Sayt test holatida ishlamoqda!
13 Avgust, 2026   |   30 Safar, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:01
Quyosh
05:30
Peshin
12:28
Asr
17:22
Shom
19:29
Xufton
20:56
Bismillah
13 Avgust, 2026, 30 Safar, 1448

07.10.2016 y. Ashuro kunining fazilati

30.09.2016   12372   9 min.
07.10.2016 y. Ashuro kunining fazilati

بسم الله الرحمن الرحيم

         Muhtaram azizlar! Musulmonlar taqvimining birinchi oyi bo‘lmish Muharram oyi Alloh taolo hurmatli qilgan muqaddas to‘rt oyning biri bo‘lib, uning o‘ninchi kuni ya’ni, Ashuro kuni alohida fazilatga egadir. Bu kunning fazilatini mashhurligidan xalqimiz Muharram oyini Ashir oyi, deb nomlaydi.

         Muharram oyining o‘ninchi kunini Ashuro deb nomlanishi Islom dini bilan bog‘lik ekanligi haqida alloma Qozi Iyoz rahmatullohi alayh o‘zlarining “Mashoriqul anvor” asarlarida bayon qilib, johiliyat kishilarining tilida “fo’ulo” vazni ishlatilmagan, deydilar.

         Insoniyat tarixida Ashuro kunida bir qancha muhim voqealar sodir bo‘lganligi haqida  manbalarda bayon qilingan. Jumladan, vatandoshimiz Abu Lays Samarqandiy rahmatullohi alayh o‘zlarining “Tanbihul g‘ofiliyn” nomli kitoblarida Ikrima roziyallohu anhudan rivoyat qilib aytadilar: “Ashuro kuni - Odam a.s.ning tavbalari qabul qilingan, Nuh a.s. kemadan tushgan va buning shukronasiga ro‘za tutgan, Fir’avn g‘arq etilib, Bani Isroilga dengiz yorilgan va shuning uchun ular ro‘za tutishgan kundir. Agar sen ham o‘sha kuni ro‘za tuta olsang, tutgin”.

         Ashuro kuni johiliyat arablari orasida ham e’tiborli kun sanalar edi. Oisha r.a.dan rivoyat qilingan hadisda shunday deyilgan:

عَنْ عَائشةَ رَضِيَ اللهُ عَنْهَا قَالَتْ : كَانَتْ قُرَيْشٌ تَصُومُ عَاشُورَاَء في الْجَاهليةِ وَكَانَ رَسُولُ الله صَلَّى اللهُ عَلَيْهِ وَسَلَمْ يَصُومُهُ فَلَمَّا هَاجَرَ إِلى الْمَدِينةِ صَامَهُ وَأَمَرَ بِصيامِهِ فَلَمَّا فُرِضَ شَهْرُ رَمَضانَ

 قَالَ مَنْ شَاءَ صَامَهُ وَمَنْ شَاءَ تَرَكَهُ . رواه الشيخان

ya’ni: “Quraysh qabilasidagilar johiliyatda Ashuro kuni ro‘za tutar edilar. Rasululloh s.a.v. ham shu kuni ro‘za tutardilar. Madinaga hijrat qilganlarida ham shu kuni ro‘za tutar, sahobalarni ham ro‘za tutishga buyurar edilar. Ramazon ro‘zasi farz qilingach, - xohlagan kishi Ashuro kuni ro‘zasini tutsin, xohlagan kishi tark etsin, - dedilar. (Buxoriy va Muslim rivoyati).

         Ashuro kuni nafl ro‘za tutishlik sunnat amal hisoblanib, Ibn Abbos roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda bu haqda shunday deyiladi:

 

عَنِ ابْنِ عَبَّاسٍ،  رضى الله عنهما  أَنَّ رَسُولَ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم قَدِمَ الْمَدِينَةَ فَوَجَدَ الْيَهُودَ صِيَامًا يَوْمَ عَاشُورَاءَ فَقَالَ لَهُمْ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم‏"‏مَا هَذَا الْيَوْمُ الَّذِي تَصُومُونَهُ‏"‏‏.‏ فَقَالُوا هَذَا يَوْمٌ عَظِيمٌ أَنْجَى اللَّهُ فِيهِ مُوسَى وَقَوْمَهُ وَغَرَّقَ فِرْعَوْنَ وَقَوْمَهُ فَصَامَهُ مُوسَى شُكْرًا فَنَحْنُ نَصُومُهُ‏.‏ فَقَالَ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم ‏"‏فَنَحْنُ أَحَقُّ وَأَوْلَى بِمُوسَى مِنْكُمْ‏"‏.‏ فَصَامَهُ رَسُولُ اللَّهِ صلى الله عليه وسلم وَأَمَرَ بِصِيَامِهِ ‏. رواه الشيخان

ya’ni: Abdulloh ibn Abbos r.a.dan rivoyat qilinadi, Rasululloh s.a.v. Madinai Munavvaraga kelganlarida u yerdagi yahudiylarni Ashuro kuni ro‘za tutayotganlarini ko‘rdilar va: “Sizlar ro‘za tutayotgan bu kun qanday kun?” – deb so‘radilar. Ular: Bu - ulug‘ kun. Bu kunda Alloh taolo Muso a.v. va uning qavmiga najot berib, Fir’avn va uning qavmini g‘arq etgandir. Shuning uchun Muso a.s. bu kunning shukronasiga ro‘za tutganlar. Shu sababli biz ham ro‘za tutmoqdamiz, deb javob berdilar. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Sizlardan ko‘ra Biz Muso a.v.ga haqliroqmiz, dedilar va shu kuni ro‘za tutdilar, boshqalarni ham ro‘za tutishga buyurdilar.

         Mazkur hadisdan quyidagicha xulosa qilish mumkinki, qaysi bir kishi biror ulug‘ ne’matga musharraf bo‘lsa, uning shukronasiga hech bo‘lmasa bir kun nafl ro‘za tutmog‘i maqsadga muvofiqdir. Zero, Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam haftaning har dushanba kuni nafl ro‘za tutar, sahobalar buning sababini so‘raganlarida, U zot: “Men shu kunda tug‘ilganman va shu kuni payg‘ambar bo‘lganman, - deb javob berganlar. Alhamdulilloh, bizning jonajon vatanimiz ham mustabid tuzum iskanjasidan ozod bo‘lganiga chorak asr bo‘ldi. Shunday ekan, bu ulug‘ bayramni har qancha ibodat va shukrona bilan qarshi olsak, shuncha ozdir.

         Aziz birodarlar! Ashuro kunining ro‘zasi alohida fazilatga egadir. Bu haqda quyidagi hadisda bayon etilgan:

عَنْ أَبيِ قَتَادَةَ قَالَ مَرْفُوعًا: صِيَامُ يَوْمِ عَرَفَةَ أحْتَسِبُ عَلَى اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السنَةَ الَّتِي قَبْلَهُ وَالسنةَ الَّتِي بَعْدَهُ وَصِيَامُ يَوْمِ عَاشُوراءَ أحتَسِبُ عَلَى اللهِ أَنْ يُكَفِّرَ السنةَ الَّتِي قَبْلَهُ  (رواه مسلم

ya’ni: Abu Qatoda r.a.dan rivoyat qilinadi, u kishi Rasululloh s.a.v.dan rivoyat qilib aytadilarki: “Arafa kunining ro‘zasini Alloh taolodan o‘tgan yil va kelasi yilning gunohlariga kafforat qilishini umid qilaman. Ashuro kunining ro‘zasini o‘tgan bir yillik gunohlarga kafforat qilishini umid qilaman”. (Muslim rivoyati).

         Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning ahli kitoblarga muvofiq kelib qolgan amallarni ularga xilof tarzda ado etish odatlari bor edi. Ashuro kuni ro‘zasini tutish borasida ham U zot sollallohu alayhi vasallam mana shu odatlariga amal qilishni istaganlar. Buning dalili quyidagi hadisda bayon etilgan:

عن عبد الله بن عباس ـ رضي الله عنهما ـ قال: حين صام رسول الله صلى الله عليه وسلم يوم عاشوراء وأمر بصيامه قالوا : يا رسول الله إنه يوم تعظمه اليهود والنصارى! فقال رسول الله صلى الله عليه وسلم : فإذا كان العام المقبل ـ إن شاء الله ـ صمنا اليوم التاسع .قال : فلم يأت العام المقبل حتى توفي رسول الله صلى الله عليه وسلم. (رواه مسلم

 ya’ni: Abdulloh ibn Abbos r.a. rivoyat qilib aytadilar: Rasululloh s.a.v. Ashuro kuni ro‘zasini tutib, odamlarni ham shu kunning ro‘zasini tutishga buyurganlarida, sahobalar: Yo, Rasululloh! Bu kun yahudiy va nasorolar ulug‘laydigan kun-ku! – deyishdi. Shunda Rasululloh s.a.v.: “Kelasi yil - Alloh xohlasa – to‘qqizinchi kuni ham tutamiz”, - dedilar. Ammo, kelasi yil kelmasidan Rasululloh s.a.v. vafot etdilar. (Muslim rivoyati).

         Ulamolarimiz Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning ushbu niyatlariga e’tiboran, Ashuro kuniga qo‘shib bir kun oldingi yoki bir kun keyingi kunda ham ro‘za tutmoq afzal deydilar.

         Bundan tashqari Ashuro kunining fazilati borasida quyidagi rivoyat ham mavjudki:

يروى عن إبراهيم بن محمد بن المنتشر، عن أبيه أنه قال: بَلَغَنَا أَنَّهُ مَنْ وَسَّعَ عَلَى أَهْلِهِ يَوْمَ عَاشُورَاءَ وَسَّعَ اللهُ عَلَيْهِ سَائِرَ سَنَتِهِ، قال سفيان بن عيينة: جربناه منذ ستين عاما فوجدناه صحيحا

ya’ni: Ibrohim ibn Muhammad ibn al-Muntashirdan, u kishi otasidan rivoyat qilib aytadiki: Bizga kelgan xabarga ko‘ra, kim Ashuro kuni oila ahliga kengchilik qilib bersa, Alloh taolo unga yil davomida kengchilik qilib qo‘yadi. Sufyon ibn Uyayna aytadilar: Biz bu xabarni oltmish yildan beri tajriba qilamiz va uning to‘g‘riligini topganmiz.

         Darhaqiqat, inson o‘z ahli oilasiga har qancha kengchilik qilib bersa yarashadi. Ayniqsa, fazilatli ayyomlar va shodiyona kunlari bunga alohida e’tibor qaratilishi maqsadga muvofiq. Zero, hadisi sharifda marhamat qilingan:

وَعَنْ أَبِي هُرَيْرة  رَضِي اللهُ عَنْهُ  قَالَ : قَالَ رَسُول الله - صلى الله عليه وسلم - : «دِينَارٌ أنْفَقْتَهُ في سَبيلِ اللهِ ، وَدِينار أنْفَقْتَهُ في رَقَبَةٍ ، وَدِينارٌ تَصَدَّقْتَ بِهِ عَلَى مِسْكِينٍ ، وَدِينَارٌ أنْفَقْتَهُ عَلَى أهْلِكَ ، أعْظَمُهَا أجْراً الَّذِي أنْفَقْتَهُ عَلَى أهْلِكَ». (رواه مسلم

ya’ni: Abu Hurayra (r.a.)dan rivoyat qilinadi, Rasululloh (s.a.v.) dedilar: “Alloh yo‘lida qilgan bir dinor infoqing, qul ozod etish uchun qilgan bir dinor infoqing, miskinga qilgan bir dinor sadaqang va ahlinga qilgan bir dinor nafaqang, bularning ichida savobi eng ulug‘i ahlingga qilgan nafaqangdir”. (Muslim rivoyati).

         Alloh taolo ushbu fazilatli kunlarda qiladigan barcha ezgu amallarimizni dargohida qabul aylab, O‘zining huzuridan ulkan ajru savoblar ato etsin. Omin!

Juma mav'izalari
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

13.08.2026   12272   3 min.
Shayboniylar daxmasi ziyoratgohga aylantiriladi

Samarqandning yuragi boʻlgan Registon maydoni hududidagi Shayboniyxon va uning sulolasi dafn etilgan maskan ziyoratgohga aylantiriladi.

Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarovning soʻzlariga koʻra,1960–1962-yillarda hozirgi Islom Karimov koʻchasini kengaytirish, obodonlashtirish ishlari jarayonida mazkur daxma shu hududda boʻlgan Shayboniyxon madrasasi hovlisidan Registon maydoniga – Tillakori va Sherdor madrasalari yoniga koʻchirilgan.

