Joriy yilning 4 sentyabr kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi Toshkent islom instituti va o‘rta maxsus islom bilim yurtlarida yangi 2016 – 2017 o‘quv yili boshlandi.
Yangi o‘quv yilining birinchi darsi O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlangan “Xotira darsi” bilan boshlandi. Xotira darsida Islom Abdug‘aniyevich Karimov mustaqil O‘zbekiston davlatining asoschisi, yurtimizni sobiq mustabid tuzum qaramligidan ozod qilib, uni zamonaviy asosda taraqqiy ettirish strategiyasini, dunyoda “O‘zbek modeli” degan nom bilan tan olingan rivojlanish yo‘lini ishlab chiqqan, jahon miqyosida katta obro‘-e’tibor qozongan, buyuk davlat va siyosat arbobi sifatida Vatanimiz tarixida o‘chmas va yorqin iz qoldirdi.
Xalqimiz o‘zining qisqa muddat – 25 yilda erishgan barcha yutuq va marralarini haqli ravishda aynan Prezident Islom Karimov nomi bilan bog‘laydi va shu ulug‘ insonning beqiyos xizmatlari deb bilishadi.
Muxtasar qilib aytganda, Islom Karimov O‘zbekiston davlati va davlatchiligini barpo qilish, demokratik fuqarolik jamiyati qurish asoslarini yaratdi, mamlakatimiz taraqqiyotining asosiy yo‘nalishlarini ishlab chiqdi, yurtimizning yorug‘ istiqboli yo‘lida ko‘pmillatli xalqimizni birlashtirib, uni ulug‘ maqsadlar sari boshlab borganligi haqida to‘xtalib o‘tildi. Bundan tashqari tashrif buyurgan mehmonlar bugungi kunda yurtimizda hukm surayotgan tinchlik-xotirjamlikni qadriga yetib, yangi o‘quv yilida yangi marralarga erishish, ilm olishda shijoat bilan harakat qilish lozimligi haqida so‘zlab, pand-nasihatlar qildilar.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasining birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning porloq xotirasiga bag‘ishlab Qur’oni karim tilovatidan so‘ng, duoi fotiha qilindi.
Ta’lim va kadrlar tayyorlash bo‘limi
Bismillahir Rohmanir Rohiym
Savol: Ayol kishi uyida eriga iqtido qilib namoz o‘qisa bo‘ladimi? Agar joiz bo‘lsa, ayol qayerda turadi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Ha, ayollar uyda erlari yoki boshqa erkak mahramlariga iqtido qilgan holda jamoat bo‘lib namoz o‘qishlari joiz bo‘ladi. Bu borada alloma Alouddin Kosoniy rahimahulloh bunday zikr qiladilar:
“Agar imom bilan bir ayol namoz o‘qimoqchi bo‘lsa, uning orqasida turadi. Chunki ayolni erkak bilan bir safda yonma-yon turishi erkakning namozini buzadi. Agar imomdan tashqari bir erkak va bir ayol bo‘lsa, erkak imomning o‘ng tomoniga va ayol esa, orqasida turadi. Agar imomdan tashqari ikki erkak va bitta ayol bo‘lsa, ikki erkak imomning orqasida va bitta ayol ularning orqasida turadi. Agar erkaklar va ayollar hamda yosh o‘g‘il va qiz bolalar jamoat bo‘lib namoz o‘qimoqchi bo‘lsalar, u holda imomning orqasida dastlab balog‘atga yetgan erkaklar turadi. So‘ng balog‘atga yetmagan yosh o‘g‘il bolalar, so‘ng balog‘atga yetgan ayollar, so‘ng yosh qizlar turadilar” (“Badoyeus-sanoye’” kitobi). Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi