Shu yilning 20-25 avgust kunlari O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari Finlandiya musulmonlari jamiyatining taklifiga binoan ushbu mamlakatda bo‘ldilar.
Safar davomida Finlandiya milliy dinlararo hamkorlik forumi rahbari, Finlandiyaning O‘zbekistondagi elchisi (qarorgohi Xelsinki shahrida), Tatar musulmonlari jamiyati rahbari hamda Finlandiya musulmonlari jamiyati bosh imomi Ramil Hazrat Belyayev singari din va davlat arboblari bilan uchrashuvlar tashkil etildi.
Muloqotlarda ilm-fan, ta’lim-tarbiya, ijtimoiy-madaniy, ilmiy-tadqiqot va diniy-ma’rifiy yo‘nalishlarda hamkorlik qilish muhokama qilindi.
E’tiborli jihati shuki, Finlandiya musulmonlar jamiyatiga 1960 yillarda rahbarlik qilgan, yirik ulamo Habibur-Rohman Shokir rahimahulloh 1957 — 1982 yillarda O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi raisi, muftiy bo‘lgan Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari bilan 1920 yillarda Toshkent shahridagi Ko‘kaldosh madrasasida birga tahsil olgan.
Shuningdek, Habibur-Rohman Shokir Toshkent shahriga bir necha bor kelgan, o‘z navbatida Shayx Ziyovuddin ibn Eshon Boboxon hazratlari ham Xelsinki shahriga safarlar uyushtirgan. Shu bois ham, ikki mamlakat din peshvolarining hamkorliklari uzoq tarixga borib taqalishini alohida qayd etish barobarida bugungi aloqalar o‘tmishda bog‘langan hamkorlikning uzviy davomi ekanini ta’kidlash mumkin.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari yurtimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Diniy idora faoliyati, mo‘min-musulmonlar ibodat qilishi uchun yaratilgan shart-sharoitlar, millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik va Islom ma’rifatini keng yoyish borasida qilinayotgan ishlar haqida ma’lumot berdilar.
Finlandiya tomoni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlashi barobarida musulmon ummati uchun foydali bo‘ladigani ikki tomonlama hamkorlikni davom ettirish, anjumanlar o‘tkazish va o‘zaro tajriba almashishga tayyor ekanini bildirdi.
Muftiy hazratlari ishtirokida Finlandiya va Latviya davlatlarida o‘qish va ishlash maqsadida bo‘lib turgan vatandoshlar bilan suhbat va savol-javoblar ham o‘tkazildi. Uchrashuvlarda davlatimiz Rahbari tomonidan olib borilayotgan inson qadr-qimmatini ulug‘lash borasidagi islohotlar, masjid-madrasalar ochilayotgani, Qur’oni karim va tajvid kurslari faoliyat yuritayotgani, haj-umra safarlariga keng imkoniyat berilayotgani haqida so‘zlab berildi. Shuningdek, halol mehnatning foydalari, o‘zaro mehr-oqibatli bo‘lish, silai rahmni uzmaslik borasida manfaatli suhbat qilindi.
Xelsinki shahridagi jome masjidda Muftiy hazratlari juma mav’izasini o‘qib, jamoatga imomlik qildilar. Islom dini mo‘min-musulmonlarni bir-birlari bilan do‘st va birodar bo‘lib tinch-totuv, ahl-inoq, o‘zaro hamjihatlikda hayot kechirishga chaqirishi kabilarga ma’ruzada urg‘u qaratildi.
Safar mazmunli, muloqot va uchrashuvlar esa samimiy ruhda o‘tdi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan imom-xatiblar, mudarrislar, oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari o‘qituvchilari va tadqiqotchilari uchun “Moturidiylik” jurnalining maxsus sonini nashr qilish rejalashtirilmoqda.
Maxsus sonni tayyorlashdan maqsad – diniy soha xodimlarining islomshunoslik sohasidagi ilmiy tadqiqotlarini qo‘llab-quvvatlash.
“Moturidiylik” respublikaning islomshunoslik sohasidagi yetakchi ilmiy nashrlaridan biri bo‘lib, Oliy attestatsiya komissiyasi tomonidan ilmiy tadqiqotlarning asosiy ilmiy natijalarini chop etishga tavsiya etilgan.
“Moturidiylik” jurnalida chop etilgan maqolalar respublika miqyosida mustaqil ilmiy tadqiqot sifatida tan olinadi va ilmiy ish olib borayotgan tadqiqotchilarga qo‘yilgan maqola talablarini bajarishda to‘liq e’tirof etiladi.
Maqola talablari
Maqolalar Word hujjati sifatida taqdim etiladi (.doc yoki .docx formatida)
Maqolaning maksimal uzunligi 7-10 sahifadan oshmasligi kerak (barcha raqamlar, jadvallar, rasmlar, izohlar, iqtiboslar va havolalar bilan birga)
Matn 14 kattalikdagi Times New Roman shriftida, 1,5 intervalda yoziladi
Taqdim etiladigan maqola quyidagi qismlarni o‘z ichiga oladi:
Sarlavha, sarlavhadan keyin muallif(lar)ning ism(lar)i qo‘yiladi.
Annotatsiya 70–100 ta so‘zdan iborat
Kalit so‘z 5–8 ta
Kirish
Asosiy qism
Muhokama
Natijalar
Xulosa
Adabiyotlar/Iqtibos keltirilgan asarlar ro‘yxati
Maqolaga qo‘yilgan talablar borasida ushbu havola orqali batafsil bilib olishingiz mumkin!
Ushbu havola orqali maqolangizni yuboring!
+998712443521
info@maturidijournal.org
www.maturidijournal.org