“Maʼlumki, mazkur hudud Amir Temur bobomiz davrida Samarqand shahrining eng muhim markazlaridan biri boʻlgan, bu hududda koʻplab madrasa va masjidlar bunyod etilgan. Jumladan, Amir Temur masjidi va uning roʻparasida Bibixonim madrasasi qad rostlagan. Keyinchalik Mirzo Ulugʻbek bobomiz tomonidan ulkan madrasa qurilgan. Balki Shayboniyxon ham ana shu ulugʻvor madrasa va masjidlarga havas qilib, ularning yonida madrasa qurgandir. Chunki, tarixiy manbalardan bilamizki, Muhammad Shayboniyxon ham ulugʻ hukmdor boʻlish bilan birga ilm-maʼrifat homiysi, ilmli inson va ijodkor sifatida Samarqandda ulkan bunyodkorlik ishlarini amalga oshirgan, koʻplab masjid va madrasalar qurdirgan. Amir Temurdan keyin qudratli davlat tashkil etib, uning chegaralarini kengaytirgan, obod qilgan”, deydi Registon majmuasi rahbari.

Tarixiy manbalarda Shayboniyxon 1510-yilda Eron shohi Ismoil Safaviy bilan boʻlgan jangda halok boʻlgach, uning boshsiz tanasi Samarqandga keltirilib, Baland Sufaga dafn qilingani yozilgan.

Baland Sufa oʻz vaqtida Shayboniyxon madrasasida boʻlgan va keyinchalik (1960–1962-yillarda) oʻz holicha Registon hududiga koʻchirilgan daxmadir.

Xonqul Samarovning qoʻshimcha qilishicha, shu paytgacha Muhammad Shayboniyxon shaxsiga munosabat ortidan bu joyga ham yetarli darajada eʼtibor qaratilmagan.

Shuningdek, u oltmish yildan ortiq vaqtdan buyon ushbu hududda turgan bu ziyoratgoh haqida oddiy odamlar, hatto koʻpchilik tarixchilarda ham ma'lumot yo'qligini, bunga sabab esa hududda hech qanday koʻrgazmali vosita yoki yozuv mavjud emasligini taʼkidlaydi.

“Yillar davomida xalqimiz ongiga Bobur ijobiy, Shayboniyxon salbiy shaxs sifatida singdirildi. Aslida esa davlatchilik tariximiz, qolaversa, adabiyotimiz rivojida bu ikki buyuk bobomizning ham oʻz munosib oʻrni, hissasi bor. Zahiriddin Muhammad Boburning oʻzi ham “Boburnoma”da bu zotning nomi haqida toʻxtalib, “Shayboq”, yaʼni “kuch-qudratli” degan taʼrif bergan. Shayboniyxon va shayboniylar tomonidan Samarqandda, umuman, ushbu mintaqada katta bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgani haqida tarixiy manbalarda koʻplab maʼlumotlar uchraydi. Masalan, Shayboniyxon bir necha bosqichli oʻqitish tizimi joriy etib, barcha ilmlardan xabardor boʻlish uchun bola 26-yil taʼlim olishi kerak, deb hisoblagan. Ikki yillik maktab taʼlimidan soʻng har biri 8-yildan iborat uch bosqichli madrasa taʼlimini olish zarur boʻlgan”, deya maʼlumot beradi Registon majmuasi rahbari Xonqul Samarov.

Maʼlumot uchun, Shayboniyxon kuchli sarkarda, hukmdor boʻlish bilan birga ijodkor sifatida nafis gʻazal va ruboiylar, dostonlar yozgan. Jumladan, “Bahr-ul xudo” nomli dostoni va oʻgʻli valiahd Temur sultonga atalgan pand-nasihatlardan iborat kitobi mavjudligi qayd etiladi.

Tarixiy manbalarda keltirilishicha, u bobosi Abulxayrxon vafotidan keyin parokanda boʻlib ketgan qabilalarni birlashtirib, koʻchmanchi oʻzbeklar davlatini qayta tiklagan. Movarounnahr, Xorazm va Xurosonni egallab, qudratli davlat barpo qilgan. Muhammad Shayboniyxon butun mintaqani yagona bir markaz – Samarqand qoʻl ostida birlashtirgan.

O'zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati

O'zbekiston yangiliklari