nodirbek Qodirov,
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Masjidlar bilan ishlash bo‘limi mutaxassisi