O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashi Shimoliy Kavkaz musulmonlarining muvofiqlashtiruvchi markazi raisi Ismoil Berdiyevning vafoti munosabati bilan Shimoliy Kavkazning barcha musulmonlariga, rahmatli ulamoning oila a’zolari, safdoshlari, shogirdlari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiradi.
Shimoliy Kavkazdagi mo‘min-musulmon birodarlarimizning ushbu ulkan qayg‘u va yo‘qotishlariga sherik bo‘lgan holda, Alloh taolodan ularga sabr-bardosh tilaymiz. Zero, Qur’oni karimda: “…Albatta, biz Allohning ixtiyoridamiz va albatta, biz Uning huzuriga qaytuvchilarmiz…”, deyilgan (Baqara surasi, 156-oyat).
Yaratgan parvardigor taniqli ulamo Ismoil Berdiyevning Islom dini ravnaqi yo‘lida olib borgan sa’y harakatlari, mo‘min-musulmonlar ehtiyojini ta’minlash va xalqlarimiz o‘rtasidagi do‘stlikni mustahkamlashdagi xizmatlarini husni qabul aylab, ulkan ajru savoblar ato etsin.
Ma’lumot o‘rnida Ismoil hoji Berdiyev 1954 yili Qozog‘iston Respublikasining Sayram viloyatida tavallud topgan. U kishi 1982–1988 yillarda Buxorodagi Mir Arab madrasasini, 1988–1992 yillarda Toshkent islom institutini va Misr Arab Respublikasining al-Azhar universitetini tamomlagan.
1989 yilda Stavropol o‘lkasi musulmonlari qoziyoti raisi etib saylangan. 1991 yilda Karachay-Cherkes Respublikasi va Stavropol o‘lkasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi bo‘lgan. 2010 yildan Karachay-Cherkes Respublikasi musulmonlari diniy boshqarmasi raisi bo‘lib ishlagan.
2004 yildan umrining oxirigacha Rossiya Prezidenti huzuridagi diniy birlashmalar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha kengash a’zosi bo‘lgan.
Haq taolo marhum olimning safdoshlari, shogirdlari, yaqinlari, ahli oilasi, farzandu arjumandlariga chiroyli sabr berib, bu musibatlarini yaxshiliklar ila to‘ldirsin.
Biz Buyuk Parvardigordan duo qilib so‘raymizki, marhum ulamoni o‘zining cheksiz rahmatiga olsin, jannat bog‘lariga doxil etsin.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
O‘mon Sultonligining Masqat shahridagi "Hilton Muscat Al Bandar" majmuasida xalqaro forum bo‘lib o‘tdi. Shu yilning 15-16 noyabr kunlari o‘tkazilgan ushbu nufuzli anjumanda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon domla Ishmatbekov ham ishtirok etdi.
Mazkur xalqaro forum Birlashgan Millatlar Tashkilotining Genotsidning oldini olish va himoya qilish mas’uliyati bo‘yicha boshqarmasi (UNOSAPG), O‘mon Sultonligi Vaqf va diniy ishlar hamda Tashqi ishlar vazirliklari, shuningdek, "Din va an’anaviy tinchlikparvarlar tarmog‘i" (The Network for Religious and Traditional Peacemakers) hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirning asosiy maqsadi kamsitish va zo‘ravonlikning oldini olish, shuningdek, o‘zaro muloqot, bag‘rikenglik va tinch-totuvlikni keng targ‘ib qilishda amaliy yondashuvlarni ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
E’tiborlisi, forumning asosiy tadbirlari Birlashgan Millatlar Tashkilotining Xalqaro bag‘rikenglik kuniga (16 noyabr) to‘g‘ri kelgani o‘zaro hurmat va tinch-totuv yashash qadriyatlarini mustahkamlash uchun muhim maydon vazifasini o‘tadi.
Xalqaro tadbirda dunyoning turli davlatlaridan kelgan taniqli ulamolar, diniy va an’anaviy yetakchilar, hukumat vakillari, BMT va boshqa yirik xalqaro tashkilotlar mutasaddilari jam bo‘ldi. Forum dasturi doirasida muhim sessiyalar bo‘lib o‘tib, tinchlik va xavfsizlikni ta’minlashda xalqaro hamkorlik mexanizmlari hamda bag‘rikenglikni ilgari surishda diniy yetakchilar va ommaviy axborot vositalarining o‘rni kabi mavzularda yuqori darajadagi muhokamalar olib borildi.
Shuningdek, xalqaro tadbir doirasida yurtimiz vakillari dunyoning qator davlatlaridan tashrif buyurgan nufuzli ulamolar, diniy yetakchilar va soha mutaxassislari bilan uchrashuvlar o‘tkazdilar. Samimiy ruhda kechgan muloqotlar davomida diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish, sof Islom ma’rifatini keng yoyish hamda bugungi kunning dolzarb masalalari yechimi bo‘yicha o‘zaro tajriba almashildi.
O‘zbekiston vakillarining bunday nufuzli xalqaro anjumanlardagi ishtiroki yurtimizda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, dinlararo bag‘rikenglik va tinchliksevarlik tamoyillarini jahon hamjamiyatiga yetkazishda muhim ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati