Jabroil alayhissalom Tabukda tushib: «Ey Rasululloh, Muoviya al-Muzaniy Madinada vafot etdi. Unga namoz o‘qishingiz uchun yerni bukib beraymi?» dedi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Ha», dedilar. Shunda Jabroil alayhissalom ikki qanoti bilan yerga va tog‘ cho‘qqilariga urgan edilar, yer itoat qildi va uning tobuti ko‘rsatildi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga namoz o‘qidilar. Ortlarida farishtalar ikki saf bo‘lib, har bir safda yetmish ming farishta bor edi. O‘qib bo‘lib, «Tarji’ni (Inna lillahi va inna ilayhi roji’un) aytdilar. So‘ng: «Bu darajaga nima sababli erishdi?» deb so‘radilar. Jabroil alayhissalom: قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni yaxshi ko‘rgani va uni kelganda ham, ketganda ham, turganda ham, o‘tirganda ham va har bir holatda ham o‘qigani uchun», dedilar»[1].Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: «Kim uch narsani iymon bilan ado etsa, jannatning xohlagan eshigidan kiradi va xohlagan hurga uylanadi: kim qotilni afv qilsa, maxfiy ravishda birovning qarzini to‘lasa va har farz namozidan so‘ng قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni o‘n marta o‘qisa», dedilar. Shunda Abu Bakr roziyallohu anhu: «Bittasini qilsa-chi, ey Allohning Rasuli?» deb so‘radilar. U zot: «Bittasini qilsa ham», dedilar»[2].
«Bir kishi Nabiy sollallohu alayhi vasallamning huzurlariga kelib, kambag‘alligi va nochorligidan shikoyat qildi. Shunda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam unga: «Qachon manzilingga kirsang, odam bo‘lsa-bo‘lmasa, salom bergin, so‘ng menga salom yo‘llagin va قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni bir marta o‘qigin», dedilar. Haligi kishi shunday qildi. Natijada Alloh taolo unga shu darajada rizq berdiki, hatto qo‘shnilariyu qarindoshlariga ham mo‘l-ko‘l yog‘dirdi»[3].
«Kim قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni har kuni ellik marta o‘qisa, qiyomat kuni: «Tur, ey Allohni maqtovchi! Jannatga kir!» deyiladi»[4].
«Kim vafot bilan nihoya topadigan kasalligida قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni o‘qisa, qabrida fitnalanmaydi, qabr siqishidan omonda bo‘ladi va farishtalar uning qo‘lidan tutib, sirot ko‘prigidan jannatga olib o‘tadilar»[5].
FOYDA:
«Nabiy sollallohu alayhi vasallam: «To‘planinglar! Men sizlarga Qur’onning uchdan birini o‘qib beraman», dedilar. To‘planganlar to‘plandi, so‘ng Rasululloh sollallohu alayhi vasallam chiqib, قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad»ni o‘qidilar-da, kirib ketdilar. Shunda hammamiz bir-birimizga: «Bu samodan kelgan xabar bo‘lsa kerak, shuning uchun kirib ketdilar», dedik»[6].
– Ayrim ulamolar: «Buning Qur’onning uchdan biriga tengligiga sabab, unda الصَّمَدAllohning Somad ismi borligi uchun, chunki boshqa suralarda bu ism topilmaydi», deydilar. Shuningdek, أَحَدٌ«axad» borligi uchun ham.
– Ba’zilar: «Qur’onning o‘zi uchga bo‘lingani uchun: uchdan biri hukmlar, uchdan biri va’da va va’idlar (qaytariqlar), yana uchdan biri ism va sifatlar. قُلْ هُوَ اللَّهُ أَحَدٌ«Qul huvallohu ahad» shu uch bo‘lakning bir bo‘lagi, ya’ni ism va sifatlar bo‘lagidir. Shu ma’noda bu sura «Ixlos» deb nomlanadi», deydilar.
[1]Tobaroniy Anas roziyallohu anhudanrivoyat qilgan.
[2] Abu Ya’lo Musiliy Jobir roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
[3] Hofiz Abu Muso Madiniy Sahl ibn Sa’ddan rivoyat qilgan.
