Baqara surasining 255-oyati hisoblangan “Oyatal Kursiy”ni barcha o‘rinlarda ko‘proq o‘qib yurish va har kecha yotog‘iga yotgan vaqtda uni o‘qish mustahabdir.
Bu borada Ali roziyallohu anhu Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan quyidagi hadislarni rivoyat qilganlar: “Oylarning sayyidi Muharram, kunlarning sayyidi Juma, so‘zlarning sayyidi Qur’on, Qur’onning sayyidi esa oyatul kursiydir. Oyatul kursiyda ellikta kalima bo‘lib, har bir kalimada ellikta baraka bordir”. (Daylamiy “Musnadul Firdavs”da rivoyat qilgan.)
Ibn Mas’ud roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Alloh taolo Baqara surasidagi “Alloh – Undan o‘zga iloh yo‘q. U Hayy va Qayyumdir...” oyatidan ulug‘roq osmonni ham, yerni ham, jannatni ham, do‘zaxni ham yaratmagan”. (Abu Ubayd va Hokim rivoyati.)
Sufyon ibn Uyayna aytadi: “Chunki Oyatal Kursiy Allohning kalomidir, Allohning kalomi esa maxluq emasdir. Va Allohning kalomi osmon va yerdan iborat Allohning maxluqotlaridan ulug‘dir”. (Imom Termiziy “Qur’on fazilatlari”da zikr qilgan.)
Ubay ibn Ka’bdan rivoyat qilinadi: “Muhammadning nafsi qo‘lida bo‘lgan Zotga qasamki, albatta, bu oyatning – “Oyatal Kursiyning” tili va ikkita labi bor, Arshning poyida Alloh taoloni ulug‘laydi”. (Imom Muslim va Abu Dovud rivoyati.)
Abdurohman ibn Avf[1] uyiga kirsa, uyining to‘rtta burchagida Oyatal Kursiyni o‘qir edi. Buning ma’nosi – go‘yoki Oyatal Kursiy u kishining to‘rtala tomonidan qo‘riqchi bo‘lib, uyining burchaklarida turib, undan shaytonlarni haydashini xohlardi. Ibn Abbos roziyallohu anhu: “Qur’ondagi eng ulug‘ oyat Oyatal Kursiydir”, deganlar. Bazi ulamolar: “Chunki Oyatal Kursiyda Allohning ismi zamir va zohir ism ko‘rinishida o‘n sakkiz marta zikr qilingan”, deganlar.
Jaloliddin Hamroqulov
"Novza" jome’ masjidi imom-xatibi
Toshkent islom instituti kafedra mudiri
Alloh taolo aytadi: “Kim Allohga taqvo qilsa, U unga (tashvishlardan) chiqish yo‘lini (paydo) qilur”, (Taloq surasi, 2-oyat).
Izoh:
- Ibn Abbos roziyallohu anhu oyati karimaning “chiqish yo‘li” qismini “dunyo va oxiratdagi har turli tashvishlardan uni qutqaradi”, deb tafsir qilganlar.
- Ali ibn Solihga ko‘ra, “chiqish yo‘li” Alloh taoloning o‘sha bandaga rizq berish bilan uni xushnud etishidir.
- Kalbiy oyatni bunday tafsir qiladi: “Kim musibat paytida sabr qilib, Allohdan qo‘rqsa, Parvardigor unga do‘zax otashidan jannat sari bir chiqish yo‘li ko‘rsatadi”.
- Abul Oliya oyatni: “Turli mashaqqat va tashvishlardan chiqish yo‘li”, deya sharhlagan bo‘lsa,
- Rabi’ ibn Haysam: “Odamni siqadigan hamma narsadan unga chiqish yo‘li ko‘rsatadi”, shaklida tafsir qilgan.
- Husayn ibn Fazlga ko‘ra, oyat tafsiri bunday: “Kim farzlarni ado etish borasida Allohdan qo‘rqsa, Alloh unga jazolanishdan qutulish yo‘lini ko‘rsatadi”.