Sayt test holatida ishlamoqda!
19 Noyabr, 2026   |   9 Jumadul soni, 1448

Toshkent shahri
Tong
05:53
Quyosh
07:11
Peshin
12:14
Asr
15:19
Shom
17:04
Xufton
18:19
Bismillah
19 Noyabr, 2026, 9 Jumadul soni, 1448

E’TIBOR, EHTIROM VA E’ZOZ

06.09.2024   11827   10 min.
E’TIBOR, EHTIROM VA E’ZOZ

Dil izhori

Alloh taologa beadad shukrlar bo‘lsinki, yurtimiz mustaqilligining 33 yilligini katta xursandchilik bilan kutib oldik. Bugun har bir go‘shada bayram shukuhi hukmron. Bu ayyom o‘zini shu Vatan farzandi deb bilgan har bir inson uchun qadrli, aziz va mo‘tabar. Chunki u bizga o‘zligimiz, insoniy haq-huquq va qadr-qimmatimizni baxsh etdi.

Eng ulug‘, eng aziz bayram arafasida Prezidentimiz farmonlariga muvofiq turli soha vakillari faxriy unvon, orden va medallar bilan taqdirlandi. Shunday fidoyi yurtdoshlarimiz qatorida uch nafar imom-xatib “Imom Buxoriy” ordeni bilan mukofotlangani barcha diniy soha vakillarini benihoya xursand qildi. Aytish joizki, yaqin o‘tmishda imom-xatiblarga bu darajada ehtirom ko‘rsatilmagan.  Ushbu quvonchli voqea yangi O‘zbekistonda islom dini va soha xodimlariga qaratilayotgan e’tiborning yana bir yorqin ifodasi bo‘ldi.

Imom-xatiblar yuksak mukofotlarni 30 avgust kuni Ko‘ksaroy qarorgohida davlatimiz rahbaridan qabul qilib oldi. Quyida ularning dil so‘zlari bilan tanishasiz.

Ma’rifiy sohada ilmiy asos yaratilmoqda

— Bugun men juda ham shodman. Mana shunday ulug‘ mukofotni shaxsan davlatimiz rahbarining o‘zidan qabul qilib olish menga yuksak sharaf bo‘lish bilan birga, katta mas’uliyat ham yukladi. Mamlakatimizda Prezidentimiz  rahbarligida barcha sohalarda inson qadri va uning sha’nini yuksaltirish borasida olib borilayotgan izchil islohotlarning samaralarini birma-bir sanab adog‘iga yetish mushkul.

O‘zbekiston zamini islom ilm-fani va madaniyatining qadimiy beshiklaridan biri hisoblanadi. Xalqimizning boy tarixiy, ilmiy, ma’naviy merosini har tomonlama o‘rganish, jahon hamjamiyatiga keng tanitish, eng muhimi, islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini chuqur ochib berish maqsadida yurtimizda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Imom Nasafiy kabi buyuk allomalarimizning bebaho ilmiy maktabini o‘rganish va tadqiq etish uchun ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyati keng yo‘lga qo‘yildi.

Dinimizni ilmiy jihatdan o‘rganishni rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Surxondaryoda Imom Termiziy nomidagi islom instituti hamda shu nomdagi madrasaga asos solindi. Samarqandda Imom Buxoriy, Surxondaryoda Imom Termiziy, Toshkentda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari tashkil etildi. Ularda talabalar va yosh tadqiqotchilar buyuk ajdodlarimizning boy merosini o‘rganish va tadqiq etish barobarida zamonaviy ilmlarni ham o‘zlashtirib, yetuk olim bo‘lib kamol topadi. Shular qatorida turli hududlarda hadis, kalom, tasavvuf, fiqhni o‘rganishga ixtisoslashgan ilmiy maktablar, xususan, bizning viloyatimizda ham tasavvuf ilmi maktabi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani diniy-ma’rifiy sohada yangi davr boshlaganidan darak beradi.

Quvonarlisi, mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan Buxoro Ark qo‘rg‘oni yaqinida Mir Arab oliy madrasasining yangi binosi barpo etildi va foydalanishga topshirildi. 200 o‘ringa mo‘ljallangan oliy madrasada Qur’oni karim, hadis, fiqh va tasavvuf ilmlari, xorijiy tillar puxta o‘rgatiladi. Bugungi kunda 100 nafardan ortiq talaba zamonaviy jihozlangan o‘quv xonalari, kutubxona, faollar zali, talabalar yotoqxonasi va sport zalida malakali ustozlardan ta’lim olmoqda.

2021–2024 yillarda viloyatimizdagi 15 ta masjidning yangitdan qurib foydalanishga topshirilgani, 42 ta masjidda esa yirik ta’mirlash ishlari olib borilgani mamlakatimizda muborak dinimizga qaratilayotgan alohida e’tiborning isbotidir.

Mustaqillik bayrami arafasida shunday ulug‘ e’tirofga sazovor bo‘lish, menga cheksiz g‘urur bag‘ishladi. Kelajak avlodni yangi O‘zbekistonning chinakam bunyodkori qilib tarbiyalash, xalqimizning madaniy-ma’rifiy, diniy-axloqiy dunyoqarashini boyitish yo‘lidagi faoliyatimda bu mukofot menga qanot bag‘ishlaydi, deya ishonch bilan ayta olaman.

Jobir domla ELOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Buxoro viloyatidagi vakili,

Buxoro viloyati bosh imom-xatibi,

Mir Arab oliy madrasasi rektori

* * *

Ajdodlarimizning o‘lmas merosi chuqur o‘rganilmoqda

— Bugun juda baxtiyorman. Eng ulug‘, eng aziz bayram — mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida davlatimizning eng yuksak mukofotlaridan biri “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan quvonchim cheksiz, so‘z bilan ta’riflashga ojizman. Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan ordenga birinchilardan bo‘lib loyiq ko‘rilganimdan, yuksak mukofotni davlat rahbarining o‘z qo‘lidan olganimdan boshim ko‘kka yetdi.  

Turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar vatanimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, odilona siyosat natijasidir. Islom dini ilmlari rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk vatandoshlarimizning ulkan ilmiy merosini yanada chuqur o‘rganish, tabarruk ziyoratgoh va qadamjolar, ko‘hna masjid va madrasalarni obod qilish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Viloyatimizda o‘nlab yangi masjidlar qurildi, mavjudlarida qayta qurish va ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Misol uchun, bir vaqtlar yo‘q bo‘lib ketish arafasida turgan Abul Muin Nasafiy ziyoratgohini bugun butun dunyo sayyohlari  katta zavq va hayrat bilan tomosha qilmoqda.

Mazkur majmuada Abul Muin Nasafiy ilmiy merosiga bag‘ishlab o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyalarda Turkiya, Misr, Fransiya, Rossiya, Bangladesh, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston kabi davlatlardan yuzlab olim va kalomshunos mutaxassislar ishtirok etib, yurtimizda e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilayotgan e’tiborni yuksak baholadi. Shuningdek, Kasbi tumanidagi Sulton Mir Haydar, Kitob tumanidagi Xo‘ja Ilm Koni va Mavlono Darvesh Muhammad Vaxshuvoriy, Qamashi tumanidagi Langar ota majmualarini rekonstruksiya va restavratsiya qilish ishlari amalga oshirildi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida muborak haj amalini ado etishga muyassar bo‘lgan vatandoshlarimiz soni barmoq bilan sanoqli bo‘lgan. Bugungi kunda vijdon erkinligi va diniy-ma’rifiy muhit barqarorligini ta’minlashga qaratilayotgan alohida e’tibor tufayli ularning soni 15 mingdan oshdi. Joriy yilda faqat Qashqadaryo viloyatining o‘zidan 801 nafar fuqaro haj amallarini bajarib keldi.

Haj mavsumida Prezidentimiz hojilar holidan xabar olib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari bilan telefon orqali muloqot qilgani nafaqat haj ziyoratiga borganlarni, ularning oila a’zolarini, barcha mo‘min-musulmonlarimizni behad quvontirdi.

Bunday g‘amxo‘rlikdan ruhlangan hojilarimiz, viloyatimizdagi barcha jome masjidlar imom-xatiblari va ularning noiblari “Yangi O‘zbekiston fidoyisi bo‘lib, ma’naviyat targ‘ibotchisiga aylanamiz” shiori ostida xayrli amallarni bajarishmoqda.

Rahmatullo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining

Qashqadaryo viloyatidagi vakili,

viloyat bosh imom-xatibi

* * *

Yuksak ma’naviy-axloqiy jamiyat barpo etish yo‘lida

Ko‘ksaroy qarorgohida mamlakatimizda ko‘zga ko‘ringan ilm-fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, adabiyot, madaniyat vakillari qatorida davlat mukofoti bilan taqdirlanganim menga cheksiz faxru iftixor bag‘ishladi.

Yaratganga behad shukrlar bo‘lsinki, yurtimizda Istiqlol bayrog‘i ostida xalqimizning yurt ravnaqi yo‘lidagi azaliy istaklarini ro‘yobga chiqa boshladi. Bu, albatta, o‘z-o‘zidan bo‘lib qolmaydi. Davlatimiz rahbari boshchiligida jamiyat hayotining barcha jabhalarida olib borilayotgan islohotlarning tub mohiyati, eng avvalo, inson manfaatiga qaratilgan bo‘lib, ularning negizida farovon turmush, ilm-fan ravnaqi, yuksak ma’naviy-axloqiy, ilmiy-ijodiy salohiyatni yanada yuksaltirish va rivojlantirish yotadi.

Bugun shu maqsadda diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar, erishilayotgan yutuqlar maqtovga loyiq. Jumladan, Prezidentimiz tashabbusi bilan Imom Buxoriy me’moriy majmuasi yuksak darajada va  mahobatli shaklda bunyod etilmoqdaki, u bir necha asrlar davomida yurtimiz va dunyo mo‘min-musulmonlari uchun ruhiy-ma’naviy oziqa oladigan muhtasham dargohga aylanadi. Shuningdek, kelajak avlod uchun bir necha yuz yillar ziyo sochadigan, yoshlarga ilm-ma’rifat nurini taratadigan osori-atiqa bo‘ladi.

Davlatimiz yetakchisi rahbarligida bunyod etilayotgan va Uchinchi Renessans poydevori, deya ta’riflanayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi ham buyuk allomalarimizning jahon tamadduniga qo‘shgan hissalarini dunyo hamjamiyatiga namoyon etadigan, islom ma’rifatini keng tarqatadigan va yoshlarni ulug‘ allomalarga munosib avlod qilib tarbiyalaydigan ma’rifat koshonasi bo‘lib asrlar osha xizmat qildi, insha Alloh.

Mana shu o‘zgarishlar ko‘z o‘ngimda ro‘y berayotgani va o‘zim ham unda ishtirok etib, ulkan savobli ishlarga sababchi bo‘layotganimdan faxrga to‘laman. Bundan o‘ttiz yil oldin Farg‘ona viloyatining Quvasoy shahrida yangi qurilgan jome masjidining imom-xatibi sifatida o‘z faoliyatimni boshlaganman. Istiqlolning ilk davrlarida viloyatimizda bor yo‘g‘i 4 masjid bor edi. Ulardagi shart-sharoitlar haqida so‘z yuritishning hojati ham yo‘q. Bugun viloyatimizda 200 dan ortiq masjid faoliyat yurityapti. Ularning barchasi zamon talabiga mos tarzda ta’mirlangan, binolari yangidan bunyod etilib, namozxonlar uchun barcha sharoitlar hozirlangan.

Yana bir ta’kidlash joiz bo‘lgan voqea imom-xatib va diniy soha xodimlarining jamiyatdagi o‘rni mustahkamlandi. Oldinlari  faqat to‘y-ma’rakalardagina ko‘rinish beradigan imomlarimiz bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlarda, uni xalqqa yetakazishda astoydil fidoyilik ko‘rsatmoqda. Ayniqsa, yoshlarimizni yot g‘oyalar ta’siridan asrab-avaylash, hanafiy mazhabiga xos diniy tushunchalarni targ‘ib qilish, dindoshlarimiz to‘g‘ri yo‘lda yurishi uchun olib borilgan ma’naviy-ma’rifiy ishlarda bevosita ishtirok etayotganimdan behad xursandman. 

Kamtarona mehnatim yuksak qadrlanishidan, “Imom Buxoriy” ordeni bilan taqdirlanganimdan behad minnatdorman. Aslida bu mukofot nafaqat mening, balki butun Farg‘ona viloyatida faoliyat ko‘rsatayotgan barcha imom-xatib va noiblarning ulkan mehnati natijasi, deb hisoblayman.

Biz, din peshvolari bunday e’tibor va ehtirom oldida qarzdorlikni mudom his etamiz. Bunga javoban yurtimiz tinchligi va aholi farovonligi yo‘lida yanada kuch-g‘ayrat va fidokorlik bilan xizmat qilamiz. Shuningdek, davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan islohotlar bardavom bo‘lishini doimo Rabbimizdan so‘raymiz. Zero, Alloh taolo Qur’oni karimda: “Menga duo qiling va sizga ijobat qilurman...”, deb marhamat qilgan.

Alisher NAIMOV,

Farg‘ona viloyati bosh imom-xatibi o‘rinbosari,

Quvasoy shahar bosh imom-xatibi

Boshqa maqolalar

Tilga e’tibor – elga e’tibor!

19.10.2026   43098   7 min.
Tilga e’tibor – elga e’tibor!

Insoniyat tarixining qaysi bir davriga nazar tashlamaylik, millatning mavjudligi, uning o‘ziga xosligi va ma’naviy qiyofasini belgilovchi eng bosh omil bu — uning tili ekaniga guvoh bo‘lamiz. Til shunchaki aloqa vositasi emas, balki xalqning madaniyati, dunyoqarashi, o‘tmishi va kelajagini o‘zida mujassam etgan jonli xazinadir. O‘zbek tili asrlar davomida turli murakkab sinovlarni, ijtimoiy-siyosiy to‘fonlarni boshidan kechirib, bugungi kunda mustaqil davlatimizning rasmiy bayrog‘i, madhiyasi va gerbi kabi muqaddas ramzlaridan biriga aylandi.


1989-yil 21-oktyabr kuni o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi mamlakatimiz tarixida milliy mustaqillikka erishish yo‘lidagi eng ulkan va dadil qadamlardan biri bo‘lgan edi. Mazkur sana jamiyatimiz hayotida har yili nafaqat rasmiy bayram, balki o‘zlikni anglash, ajdodlar merosiga ehtirom ko‘rsatish va kelajak poydevorini mustahkamlash kuni sifatida keng nishonlanadi. “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi kabi diniy-ma’rifiy maskanlar zimmasiga ham bugungi kunda davlat tilining jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, uning ilmiy salohiyatini oshirish borasida muhim vazifalar yuklangan.


Islom dini insoniyatga ato etilgan barcha ne’matlarga alohida mas’uliyat bilan yondashishni buyuradi. Yer yuzida turli millat va elatlarning mavjudligi, ularning o‘zaro farqli tillarda so‘zlashishi tasodif yoki oddiy ijtimoiy hodisa emas, balki to‘g‘ridan to‘g‘ri Yaratganning hikmati va Uning ulug‘vorligiga dalolat qiluvchi oyat-belgidir. Alloh taolo Qur’oni karimning Rum surasi 22-oyatida shunday deydi: “Uning belgilaridan (yana biri) - osmonlar va Yerni yaratishi va sizlarning tillaringiz va ranglaringizni xilma-xilligidir. Albatta, bunda barcha olamlar uchun alomatlar bordir”.


Ushbu ilohiy kalomdan ma’lum bo‘ladiki, tillarning xilma-xilligi insoniyat tomonidan sun’iy ravishda yaratilgan emas, balki koinotning yaralishi kabi yuksak nizom va ilohiy iroda mahsulidir. Demak, har bir xalq o‘z ona tilini saqlashi, uni asrab-avaylashi va rivojlantirishi Yaratganning bu buyuk ne’matiga shukrona keltirishning bir ko‘rinishidir. Zero, har bir lison o‘zida muayyan bir qavmning asriy tajribasi va madaniy boyligini omonat sifatida saqlaydi.


Kalomning go‘zalligi va tilning sofligi insonning ichki ma’naviy dunyosini, uning iymoniy komilligini ko‘rsatuvchi muhim mezondir. Islom dini har bir mo‘minni o‘z tilidan faqat yaxshilik, ma’rifat va chiroyli so‘zlarni chiqarishga targ‘ib qiladi. Bu borada Payg‘ambarimiz Muhammad mustafo sollallohu alayhi vasallamdan ko‘plab sahih hadislar vorid bo‘lgan.


Imom Buxoriy va Imom Muslim o‘zlarining sahih to‘plamlarida Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilgan hadisda Rasululloh sollallohu alayhi vasallam shunday deganlar: “Kim Allohga va oxirat kuniga iymon keltirgan bo‘lsa, yaxshi gapni gapirsin yoki sukut saqlasin”.


Ushbu hadis insonning so‘zlashuv madaniyatini uning e’tiqodi bilan uzviy bog‘lamoqda. Yaxshi so‘z, go‘zal nutq va lisoniy mukammallik jamiyatda fitna va buzg‘unchilikning oldini oladi. Tildan o‘rinli foydalanish, adabiy til me’yorlariga rioya qilish va so‘zlarni asliga muvofiq ishlatish ham o‘z navbatida muloqot madaniyatining oliy namunasidir.


Bugungi o‘zbek adabiy tilining shakllanishi va rivojlanish tarixi Movarounnahr zaminidagi buyuk ilmiy-madaniy yuksalishlar bilan chambarchas bog‘liqdir. Ma’lumki, o‘rta asrlarda ushbu mintaqada arab va fors tillari ilm-fan hamda she’riyat tili sifatida keng qo‘llangan bo‘lsa-da, turkiy xalqlarning o‘z tili ham chuqur ijtimoiy-madaniy asosga ega edi.


Mahmud Qoshg‘ariyning “Devonu lug‘atit turk” asari turkiy tilning boyligi, leksik imkoniyatlari va arab tilidan qolishmasligini isbotlash yo‘lidagi ilk ulkan ilmiy qadam edi. Keyinchalik, Temuriylar renessansi davrida hazrat Alisher Navoiy o‘zining “Muhokamatul-lug‘atayn” (Ikki til muhokamasi) asari orqali turkiy tilning naqadar jozibador, boy va chuqur ma’nolarni ifodalashga qodir lison ekanini ilmiy asosda mukammal isbotlab berdi. Navoiy bobomiz o‘z ona tilida betakror shoh asarlar yaratib, uni jahon adabiyoti darajasiga ko‘tardi. Demak, bugungi davlat tilimiz — shunchaki oddiy so‘zlashuv tili emas, balki buyuk mutafakkirlar, faqihlar va allomalarning ilmiy va ijodiy mehnati singan yuksak merosdir.


Har qanday mustaqil davlatning o‘ziga xos suverenitet belgilari bo‘ladi. Til — davlatning siyosiy, ijtimoiy va madaniy mustaqilligini ta’minlovchi eng bosh quroldir. Davlat tili jamiyatdagi barcha millat va elatlarni yagona davlat tuzilmasi va umumiy maqsadlar atrofida birlashtiruvchi vositadir. Konstitutsiyamizda o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomi qat’iy belgilab qo‘yilganligi mamlakatimizda qonun ustuvorligi va milliy manfaatlarning himoyasidir.


Jamiyat hayotida, davlat boshqaruvida, rasmiy ish yuritishda, xalqaro aloqalarda o‘zbek tilining keng qo‘llanishi milliy g‘ururimizni yuksaltiradi. Shu bois, har bir fuqaro, ayniqsa, davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan mas’ul shaxslar adabiy til me’yorlariga qat’iy rioya qilishlari shart. Davlat tilining mavqeyini oshirish — milliy mustaqillikni mustahkamlash bilan barobardir.


Bugungi kunda jahon globallashuvi sharoitida tilimiz o‘zining sof jozibasini yo‘qotmasligi uchun har qachongidan ham ko‘proq e’tibor talab qilinmoqda. Jamiyatimiz hayotida lisoniy madaniyat bilan bog‘liq ayrim kamchiliklar ko‘zga tashlanmoqda. Ko‘chalardagi reklama bannerlari, do‘konlar nomlanishi, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi imlo xatolari, chet tilidan kirib kelayotgan va tilimizda muqobili bor so‘zlarning o‘rinsiz qo‘llanishi achinarli holdir.


“Tilga e’tibor — elga e’tibor” degan shior shunchaki balandparvoz gap emas. Kim o‘z millatining tilini hurmat qilmasa, u o‘z elini, milliy qadriyatlarini ham hurmat qilmagan bo‘ladi. Davlat tilini toza saqlash, yoshlar ongiga soxta va sun’iy so‘zlarni kiritmaslik — bugungi kun ziyolilari, pedagoglari va ayniqsa, diniy ulamolarning asosiy vazifalaridan biridir. Biz yosh avlodga ona tilida to‘g‘ri va ravon gapirishni, uni qadrlashni o‘rgatishimiz lozim.


Xulosa qilib aytganda, o‘zbek tili — xalqimizning o‘tmishi, buguni va kelajagini bog‘lovchi eng go‘zal va mustahkam ma’naviy ko‘prikdir. Uni asrash, boyitish va jamiyat hayotidagi mavqeyini yuksaltirish har bir vatandoshimizning, xususan, ilm ahlining muqaddas burchidir. 21-oktyabr — O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan barchamiz ona tilimiz sofligi uchun mas’ul ekanligimizni chuqur his etmog‘imiz lozim.


Tilimiz yashasa — millatimiz yashaydi, davlatimiz barqaror bo‘ladi. Ona tilimizning nufuzi va go‘zalligi hech qachon so‘nmasin, u kelajak avlodlarga munosib omonat sifatida sof va boy shaklda yetkazilsa, ajdodlarimiz ruhi shod, kelajagimiz esa buyuk bo‘ladi.

Shahzod Eshboyev,
“Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi