Sayt test holatida ishlamoqda!
31 Mart, 2026   |   11 Shavvol, 1447

Toshkent shahri
Tong
04:48
Quyosh
06:08
Peshin
12:32
Asr
16:55
Shom
18:51
Xufton
20:04
Bismillah
31 Mart, 2026, 11 Shavvol, 1447
Yangiliklar

25.07.2024   8016   1 min.
Dunyo yangiliklari
Boshqa maqolalar
Maqolalar

NONNI ISROF QILMANG, UVOLI BOR…

30.03.2026   783   57 min.
NONNI ISROF QILMANG, UVOLI BOR…

KALOMULLOHNING OYATI KARIMALARIDA XUDOIM TAOLO MARHAMAT QILADI:

 

  1. «Yeb-ichingiz, lekin isrof qilmangiz! Zero Alloh isrof qiluvchilarni sevmagay!» (A’rof surasi 7/31 oyat);

 

  1. «Isrof qilmangiz! Albatta, Alloh isrof qiluvchilarni sevmaydi» (An’om surasi 6/141 oyat);

 

  1. «Yana Rabbingiz e’lon qilgan bu so‘zlarni eslangiz: «Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Ibrohim surasi 14/7 oyat).

 

  1. Alloh taolo: “Ey, Odam farzandi! Hamisha ovqatlanishga o‘tirganingizda qorni och bechoralarni ham esingizda tuting! Shunda siz Allohning bergan ne’matlariga shukr qilishingiz osonroq bo‘ladi” (muborak hadisi qudsiy).

JANOBI PAYG‘AMBARIMIZ RASULULLOH SALLALLOHU ALAYHI VASALLAM MЕHR-MURUVVAT TARIQASIDA MARHAMAT QILADILAR:

  • Oisha raziyallohu anho rivoyat qiladilar: «Nabiy sallallohu alayhi vasallam uyga kirdilar va to‘satdan ko‘zlari to‘kilgan uvoqlarga tushdi. Ularni terib oldilar va tozalab yedilar. So‘ngra: “Alloh taolo bergan ne’matlarni qadrlagin! Zero u ne’matlar biron qavmdan olib qo‘yilsa, boshqa qaytib berilmaydi!” – dedilar» (Imom Ibn Moja rivoyatlari);
  • “Nonni e’zozlanglar, chunki Alloh taolo uni ulug‘lagan. Kim nonni ulug‘lasa, Alloh taolo u kishini ulug‘laydi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari);
  • “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”;
  • “Kim bir birodarini to to‘ygunicha non bilan siylasa, to qongunicha suv bilan sug‘orsa, Alloh taolo uni do‘zaxdan yetti xandaq uzoq qiladi. Har bir xandaq yetti yuz yillik yo‘ldir” (Imom Nasoiy va Imom Hokim rivoyatlari);
  • “Tejamkor kishi aslo faqir bo‘lmaydi”;

 

  • Kim hayotda tejamli bo‘lsa, qashshoqlik ko‘rmaydi (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

  • Taom suzilgan laganning atrofidan yenglar, o‘rtasidan yemanglar! Zero o‘rtasiga baraka yog‘ilib turadi” (Imom Ibn Moja rivoyatlari);

 

  • Mo‘minlarning imoni eng mukammali – xulqi go‘zal bo‘lganlaridir (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

  • “Nonni e’zozlanglar, unga qo‘shib yeyiladigan nonxurush yoki taomni kutmaslik uni e’zozlashdandir” (Imom Bayhaqiy rivoyatlari);

 

  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taomni ayblamasdilar. Agar ishtahalari tortsa – yerdilar. Ko‘ngillari tusamasa – tark qilar edilar(Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari);

 

  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam uchta barmoqlari bilan yer edilar va qo‘llarini artishdan oldin ularni yalar edilar (Imom Muslim, Imom Abu Dovud, Imom Termiziy, Imom Nasoiy rivoyatlari);

 

  • “Nafsingiz xohlagan har narsani yeyaverishingiz ham isrofdir(Imom Ibn Moja rivoyatlari);

 

  • “Nonni ehtirom qilinglar!”;

 

  • «Nabiy sallallohu alayhi vasallamning sahobalari Ul Zotga aytdilar: “Biz ovqatlanamiz, lekin to‘ymaymiz». Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Sizlar yakka-yakka ovqatlanasizlarmi?” – dedilar. Ular: “Ha, shunday”, – deyishdi. U Zot sallallohu alayhi vasallam: “Ovqatning ustida jam bo‘linglar va Allohning ismini aytinglar, sizlarga baraka beradi”, – dedilar» (Imom Abu Dovud rivoyatlari);

 

  •  “Kim tilla yoki kumush idishda ichsa, albatta, jahannam olovi uning qornida qaynaydi(Imom Muslim rivoyatlari);

 

  • “Taomlarning eng yomoni – boylar xoslab chaqirilib, faqirlar taklif qilinmay qolganidir” (Imom Buxoriy rivoyatlari);

 

  • Bir kishining taomi ikki kishiga yetgaydir (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

 

  • “Dasturxonga to‘kilgan taom va ushoqlarni terib yeydigan odamning gunohlari to‘kiladi”;

 

  • “Qo‘llarida ovqatdan qolgan yog‘ qoldiqlari bilan yotib uxlagan odamga biror kasallik yopishsa, o‘zidan ko‘rsin;

 

  • Albatta, odamlarga go‘zal xulqdan afzalroq narsa berilmagan (Imom Tabaroniy rivoyatlari);

 

  • “Allohning ne’matlari bilan yaxshi qo‘shnichilik qilinglar, zero u biror oiladan ketib qolsa, qaytib kelmasligi mumkin”;

 

  •  “Albatta, men – Allohning quliman. Qullardek o‘tiraman va qullardek ovqatlanaman”;

 

  • Odamlardan bo‘lgan yaxshilikka minnatdorchilik izhor qilaolmagan odam – Xudoga ham shukr qilaolmaydi;

 

  • Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taom tanovul qilsalar, uchta barmoqlarini yalardilar va: “Qachon, birortangizdan luqma tushsa, uni olsin va undagi nopok narsani ketkazib, uni yesin. Uni shaytonga tashlamasin!” – dedilar. Shuningdek, laganni barmoqlar bilan sidirib yalashga amr qildilar. “Albatta, sizlar taomingizning qayerida baraka bo‘lishini bilmaysiz”, – dedilar (Imom Muslim rivoyatlari);

 

  • “Albatta banda qilgan gunohlari sababli rizqdan mahrum bo‘ladi”;

 

  • “Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni o‘z hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yo‘l qo‘ymang”;

 

  • Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi  vasallam sahobalardan Sa’ad raziyallohu anhu tahorat qilayotganlarida: Ey, Sa’ad, bu isrof nimasi?– dedilar. Sa’ad raziyallohu anhu: Tahoratda ham isrof qilish bormi?– deb so‘radi. Shunda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Ha,  agarchi oqib turgan  daryoning bo‘yida turgan bo‘lsangiz ham! – dedilar (Imom Ibn Moja va Imom Ahmad rivoyatlari);

 

  • “Yenglar, ichinglar, kiyinglar va sadaqa qilinglar. Isrof va mutakabbirlikka yo‘l qo‘ymanglar!” (Imom Abu Dovud va Imom Nasoiy rivoyatlari);

 

  •  Nafaqada o‘rtacha bo‘lgan kishi hech ham kambag‘al bo‘lmaydi” (Imom Tabaroniy va Imom Doraqutniy rivoyatlari);

 

  • “Nafsning ko‘zi to‘ymaydi. Bir paqir oltini bor kishi “oh, yana shunday bir paqir oltinim bo‘lsaydi”, deydi”;

 

  • Inson qornidan yomonroq idishni to‘ldirmaydi. Odam bolasiga belni qoim qiladigan kichik luqma kifoyadir. Bas, qorinning uchdan biri – taom, uchdan biri – suv va qolgan uchdan biri – nafas uchundir” (Imom Termiziy rivoyatlari);

 

  • Jam bo‘lib ovqat yenglar! Tarqoq bo‘lib yemanglar! Chunki baraka to‘planib yeganlar bilan birgadir (Imom Ibn Moja rivoyatlari);

 

  • Iqtisod qilgan kimsa faqirlik ko‘rmas, isrof qilish bilan ko‘p mol ham qolmas” (Imom Abu Shayx Asbahoniy rivoyatlari);

