Sayt test holatida ishlamoqda!
29 Avgust, 2026   |   16 Rabi`ul avval, 1448

Toshkent shahri
Tong
04:22
Quyosh
05:46
Peshin
12:24
Asr
17:05
Shom
19:05
Xufton
20:25
Bismillah
29 Avgust, 2026, 16 Rabi`ul avval, 1448

Ummatning “Amiyni” Abu Ubayda ibn Jarroh

04.08.2016   11657   29 min.
Ummatning “Amiyni” Abu Ubayda ibn Jarroh

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi:

“Rasululloh solollohu alayhi vasallam: “Albatta har bir ummatning amiyni bordir. Albatta, bizning amiynimiz, ey ummat, Abu Ubayda ibn Jarrohdir”, dedilar”.

“Amiyn” so‘zi “O‘ta ishonchli, omanatli odam” degan manoni anglatadi. Sahobalarning har-birlari amaiyndirlar. Ammo ularning o‘zlariga hos sifatlari bor bo‘lib boshqalardan ajrab turgan. Buni esa Rasululloh solollohu alayhi vasallam bilib o‘sha sifat bilan sifatlaganlar. Allohning eng oxirgi va eng mukammal dini bo‘lmish Islomga tobe ummatning amiyni bo‘lish sharafiga muyassar bo‘lgan Abu Ubayda ibn Jarrohning sifatlari umr yo‘llari haqida malumot beramiz.

Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuning to‘liq  ismlari Omir ibn Abdulloh ibn Hilol ibn Uxayb ibn Zobba ibn al- Haris ibn Fehr ibn Molikdir. U kishining nasablari Nabiy sollollohu alayhi vasallamning nasablari bilan  Fihrda jamlanadi. U kishi islom olamida kunyalari va  bobolari Jarrohning ismi bilan mashhur bo‘lganlar. Otalari musulmon bo‘lmagan, onalari esa Ummu G‘anam  binti Jobir ibn Abdulloh ibn al-A’lo ibn Omir ibn Umayra ibn al-Vadiya ibn al-Haris ibn Fihr musulmon bo‘lgan.

Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhu ilk musulmonlardan hisoblanadilar. U kishi Suhayb Rumiy, Ammor ibn Yosir, Usmon ibn Maz’un, Arqam ibn Abi al-Arqamlar musulmon bo‘lishlaridan avval musulmon bo‘lgan edilar. Habashistonga safar qilganlar orasida ham bo‘lganlar, ammo u yerda oz muddat turib Madinaga borganlar, Rasululloh sollollohu alayhi vasallam yonlarida turib, Alloh taoloning yo‘lida jon fidolik qilganlar.

U kishi Madinaga hijrat qilib borganlarida Kulsum ibn Hadmning uyiga tushganar. So‘ngra  Rasululloh sollollohu alayhi vasallam u kishini Muhammad ibn Maslama Ansoriy roziyallohu anhuga birodar qilib qo‘ydilar.

Badrda u kishi mohir chavondoz ekanliklarini ko‘rsatganlar, Uhud kunini tarix hech qachon unutmaydi. U kun qancha yo‘qotishlar, qancha jon fidoliklar bo‘lgani islom olamiga ma’lumdir. Ayni shu kuni bizning qahramonimiz haqiqiy qahramonliklar ko‘rsatganlar. Bu haqida bizga Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu so‘zlab beradilar:

“Uhud urishi kuni Rasululloh sollollohu alayhi vasallam odamlardan ajrab, yolg‘iz qoldilar. Men birinchilardan bo‘lib U zot tomon yurdim, qarasam, bir odam U zotning oldilarida himoya qilib, urishmoqda: “Talha bo‘lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin! Talha bo‘lsa edi. Otam ham, onam ham unga fido bo‘lsin”, deb borsam, orqamdan Abu Ubayda huddi qushdek uchib keldi. Birgalashib yetib borsak, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning oldilarda Talha yiqilib yotgan ekan.

 Rasululloh sollollohu alayhi vasallam: “Birodaringizga qarang, u haqlidir” derdilar.

Shu payt Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning yanoqlariga bir narsa kelib tegib, dubulg‘aning halqasini kiritib yubordi. Uni  Rasululloh sollollohu alayhi vasallamdan chiqarib olish uchun borgan edim, Abu Ubayda:

“Alloh hayringni bersin, Abu Bakr menga qo‘yib ber”- dedi va o‘sha kirgan narsani og‘zi bilan chiqara boshladi. Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ozor bermaslik uchun tishi bilan chiqarishga harakat qildi va chiqarib oldi. Abu Ubaydaning old tishi sinib tushdi. So‘ngra men keyingisini olishga uringan edim, Abu Ubayda yana:

“Alloh hayringni bersin, Abu Bakr menga qo‘yib ber”- dedi. Yana tishi bilan chiqarib oldi. Abu Ubaydaning yana bir old tishi tushdi.” Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni tushgan ikki tishlari umr bo‘yi u kishining Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga sadoqatlari nishoni bo‘lib qo‘ldi.

Abu Ubayda ibn Jarroh roziyallohu anhuni ta’riflagan har bir kishi “U  kishi uzun bo‘yli, ozg‘in, yuzi ochiq, soqoli siyrak va ikki old tishi tushgan odam edi”, deb aytgan.

Abdulloh ibn Umar roziyallohu anhu u kishini quyidagicha ta’rifalaydilar: “Qurayshdan uch kishi odamlar ichida eng ochiq yuzli, eng go‘zal hulqli, eng sobit hayolidir. Ular sen bilan gaplashsalar, yolg‘on gapirmaydilar. Sen ularga gapirsang, seni yolg‘onchi qilmaydilar. Ular- Abu Bakr Siddiq, Usmon ibn Affon va Abu Ubayda ibn Jarroh” dedilar.

Rasululloh sollollohu alayhi vasallam bazi sariyalarga u kishini amr qilib yuborganlar, shu sariyalardan biri Zul Qissa nomli joyga yuborilganlaridir. Bu qo‘shinda 300 kishi bor edi. Ular u yerda uzoq qolib ketishdi. Natijada ularda yemish qolmadi. Shiddatli ochlik yetdi. Hattoki ular daraxt barglarini yeyishdi. Ammo Alloh sodiq qullarini shunday tashlab qo‘yarmidi? Yo‘q albatta! Alloh taolo ularga dengizdan Anbar deyilguvchi baliqni otib chiqarib berdi. Ular bu baliqni yeb hatto semirib ham qolishgani aytilgan. Ular Madinaga qaytib voqeani  Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga aytib berishganda U zot hazil bilan “Bizga ham olib kelmabsizda” degan edilar.

Abu Ubayda roziyallohu anhu yetuk odob egasi, buyruqqa so‘zsiz bo‘ysunuvchi hodim edilar. Hijriy 8-yili Jumadul avval oyida  Zotus Salolsil sariyasi bo‘lib o‘tdi. Bu sariyaga muhojirlardan Abu Bakr va Umar roziyallohu anhumlar ham chiqqan edilar  ularga bosh etib Abu Ubayda ibn Jarrohni tayin qilgandilar Rasululloh sollollohu alayhi vasallam. Umuman o‘sha sariyada mazkur ikki ulug‘ sahobiylardan tashqari, ko‘pgina katta muhojir sahobalar ham bor edilar. Ammo Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ularga bosh etib aynan Abu Ubayda roziyallohu anhuni tayin qilishlari u kishini ummatning amiyni, Rasululloh sollollohu alayhi vasallamning oldilarida  fazli ulug‘ kishi ekanliklariga yana bir ishora edi.  U kishi husni xulqli, yumshoq tabiatli, tortishuvni hush ko‘rmaydigan, ko‘pchilik g‘amini yeyuvchi yuksak fazl sohibi edilar.

Najrondan elchilar kelib Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga bizga talim beruvchi bir amiyn kishini yuboring deb iltimos qildilar.

Anas ibn Molik roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Najron ahli Nabiy sollolohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib: “Ey Allohning Rasuli, bizga bir amiyn kishini yuboring”, dedilar. Bas, U zot:

“Albatta, men sizlarga amiyn kishini, amiyn bo‘lganda ham, haqiyqiy amiynni yuborurman”, dedilar.  Odamlar o‘sha sharafga intildilar. U zot Abu Ubayda ibn Jarrohni yubordilar”.

Bundan ko‘rinadiki  Abu Ubayda roziyallohu anhuda ustozlikning yuksak namunasi bor edi. Boshqa bir holatda ham Rasululloh sollollohu alayhi vasallam ustozlikka u kishini tavsiya etganlar. Va tariflab aytgandilarki “Men talimingni va odobingni yaxshi qiladigan yubordim” deganlar.

Bir rivoyatda keltirilishicha Rasululloh sollollohu alayhi vasallamga ichimlik keltirilganda birinchi Abu Ubayda ibn Jarrohga uzatdilar “avval sen ich deb”. Bundan ko‘rinadiki u kishining fazllari yuksak darajada ekanki,  u yerda katta sahobalar ham bo‘lsalarda Rasululloh sollollohu alayhi vasallam aynan u kishiga avval berib “sen ich sendan keyin men ichaman” deb aytgandilar.

Rasululloh sollollohu alayhi vasallam vafot etganlarida odamlar kimni halifa qilishni bilmay turishganda, Abu Bakr Siddiq roziyallohu anhu “ Yoki Umarga, yoki Abu Ubaydaga bay’at qilinglar” dedilar. Ammo Abu Ubayda roziyallohu anhuning o‘zlari ixtilofni oldini olib haqli halifaning nomzodini yoqlab chiqdilar.

Halifalar davrida ham u kishi o‘z fazllari va hizmatlari bilan islom ummatiga ko‘p foydalar berganlar. Abu Bakr Sidddiq roziyallohgu anhu davrlarida u kishiga ko‘p maslahatlar berganlar. U kishi taqvoda sobit turgan, dinga hizmat qilishni sharaf bilgan, har ishda Allohga yaqinlikni avvalga qo‘ygan,  qalbi pok sahiy, qo‘li ochiq, oxiratni dunyodan ustun qo‘ygan, qo‘liga tushgan narsani ehson qilishni sevuvchi zohid edilar.

U kishi Umar roziyallohu anhu davrlarida Shomga voliy edilar. Shomga vabo tarqalgan bir paytda Umar roziyallohu anhu u kishiga maktub yuborib shunday degandilar; “ Mening senga hojatim bor. Senda boshqa hechkim uni hal qilolmaydi. Agar ushbu maktubni olsang kechasi bo‘lsa, kechasi, kunduzi bo‘lsa kunduzi yo‘lga chiq” deydilar. Ammo Abu Ubayda roziyallohu anhu mo‘minlar amirining niyati u kishini vabo tarqagan hududdan chaqirib olish ekanini bilib quyidagicha javob yozadilar.

“Ey mo‘minlarning amiri, menga tushgan hojatingni bildim.  Men musulmonlar lashkari ichidaman. Ularga yetgan narsadan o‘zimni chetga olmoqchi emasman. Alloh mening va ularning haqida O‘z hukmini qilmaguncha ulardan ajramoqchi emasman. Qachon maktubim senga yetsa, meni talabingdan halol et. Meni qolishimga izn  ber”, dedilar.

Maktubni olgan Umar roziyallohu anhu qattiq yig‘ladilar. Bildilarki vabo eng yaqinlari, ummatning amiyni, amirul-umaro, sodiq hodim, har lahza din uchun yashovchi bo‘lgan maslahatchilariga ham yetmay qolmas ekan. Ha Umar roziyallohu anhuni yig‘latgan maktubdan hech qancha o‘tmay vabo u kishiga yetdi. Holatlari og‘ilashib yotib qolganlarida u kishi musulmonlarni chaqirib quyidagicha maruza qildilar.

“Namoz o‘qinglar, zakotni beringlar, ramazon ro‘zasizni tutinglar, sadaqa qilinglar, haj va umra qilinglar. Bir-biringizga va amirlaringizga nasihat qilinglar, ularni aldamanglar. Dunyo sizlarni halok qilmasin. O‘lim haq, Alloh taolo bani odamga o‘limni yozgandir. Odamlarning eng farosatlisi O‘z Robbisiga itoatkorroq bo‘lgani, qaytar kun uchun ko‘proq amal qilganidir.” dedilar.

Shundan so‘ng hijriy 18-yili boshlarida Urdun shaxrida vafot etdilar, qabrlari ham o‘sha  yerda. Bu habarni eshitgan Umar roziyallohu anhu qattiq yig‘ladilar va uzoq duo qildilar. Janozalarini  Muoz ibn Jabal roziyallohu anhu o‘qidilar. Janoza oldidan odamlarga hutba qilib:

“Ey musulmonlar, sizlar bir kishida fojeaga uchradingiz. Men undan ko‘ra qalbi yaxshiroq, yomonlikdan uzoqroq, ko‘pchilikka hayrni yaxshi ko‘radiganroq, odamlarga nasihatgo‘yroq odamni ko‘rmaganman”, deya olaman.” dedilar.

Umar ibn Hattob roziyallohu anhu o‘lim to‘shagida yotganlarida, odamlar o‘zlaridan keyingi halifa kim bo‘lishini so‘raganlarida:

“Agar Abu Ubayda ibn Jarroh  tirik bo‘lganida, o‘shani halifa qilar edim. Agar Robbim  mendan u haqida so‘rasa, “Allohning amiyni, va Uning Rasulining amiynini halifa qilib qo‘ydim”, der edim”, dedilar.

Qahramonimiz  hardam bo‘lsin Allohning ummatini og‘ir vaziayatda qoldirishni yoqtirmasliklarini  yana bir bor isbot qilganlar. Alloh taolo ikkovlaridan ham rozi bo‘lsin. 

 

****

 

Siz ummat amiyni, Rasul ishonchi,

Sizni  deb Umarlar  yig‘lagan  uzoq.

Siz jannat ahlisiz hayotligida,

Amiyn sifatini olgan yo‘lboshchi.

 

Fazilatda tengsizdir, hayrda oliy,

Abu Bakrlar ham tan olgan sizni.

Ummatga buyuk dars hayot yo‘lingiz,

Muozlar ham yig‘lab qoldi ortizdan.

 

Dengiz bo‘ylarida izlari qolgan,

Anbarlar baxslashgan sizga intilib.

Shomning ko‘chalari hamon sog‘inar,

Adolat, sahovat, sohibin izlab.

 

Rasulin sevgisin qozongan inson,

Ummatning amiyni bo‘lolgan o‘ziz,

Amir-ul umaro barcha amirga,

Siz yetuk ustozsiz shogirdlar uchun.

 

Nasabda Nabiyga tutashgan amiyn,

Fazlda Umarga tenglashgan amir.