[4] Tobaroniy Jobir ibn Abdullohdan rivoyat qilgan.
[5] Tobaroniy va Abu Nu’aym Abdulloh ibn Shixxirdan rivoyat qilganlar.
[6] Muslim Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan.
Ota – oilaning suyanchi, farzandning qalqoni, jamiyatning ustuni. Farzand tarbiyasi – bu faqat onaning emas, balki otaning ham vazifasidir. Chunki oila ikki qanot, sog‘lom bo‘lsagina, to‘g‘ri parvoz eta oladi. Alloh taolo kalomida bunday deydi: “Ey mo‘minlar, o‘zlaringizni va oilangizni do‘zax o‘tidan saqlang!” (Tahrim surasi, 6-oyat). Bu oyatdan ma’lumki, Alloh taolo har bir musulmon erkakni o‘z oilasi, xususan, farzandlari uchun javobgar qilib qo‘ygan. Ularning ma’naviy-axloqiy darajada yuksak bo‘lishi bir tomondan otaning ham vazifasidir.
Ota – oilaning imomidir, u namozdagi imomdek, oilasini to‘g‘ri yo‘lga boshlashi kerak. Chunki bir jihatdan, oyatda zikr etilganidek, ular ayollarga ham rahbardirlar, o‘z hukmronligi mustahkam bo‘lgan oilada, albatta, farzandlar ham aqlli, farosatli bo‘lib yetishadi. Yosh bolaning qalbi oppoq sahifaga o‘xshaydi. Ota bu sahifaga qanday so‘zlar yozsa, farzandning kelajagi shunga ko‘ra shakllanadi. Demak, bolaga iymon, halollik, sabr, mehr-oqibat, fidoyilik kabi fazilatlarni berish otaning birinchi navbatdagi burchidir.
Afsuski, ayrim otalar farzandining jismoniy ta’minotini qilib, axloqiy va ma’naviy tarbiyasini unutmoqda. Mehrsiz go‘zal oqibat shakllanmaydi. Farzandga yangi telefon, kiyim olish emas, uni namozga o‘rgatish, halol-haromni anglatish, Alloh sevgisini yuragiga solish muhimroq. Chunki bola ota nima qilsa, o‘sha yo‘ldan yuradi. Bolalar otalarini o‘zlariga “qahramon” sifatida tanlashadi. Ota tongda bomdodga tursa, farzand ham tongda uyg‘onishni o‘rganadi. Ota halol mehnat qilsa, farzand halollikni qadrlaydi. Farzandlar otalarning vijdoni, ularning pok e’tiqod natijasidir.
Ota – o‘z hayoti bilan dars beradigan inson. Islom olamining yetuk namoyandasi Fotima Samarqandiyaning otasi – buyuk muhaddis va faqih Muhammad ibn Ahmad Samarqandiyning o‘zaro munosabatlarida ko‘ramiz. Fotima Samarqandiya yoshligidan ilm o‘rgandi. Otasi uni nafaqat dunyo ilmlariga, balki Qur’on, fiqh va hadisga oshno qildi. Fotima ilmda otasining eng yaqin shogirdi, hayotda esa eng sodiq yordamchisi edi. Ustoz sifatida otasi uni buyuk alloma sifatida tarbiyaladi. Otasi unga o‘z qo‘li bilan fiqhiy masalalar yozilgan daftarini ishonib topshirgan. Bu nafaqat ilmiy ishonch, balki otalik e’tibori va muhabbatining yorqin belgisi edi.
Farzandingiz sizga Allohning omonati. Uni faqat dunyoviy emas, axloqiy va diniy tarbiya bilan ham boyiting. Har bir o‘rgatgan duoingiz, har bir qilgan mehribonligingiz, har bir amalingiz – siz uchun sadaqai joriyadir. Bu dunyodan o‘tganingizdan so‘ng ham sizga ajr bo‘lib qaytaveradi. Unutmang, yaxshi farzand bu – otaning eng buyuk merosidir.
Mahfuza BOZOROVA,
“Jo‘ybori Kalon” ayol-qizlar o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi
“Mo‘minalar” jurnalining 2025 yil 9-sonidan