 

  • Anas ibn Molik raziyallohu anhudan qilingan rivoyatda aytilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir so’dan besh muddgacha bo‘lgan suv bilan g‘usl qilar va bir mudd suv bilan tahorat olar edilar (Imom Buxoriy va Imom Muslim rivoyatlari). Ya’ni, Rasululloh sallallohu alayhi vasallam taxminan 0,688 litr suv bilan tahorat qilardilar;

 

  • “Qaysi biringiz tongda uyqudan uyg‘onganda oilasi tinch, tani sog‘ va uyida bir kunlik yegulik bo‘lsa, bilsinki, unda dunyodagi barcha ne’matlar mujassam ekan”;

 

  • “Alloh taolo bandaga kattami, kichikmi bir ne’mat bersa va banda uning shukronasi uchun “Xudoga shukr!” desa, shunda u o‘sha ne’matlardan afzalroq narsaga erishgan bo‘ladi”;

 

  • Bir kuni Rasuli Akram sallallohu alayhi vasallamning huzurlaridan bir tilanchi o‘tdi. Unga bir dona xurmo hadya qildilar. Tilanchining g‘azabi kelib, qabul qilmadi... So‘ngra boshqa bir tilanchi keldi... Unga ham bir dona xurmo hadya qildilar. U bir dona xurmoni Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan deb, muhabbatu shukrona bilan qabul qildi. Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam bir joriyaga Ummu Salama raziyallohu anho huzuridagi qirq tangani shu tilanchiga berishlikni buyurdilar;

 

  • “Isrofga yo‘l qo‘ymay va takabburlik qilmagan holda yeng, iching, kiyining va sadaqa qiling!” (Imom Abu Dovud va Imom Ahmad rivoyatlari);

 

  • “Odamlarning yaxshisi – odamlarga ko‘proq foyda keltiradiganidir”;

 

  • “Birortangizning luqmasi yerga tushib ketsa, uni olib, yopishgan zararli narsalarni ketkazib, yesin. Uni shayton uchun tark qilmasin. Barmoqlarini yalamaguncha, qo‘lini sochiqqa artmasin. Chunki u baraka taomning qayerida ekanini bilmaydi” (Imom Muslim rivoyatlari);

 

  • Nonni e’zozlanglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotlaridan biri qilib tushirgandir;

 

  • “Nonni hurmat qilinglar, Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotini uning uchun bo‘ysundirib qo‘ydi” (Imom Tabaroniy va Imom Bazzoz rivoyatlari);

 

  • “Tejamkor kishi nochor bo‘lmas”;

 

  • “Ey, Oisha, Allohning ne’matlariga yaxshi munosabatda bo‘lgin! Agar u ne’matlar biron qavmdan olib qo‘yilsa, kamdan-kam hollarda qaytib keladi” (Imom Termiziy rivoyatlari).

 

 

  1. Qur’oni karim oyati karimalari,
  2. Janobi Payg‘ambarimiz alayhissalomning muborak hadisi shariflari,
  3. dinimiz asoslari,
  4. shariatimiz hukmlari,
  5. sharqona odoblarimiz,
  6. mazhabimiz me’yorlari,
  7. jamiyatshunoslik aloqalari,
  8. odamgarchilik munosabatlari,
  9. insoniy tuyg‘ular,
  10. ruhshunoslik sir-asrorlari,
  11. yurtimiz urf-odatlari,
  12. o‘zbekchilik qoidalari,
  13. madaniyatimiz axloqlari,
  14. insoniy aql va axloqiy normalar,
  15. dono maqollarimiz,
  16. milliy an’analarimiz,
  17. diniy qadriyatlarimiz,
  18. xalqimiz ong-tafakkuri,
  19. millatimiz mentaliteti,
  20. dono xalqimiz dunyoqarashi,
  21. musulmonchiligimiz ko‘rsatmalari

 

a s o s    v a    n ye g i z l a r i d a

 

  • ulug‘ ajdodlarimizdan davom etib kelayotgan duru gavhar rivoyatlari  va  noyob  hikmatlari,
  • buyuk  ota-bobolarimizdan  eshitib kelayotgan tillo bilan teng pand-nasihatlari  va betakror hikoyalari,
  • mehribon  ota-onalarimizdan  o‘rganib  kelayotgan gavhar o‘gitlari va  mislsiz  so‘zlari,
  • elimiz  tanigan va xalqimiz tan olgan ustozlarimizdan ta’lim olib kelayotgan zar tushunchalari va bebaho ilmlari,
  • jannatmakon  yurtimiz – muqaddas  Vatanimiz  ta’lim  maskanlarida  taralayotgan  durdan  a’lo fanlar va beqiyos bilimlar,
  • zamonaviy olimlarning bilimlari, turli soha mutaxassislarining  ajoyib  kashfiyotlari,
  • bugungi  kunda  va doim  kerak bo‘ladigan  hayotiy  masalalar, dolzarb  mavzular,  qiziqarli  ma’lumotlar  hamda xalqimiz orasida  e’tirof etilgan mezonlardan ulug‘ ustozlarimiz – tabarruk ulamolarimiz keng, chuqur va unumli iste’foda etib, batafsil  taqdim  etgan

ulug‘ ustozlarimiz – tabarruk ulamolarimiz

keng, chuqur va unumli iste’foda etib,

batafsil taqdim etgan

 

«ISROF MASALASI»

ga doir

 

nihoyatda foydali maslahat, kerakli tavsiya

hamda

eng muhim jihatlaridan namunalar:

 

 

ULUG‘LARDAN   HIKMATLAR:

  1. Ota-onasidan chiroyli tarbiya ko‘rgan insonlar non qo‘ldan yerga tushib ketsa, darhol uni olib, uch marta o‘pib, peshonalariga suradilar. Non ushog‘i dasturxonga tushganda, ulug‘ ustozlar barmoqni ho‘llab, ushoq ustiga bosib olib, og‘izga solishni o‘rgatishgan.

 

  1. Ulug‘ mutafakkir, falakiyot olimi, odil ma’rifatparvar, sulton Mirzo Ulug‘bek mulozimlari bilan ketayotganida, yo‘l yoqasida yotgan bir burda nonni ko‘rib qoladi-da, darrov otdan tushib, uni qo‘yniga soladi. Mulozim­lardan biri: “Hazratim, nega bizga buyurmay, otdan tushdingiz?” deb so‘raganida: “Nonni birinchi bo‘lib men ko‘rdim, shunday ekan, uni yerdan olishni boshqa birovga buyurish nonga nisbatan hurmatsizligim bo‘lar edi. Nonning ulug‘ligi oldida mening podshohligim nima bo‘libdi?!” deb javob qaytargan ekan.

 

  1. “Navodirul usul” kitobida keltirilgan hadisi sharifda Janobi Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi”, – deb marhamat qilganlar. Hadisi sharifning sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, ne’matlarni inkor qilib, o‘ziga jafo qilganlardan bo‘ladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar ne’matga jafo qilsa, katta ne’matlar nafratga aylanadi. Ne’mat ketgandan so‘ng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”– deyilgan.

 

  1. Asarlarda keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non bo‘lagiga ko‘zlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. So‘ngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib bo‘lganimdan so‘ng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non bo‘lagini so‘radilar. U esa: “Men uni yeb qo‘ydim...” – dedi. “Unday bo‘lsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini so‘radi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Kim nopok yerda yotgan bir bo‘lak nonni olib, tozalab yesa, non hazm bo‘lib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli bo‘lgan kishini xizmat qildira olmayman...» – dedilar (Imom Abu Ya’lo rivoyatlari).

 

  1. “Kimki dasturxondan to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi”.

 

  1. Ulug‘ alloma, muhaddis va mufassirlar Imom Ibn Asokir va Imom Suyutiy rahmatullohi alayh rivoyat qilishlaricha, Hadiyya ibn Xolid o‘z boshidan kechirgan voqeani hikoya qiladi: «Bir kuni men Amirul mo‘minin Ma’munning majlislaridan birida hozir bo‘lgan edim. U joyda mehmonlarga dasturxon yozildi.

 

Ziyofat tugaganidan so‘ng dasturxon yig‘ib olindi.

 

Ayni shu paytda mening ko‘zim yerda yotgan non ushoqlariga tushdi va uni tera boshladim.
 

Shunda Ma’mun menga qarata: “To‘ymadingizmi?” – deb savol qildi.
 

Men: “To‘ydim, lekin dasturxondan to‘kilgan non burdasini ko‘rib, Rasululloh sallallohu alayhi vasallamdan rivoyat qilingan hadisi sharif ko‘nglimdan o‘tdi. Hammod ibn Salama Anas raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Kim dasturxon ostidagi tushgan nonlarni yesa, faqirlikdan omonda bo‘ladi” degan ekanlar”, – dedim.

 

Shunda mening hadisi sharifga bo‘lgan e’tiborim yoki odob axloqqa amal qilganimdan xursand bo‘lib, Ma’mun menga 1000 dinor sovg‘a qildi.
 

  1. Hazrat Abu Bakr Siddiq raziyallohu anhu: “Bir necha kunga yetishi mumkin bo‘lgan ozuqani bir kunda sarflagan oila ahlidan nafratlanaman”, – deganlar.

 

  1. Asarlarda keltirilishicha, Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallamning avlodlaridan bo‘lgan Hasan ibn Ali tahorat olish maqsadida bir manzilga kirgan paytlarida nopok joyda yotgan non bo‘lagiga ko‘zlari tushdi. Darhol uni oldilar-da, tozalab yuvdilar. So‘ngra yonidagi xizmatchilariga uzatib, “tahorat qilib bo‘lganimdan so‘ng berasiz”, – dedilar. Tahoratni tugatganlaridan keyin xizmatkorlaridan non bo‘lagini so‘radilar. U esa: “Men uni yeb qo‘ydim...” – dedi. “Unday bo‘lsa, sizni ozod qildim”, – dedilar Hasan ibn Ali. Xizmatkor ajablanib, ozod qilinishi sababini so‘radi. Javobiga Hasan ibn Ali: «Fotima onamiz rivoyat qiladilar: “Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: Kim nopok yerda yotgan bir bo‘lak nonni olib, tozalab yesa, non hazm bo‘lib ulgurmasdan oldin gunohlari kechiriladi”, degan edilar”, deb aytgandilar. Shunday ekan, men gunohlari kechirilgan, jannat ahli bo‘lgan kishini xizmat qildira olmayman...» – dedilar (Imom Abu Ya’lo rivoyatlari).

 

  1. “Mo‘min kishidan ortib qolgan taom – ikkinchi bir mo‘min uchun aniq shifodir. Chunki undan ortib kolgan taomda xayr, baraka va dardlarga shifo va davo bordir”.

 

  1. Agar kerakli-keraksiz narsalarga pala-partish pul sarflanaversa, isrof va xarajat eshigi kattalashib ketadi.

 

  1. Isrof bor yerda hech qachon baraka bo‘lmaydi.

 

  1. Barcha dinlarda yaxshi odob-axloqli bo‘lish – savob, unga teskari ishlar esa – gunoh hisoblanadi. Binobarin, odob va tarbiya dinimizning mag‘zini tashkil etadi.

 

  1. Axloq-odobga doir manbalarda aytilishicha, jamiyat a’zolari dabdabalarga berilmasligi uchun ularga odobu tarbiya suv hamda havodek zarur, deyiladi. Dabdabaga berilish – odamni to‘g‘ri yo‘ldan ozdiradi.

 

  1. Aql-idrokli kishi barcha ishda o‘rtahollik, mo‘tadillik va me’yorni ma’qullaydi. Haddan oshish, isrof va riyo kabi illatlardan uzoq bo‘lishga harakat qiladi.

 

  1. Oisha onamiz raziyallohu anhodan rivoyat qilinadi: “Yegan taomingizni zikr va namoz o‘qish bilan eritinglar!”.

 

  1. Halol boylik topish – katta bir toshni tog‘ tepasiga olib chiqish. O‘rinsiz sarflash esa – uni pastga osongina yumalatib yuborishga o‘xshaydi.

 

  1. Ma’naviy ozuqa inson aqli va ruhiyatini yuksaltirishda qanchalik muhim bo‘lsa, moddiy ehtiyojlarning me’yor va chegarasidan oshmaslik ham shunchalik ahamiyatlidir.

 

  1. Isrof illati ham oilada paydo bo‘ladi, buning oldini olish ham oiladan boshlanadi. Demak, oilaning rahbarlari – ota-onalar bu vazifada mas’ul sanaladi. Ular, avvalo, halol ishlab rizq topishda va uni o‘rni-o‘rniga, isrof qilmasdan ishlatishda bolalariga ibrat bo‘lishlari zarur.

 

  1. Farzandlaringizni odobli qilib tarbiyalang, ularni o‘z hollariga tashlab, hoyu-havaslarga berilib ketishlariga yo‘l qo‘ymang!

 

  1. Og‘ziga kelganni demoq – nodonning ishi, oldiga qo‘yganni yemoq – hayvonning ishi”.

 

  1. Dovud payg‘ambarning o‘ttizta o‘g‘illari bo‘libdi...

 

Bir kuni peshin namoziga odamlar kechika boshlabdi. Dovud payg‘ambar orqalariga qarasalar, o‘ng tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari, chap tomonlarida o‘n beshta o‘g‘illari o‘tiribdi ekan.

 

Shunda sal maqtanchoqlikka bo‘y oldirib:

O‘zimiz ham bir jamoa ekanmiz-ku, elni kutmasdan namozimizni boshlayveramiz... Xudo xohlasa, o‘ttiz o‘g‘lim bor, haq dinni butun elga o‘zim yetkazaman, degan o‘y kelib, namozni boshlab ketibdilar.

 

...Xudoga Dovud payg‘ambarning bu ishlari yoqmadi. Dovud payg‘ambar namoz vaqtida “Assalomu alaykum varahmatulloh!” deb, o‘ng tomonga salom berganlarida o‘n beshta o‘g‘illari jon topshirdi. Chap tomonga salom berganlarida, qolgan o‘n beshta o‘g‘illari bandalikni bajo keltirdi.

 

Xatosini uqqan Dovud payg‘ambar alayhissalom ko‘z yoshlarini daryo qilib, Yaratgandan kechirim so‘radilar...

 

Rahmi cheksiz Alloh taolo:

O‘ttizta o‘g‘lingizni qaytarib beraymi yo o‘ttizini o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il beraymi? – deb so‘radi.

Sening amring ikki bo‘lmaydi... O‘ttiz o‘g‘limning jonlari jannatda bo‘lsin... Menga ularning o‘rnini bosadigan bitta o‘g‘il bersang bas...

Aytganingiz bo‘lsin! Lekin bolaning umri qisqa bo‘ladi. Men unga faqat to‘qqiz yil umr beraman.

Mayli, shunisiga ham shukr! – deb, Dovud payg‘ambar kelasi yil o‘g‘il ko‘radilar.

 

U bolaning ismi Sulaymon edi. Sulaymon ish buyurishga yarab qolgan paytida Dovud payg‘ambar uning qo‘liga qumg‘on (obdasta), yelkasiga sochiq osib:

O‘g‘lim, sen endi bizning uyga kelgan mehmonlarning yosh-mi, qari-mi hammasining qo‘liga suv quyib turgin! Suvni uch marta uzib-uzib quyasan. To‘rtinchi marta, agar mehmon so‘rasa, quyasan.

Ota, nega uzib quyishim kerak?

Sababi: o‘likni yuvishganda suvni uzmay quyadi. Sen axir suvni tirik odamlarga quyasan-da, o‘g‘lim... Ikkisini farqi bor – dedilar.

 

Dovud payg‘ambarga kelgan yosh-qarining hammasi, suv quyib turgan Sulaymonga “Yuzga kir, bolam!”, “Qo‘ling dard ko‘rmasin!”, “Katta olim bo‘lgin!”, “Podsho bo‘lgin!”, “Ulug‘ inson bo‘lgin!”, “Umring uzoq, rizqing butun bo‘lsin!”, deb rahmatlar aytardi.

 

Bir kuni Sulaymon to‘qqiz yoshga to‘ldi.

U paytlarda bolasi to‘qqizga to‘lgach, uni bir qizga unashtirib qo‘yish lozim edi. ...Lekin Allohning “bolaga faqat to‘qqiz yil umr beraman” degani Dovud alayhissalomning eslarida edi.

 

Bir kuni Dovud payg‘ambar saharda Allohni zikr qilib o‘tirar edilar... Sulaymonning yoshi to‘qqizdan oshdi. U endi jon taslim qilishi kerak edi. Buning tirik qolganining sababini so‘radi va agar jonini olmaydigan bo‘lsa, bolani unashtirish lozimligini aytdi...

Shunda Xaq Taolo:

Mening ismlarimdan biri – Rahimdur! Minglab odamlar sizning bolangizga uzoq umr tiladi. Men shuncha xalqning duosini qaytara olmayman... Sulaymon uzoq umr ko‘radi, U barcha yerdagi maxluqlarni, osmondagi qushlarning va barcha dengizdagi baliqlarning tilini biladigan bo‘ladi. Barcha odamlar va jinlarga hukmronlik qiladi, – deb javob berdi.


Ana shundan boshlab yosh bolalar qariyalarning duosini olsin, deb, to‘y-marosimlarda ularga suv quydirib qo‘yadigan betakror va beqiyos go‘zal urf-odat paydo bo‘libdi...

 

  1. Kimki dasturxondan to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi.

 

  1. Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir. Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.

 

  1. Bir luqmaning 360 xizmatchisi bordir. Bu xizmatchilarning birinchisi – Mikoil alayxissalom bo‘lsalar, oxirgisi – o‘sha nonni pishirgan odamdir.
     
  2. Bir burda non uchun Alloh taoloning 360 ta maxluqotlari farmonbardor bo‘lar ekan. Avval Alloh taoloning Rahmat konidan Mikoil alayhissalom suv olib chiqar, so‘ngra bulutlar, Quyosh va Oy, osmondagi boshqa farishtalar, yerda esa dexqonlar, oxiri nonvoylar xizmatda bo‘lar ekan.

 

  1. Nonni e’zozlash, xor qilmaslik, nonga tahqir nazari bilan boqmaslik, nonning ustiga go‘sht, nonxurush va pishiriqlarni qo‘ymaslik, isrof etmaslik odobini dono ota-onalarimiz farzandlari ongiga singdirganlar.
     
  2. Oisha raziyallohu anhodan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni e’zozlanglar!” deb marhamat qilganlar. Bu hadisi sharifga binoan, ulamolarimiz nonni qadrlab o‘pish, izzat-ikromini ijro etish lozim deb sanashgan.

 

  1. Adab kitoblarida nonlar qaysi shaklda pishirilgan bo‘lmasin, iste’mol qiluvchi undan o‘ziga maqbul joyi (o‘rtasi yoki atrofi)ni yeb, qolganini tashlashi mumkin emasligi ta’kidlanadi.

 

  1. To‘y va ziyofatlarda dasturxonga tortilgan noz-ne’matlar ichida non mahsulotini yetarlidan ziyoda qilish isrof deyilgan. Aytish joizki, non ne’matini qaysi holatda bo‘lsa ham iste’mol qilish mumkinligi isrofning oldini oladi.

 

  1. Inson olamiga qut-baraka bo‘lgan non ne’matining yana ham barakotli bo‘lishi uchun izzat-ikrom qilish – odam farzandi zimmasidagi burchdir. Zero uni izzat qilish mohiyatida mavjud rizqqa rozi bo‘lish ifodasi yotadi.
     
  2. Hadisi shariflarida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam: “Nonni hurmat qilinglar! Chunki Alloh taolo uni osmon barakotidan nozil qildi, yer barakotidan chiqardi” deganlar. Bu hadisi sharif sharhlarida: “Nonni bosmaslik, tashlamaslik uning ikromidan hisoblanadi. Agar uni uloqtirsa, nopok joylarga tashlasa, ne’matlarni inkor qilib, o‘ziga jafo qilganlardan bo‘ladi. Rizqning kengligi – din uchun katta quvvatdir. Agar ne’matga jafo qilsa, katta ne’matlar nafratga aylanadi. Ne’mat ketgandan so‘ng qaytmaydi. Zero ular jafo bilan muhrlangandir”, deyilgan.
     
  3. Boshqa fiqhiy kitoblarda ham nonga oyoq bosish, uni asbob qilib ishlatish, xamir va nondan har xil shakllarni yasash, non ustida o‘tirish, uni nopok joylarga tashlash, xususan, chiqindi hisobida uloqtirish mumkin emasligi to‘g‘risida aniq va batafsil ta’kidlanadi.

 

  1. Alloh taolo insonlarni isrofning barcha ko‘rinishidan qaytarib, uning yomon oqibatlarini ham bayon qilib berdi. Ne’matga xiyonat qilish va noto‘g‘ri joylarga ishlatishni “gunoh” deb baholadi.

 

  1. Aql-idroklari bilan boshqa ayollarga ham namuna bo‘la olgan, tarbiya va zakovati bilan, o‘z nasihati bilan oila, ro‘zg‘or odob-axloqini tarqata oladigan dono ayollar ro‘zg‘orlarini juda ustalik bilan, mohirona, tejamkorlik ila olib boradilar. Bunday ajoyib fazilat har bir oilaga yoqadi.
     
  2. Aslida tejamli bo‘lish va isrofdan saqlanish – har bir ayolning kundalik vazifasidir.
     
  3. Ishbilarmon uy bekasi kundalik hayotda sabzavot-mevalarning aynib, chirishiga yo‘l qo‘ymaydi, oziq-ovqatlarni iste’molga yaroqsiz bo‘lib qolishdan saqlaydi, ovqatlarni pazandalik mahorati bilan mazali, totli qilib tayyorlaydi, oila dasturxonidan ortgan nonlarni tashlab yubormasdan, ulardan pishiriq va taomlar tayyorlab, iste’mol qilish chorasini ko‘radi.

 

  1. Agar nazar solsangiz, oila va ro‘zg‘or yuritishda har bir xonadonning dinimiz hamda milliy udumlarimizga mos bo‘lgan o‘z nizom va tizimi bo‘ladi. Bu tartiblarning bajarilishi asosan oiladagi kattalar tomonidan nazorat qilib turiladi. Xususan, bu tartib-qoidalar uy-joyni ozoda va pokiza saqlash, anjomlar, libos va kiyimlarni asrab-avaylash, isrof qilishdan saqlanishga ham taalluqlidir. Ro‘zg‘orga kelgan oziq-ovqat, xom ashyo, meva-sabzavot, shirinlik va non mahsulotlarini to‘g‘ri saqlay bilish ham – oila bekasining zimmasida. Sifati tez o‘zgaruvchi oziq-ovqatlar ichida non mahsuloti ham suvi qochib, qattiq nonga aylanishi tez-tez uchrab turadigan voqealardan. Uy bekasi avvalo bunga yo‘l qo‘ymasligi, kundalik iste’molga yetadigan non olinishini nazorat qilishi, agar ortib qoladigan bo‘lsa, uni qotirib qo‘yishi zarur.

 

  1. Ba’zi oilalarda o‘ynab yurgan bolalarning qo‘llariga ham non berishadi. U bolalarcha ish tutadi, yosh bolaligiga borib, nonni u yer-bu yerga qo‘yadi yoki ushog‘ini to‘kadi. Natijada kattalar “yoshlarni non qadrini bilmaslikda” ayblaydilar. Shunda savol tug‘iladi: “Ota-onasi bolaga nonning qadr-qimmatini, uni hurmat qilish kerakligini yoshligida tushuntirganmikan?”, “Bola nonning ushog‘ini ham isrof qilmaslik kerakligini bilarmikan?”, “Non qadrini anglamagan, isrofning zararlarini his qilmagan odam o‘z farzandiga bu borada qanday nasihat qilishi mumkin?”

 

  1. Gohida “Non isrofi noshukrlikdan kelib chiqayotgan emasmikan?” degan savol tug‘iladi. Sababi – shukronalik doimo insonni itoatga, mehnatsevarlikka, bor ne’matni qadrlashga undaydi.

 

  1. Yerdagi non ushoqlarini terib yeyishlik – berilgan ne’matga shukronaning ifodasi bo‘ladi. Hadisi shariflarda: “Kimki dasturxondan to‘kilgan non ushog‘ini terib yesa, hayoti farovon bo‘ladi va farzand, nabiralari hech ham tanglik ko‘rmaydi” deya marhamat qilingan.

 

  1. Kitoblarimizda “isrof” – (garchi infoq moddiy xarajatda mashhurroq bo‘lsa-da), u inson qiladigan har bir amal va har bir so‘zida haddan oshishdir deyilgan.

