29 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Davlat mustaqilligining 33 yillik bayrami oldidan Namangan viloyati vakilligida “Yil imomi – 2024” ko‘rik tanlovining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Unda Namangan shahar va tumanlarida birinchilikni olib 2-viloyat bosqichi imom-xatiblar o‘rtasida tafsir, tajvid, fiqh, aqoid va siyrat fanlari bo‘yicha tuzilgan savollar asosida bilim va malakalarini sinovdan o‘tkazildi.
Ishtirokchilarning chiqishlari hakamlar hay’ati tomonidan belgilangan mezonlar asosida baholab borildi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, tanlovda birinchilikni egallagan Namangan shahar «Homiddin qori» jome masjidi imom-xatibi Nasriddinov Muhammadbobur “Yil imomi – 2024” ko‘rik tanlovining respublika bosqichiga yo‘l oldi.
Bugun, 26 may kuni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida "Islom – salomatlik targ‘ibotchisi" mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani ham bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Kongratbay Sharipov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim Muhammadsiddiqov, Sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, Respublika xalq tabobati ilmiy-amaliy markazi direktori Jamshid Mirrahimov, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, shuningdek, yosh olimlar, doktorant va magistrlar, yurtimiz va xorijlik professor-o‘qituvchilari va soha mutaxassislari qatnashdi.
Mazkur anjumanda islom dinining inson salomatligini muhofaza qilish, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, jismoniy tarbiya va sportni rag‘batlantirish hamda jamiyatda tinchlik va totuvlikni ta’minlashga qaratilgan ma’naviy-axloqiy tamoyillari bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi.
Shuningdek, "Islomda sog‘lom turmush tarzi", "Ibn Sinoning to‘g‘ri ovqatlanish va tanani sog‘lom saqlashga oid tavsiyalari", "Farzand kamolotida jismoniy tarbiyaning o‘rni", "Yosh avlodni sog‘lom e’tiqod va vatanparvarlik ruhida tarbiyalashda moturidiylik ta’limotining ahamiyati" va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ushbu anjuman natijasida islomda sport, to‘g‘ri ovqatlanish va sog‘lom turmush tarzi bilan bog‘liq masalalar haqidagi tadqiqotlar takomillashishi barobarida salomatlikka oid diniy-axloqiy qarashlar, ilmiy mulohazalar va tavsiyalar ishlab chiqiladi. Bu esa jamiyatda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati