Sayt test holatida ishlamoqda!
22 Iyul, 2025   |   27 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:31
Quyosh
05:09
Peshin
12:35
Asr
17:37
Shom
19:54
Xufton
21:24
Bismillah
22 Iyul, 2025, 27 Muharram, 1447
Maqolalar

O‘zbekiston xalqiga Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi

30.07.2024   5493   4 min.
O‘zbekiston xalqiga Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bayram tabrigi

Aziz va qadrli vatandoshlar!

Avvalo, sizlarni, butun O‘zbekiston xalqini Xalqlar do‘stligi kuni bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Biz Yangi O‘zbekistonni barpo etish maqsadida boshlagan islohotlarimiz jarayonida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashni eng ustuvor vazifalarimizdan biri etib belgiladik.

Dunyoda Xalqaro do‘stlik kuni deb qabul qilingan 30 iyul sanasini mamlakatimizda Xalqlar do‘stligi kuni deb e’lon qilganimiz va o‘ziga xos bayram sifatida keng nishonlashni an’anaga aylantirganimiz ham shundan dalolat beradi.

Dunyo miqyosida bag‘rikeng yurt sifatida e’tirof etiladigan jonajon Vatanimizda bugungi kunda 130 dan ortiq  millat va elat hamda 16 ta diniy konfessiya vakillari tinch-totuv, ahil-inoq, hamjihat bo‘lib yashamoqda. 157 ta milliy madaniy markaz va 38 ta do‘stlik jamiyati faoliyat ko‘rsatmoqda.

Mamlakatimizdagi ta’lim muassasalarida o‘quv-tarbiya jarayonlari o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib borilmoqda, qardosh tilli maktablarda o‘qiyotgan farzandlarimiz davlat hisobidan darslik va badiiy adabiyotlar bilan ta’minlanmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda tashkil etilgan “Do‘stlik uylari” faoliyati har taraflama qo‘llab-quvvatlanmoqda. Xususan, Oliy Majlis huzuridagi jamoat fondi tomonidan ushbu maqsadlar uchun zarur mablag‘lar yo‘naltirilmoqda, turli subsidiya va grantlar ajratilmoqda.

Milliy madaniy markazlarning moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida ular davlat tomonidan zamonaviy texnik uskunalar, musiqiy asboblar, mebel jihozlari, milliy liboslar bilan ta’minlandi.

Milliy madaniy markazlar faoliyati uchun eng ko‘rkam binolar ajratib berildi. Bu maskanlarda  muntazam ravishda umummilliy bayramlar, festivallar, konsert va uchrashuvlar, taniqli madaniyat arboblarining chiqishlari, seminar va konferensiyalar o‘tkazilmoqda.

“O‘zbekiston – umumiy uyimiz” degan ezgu g‘oya barcha milliy madaniy markazlarning shioriga aylangani diqqatga sazovor. Bu jamiyatimizda hukm surayotgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglik muhiti, tinchlik va osoyishtalikning amaliy ifodasidir.

O‘tgan yillar mobaynida yurtimizda Xalqlar do‘stligi festivallari doirasida o‘tkazilgan davra suhbatlari, ijodiy muloqotlar, turli millat vakillarining kitob ko‘rgazmalari, fotoko‘rgazmalar, xalqaro konferensiya va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar millatlar va elatlar o‘rtasidagi do‘stlik aloqalarining mustahkamlanishida yana bir muhim bosqich bo‘ldi.

Chet ellarda istiqomat qilayotgan vatandoshlarimiz bilan aloqalar mustahkamlanib bormoqda.

“2022-2026 yillarda Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonda milliy madaniy markazlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish belgilangani ham mazkur yo‘nalishdagi ishlarimizning bardavom ekanini ko‘rsatadi.

“Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili”da turli millat yoshlari uchun qo‘shimcha qulay sharoitlar yaratish, ularning fuqarolik burchini his etishi va anglashi, vatanparvarlik hissini kuchaytirish, bag‘rikenglikka asoslangan millatlararo muloqot madaniyatini oshirish kabi xayrli ishlar olib borilmoqda.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, so‘nggi yetti yilda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida ulkan o‘zgarishlar ro‘y bermoqda. Buni jahon hamjamiyati, xalqaro ekspertlar, taniqli davlat va siyosat arboblari ham e’tirof etmoqda.

Markaziy Osiyo mintaqasidagi qo‘shni davlatlar bilan do‘stona aloqalar qayta tiklangani, azaliy rishtalar yangicha mazmunda davom ettirilayotgani xalqimizning xohish va istaklari, orzu-intilishlarini yaqqol ifoda etmoqda.

Muhtaram do‘stlar!

Hech kimga sir emas, bugun dunyoda beqaror vaziyat hukm surmoqda. Xalqaro maydonda davlatlarning bir-biriga o‘zaro ishonchi susayib bormoqda. Bunday murakkab sharoitda hayotning o‘zi bizdan mamlakatimizda hukm surayotgan o‘zaro hurmat, mehr-oqibat, totuvlik va birdamlik muhitini yanada mustahkamlash, yoshlarni buzg‘unchi yot g‘oya va oqimlar, tashqi ta’sirlardan asrashga  qaratilgan ishlarimizni yangi bosqichga ko‘tarishni talab etmoqda.

Ko‘pmillatli va ko‘pmadaniyatli jamiyatni oqilona boshqarish sohasida O‘zbekiston muhim  tajriba to‘pladi. Bizning bu boradagi faoliyatimiz  dunyo  miqyosida katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Biz bundan buyon ham nodavlat tashkilotlarning rolini kuchaytirish, ularning huquqlarini kafolatlash orqali fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga, millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, har bir fuqaroning vijdon erkinligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratamiz. Mamlakatimizda millatlar va konfessiyalar o‘rtasidagi totuvlik va hamjihatlikni mustahkamlash siyosatini izchil davom ettiramiz.

Bu olijanob maqsad yo‘lida yurtimiz bo‘ylab bir hafta davomida o‘tkaziladigan Do‘stlik festivallari xalqimizni yanada birlashtiradi, mintaqamizdagi tinchlik va osoyishtalik, millatlararo hamjihatlik va diniy bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Aziz yurtdoshlar!

Fursatdan foydalanib, sizlarni, butun xalqimizni Xalqlar do‘stligi kuni bilan yana bir bor chin ko‘ngildan muborakbod etaman.

Jonajon Vatanimizda doimo tinchlik-osoyishtalik va farovonlik hukm sursin, ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqiga hamisha baxtu saodat yor bo‘lsin!

 

Shavkat Mirziyoyev,

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Maqolalar

Maktub

14.07.2025   5241   3 min.
Maktub

Bir ota uzoq shaharga safar qildi. Ayoli va uch farzandi esa vatanda qolishdi. Bolalari uni juda yaxshi ko‘rishar va hurmat qilishar edi.

Otalari ularga birinchi maktubni yubordi. Lekin ular uni o‘qish uchun ochmadilar, balki har birlari maktubni peshonalariga surtib: “Bu buyuk habibimizdandir”, dedilar. Ushbu xatning ko‘rinishiga nazar qilib, uni chiroyli qutiga solib qo‘yishdi. Bolalar boshqa paytlarda maktubning changini artish uchun olishar va yana joyiga qo‘yib qo‘yishardi. Otalari oilasiga yuborgan hamma xatlarni shunday qilishdi.

Yillar o‘tdi. Ota uyga qaytdi. Lekin ulardan birgina farzand qolgandi. Ota undan so‘radi:

– Onang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Ular qattiq kasal bo‘ldilar. Bizda onamni davolash uchun mablag‘ topilmadi va vafot etdilar.

Ota dedi:

– Birinchi maktubimni ochmadingizmi?! Men sizlarga katta mablag‘ yuborgan edim-ku!

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q!

Ota yana so‘radi:

– Ukang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Siz uning ba’zi o‘rtoqlarini tanirdingiz. Onamning o‘limidan keyin unga nasihat qiladigan va uni to‘g‘ri yo‘lga soladigan kimsa topilmadi. U do‘stlari bilan ketdi.

Ota hayratlanib dedi:

– Nima uchun?! Yomon o‘rtoqlarini tark qilib, mening oldimga kelishini yozgan maktubimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il javoban:

– Yo‘q, – dedi.

Ota dedi:

– La havla va la quvvata illa billah. Opang qayerda?

O‘g‘il dedi:

– Turmushga chiqish uchun maslahat so‘ragan haligi yigit bilan nikohlandi va u hozir baxtsiz yashayapti.

Ota darg‘azab bo‘lib dedi:

– Sizlarga bu yigitning obro‘si, xulqi yomonligi va bu to‘yga noroziligim haqida yozgan xatimni o‘qimadingizmi?

O‘g‘il dedi:

– Yo‘q! Biz xatlaringizni bir chiroyli qutida saqladik. Doim uni ziynatladik, peshonamizga surtdik, lekin o‘qimadik.

 

Bu oilaning ahvoli, uning birligi qanday tarqalib ketgani, otaning maktubini o‘qimay, undan manfaat olmay, balki uni muqaddaslab, unda yozilganlarga amal qilmay, hayotlarini qiyinlashtirganliklari haqida tafakkur qildim. So‘ng stol ustidagi chiroyli qutiga solib qo‘yilgan Qur’oni Karimga nazar soldim... Sho‘rim qurisin!

Albatta, men Allohning Maktubiga anavi bolalar otalarining xatlariga muomala qilganlari kabi munosabatda bo‘lyapman. Men Mus'hafni stolim ustiga qo‘yganman-u, lekin uni o‘qimayman, undagi narsalardan foydalanmayman ham. Axir, u butun hayotimning dasturi-ku!

Robbimga istig‘for aytdim. Mus'hafni ochdim va hech qachon uni tark etmaslikka qaror qildim. 

Arab tilidan Ziyoda Mirahmatova tarjimasi
Ibratli hikoyalar