Hatto Aloh sizni  suygan bir ortiq,

Siz ummat amiyni, Alloh ishonchi.

 

Tishlarin yo‘qotib sharaflar ko‘rgan,

Rasuliga so‘zsiz itoat etgan.

Bu qanday maqomki sizda topilgan,

Rasulim sizga deb suvlar ilingan.

 

Oh, qanday fazlki sizda jamlangan,

Rasulim sizni bir boshqacha suygan.

Barcha sahobalar sharaf deb ko‘rgan,

Amirsiz, ajib bir xulqli amiynsiz.

 

 

Manbalar asosida

Imom Buxoriy nomidagi Toshkent Islom Instituti 

2-V kurs talabasi Yunusxo‘ja Orifaxon tayyorladi.

Siyrat va islom tarixi
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

28.08.2026   42018   18 min.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqi

(2026 yil 28 avgust, Toshkent sh.)

 

Assalomu alaykum, qadrli vatandoshlar!

Hurmatli mehmonlar!

Bugun muqaddas Vatanimiz mustaqilligining qutlug‘ o‘ttiz besh yillik bayramini katta iftixor va tantana bilan nishonlayapmiz.

Aziz xalqimiz, jumladan, muhtaram nuroniylarimiz, shijoatli yoshlarimiz, mo‘tabar ayollarimizni, yurtimizdagi barcha millat va elat vakillarini, xorijdagi vatandoshlarimizni ushbu ayyom bilan chin yurakdan samimiy tabriklayman.

Eng ulug‘ bayramimiz Yangi Toshkentda o‘tkazilayotgani tantana shukuhini yanada oshirmoqda.

Kelgusida ilm-fan, ta’lim va madaniyat markazi bo‘ladigan ushbu hududda kuni kecha Yangi O‘zbekiston universiteti, Nizomiy Ganjaviy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, O‘zbekiston milliy kutubxonasining muhtasham binolarini ishga tushirdik.

Bugun sizlarning ishtirokingizda ochiladigan favvora dunyodagi eng baland musiqali favvora sifatida Ginnesning rekordlar kitobidan joy olgani ham bayram kayfiyatiga yanada baland ruh bag‘ishlaydi.

Bir necha yuz yillik orzular ro‘yobga chiqayotgan bu betakror makonda butun xalqimiz bilan hali yana ko‘plab quvonchli va tarixiy voqealarga guvoh bo‘lamiz.

Aminmanki, Yangi Toshkent poytaxtimizning ko‘rkiga ko‘rk qo‘shib, biz barpo etayotgan Yangi O‘zbekistonning kuch-qudratini namoyon etadigan chinakam taraqqiyot markaziga aylanadi!

 

Qadrli do‘stlar!

Biz 1991 yilda xalqimizning xohish-irodasi va qat’iyati bilan o‘z davlat mustaqilligimizni qo‘lga kiritdik. Aslida buyuk istiqlolimiz ildizlari uch ming yildan ziyod bo‘lgan davlatchilik an’analarimiz va qadimiy sivilizatsiyamiz tarixiga borib taqaladi.

Birinchi va Ikkinchi Renessans davrida Muhammad Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Mirzo Ulug‘bek, Mir Alisher Navoiy kabi buyuk allomalarimiz bashariyat tafakkuri xazinasini boyitgan.

Sohibqiron Amir Temur bobomiz barpo etgan davlat esa adolat va bunyodkorlik timsoli sifatida tarix zarvaraqlaridan munosib o‘rin olgan.

Vatan ozodligi va milliy istiqlol yo‘lida jonini fido qilgan Behbudiy, Munavvarqori, Fitrat, Qodiriy, Cho‘lpon kabi jadid bobolarimizning hurriyat haqidagi orzu-niyatlari bugun Yangi O‘zbekistonda to‘liq ro‘yobga chiqmoqda.

Mustaqillik, eng avvalo, bizga shonu sharafimizni, muqaddas dinimizni, ona tilimizni, unutilayotgan milliy qadriyatlarimizni qaytarib berdi.

Istiqlol tufayli biz o‘zligimizni angladik, nomi hamisha e’zozda bo‘lgan ota-bobolarimizning munosib vorislari ekanimizni butun dunyoga namoyon etdik.

Ushbu hayajonli daqiqalarda bugungi erkin hayot uchun jonini fido qilgan ulug‘ ajdodlarimiz, jadidlar xotirasiga ta’zim bajo keltiramiz.

Mana shu tarixiy sanada o‘tgan 35 yil davomida mustaqilligimizni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shgan barcha marhum yurtdoshlarimizning fidokorona mehnati va jasoratini yana bir bor e’tirof etishni joiz, deb bilamiz.

