Alloh taoloning ululazm payg‘ambarlaridan biri Ibrohim (a.s) jufti halollari Sora onamiz bilan uzoq hayot kechirdilar. Ularning hayoti Alloh va din yo‘lida kurash bilan o‘tdi. Farzand ko‘rmadilar. Qarib qolganlariga qaramay, kofir qavmlar u zotni tinch qo‘ymaganlari sababli ona vatanlari Falastinni tark etib, ayollari bilan birga Misrga ketishga majbur bo‘ldilar. O‘sha vaqtdagi Misr podshohi u zot haqida turli gaplar borligini eshitib, huzuriga chorladi.
Ibrohim (a.s) Sora onamiz bilan podshoh huzuriga keldilar. Podshoh Ibrohim (a.s) bilan suhbatlashayotganda Sora onamizga nazari tushib, husniga mahliyo bo‘ldi va ko‘ngli buzildi. Zolim podshoh darhol bu go‘zal musofir ayol bilan yolg‘iz qolish choralarini ko‘rdi.
Ular tanho qoldilar. Ammo, ne ajabki podshoh yomon niyat bilan Sora onamiz tomon qadam tashlashi bilan qo‘l-oyog‘i ishlamay qoldi. Yomon niyatidan qaytgan edi, sog‘ holiga qaytdi. Yana yomon niyat qilgan edi, yana qo‘l oyag‘i ishlamay qoldi. Bu holat bir necha bor takrorlandi.
Shunda podshoh mehmonlar oddiy odamlar emasligini tushunib yetib, ularni rozi qilish payiga tushdi. Ibrohim (a.s) ni yana huzuriga chorlab, hadyalar taqdim etdi. O‘sha vaqtning urf odatiga ko‘ra Hojar ismli bir qizni ham u zotga tortiq qildi.
Ibrohim (a.s) sovg‘alarni qabul qilib, yana o‘z yurtlariga qaytib ketdilar. Hojarga uylanib, Allohning irodasi ila, to‘qson yoshlarida undan bir o‘g‘il farzand ko‘rdilar. Farzandga Ismoil deb ism qo‘ydilar. Tez orada inson oilasida bo‘lib turadigan gap-so‘zlar bu oilada ham bo‘ldi.
Bir kuni Ibohim (a.s) Hojar onamizga go‘dakni olib safarga otlanishni buyurdilar. Uchovlon safarga chiqib, cho‘lu biyobonlarda uzoq yurdilar. Ohiri bir yerga kelib to‘xtadilar. Ibrohim (a.s) Hojar onamizga Ismoil ikkovlarini shu joyga tashlab ketishga majbur ekanlarini tushuntirdilar.
Hojar onamiz: “Ey Ibrohim, bu Allohning buyrug‘imi yoki o‘zingizning ishingizmi?-dedilar. Ibrohim (a.s)-“Allohning buyrug‘idir”-dedilar. Shunda Hojar onamiz “Unday bo‘lsa, siz xotirjam ketavering. Alloh bizni o‘zi muhofaza qilib oladi” dedilar. Ibrohim (a.s) ortlariga qaytdilar. Bir joyga borib, qaqroq cho‘lda yolg‘iz qolayotgan xotinlari Hojar onamiz bilan o‘g‘illari Ismoilga yana bir bor nazar tashladilar. So‘ng ularni haqlariga Alloh taologa yolvorib duo qildilar.
Ibrohim (a.s) qaytib ketganlaridan so‘ng yolg‘iz qolgan Hojar onamiz chanqay boshladilar. Atrofga nazar solmoqchi bo‘lib, o‘zlariga yaqin turgan tepalikga chiqdilar. Bu tepalik hozir Safo tepaligi deb nomlanadi. Qarshi tarafdan ul muhtaramning ko‘zlariga suv ko‘rindi, o‘sha tamonga yugurdilar. Tepalikga chiqdilar. Bu ikkinchi tepalik hozir Marva tepaligi deb nomlanadi. Suv bo‘lib ko‘ringan narsa sarob ekan. Hojar onamiz ortlariga qaradilar, endi narigi tomondan suv ko‘rindi. Yugurib borsalar, u ham sarob bo‘lib chiqdi.
Shu tarzda Safo va Marva tepaliklari orasida yetti marta yugurdilar. Oxiri holdan toyib, chaqaloqlari Ismoilni yotqizib qo‘ygan joyga qaradilar. U yig‘lab tovonlarini yerga urgan joydan suv chiqib, qumda oqib borardi. Hojar onamiz yugurib kelib: “Zam –zam” (to‘xta-to‘xta) deya suvning yo‘lini to‘sdilar.
Bu fazilatli suv ona-bolaga ham taom, hamda ichimlik o‘rnida o‘tib, ular tirikchiliklarini o‘tkaza boshladilar.
O‘shandan buyon bu suvdan insonlar to‘yib-to‘yib ichmoqdalar, yurtlariga olib ketmoqdalar. Ammo bu suv zarracha kamaymay chiqib turibdi.
O‘sha zamonlarda bir yurtdan ikkinchi yurtga safar qilib borayotgan karvonlar Hojar onamiz bilan Ismoil yashayotgan Zam-zam qudug‘i atrofida hayot borligini uzoq yaqindan sezib, shu tamon buriladigan va suv ichib dam oladigan bo‘ldilar. Ba’zilari esa xususan Jurhum qabilasiga bu joy yoqib qolib, doimiy yashash uchun qolib ketdilar. Shunday qilib asta sekin qishloq va shaharlar paydo bo‘ldi.
Orada Ibrohim (a.s) xotinlari va o‘g‘illaridan xabar olgani kelib turdilar. Bir kelganlarida: “Ismoil o‘g‘lim, Alloh taolo men bilan senga o‘zi uchun uy qurishga farmon qildi”, dedilar. Ota bola farishta Jabroil (a.s) ko‘rsatib bergan poydevor asosida toshdan Ka’bani qurishga kirishdilar.
Baytullohning qurilishi bitgach, Alloh taolo Ibrohim (a.s) ga odamlarni hajga chaqirishini buyurdi. U zot chaqirdilar, chaqiriqga “labbay” deb javob berganlar hajga keldilar.
O‘shandan beri haj ibodati davom etib kelmoqda. Faqat Ibrohim (a.s) dan keyin, vaqt o‘tishi bilan bu ibodatga juda ko‘p bid’at va xurofotlar aralashib ketdi. Payg‘ambar (a.s) davrlariga kelib, Ka’batullohning o‘zida uch yuz oltmishta but sanamlar bo‘lgan. Odamlar kiyimlarimizni kiyib gunoh ishlar qilganmiz deb kiyimlarini yechib Ka’bani tavof qilar edilar.
Islom dini Alloh iroda qilmagan bu kabi amallarni chiqarib tashlab, haqiqiy ibodatni yo‘lga qo‘ydi.
Haj ibodatida ulkan hikmatlar bo‘lib, bu hikmatlarning barchasini insonning ojiz aqli to‘la anglab olishi qiyin. Shunday bo‘lsada ulamolar ijtihod qilganlar.
Hajda islomiy birlik yorqin namoyon bo‘ladi. Haj chog‘i musulmonlarning his-tuyg‘ulari, ibodatlari va xatto suvratlari bir xil bo‘ladi. Bu yerda irqchilik, mahalliylik, tabaqachilik kabi salbiy holatlarga o‘rin qolmaydi. Hamma bir Allohga iymon keltirib, bir Baytullohni tavof qiladi.
Tinchlik islomning shiori ekani hajda yana bir bor namoyon bo‘ladi. Hamma tinch, yurt tinch, ibodat tinch, xalq tinch. Haj ulkan islomiy anjuman bo‘lib, har bir musulmon dunyoning turli burchaklaridan kelgan din qardoshlari bilan uchrashadi. Turli masalalarni muhokama qiladi. Islom va iymon rishtalari mustahkamlanadi.
Alloh taoloning rizoligiga erishish uchun hamma narsadan, hatto dunyoviy kiyimlardan-da xoli bo‘lib, yolg‘iz uning xizmatiga bel bog‘lash zarur. Boshqa dinlarda Allohning roziligini topish uchun tarkidunyochilikga beriladilar.
Islom dinida haj, tarkidunyochilikning o‘rniga joriy qilingan. Alloh taolo o‘z uyini ulug‘lab sharafladi va bandalari uchun unga yetishishni oliy maqsad qilib qo‘ydi. Ana o‘sha uyni ziyorat qilgan musulmon qalbi soflanib yaxshilik qilishga intiladigan va yomonlikdan nafratlanadigan bo‘lib qaytadi. Hajda musulmon banda omonlik yurti bo‘lmish Makkai mukarramaga safar qiladi. Makka ulug‘ muqaddas shahar. Alloh taolo uning nomi bilan Qur’oni karimda qasam ichgan. O‘zining uyi bo‘lmish Ka’baning shu shuharda qaror topishini iroda qilgan.
Oxirzamon payg‘ambari Muhammad (a.s) ning ham shu shaharda dunyoga kelishlarini hohlagan. Ohirgi kitobi Qur’oni karim oyatlarini tushirishni ham shu shaharda boshlagan. Bu shaharni Alloh taolo Qur’oni karimda “Ummul quro”- “Shaharlarning onasi” deb atagan. Har bir musulmon uchun aziz va mukarram bo‘lgan bu muqaddas shaharga safar qilish, har kuni namozlarida necha bor yuzlarini to‘g‘irlayotgan qiblani tavof etish cheksiz baxtdir.
Haj ulug‘ ruhiy ozuqa beradigan ibodat bo‘lib, unda musulmon bandaning vujudi Alloh taologa taqvo bilan, unga toat qilishga azmu qaror bilan, gunohlariga nadomat hissi bilan to‘ladi. Bu safarda Allohga va uning rasuliga va mo‘min-musulmonlarga bo‘lgan muhabbati ziyoda bo‘ladi. Dunyoning hamma taraflaridan din qardoshlariga nisbatan do‘stlik tuyg‘ulari uyg‘onib, mustahkamlanadi.
Haj mashaqqatlarni yengishni o‘rgatadigan mashq maydoni hamdir. Vatandan, ahli ayoldan, rohat farog‘atdan voz kechib, turli qiyinchiliklarga o‘zini urgan odam, albatta boshqa har qanday mashaqqatlarni osonlik bilin yengishga malaka hosil qiladi.
Yusupov Avazbek
Abu Bakr roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. U kishi Rasululloh sollallohu alayhi va sallamga: “Ey Allohning Rasuli! Menga bir duo o‘rgating, men uni namozda o‘qib yuray”, dedilar. Shunda Rasululloh: “Allohumma inniy zolamtu nafsiy zulman kasiyron. Va innahu laa yag‘firuz zunuuba illaa anta. Fag‘fir liy mag‘firotan min ’indika varhamniy, innaka antal g‘ofuurur rohiym”, dedilar.
Ma’nosi: “Allohim! Albatta, men o‘zimga ko‘p zulm qildim va Sendan o‘zga gunoh larni kechiruvchi yo‘qdir. Meni huzuringdan bo‘lgan mag‘firat bilan kechirgin va menga rahm qil gin! Albatta, Sen ko‘p kechiruvchi va o‘ta rahmli Zotsan” (Imom Buxoriy rivoyati). Yaxshilik bilan mukofotlasin Usoma ibn Zayd roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam: «Kimga bir yaxshilik qilinsa, uni qilgan kishiga “Jazaakal lohu xoyron” desa, maqtovni oxiriga yetkazgan bo‘ladi», dedilar.
Ma’nosi: “Alloh seni yaxshilik bi lan mukofotlasin” (“Sunani Termiziy”). Boshqalardan behojat qilgin Ali ibn Abu Tolib roziyallohu anhu rivoyat qiladi. «Bir mukotab (ozod bo‘lish uchun to‘lov to‘lashga xojasi bilan shartnoma tuzgan qul) oldimga kelib: “Men kelishilgan mablag‘ni topib bera olmay qoldim. Menga yordam bering”, dedi. Men unga Rasululloh sollallohu alayhi va sallam o‘rgatgan kalimalarni o‘rgatdim: “Allohummakfiniy bi halaalika ’an haroomik, va ag‘niniy bi fazlika ’amman sivaak”.
Ma’nosi: “Allohim, haromingsiz haloling bilan menga kifoya qilgin va fazling ila meni O‘zingdan boshqalardan behojat qilgin” (Sunani Termiziy).
“Hidoyat” jurnalining
2025 yil 6-sonidan