 

  1. Alloh taolo bergan ulug‘ ne’matlarni uzrsiz, sababsiz isrof qilganlar – Alloh taoloning buyrug‘i va Payg‘ambarimiz Rasululloh sallallohu alayhi vasallamning sunnatlarini bajarmagan kishilar hisoblanadi.

 

  1. Isrof” so‘zi asli arabcha bo‘lib, lug‘atda hisobsiz tarzda ishlatish”, “me’yordan oshib ketish”, “haddidan oshish”, “chegaradan chiqish kabi ma’nolarni bildiradi.

 

  1. Istilohda esa moddiy va ma’naviy ma’noda ishlatilsa-da, ko‘proq moddiy sarf xarajatlarda o‘z ifodasini topadi.

 

  1. Har qanday ishda chegaradan chiqish – isrofdir.

 

  1. Inson qiladigan har bir amal va har bir so‘zida haddan oshish – isrofdir.
     
  2. Isrofga yo‘l qo‘ygan odam Alloh belgilab bergan chegaradan chiqib, U Zotning ne’matlarini o‘rniga sarflamagan yoki hojatdan tashqari ishlatgan bo‘ladi. Tilimizda ushbu so‘z “nest-nobud qilish”, “uvol qilish”, “ne’matni qadrlamaslik” kabi ma’nolarni anglatadi.

 

  1. Har bir narsa zaruratdan tashqari yoki noto‘g‘ri maqsadga ishlatilsa, buning natijasi parokandalikka olib borishi – isbot talab qilmaydigan  haqiqatdir.

 

  1. Shuning uchun ham Qur’oni karim oyatlarida alohida e’tibor qaratilib, Alloh taolo bergan ne’matlarni isrof qilmaslik lozimligi to‘g‘risida ko‘p aytib o‘tilgan.

 

  1. Isrof – pul, mol va Alloh tomonidan bizga berilgan ne’matlarni nojo‘ya sarflashdir.
     
  2. Ulamolarning aytishlaricha, ISROF:
    • faqirlikka yetaklaydi,
    • jannatdan uzoqlashtirib,
    • do‘zaxga yaqinlashtiradi,
    • Alloh taoloning g‘azabiga sabab bo‘ladi.

 

  1. Yoshlari kattalar darrov o‘tgan kunlarni eslashadi va isrofli to‘y to‘g‘risida “to‘qlikka sho‘xlik” degan xalq maqolini beixtiyor tilga olishadi.
     
  1. Ulamolar yangi kelgan har bir mehmon uchun non ne’matining “issiq non” bahonasida ushatilishini ham isrofdan deb baholaydilar.

 

  1. To‘ylarda xursandchilik sifatida pul sochish, ularning oyoq ostilarida qolishi – noo‘rindir. Zero pul birligi davlat ramzi bo‘lishi bilan birga, milliy qadriyat hamdir.

 

  1. Islom dinida mol-dunyo (tilla, kumush, pul birliklari) ni oyoqosti qilishlik, chiqindi joylarga tashlashlik, pulga tuflashlik, aqli noqislarga berishlik kabi nojo‘ya amallardan qaytarilgan.

 

  1. “Fayzul Qadir” kitobida hukamolar “Non o‘piladi, bosilmaydi!” degan masalani ta’kidlab keltirganlar.

 

  1. Darhaqiqat, har bir zamon dahosi, donosi, olimi, fozili, hoziqu hakimi yoki faqiru fuqarosi, kim bo‘lishidan qat’i nazar, nonni e’zoz etishga undaydi va bunga avvalo o‘zi amal qilishga intiladi. Hech bir zamon ahli qiyinchilik, qimmatchilik, qahatchilik, qurg‘oqchilik kabi inson uchun og‘ir va zararli bo‘lgan kun kelishini xohlamaydi. Balki kundalik hayotida doimo rizq-nasibasi keng, umri uzoq, hayoti farovon bo‘lishini istab Yaratganga iltijo qiladi.

 

  1. Qanoatning ikkinchi sharti – ne’matlarni rejali xarjlash. Hayotda tadbirli kimsalar birovlarga xushomad qilmaydi, yolg‘on gapirmaydi, hirs va tama balosiga duchor bo‘lmaydi.

 

  1. “Non ham non, uvog‘i ham non” – xalqona hikmat. Uning mazmunida gunoh, zoye, isrof xavfi bor. Qayerdaki, kimdaki bu xususga andisha bo‘lmasa, bir jazosi bor. Bu o‘git shu sababdin ko‘p takror bo‘lgan.

 

  1. Taomdan so‘ng berilgan ne’matlarga shukrona keltirish, hamd-sano aytib, taom tayyorlagan va taqdim etganlarga duo qilish – dinimizning asosiy ta’limotlaridan biridir.

 

  1. Xayr va ehsonda isrof bo‘lmaganidek, isrofda ham hech qanday xayr yo‘qdir (Imom A’zam rahmatullohi alayh).

 

XALQ  MAQOLLARI:

  • Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan.

 

  • Boylik ushoqdan yig‘ilar.

 

  • Donni yiqqan donodir.

 

  • Tejamkorlik – yarim rizq.

 

  • Yaxshi o‘g‘il biylar ota molini,

Yomon o‘g‘il sochar ota molini.

 

  • Tejam bilan ishlatsang – uy-ro‘zg‘oring but. 

Isrof bilan ishlatsang – yomon kunni kut! 

 

  • Mozoring yaqin bo‘lsa ham,

Bozoring yaqin bo‘lmasin.

 

  • O‘tin yig‘sang – pul bo‘lar,

O‘tga yoqsang – kul bo‘lar.

 

  • Erta turgan kishini

Xudo o‘nglar ishini.

 

  • Keksalar bor uyda baraka bor!

 

  • Yaxshiga qilsang yaxshilik –

Ham aytadi, ham qaytadi.

Yomonga qilsang yaxshilik –

Na aytadi, na qaytadi.

 

  • Bugun yedim – yetdim.

Erta yedim – o‘tdim.

Hamma hayitga chiqqanda,

Xumga kirib yotdim.

 

  • Qirib yesang – qirq kunga yetar,

O‘yib yesang – o‘n kunga.

 

  • Tiyin qadrini bilmagan so‘m qadrini bilmas.

 

  • Tovuq yesang – bir yeysan,

Tuxumini yesang – ming yeysan.

 

  • Otni ayagan ot minar,

To‘nni ayagan to‘n kiyar.

 

  • Chaqirilgan yerga bor,

Chaqirilmagan yerda senga nima bor? 

 

  • Nafsini tiygan kishi sulton bo‘lur,

Nafsini tiymagan kishi ulton bo‘lur. 

 

  • Non ham non, uvog‘i ham non.

 

  • Nafsini tiygan – valiy.  

 

  • Ikki yarim – bir butun.

 

  • Kallaklab yoqsang, qirq yilga yetar,

Qo‘porib yoqsang – bir yilga.

 

  • Soqoling chiqmay pul topsang,

Otang berganday bo‘lar.

 

  • Ota mulki bo‘lsa ham, ayab ye.

 

  • Oshni ayasang – oshga,

Nonni ayasang – nonga.

 

  • Oq tangang ortiq bo‘lsa,

Qora kuningga saqla.

 

  • Pulni topish oson – saqlash qiyin.

 

  • Pul to‘plasang – kul bo‘lar.

Somon to‘plasang – pul bo‘lar.

 

  • Bir boshoq don –

Bir savat non.

 

  • Pulning onasi – tiyin.

 

  • Sanoqli mol yo‘qolmas.

 

  • Sog‘ib ichsang – ming kunlik.

Sotib yesang – bir kunlik.

 

  • Toma-toma ko‘l bo‘lar,

Tommay qolsa, cho‘l bo‘lar.

 

  • Er topuvchan bo‘lsa,

Xotin taquvchan bo‘lar.

 

  • O‘tin yormaganga o‘tin yoqtirma.

 

  • Qarovsiz uy – tashlandiq o‘ra.

 

  • Don ayagan donga yetar,

Non ayagan – nonga.

 

  • Non ham – non, ushog‘i ham – non.

 

  • Non bolasi – nonushoq.

 

  • Yaxshi o‘g‘il ota molini biylar,

Yomon o‘g‘il ota molini sochar.

 

  • Beli og‘rimaganning non yeyishini ko‘r.

 

  • Yeyishing – kepak,

Kiyishing – ipak.

 

  • To‘qlikda ochlikni o‘yla,

Boyiganda – muhtojlikni!

 

  • Yig‘sang – yetasan,

Sovursang – ketasan.

 

  • Kam-kam yesang – doim yersan.

Ko‘p-ko‘p yesang – neni yersan?

 

  • Olaversang – yengil bo‘lar,

Solaversang – og‘ir.

 

  • Nokasning o‘zi to‘ysa ham, ko‘zi to‘ymas. 

 

  • Olg‘irlik ofat keltirar,

Badnafslik – halokat. 

 

  • Nonga hurmat – elga hurmat. 

 

  • Nonning uch kunligini, go‘shtning bir kunligini yegin. 

 

  • Non hidida hayot bor, har mag‘zida mamot bor. 

 

  • Non bo‘lsa – bas, o‘zgasi – havas. 

 

  • Birni ko‘rib – shukr qil, birni ko‘rib – fikr qil.

 

  • Nonsiz yashab bo‘lmas, gapni oshab bo‘lmas. 

 

  • Har kuni yema palovni,

Har kuni yoqqin olovni. 

 

  • Hisobini bilgan – bir yil yetim,

Hisobini bilmagan – o‘lguncha yetim. 

 

  • Hamyonini qadrlagan

Hisobini puxta qilar. 

 

  • Tejab yegan – darmonda,

Tejamagan – armonda. 

 

  • Otangga ne qilsang,

Oldingga shu kelar. 

 

  • Erta turgan yigitning bir rizqi ortiq,

Erta turgan ayolning bir ishi ortiq. 

 

  • Qanoat to‘rga eltar,

Ochko‘zlik – go‘rga. 

 

TIBBIYOT  OLIMLARINING  TADQIQOT  NATIJALARI:

  • Inson ko‘p yeganda:
  • yurak qisilib, tiniq ishlamaydi;
  • miya faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi;
  • oshqozon zo‘riqib ishlaydi;
  • odamning tanballigi ortadi;
  • kamhafsala va seruyqu bo‘lib qoladi.

 

  • Ko‘p ovqat yeyish – inson tabiatiga yot narsa:
  • shifokorlar hamisha ko‘p taom yeyishdan qaytarishgan,
  • kam taomlanishning ko‘plab foydalarini aytib o‘tishgan.

 

  • Qirq kundan ziyod umuman go‘sht yemaslikning zarari bor.

 

  • Muntazam ravishda ko‘p go‘sht iste’mol qilish sog‘liqqa zararlidir.

 

  • Sut yoki sutli taom bilan baliq, tuxum va nordon narsani,
  • qovurilgan go‘sht bilan qaynatilganini,
  • eski go‘sht bilan yangisini,
  • mijozi turlicha bo‘lgan ovqatlarni bir-biriga aralashtirib yeyish,
  • hidlangan taomni iste’mol qilish yaramaydi.

 

  • Ovqatlarni bir-biriga aralashtirib yeb bo‘lmaydi;
  • masalan, qatiqdan so‘ng g‘o‘r uzumni,
  • barcha turdagi ovqatlardan keyin o‘rik va shaftoli yeb bo‘lmaydi;
  • g‘o‘r uzum bilan baliqni,
  • sirka bilan sarimsoqni,
  • piyoz bilan sarimsoq piyozni ham aralashtirib iste’mol qilish yaramaydi.

 

  • Asal bilan qovunni,
  • tovuq go‘shti bilan baliqni,
  • sarimsoq, boqila, ayron va qatiqni ham aralashtirib bo‘lmaydi.

 

  • Ovqatlanishda tez va shitob bilan yeyish sog‘liqqa zarar qiladi.

 

  • Zamonaviy tibbiyot ham tik turgan holda shoshilib ovqatlanish taomning yaxshi hazm bo‘lmasligi va semirib ketish sabablaridan ekanini aniqladi.

 

  • Zamonaviy fan barmoqlar uchlarida ishtaha qo‘zg‘ashga va ovqat hazmiga yordamlashadigan nuqtalar borligini kashf etdi.

 

  • Kishi och qolganda ovqatga qo‘l uzatsa, juda ham to‘yib ketmasdan oldin yeyishni to‘xtatsa, hech qachon betob bo‘lmaydi.

 

  • Suvni terlab turganda ichish yaxshi emas.

 

  • Uyqudan uyg‘onar-uyg‘onmas darhol suv ichish to‘g‘ri emas.

 

  • Qishda quvvatliroq, yozda esa yengil hazm bo‘ladigan taom va meva-sabzavotlarni tanovul qilish.

 

  • Dasturxondan asal, uzum, xurmo, zaytunni uzmaslik.

 

  • Charchaganda shirinlik yeyish.

 

  • Bir oyda bir kun bo‘lsa ham ro‘za tutib, tanaga dam berish.

 

  • Ovqat tez yeyilmaydi.

 

  • Ovqat shoshilmasdan, yaxshi chaynab yeyiladi.

 

  • Taomni yaxshilab chaynamay yutmaslik.

 

  • Taom bilan ichimlik o‘tirib tanovul qilinadi.

 

  • Olingan luqmalar yaxshilab chaynab, so‘ng yutiladi.

 

  • Iloji boricha o‘ng tarafda chaynagan ma’qul.

 

  • Ovqatlanish me’yorida bo‘lgani ma’qul.

 

  • Taom issiq yoki juda sovuq holda yeyilmaydi.

 

  • Sarxil ovqatlar, muntazam quyuq ziyofatlarni yaxshi ko‘rish odamni yalqov qilib qo‘yadi, sog‘ligiga putur yetkazadi, toatdan chalg‘itadi.

 

  • Go‘shtli taomlar muntazam yeyilmaydi, tark ham qilinmaydi.

 

  • Nonning qotgani yoki eskirganini iste’mol qilish zararli emasligi, hatto ayrim kishilarning salomatligi uchun foydali ekanligi turli yo‘llar bilan isbotlangan.

 

  • Taomlanish paytida kitob-gazeta o‘qish, televizor ko‘rish, telefon va boshqa mashg‘ulotlar bilan band bo‘lish salomatlik uchun zararli.

 

  • Qorin to‘yguncha yeyish ham durust emas.

 

  • Taomdan keyin aslo sovuq suv ichmaslik.

 

  • Zamonaviy fan ham tik turib suv ichish zararligini isbotlagan.

 

  • Tishlarni ovqatlangandan so‘ng tozalab, yuvib yurishga odatlangan odam aslo tish og‘rig‘iga uchramaydi. Bunday kishining milklari sog‘lom bo‘lur.

 

  • Buyuk Britaniyaning Aston davlat ilmiy-tadqiqot universiteti olib borgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, yerga tushib ketgan yegulikni 5 soniya ichida yerdan olib iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfsiz ekan. Chunki bu vaqt ichida hech qanday mikroorganizm yegulikka tegishga yoki uni zararlashga ulgurmas ekan.

 

  • Oilaviy kechki ovqat foydali. Birgalikda ovqatlanish an’anasi nafaqat oilaviy munosabatlarni mustahkamlaydi, balki sog‘lom ovqatlanish odatlarining shakllanishiga ham hissa qo‘shadi.

 

  • Bu ayniqsa bolalar uchun juda muhimdir – bolalarda yolg‘iz ovqatlanish kelajakda ovqatlanish qoidalarini buzilishi xavfini oshiradi.

 

  • Shunday qilib, kuniga kamida ikki marta ota-onasidan alohida ovqatlanadigan bolalarda semirish xavfi 40 % yuqori.

 

  • Oilasi bilan haftasiga 5 martadan ko‘proq ovqatlanadigan bolalarda ovqatlanish buzilishi xavfi past bo‘ladi, sog‘lom ovqat iste’mol qiladi va yaxshi o‘qiydi.

 

  • Oilaviy kechki ovqat qancha ko‘p bo‘lsa, odamlar shunchalik ko‘p sabzavot iste’mol qiladilar.

 

  • Insondagi ichak va miya bog‘langan. Oziq-ovqat yordamida biz kayfiyatimizni ko‘tarib, energiya darajasini oshirishimiz mumkin.

 

  • Mazali taom va idishlarning chiroyli taqdimoti hazm qilish jarayonini rag‘batlantiradi; ammo bunda xavf ham bor – biz ularga berilib, psixologik muammolarni muvaffaqiyatsiz "yutishimiz" mumkin.

 

  • Osh tuzi – salomatlik va nozik qomatning dushmani.

 

  • Yog‘lardan saqlanish – sog‘liq uchun zararli.

 

  • Fan barmoq uchlarida ishtaha qo‘zg‘ashga va ovqatning yaxshi hazm etilishiga yordamlashadigan nuqtalar borligini aniqladi.

 

  • Baland musiqa sizni ko‘proq va tez-tez ichishga majbur qiladi. Yeyishga ham.

 

  • Taomni kayfiyatsiz holda tanovul qilmagan ma’qul.

 

  • Ovqatlanayotgan paytda yaxshi kayfiyatda bo‘ling!

 

  • Insonning barcha sezgi organlari bosh miya nazorati ostida. Miya oshqozondan uning bo‘shligi haqida signal olishi bilanoq, odam ochlikni his qiladi va aksincha. To‘yganlik hissi paydo bo‘lishi uchun o‘rtacha 20 daqiqa kerak bo‘ladi. 

 

  • Demak, shoshqaloqlik bilan ko‘p yeb qo‘ymaslik uchun, har bir taomlanishga kamida 20 daqiqa ajratish kerak.

 

  • Shu bilan birga yaxshilab chaynab, kichik bo‘laklarga bo‘lib ovqatlanish darkor. Taomni tez yeyish ortiqcha iste’mol qilishga olib keladi. Natijada tanada ortiqcha vazn paydo bo‘ladi.

 

ZAMONAVIY FAN TADQIQOTLARI va AJOYIB MA’LUMOTLAR:

Bashariyat mavjudligi tarixi davomida odamlar har doim 3 narsani qilishgan – turmush qurishgan, vafot etishgan va ovqatlanishgan...

Bu vaqt ichida oziq-ovqat haqida juda ham ko‘p qiziqarli faktlar mavjud.

Mana ulardan ba’zilari:

  • Ovqat pishirishga ayollar erkaklardan ikki baravar ko‘p vaqt sarflashadi.
  • 2015 yildan beri Sietl (Avstraliya)da ovqatni tashlash taqiqlangan. Qoldiqlarni uysizlarga, hayvonlarga tarqatish yoki o‘g‘itga aylantirish kerak. Qonunni buzgan korxonalar 50 dollar va jismoniy shaxslar – 1 dollardan jarimaga tortiladi.
  • Oziq-ovqatlar ichida asal – buzilmaydigan yagona mahsulotdir.
  • Kosmik non 1 tishlash uchun yetarli bo‘lgan paketlarga qadoqlangan. Bunday qadoqlash kosmonavtlarni nafas olish yo‘llariga tushishi mumkin bo‘lgan nol tortishish kuchida uchadigan ushoqlar bilan bog‘liq baxtsiz hodisalardan himoya qilishga imkon beradi.
  • O‘rtacha odam hayoti davomida taxminan besh yilni oziq-ovqatga sarflar ekan.
  • Ovqatning ta’mi odam ovqatlanadigan balandlikka ham bog‘liq.
  • London (Buyuk Britaniya) dagi hind restoranlari soni Hindistonning Dehli yoki Mumbaydagi hind taomlarini taklif qiladigan restoranlar sonidan ko‘p.
  • Dunyoga mashhur Chitos chiplari 1976 yilda farrosh Richard Montanez tomonidan ixtiro qilingan.
  • McDonald's har yili 2,5 milliard burger sotadi. Ya’ni har soniyada 75 ta, har kuni 6,5 million burger sotiladi.
  • Meksika va Janubiy Amerika sivilizatsiyalari shokoladni valyuta sifatida ishlatgan.
  • Guruch – dunyo aholisining yarmidan ko‘pining asosiy oziq-ovqatidir.
  • Napoleon Bonapart kechki ovqatga 12, tushlikka 8 daqiqa sarflagan ekan.
  • Inson hayotining 5 foizini ovqatlanish bilan o‘tkazadi.
  • Bir taomlanish 20 daqiqa atrofida davom etadi.
  • Odatda odam kuniga 3 marta ovqatlanadi.
  • Inson hayotida ovqat tayyorlashga taxminan 1064 kun yoki 2,9 yil sarflanadi.
  • Tayyorlangan oziq-ovqatni yeyish uchun bizga 3,66 yil kerak bo‘ladi, bu har kuni taxminan 67 daqiqaga teng.
  • Biz butun hayotimiz davomida taxminan o‘rtacha 35 tonna oziq-ovqat iste’mol qilamiz.

BMT  (Birlashgan Millatlar Tashkiloti)  MA’LUMOTI:

  • 2022 yil 14 dekabr kuni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi o‘zining 77-sessiyasida 30 mart sanasini har yili nishonlanadigan «CHIQINDISIZ DUNYO UCHUN XALQARO KUN» deb e’lon qilish to‘g‘risidagi A/RES/77/161-sonli Rezolyutsiyani qabul qildi.

 

 

Non… oddiygina so‘z. Ammo uning zamirida qanday ulkan ma’no, qanday qadr, qanday mehnat mujassam ekanini har doim ham his qilib yetmaymiz.

Har bir burda non – yerning bag‘ridan boshlangan, dehqonning peshona teri bilan sug‘orilgan, quyosh haroratida pishgan va minglab qo‘llar mehnati bilan dasturxonimizga yetib kelgan buyuk, bebaho, beqiyos, mislsiz ne’matdir.

 

Tasavvur qiling: bahorda yer haydaladi, urug‘ sochiladi. Dehqon tunlarini bedor o‘tkazib, har bir niholni asraydi. Yozning jazirama issig‘ida u daladan chiqmaydi. Kuzda esa hosil yig‘iladi – ammo bu hali yo‘lning yarmi, xolos. Don tegirmonga boradi, unga aylanadi, so‘ngra nonvoyning qo‘lida mehr bilan qorilib, tandirda pishadi. Ana shundan keyingina u bizning dasturxonimizga keladi.

Shu qadar mashaqqat, shu qadar sabr va og‘ir mehnat bilan tayyorlangan ne’matni biz ba’zan bir lahzada qadrsiz qilamiz. Bir burdasini yeymiz-u, qolganini tashlab yuborishdan uyalmaymiz. Ammo har bir isrof qilingan non – bu faqat oziq-ovqat emas, bu mehnatning, barakaning, hatto insoniylikning qadrini yo‘qotishdir.

 

Kattalarimiz bejizga: “Nonning uvoli bor”, – demagan. Bu so‘zlarda chuqur ma’no bor. Uvol – bu faqat jazo emas, balki insonning o‘z qilmishiga nisbatan ruhiy qarzi, ma’naviy og‘irligidir.

Nonni isrof qilgan inson barakadan mahrum bo‘lishi, qilgan ishida omadsizlikka uchrashi mumkinligi haqidagi ogohlantirishdir bu!

 

Eng achinarlisi – bugungi kunda ayrim xonadonlarda non oddiy narsadek qabul qilinadi. Dasturxonda qolgan nonlar tashlanib yuboriladi, yerga tushgan burdalarga e’tibor berilmaydi. Bu esa nafaqat qadrsizlik, balki o‘z ildizlarimizdan uzoqlashishdir. Chunki xalqimiz azaldan nonni muqaddas deb bilgan, uni hurmat qilgan, hatto yerga tushsa, olib ko‘zga surtib, baland joyga qo‘ygan.

 

Non – bu faqat qorin to‘ydiruvchi ozuqa emas. U – tinchlik ramzi, mehr ramzi, hayot ramzi. Non bor joyda baraka bor, non qadrlangan xonadonda fayz bor. Shuning uchun har birimiz o‘zimizdan boshlashimiz kerak: nonni ehtiyot qilish, uni isrof qilmaslik, bolalarga ham shu odatni o‘rgatish.

 

Bolalarimiz nonni qanday qadrlashni bizdan o‘rganadi. Agar biz unga befarq bo‘lsak, ular ham shunday bo‘lib ulg‘ayadi. Agar biz har bir burdani e’zozlasak, ular ham nonni muqaddas deb biladi. Bu esa kelajak avlodning ma’naviyatini belgilaydi.

Shunday ekan, bir lahza to‘xtab o‘ylab ko‘raylik: dasturxonimizdagi har bir burda nonga munosib munosabatdamizmi? Uni qadrlayapmizmi yoki bee’tiborlik bilan isrof qilyapmizmi?..

 

Ming-ming-ming shukrlarki, yurtimizda davlatimiz­ning g‘amxo‘rligi, oziq-ovqat xavf­sizligini ta’minlashga qaratil­gan keng ko‘lamli chora-tadbirlar tufayli qornimiz to‘q, ustimiz but. Tinch-xotirjam, o‘zimiz ham, farzandlarimiz ham istagan yegulikni tanovul qilyapmiz. Ammo bunday sharoitlarning qadriga yetib, shukrona aytish o‘rniga is­rofgarchilikka ham yo‘l qo‘yayotganimiz achinarlidir.

Aslida, qornimiz bir burda nonga to‘yadi. Lekin dasturxonda non bo‘laklari bo‘lsa-da, biror kishi kelib o‘tirsa, yana yangisini sindirish odat tusiga kirgan. Xullas, yesak-yemasak, sindiraveramiz. Ov­qatlangach esa, ba’zan ortgan nonlar tashlab yubori­ladi. Restoran, oshxona, to‘yxonalardan ortgan qop-qop non bo‘laklarini ko‘rib, yuragingiz uvishadi. Chiqindi shoxobchalarida ham axlat va po‘choqqa ara­lash tashlanayotgan non qoldiqlarini ko‘rib taaj­jublanasiz, “Buning uvoli tegmasmikin?” deya o‘yga tolasiz.

 

Atrofimizga nazar tashlasak, nafaqat yoshlar, bal­ki kattalar orasida ham non qadrini unutayotgan­lar, uni isrof qilayotganlarni uchratamiz. Afsus, bunday kishilar bugun kimlardir bir burda nonga, hatto ushoqqa zor ekanini anglamaydi. Ular nonni qadrlamayotganining sababi dasturxoni to‘kinligi, “Doim shunday hayot kechiraman” degan ishonch haddan ziyodaligidir. Bu esa to‘qlikka sho‘xlikdan boshqa narsa emas.

Bugungi to‘ylar va turli marosimlarda isrof­garchilikka yo‘l qo‘yilayotgani, non qadrini his qil­may qo‘yganimiz, achinarlisi, farzandlarimiz ham aynan shu yo‘ldan ketayotgani og‘riqlidir. Bu qanchalik farovon, dasturxonimiz to‘kin bo‘lgani sari ma’naviy qashshoqlashib borayotganimizdan dalolat emasmi?

Uzoqqa bormaylik, mustaqillikning ilk yilla­rida non qadri qanchalar baland bo‘lgani, odamlar soatlab, kunlab nonga, unga navbatda turgani, qish­loqlarda aholi boshoq tergani chiqqanlari hali ko‘z o‘ngimizda turibdi... Ikkinchi jahon urushi davrida ham ota-bobolarimiz bir burda nonga qanchalar zor bo‘lishgan...

 

Otalarimiz, onalarimiz bizni hozirgi farahli kunlarga yetkazish uchun och-nahor ter to‘kib, mehnat qilganlar. Bugungi omon-omon to‘kinlik zamoni ajdodlarimizning orzusi emasmidi?!? Ularning duolari, niyatlari amalga oshib, farovon hayot kechiryapmiz. Bunga shukr qilish o‘rniga isrofgarchilikka yo‘l qo‘yishimiz qanchalar to‘g‘ri bo‘ladi?!!

 

Muqaddas dinimizda isrof juda qattiq qora­lanadi. Alloh taolo O‘z kalomida: “Yeb-iching­iz, lekin isrof qilmangiz. Zero, Alloh isrof qiluvchilarni sevmagay, degan (A’rof surasi 7/31-oyat). Bundan kelib chiqadiki, Alloh bergan ne’matlarni isrof qilish, ularning qadriga yetmaslik katta gunohdir. Shu bois jonimiz sog‘, yeyishga bir burda nonimiz bormi, shukrona aytaylik. Chunki bugungi tahlikali zamonda dunyoda millionlab kishilar tinchlikning, nonning naqadar qadrli ne’mat ekanini o‘z ko‘zlari bilan, jonlari bilan his etishmoqda.

Hadisi qudsiyda bun­day deyi­ladi: “Ey, Odam farzan­di! Hami­sha ovqatlanishga o‘tir­ganingda qorni och bechoralar ham esingda bo‘lsin! Shunda Allohning ne’matlariga shukr qili­shing osonroq bo‘ladi”.

“Birni ko‘rib shukr qil, birni ko‘rib – fikr qil” deydi dono xalqimiz. Darhaqiqat, hozir dunyoda mil­lion-million odamlar bir burda nonga zor bo‘lib yashayapti. Internet tarmoqlari, televideniye orqali hammamiz o‘z ko‘zimiz bilan guvohmiz. Xudo dasturxonimizni to‘kin qildi, ne’matlarni iste’mol qilishi­miz uchun salomatlik berdi. Bunga shukr qilish o‘rniga nima uchun bu ne’matlarni isrof qilishimiz kerak?!!

 

Yoshligimizda, “Non ushog‘ini bo­ssang, ko‘r bo‘lasan”, deya ta’kidlashardi. Bu gaplarni ota-ona­miz­dan tashqari mahalladagilar ham aytishardi. Ko‘chada ushoq­ni ko‘r­sak, olib, changini puflab, ko‘zga surtib, chetga qo‘yardik. Hozir ko‘plab xonadonlarda dasturxondan bir bo‘lak non pastga tushib ketsa, olib yeyilmaydi, aksincha, po‘choqqa yoki axlat chelakka tashlanmoqda. Nonga shu zaylda munosabatda bo‘lsak, Xu­do ko‘rsatmasin, erta­ga afsusla­nib qolmaylik. Axir, “Nimani xor qilsang, shunga zor bo‘lasan”, degan hikmat bejiz aytilmagan-ku!

 

Shunday ekan, qattiq mehnat eva­ziga yetishtirilayotgan nonning va boshqa nozu ne’matlarning qad­riga yetish, isrofgarchilikka yo‘l qo‘ymaslik sizu bizning asosiy vazifamiz bo‘lishi zarur.

 

Nonni asraylik! Uni ehtiyot qilaylik! Chunki non – bu hayotning o‘zi. Va uning ham, albatta, uvoli bor…

“Hamma narsa ham oiladan boshlanadi” – deydi dono xalqimiz...

 

Demak, oilaning rahbarlari – OTA-ONALAR “farzandlar tarbiyasi” nomli “Hayot universiteti”da mashaqqatli va sharafli, og‘ir va savobli, sermahsul va olijanob vazifada mas’ul sanaladi.  

Oila a’zolariga ovqatlanish odoblarini aytib turish, dasturxon atrofida o‘zaro yaxshi muloqotda bo‘lish, o‘rni bilan yoshlarning kamchiliklarini bildirib qo‘yish – kattalarning burchidir.

XUDONING OLDIDA HAM, BANDASINING OLDIDA HAM!!!

 

  1. «Yana Rabbingiz e’lon qilgan bu so‘zlarni eslangiz: «Qasamki, agar bergan ne’matlarimga shukr qilsangiz, albatta, ularni yanada ziyoda qilurman. Bordi-yu, noshukrchilik qilsangiz, albatta, azobim ham juda qattiqdir» (Qur’oni karim / 14 sura 7 oyat).

 

Xususan, non va oziq-ovqatlarni iste’mol qilish tartiblarini, non va non mahsulotlarini isrof qilmaslikni o‘rgatish va talab etishdan hech bir ota-ona charchamasligi darkor.

HAYOT nomli "Universitet"ning "tillo diplomi"ga ega bo‘lgan,

TAJRIBA nomli "Oliy o‘quv yurt"ning "brilliant sertifikati"ni qo‘lga kiritgan va

AQL nomli "Institut"ning "gavhar hujjati"ni egallagan

oqil va dono OTA-ONALARIMIZ hamisha yoshlarimiz uchun PROFЕSSOR bo‘lib qoladilar...

 

Mehribon Parvardigorimiz

o‘zlarimizni ham,

farzand-zurriyotlarimizni ham

O‘zi buyurgan,

Janobi Payg‘ambarimiz sallallohu alayhi vasallam tavsiya etgan,

o‘tmishda o‘tganlarimizning ruhlari shod bo‘ladigan,

xalqimiz xursand bo‘ladigan,

ota-onalarimiz rozi bo‘ladigan yo‘llardan yurishimizni nasib etsin! 
                                                                                      

   Ibrohimjon domla Inomov

Maqolalar