Bu fazilatli sahobiyaning to‘liq ismlari Ummu Kulsum binti Uqba ibn Abu Muayt Abon ibn Zakvon ibn Umayya ibn Abdushshams ibn Abdumanof ibn Qusay al-Umaviy raziyallohu anhodirlar.
Alloh taolo O‘z kalomida o‘likdan tirikni chiqarishini, tirikdan esa o‘likni chiqarishini va’da qilgan. Ya’ni, goho noqobil ota-onadan solih farzandlar, goho esa solih ota-onadan noqobil farzandlar dunyoga keladi. Ne saodatkim, Ummu Kulsum raziyallohu anho dunyoda imon lazzatini totmay yashagan Uqba ibn Abu Muaytning soliha qizi edilar.
Uqba ibn Abu Muaytning ismi hech qachon yaxshi so‘zlar va maqtovlar bilan eslanmaydi. Buning sababi bor. U Allohning diniga va Payg‘ambariga qarshi chiquvchi, imkon topdi deguncha oyoqosti qilishga urinuvchi kimsa edi. Ayniqsa Rosululloh sollallohu alayhi vasallamga ozori qattiq kishilardan biri edi. U Sarvari koinot Ka’ba oldida sajda qilayotganlarida muborak bo‘yinlarini bosib turgan, boshqa safar namoz o‘qiyotganlarida to‘satdan kelib kiyimi bilan bo‘g‘gan, tuyaning qog‘anoqini (ichki a’zosi) yelkalarining o‘rtasiga tashlab, hamtovoqlari bilan miriqib kulgan badbaxt – Uqba ibn Abu Muayt edi. Lekin Allohning irodasi ila Uqbaning honadonida, tarbiyasida katta bo‘lgan qizaloq katta bo‘lgan sari otasiga o‘xshamas, uning badxulqini esa sira hazm qilolmas edi. Dili yorug‘lik tomon intilar, hamma qilgan ishni qilgisi kelmas, turli “olihalar”dan bezor bo‘lgan edi. U misoli tubanlik sahrosida unib-o‘sgan muattar gulga o‘xshardi...
Ummu Kulsum qalbi izlab yurgan osoyishtalik lahzalari yetib keldi. U imon halovatini, lazzatini tuydi. O‘zini eng baxtli inson deya his qildi. Shukronalar aytib Yaratganga bosh egdi...
Kunlar kelib musulmonlar Makkani tark etib, Madina sari ketar bo‘lganlarida Ummu Kulsum ular bilan yo‘lga chiqolmadi, to‘g‘rirog‘i chiqa olmasdi. Uni qattiqqo‘l akalari bor edi. Lekin, Islom ne’matini qadrlagan va dinning sharafi ostida o‘z qadrini ham bilgan bu fidokor ayol yolg‘iz o‘zi safar tadorigini ko‘rdi. Uyidagilariga Madinaga ketayotganini sezdirmaslik uchun yaqin bir yerga ketayotgandek tutdi o‘zini. Alloh va Rosulining muhabbatini eng yaxshi hamroh bilib, Madina sari qadamini tezlatdi. Yo‘lda xuzoalik bir kishi kimligini, qayerga ketayotgani so‘radi. Ummu Kulsum raziyallohu anho Rasululloh sallallohu alayhi vasallam huzurlariga borishni juda-juda istayotganini, biroq yo‘lni bilmasligini aytganda haligi xuzoalik: “Men seni kuzatib qo‘yaman!” dedi. So‘ng bir tuya keltirib, Ummu Kulsumni mindirdi-da, yo‘l boshlab ketdi. Yo‘l bo‘yi bir og‘iz gapirmas, indamay ketar edi. Qachon tuyani cho‘ktirsa, bir chetga borib turar, Ummu Kulsum raziyallohu anho pastga tushar edilar. U esa uzoqroqdagi daraxt soyasida dam olardi. Yana tuyaga minsalar, yuzini chetga burib turar, o‘girilib qaramasdi. Shu tarzda Madinaga ham yetib keldilar. Ummu Kulsum bu xuzoalikning yaxshiligini sira unutmadilar. Haqqiga duo qildilar.
Madina... Ha, bu Madina! Payg‘ambar qo‘nim topgan, do‘stlari kelib tushgan diyor. Yetti yil deganda Rasulullohni ko‘radi. Yetti yil deganda firoq oloviga suv sepadi. Sarosima xayollarni, dildagi alamlarni quvib chiqaradi... Mayli yetti yil keyin ularga yetishgan bo‘lsada, endi ortga qaytmaydi. Garchi “Hudaybiyya” sulhi tuzilgan bo‘lsa ham, garchi Makkadan kelgan musulmonlar Madinadan yana Makkaga qaytarilib yuborilayotgan bo‘lsa ham, Madinada qoladi. Qattiq iltimos qiladi. Zaifligini, alamlarga sabri dosh berolmasligini tushuntiradi... keyin Mumtahana surasidagi quyidagi oyatlar nozil bo‘ldi:
“Ey, mo‘minlar! Qachonki, sizlarga (Makka kofirlari tomonidan) mo‘mina ayollar hijrat qilib kelsalar, ularni imtihon qilib ko‘ringiz! Alloh ularning imonlarini (bor yoki yo‘qligini) yaxshiroq biluvchidir. Bas, agar ularning (haqiqatan) mo‘mina ayollar ekanini bilsangiz, u holda ularni kofirlarga qaytarmangiz! Bular (ular) uchun halol emas va ular bular uchun halol emasdir.” (Mumtahana, 10)
Bu qanday bir baxt. O‘zi haqida oyat tushsa-ya!
Ummu Kulsumning hali boshlari ochiq, Makkada oila qurmagan edilar. Birinchilardan bo‘lib Zayd ibn Horisa sovchi qo‘ydilar va nikohlariga oldilar. Oradan bir muddat o‘tib taloq qildilar. So‘ng Abdurrahmon ibn Avf uylandilar. Ular Ibrohim va Hamid ismli ikki o‘g‘il ko‘rdilar. Abdurrahmon ibn Avf vafot etgach, Amr ib Oss raziyallohu anhu o‘z xonadonlariga beka qildilar. Umrlarining oxirigacha Amrning rafiqasi bo‘lib qoldilar. Taqdir hukmi ularni Ali raziyallohu anhu xalifalik qilgan yillarda ayirdi. Amr suyukli umr yo‘ldoshini foniy dunyodan boqiy dunyoga kuzatarkan: “Alvido, Ummu Kulsum...” deya ko‘zlari namlanib qolgan edi.
Xadichai Kubro ayol qizlar o‘rta maxsus
Islom bilim yurti o‘qituvchisi
Saidakbarova Nilufar
Savol: Oilaliman, 2 nafar farzandim bor. Turmush o‘rtog‘im ehtiyojlarim, kasal bo‘lsam dori-darmonim uchun pul bermaydilar. Bolalarimizni ehtiyojlari uchun berib turadilar, xolos. O‘zim ishlayman, “ishlab topgan pulingni hammasini menga berishing kerak, chunki Xadicha onamiz ham hamma pullarini Rasulimiz alayhissalomga berganlar” deydilar doim. E’tiroz bildirsam, “menga itoatsizlik qilyapsan” deydilar.
Yaqinda shu masalada janjallashib qolganimizdan keyin pulimni yarmini olib, o‘zimda qolgan yarmini ro‘zg‘orga ishlatishimga majburlayaptilar. Bizning vaziyatimizga shariatda qanday izoh beriladi?
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Alloh taolo oilada erkakni rahbar etib tayinlab, uning zimmasiga qo‘l ostidagilarning: ayoli va farzandlarining nafaqasini yuklab qo‘ygan. Ayolning topayotgan pulida na erning va na qaynonaning haqi bor, uni zulm qilib olib qo‘yishga mutlaqo haqi yo‘q. Agar o‘zi rozi bo‘lib bersa, olishi mumkin. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Musulmon kishining moli boshqaga halol emas, faqatgina o‘zi rozi bo‘lib, ko‘nglidan chiqarib bersagina, halol bo‘ladi” (Imom Ahmad rivoyati).
Xadiyja roziyallohu anho onamiz butun molu jonini Sarvari olam bo‘lgan turmush o‘rtoqlariga in’om etganlar, ya’ni o‘z ixtiyorlari bilan berganlar. Payg‘ambarimiz alayhissalom tortib yoki talab qilib olib qo‘ymaganlar. Nafaqat Xadiyja onamiz, balki u zotning atrofidagi barcha sahobalar u zotni jonlaridan ortiq yaxshi ko‘rganlar va borini berishga shay turganlar.
Shariatimiz har bir shaxsga moliyaviy mustaqillik bergan. Er topgan pulini o‘zi istaganday sarflashi va bunga na ayoli va na boshqa odamlar to‘sqinlik qilishga haqi yo‘q bo‘lgani kabi, ayolning ham shaxsiy mablag‘idagi tasarrufi o‘z qo‘lida bo‘ladi. Faqatgina foyda-zararni bilmaydigan aqli zaif toifalargina bundan mustasno. Ularning tasarrufini valiylari olib boradi.
Ammo yuqoridagi gaplardan ayol topganini hech kimga bermasligi, faqat o‘zi ishlatishi kerak ekan, degan xulosa chiqmaydi. O‘z ixtiyori bilan eriga, farzandlariga yoki boshqalarga hadya qilishi mumkin va bu uchun albatta, ajr oladi.
Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhuning ayollari Rasululloh sollallohu alayhi vasallam huzurlariga kelib: “Erimga sadaqa qilsam bo‘ladimi?” – deb so‘ragan va u zot alayhissalom: “Ha”, deb javob berganlar. Ya’ni sahobiya ayollar erlariga sadaqa, hadya qilib turganlar. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bejizga: “O‘zaro hadyalashinglar, o‘rtada muhabbat paydo bo‘ladi”, deb aytmaganlar.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, oila er-xotin o‘zaro bir-birlarini tushunishlari, hurmat qilishlari va o‘z burchlarini muhabbat bilan ado etishlari lozim. Ana shunda oilaviy hayot saodatli davom etadi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.