Birinchi Prezidentimiz, atoqli davlat va siyosat arbobi Islom Abdug‘aniyevich Karimovning yorqin xotirasini ehtirom bilan yod etamiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Mustaqillikning buyuk ahamiyati, avvalo, inson qadri va erkin hayotida namoyon bo‘ladi. Shu bois, biz islohotlarni boshlagan birinchi kunlardanoq xalqning qalbiga quloq soldik, aholining dardiga darmon bo‘lishni maqsad qildik. “Inson qadri uchun!” degan g‘oyani davlat siyosatining markaziga olib chiqdik. Birinchi galda “paxta qulligi”, “majburiy mehnat va bolalar mehnati”, “konvertatsiya cheklovi”, “propiska” kabi odamlarni yillar davomida qiynab kelgan muammolarga barham berdik.

Eng asosiysi, fuqarolarimiz yuragidagi qo‘rquv va hadik o‘rnini ishonch va xotirjamlik egalladi. Har bir inson erkin va farovon yashaydigan jamiyat barpo etish uchun keyingi o‘n yilda tinimsiz izlandik, qattiq mehnat qildik.

Katta siyosiy iroda ko‘rsatib, O‘zbekistonni dunyoga keng ochdik. Xususan, chegara muammolari hal qilindi, qo‘shnilarimiz bilan do‘stlik va hamkorlik mustahkamlandi. Valyuta, soliq, bojxona va investitsiya siyosatida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi. Natijada “Iqtisodiy erkinlik indeksi”dagi o‘rnimizni 80 pog‘ona yaxshilab, “iqtisodiyoti mo‘tadil erkin” davlatlar qatoridan joy oldik.

Ilgari iqtisodiyotimizga yiliga 2-3 milliard dollar xorijiy investitsiya olib kelingan bo‘lsa, hozirgi paytda 40-50 milliard dollar chet el sarmoyasi jalb qilinmoqda. Yurtimizga investitsiyalar bilan birga ilg‘or texnologiyalar, zamonaviy bilim va yangi iqtisodiy imkoniyatlar kirib kelmoqda.

Biz uch yil oldin 2030 yilda yalpi ichki mahsulot hajmini 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilgan edik. Global logistikadagi uzilishlar, dunyodagi notinch vaziyatga qaramasdan, bu vazifani shu yilning o‘zida ortig‘i bilan amalga oshiramiz va daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kiramiz.

E’tiborli jihati – biz bunday yuksak natijalarga xalqimizning fidokorona mehnati, intellektual salohiyati hamda millat va davlat birdamligi tufayli erishyapmiz. Ijobiy o‘zgarishlarni har bir inson, har bir oila o‘z hayotida chuqur his etyapti, desam, fikrimga qo‘shilasiz, albatta.

Yangi davrda zamonaviy uy-joyga ega bo‘lgan 650 mingdan ziyod oilaning quvonchini so‘z bilan ta’riflab bo‘ladimi?

Minglab mahallalarimizga Yangi O‘zbekiston qiyofasi kirib bormoqda.

Kambag‘allik masalasini ochiq tan olib, uni keskin qisqartirish bo‘yicha Yangi O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Ehtiyojmand oilalarning daromadi, kasbi, salomatligi, farzandlarining ta’lim olishi va yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha “mahallabay” ishlash tizimini yo‘lga qo‘ydik.

Izchil sa’y-harakatlarimiz tufayli bugungi kunda kambag‘allik darajasini 2017 yildagi 35 foizdan 4 foizga tushirishga erishdik. Ushbu raqamlar zamirida ro‘zg‘origa baraka kirib, turmush sifati yaxshilangan 10 million insonning quvonchi va shukronalik tuyg‘ulari mujassam.

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Dunyo hamjamiyatida munosib o‘rin egallashimiz uchun bizga bilimli, kelajak kasblarini puxta egallagan, mustaqil fikriga ega bo‘lgan yangi avlod mutaxassislari kerak. Shu bois, ta’limga sifat va mazmun olib kiryapmiz. Muallimning obro‘-e’tiborini tiklab, daromadini oshirib boryapmiz.

O‘tgan o‘n yilda, aholimiz 8 millionga ko‘paygan sharoitda ham bog‘cha qamrovini 78 foizga yetkazdik. Maktablarda 1,5 million qo‘shimcha o‘quvchi o‘rni yaratildi. Prezident, ijod va ixtisoslashgan maktablar tashkil etilgani farzandlarimizga yetakchi xorijiy ta’lim maskanlaridan kam bo‘lmagan darajada chuqur bilim egallash uchun keng imkoniyatlar eshigini ochdi.

Yoshlarga xorijiy tillar va kasb-hunar o‘rganishlari uchun munosib sharoitlar yaratdik.

Oliygohlarda o‘qish uchun qulay sharoitlarni kengaytirganimiz hisobiga hozirgi kunda talabalar soni 1 million 600 ming nafarga yetdi. Quvonarlisi, yoshlarda bilim olishga ishtiyoq kuchaydi. Ota-onalar uchun farzandini oliy ma’lumotli qilish faqat orzu emas, erishsa bo‘ladigan maqsadga aylandi.

Ayniqsa, talabalarning yarmidan ko‘pini xotin-qizlar tashkil etayotgani – Uchinchi Renessansning o‘ziga xos qiyofasi, desak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki, bilimli qizlar – bilimli oila, bilimli avlod va ma’rifatli jamiyat deganidir.

Biz ta’lim bilan bir qatorda ilm-fan, zamonaviy texnologiya va innovatsiyalarni ham taraqqiyotimizning hal qiluvchi omili, deb bilamiz.

Shu bilan birga, IT, sun’iy intellekt, kreativ iqtisodiyot kabi yo‘nalishlar rivojiga yangi ruh berib, juda katta harakatni boshlab yubordik. Bu orqali 10 million yoshlarimizni raqamli industriya va kelajak kasblariga olib kiramiz.

Istiqlol bayramimiz arafasida xitoylik hamkorlarimiz bilan “Samarqand – 2028” sun’iy yo‘ldoshini fazoga uchirganimiz bizga alohida g‘urur bag‘ishlaydi.

Mening niyatim: O‘zbekiston texnologiya sohalarida jahonga ilg‘or tashabbuslarni taklif qiladigan markazga aylanishi zarur.

O‘zbek tili – raqamli dunyoda ilm va texnologiya yaratiladigan til bo‘lishi lozim.

 

Aziz vatandoshlar!

Inson qadri haqida so‘z yuritganda, aholimizning sog‘lig‘i masalasiga alohida e’tibor qaratishimiz tabiiy. So‘nggi yillarda ushbu sohaga ajratilayotgan mablag‘ni 8 karradan ziyod oshirdik. Eng muhimi, sifatli tibbiy xizmat olish imkoniyati nafaqat markazda, balki hududlarda ham yaratildi.

O‘tgan davrda yurtimizda 652 ta yangi tibbiyot muassasasi barpo etilgani, xususiy sektorga keng imkoniyat berilgani tufayli tibbiy xizmatlar hajmi 3 karra oshdi. Yuqori malakali shifokorlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yib, ularga sharoit yaratganimiz

o‘z natijasini beryapti. Ilgari xorijda amalga oshirilgan 100 dan ziyod murakkab diagnostika va davolash usullari bugun yurtimizda ham mukammal bajarilmoqda.

Umuman, aholining o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligi 1991 yildagi 66,4 yoshdan 2025 yilda 75,4 yoshga yetgani, go‘daklar va onalar o‘limi ko‘rsatkichi 4 barobar kamaygani sohadagi islohotlarimizning eng muhim natijasidir.

 

Qadrli do‘stlar!

Jonajon Vatanimiz azaldan ulug‘ mutafakkirlar, aziz avliyolar, buyuk allomalar yurti bo‘lib kelgan. Biz mana shunday bebaho merosga munosib ravishda Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy, Burhoniddin Marg‘inoniy yodgorlik majmualari kabi betakror ilmiy-ma’rifiy dargohlarni barpo etdik.

Bu muhtasham va tabarruk maskanlar bugun nafaqat yurtimiz va islom olami, balki butun jahon ahlining haqli e’tirofiga sazovor bo‘lmoqda. Biz bunday bunyodkorlik ishlarini jadal davom ettiramiz.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Bizning eng katta boyligimiz – ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan Yangi O‘zbekiston yoshlaridir. Intiluvchan va tirishqoq o‘g‘il-qizlarimizni qo‘llab-quvvatlash, ularga keng imkoniyatlar ochish uchun har yili 20-25 trillion so‘m ajratilmoqda.

Bugungi kunda O‘zbekistondagi biznes vakillarining 35 foizini yosh tadbirkorlar tashkil etyapti.

Tokio va Parij Olimpiya hamda Paralimpiya o‘yinlarida, dunyo maydonlarida yosh sportchilarimiz erishgan tarixiy yutuqlar xalqimizga cheksiz iftixor bag‘ishladi.

Futbolchilarimiz ilk bor jahon chempionatida ishtirok etib, o‘zbek sporti tarixida yangi sahifa ochdi. Ular boshlagan yo‘l albatta davomli va zafarli bo‘ladi, deb ishonamiz.

Yaqin kunlarda Samarqandda katta sport anjumani – Jahon shaxmat olimpiadasi boshlanadi. Noyabr oyida esa mashhur grossmeysterimiz Javohir Sindorov jahon shaxmat toji uchun kurashga kirishadi.

Ushbu musobaqalarda shaxmatchi o‘g‘il-qizlarimga ulkan zafarlar tilayman!

Xalqaro fan olimpiadalarida, tanlov va festivallarda yuqori o‘rinlarni egallayotgan yoshlarimizni – Yangi O‘zbekiston yulduzlari, kelajak bunyodkorlari, deb bilaman!

Oldinga qarab intilishdan va doimiy izlanishdan hech qachon to‘xtamang, aziz farzandlarim!

 

Muhtaram yurtdoshlar!

Bugun biz tarixning yanada mas’uliyatli va hal qiluvchi pallasida turibmiz. Mamlakatimiz taraqqiyotning mutlaqo yangi davriga qadam qo‘ymoqda. Kelgusi o‘n yillik – biz uchun milliy yuksalish davri bo‘ladi.

Buni faqat va faqat xalqimizning aql-zakovati, mehnati va birdamligi orqali o‘zimiz bunyod etamiz. Shu maqsadda kelgusi yillarda yurtimizda inson qadrini yanada yuksaltiradigan 7 ta milliy dasturni amalga oshiramiz.

Birinchi milliy dastur bilim va malakani kelgusi taraqqiyotimizning asosiy kapitaliga aylantirishdan iborat bo‘ladi.

Bolalarning 6 yoshli tayyorlov guruhlariga qamrovini qisqa muddatda 100 foizga olib chiqamiz. Xususiy bog‘cha tashkil qilish bo‘yicha mavjud imtiyozlar saqlab qolinadi.

Barcha maktablar xalqaro baholash dasturlari bilan to‘liq qamrab olinadi.

Yurtimizdagi texnikumlarda xalqaro ta’lim standartlarini joriy etamiz. Ularda yoshlarimizni yuqori daromadli kasblarga o‘qitishni yo‘lga qo‘yib, qamrovni 1 millionga yetkazamiz. Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda kasb egallamagan birorta yigit-qiz qolmaydi.

Biz kelgusi yillarda kamida 10 ta universitetimizni TOP mingtalikka kiritishni katta marra sifatida belgilaymiz.

Ikkinchi milliy dastur xalqimizning sog‘lom bo‘lishi va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi.

Shu maqsadda aholi salomatligi bilan bog‘liq davlat xarajatlarini kelgusi besh yilda yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5 foizga yetkazamiz.

Biz tibbiyotda profilaktikani kuchaytirish orqali salomatlikni asrash modeliga o‘tamiz. Davlat tibbiy sug‘urtasi mamlakatning barcha xonadonlariga kirib boradi.

Ixtisoslashgan tibbiyotda raqobat muhitini kuchaytirish maqsadida dunyoning eng nufuzli kamida 5 ta klinikasini olib kelamiz.

Yurtimizni zamonaviy tibbiyot, farmatsevtika, biotexnologiyalar va tibbiy ta’lim taraqqiy etgan maskanga aylantiramiz.

Hurmatli tadbir ishtirokchilari!

Uchinchi milliy dastur – iqtisodiyotimizni yuqori texnologiya va mehnat unumdorligi modeliga o‘tkazish.

Buning uchun kelgusi o‘n yilda 450 milliard dollar xorijiy investitsiya jalb qilamiz. Iqtisodiyotda yuqori o‘sish sur’atini saqlagan holda, 2030 yilgacha yalpi ichki mahsulot hajmi 300 milliard dollarga yetkaziladi, sanoatda 2 millionta yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.

Yoshlarimizning salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishda startap, venchur va sun’iy intellektni rivojlantirish ustuvor yo‘nalishga aylanadi.

Shuningdek, kichik biznes – o‘rta biznesga, o‘rta korxonalar esa yirik kompaniya va korporatsiyalarga aylanishi uchun yaxlit ekotizimni yo‘lga qo‘yamiz. Bularning hisobiga kelgusi o‘n yilda jon boshiga yalpi ichki mahsulot hajmi 10 ming dollarlik marradan oshadi.

 

Aziz do‘stlar!

Global iqlim o‘zgarishi sharoitida suv va ekologiya masalalari yanada dolzarb bo‘lib bormoqda.

Shu bois, to‘rtinchi milliy dastur suv va tabiatga munosabatni tubdan o‘zgartirishga qaratiladi.

Kelgusi besh yilda ekin maydonlarida suv tejaydigan texnologiyalar qamrovini 100 foizga olib chiqamiz. Bu – umummilliy marraga aylanadi.

Tabiatga munosabat – xalqning madaniyati, davlatning mas’uliyati va taraqqiyotning sifat ko‘rsatkichidir. Shuning uchun mamlakatimizda “Yashil makon” umummilliy harakatini yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz. Maktab, bog‘cha, shifoxona va ko‘p qavatli uylar atrofidagi yashil hududlar jamiyatning daxlsiz boyligi sifatida muhofaza qilinadi. Yaqin yillarda tuman va shahar markazlarida yashillik ko‘lamini 30 foizga yetkazamiz.

 

Qadrli yurtdoshlar!

Adolat qaror topgan joyda iqtisodiy o‘sish ham, ijtimoiy ishonch ham yuksaladi.

Bu borada beshinchi milliy dastur – sud mustaqilligini kuchaytirish va qonun ustuvorligini ta’minlashni umumiy qadriyatga aylantirishdan iborat.

Buning uchun huquqiy tarbiyani maktabdan boshlab aniq tizim asosida yo‘lga qo‘yamiz. Fuqarolar va tadbirkorlarning qonuniy kafolatlarini kuchaytirish bo‘yicha islohotlarimizni qat’iy davom ettiramiz. Kiberjinoyatchilik, giyohvandlik va odam savdosining oldini olish bo‘yicha choralarni yanada kuchaytiramiz.

“Yashirin iqtisodiyot”, uyushgan jinoyatchilik, ayollar va bolalar huquqini kamsitishga qarshi kurashni yangi bosqichga ko‘taramiz.

Aziz vatandoshlar!

Odamlarimizning kayfiyati, oilalarning farovonligi, yoshlarning orzu-istagi, tadbirkorlarning tashabbuskorligi, eng avvalo, mahallada namoyon bo‘ladi.

Shuning uchun oltinchi milliy dastur mahallani jamiyat taraqqiyotining asosiy buyurtmachisiga aylantirishga yo‘naltiriladi.

Endi davlat dasturlarini ishlab chiqish bo‘yicha yondashuv butkul o‘zgaradi. Tuman budjeti, investitsiya dasturi hamda infratuzilma loyihalari mahalla buyurtmasi asosida ishlab chiqiladi. Bunda fuqarolarning talab va ehtiyoji, mahallaning farovonligi – eng asosiy mezon sifatida belgilanadi.

 

Hurmatli bayram ishtirokchilari!

Yettinchi milliy dastur – O‘zbekistonning tinchlik va do‘stlik diyori, bag‘rikeng o‘lka sifatidagi nufuzini har tomonlama yuksaltirishdan iborat.

Yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari, 16 ta diniy konfessiya a’zolari bir oila farzandlaridek ahil va inoq yashamoqda.

Bugungi notinch zamonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglik xalqimizning oltin fondi, bebaho boyligidir.

Bizning ochiq, pragmatik va tinchlikparvar siyosatimiz uzoq muddatli taraqqiyotimizni ta’minlashga qaratilgan.

Markaziy Osiyoda ahil qo‘shnichilik, strategik sheriklik va do‘stlik aloqalarini kengaytirishda tarixiy yutuqlarga erishildi.

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi, Yevropa Ittifoqi, Amerika, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va arab-musulmon dunyosi davlatlari bilan munosabatlarimiz yanada mustahkamlandi. Sharqiy Yevropa, Afrika va Lotin Amerikasida yangi hamkorlik yo‘nalishlari ochildi.

Mamlakatimiz bilan diplomatik munosabat o‘rnatgan davlatlar soni qariyb 170 taga yetdi.

O‘zbekistonni xalqaro diplomatiyaning muhim markaziga aylantirish uchun ko‘pqirrali, vazmin va muvozanatli tashqi siyosatni davom ettiramiz. Iqtisodiy diplomatiya tashqi siyosatimizning ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib qoladi.

Mamlakatimiz 2027-2029 yillarda Qo‘shilmaslik harakatiga ilk marotaba raislik qiladi. Dunyodagi 120 dan ortiq davlatni birlashtirgan ushbu global tuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan tashabbuslarni faol ilgari suramiz.

Yon qo‘shnimiz bo‘lgan Afg‘oniston bo‘yicha konstruktiv siyosatimizni qat’iy davom ettiramiz.

Fursatdan foydalanib, bugungi tantanamizda ishtirok etayotgan diplomatik korpus vakillariga, xorijiy ommaviy axborot vositalari xodimlariga, AQSH, Turkiya va Singapurdan kelgan yuqori martabali mehmonlarimizga samarali hamkorlik uchun alohida minnatdorlik bildiraman.

 

Aziz va muhtaram vatandoshlarim!

Bir fikrni ishonch bilan aytmoqchiman.

Biz bugun kechagidan kuchlimiz. Nasib etsa, ertaga bundan ham kuchli bo‘lamiz.

O‘ttiz besh yillik mustaqil taraqqiyot yo‘limiz bizga bir haqiqatni o‘rgatdi: xalq va davlat yagona maqsad yo‘lida birlashib, astoydil harakat qilsa, zabt etib bo‘lmaydigan marraning o‘zi yo‘q.

Bunday buyuk qudratga ega xalq va davlatni yenga oladigan kuchning o‘zi yo‘q.

Biz yagona Vatan, yagona xalq bo‘lib, yangi hayot va buyuk kelajagimizni birgalikda barpo etamiz!

Ishonchim komil, matonatli, mard va olijanob xalqimiz o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘ maqsadlarga albatta yetadi.

Vatanimizning oltin davrini, yangi buyuk tarixini albatta barchamiz birgalikda yaratamiz!

Bizga mustaqillik ne’matini bergan Parvardigorimizga cheksiz shukronalar bo‘lsin!

Istiqlolimiz ijodkori va haqiqiy bunyodkori bo‘lgan xalqimizga shon-sharaflar bo‘lsin!

Sizlarni, sizlar orqali butun xalqimizni bugungi ulug‘ bayram – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz besh yilligi bilan yana bir bor tabriklayman.

Yurtimiz tinch, xonadonlarimiz obod va farovon bo‘lsin!

Yashasin O‘zbekiston Respublikasi!

Yashasin O‘zbekiston xalqi!

O'zbekiston yangiliklari