Cavol: Bomdodning farziga kelgan kishi hali sunnatni o‘qimagan bo‘lsa, jamoatga qo‘shilib farzni o‘qib, undan keyin sunnatini o‘qib olsa bo‘ladimi? Bir sahobiy shunday qilganida Rasululloh sollallohu alayhi vasallam indamagan ekanlarku.
Javob: Bismillahir Rohmanir Rohiym. Bomdodning sunnatini o‘qiy olmasdan farziga ulgurib qolgan kishi keyin sunnatni qaytarib o‘qimaydi.
Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallam fajrdan keyin quyosh chiqqunicha, asrdan keyin quyosh botgunicha (nafl) namoz o‘qishdan qaytardilar” (Imom Buxoriy rivoyati).
Imom Termiziy ham shu ma’nodagi hadisni rivoyat qilgan. Ibn Umar roziyallohu anhumodan rivoyat qilinadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Fajrdan keyin ikki rakatdan boshqa (nafl) namoz yo‘q”, dedilar.
Imom Termiziy mazkur hadisning davomida quyidagilarni aytadi: “Bu hadisning ma’nosi shuki, bomdod vaqti kirgandan boshlab bomdodning ikki rakat sunnatidan boshqa namoz o‘qilmaydi, deganidir. Bu masala barcha ahli ilm yakdil bo‘lgan masaladir. Ulamolar kishi bomdod vaqti kirgandan boshlab, bomdod namozining ikki rakat sunnatidan boshqa (nafl) namoz o‘qishni makruh deyishgan”.
Farzdan keyin ham o‘qisa bo‘ladi deydiganlar: “Farzdan keyin o‘qisa ham, bomdodning sunnatini o‘qiydiku, boshqa nafl namoz emasku?”, deyishlari mumkin. Unga javob quyidagicha: barchaga ma’lumki bomdodning sunnatining vaqti farzdan avval bo‘ladi. Farzdan keyin o‘qiladigan sunnat yo‘q. Shuning uchun farzdan keyin o‘qilsa, oddiy nafl namoz hukmida bo‘ladi.
Bu savol-javobdan shuni anglaymizki, bitta hadisni o‘qib, darrov xulosa chiqarish, biror hukm yoki fatvo aytish xato bo‘ladi. Faqih ulamolar esa hukm chiqarish uchun shu mavzudagi barcha hadislarni to‘plab, o‘rganib, tahqiq qilib keyin yakuniy xulosa chiqaradilar. Shuning uchun hadislardan qanday hukm chiqishini faqihlarning kitoblaridan o‘rganish kerak bo‘ladi. Vallohu a’lam.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Fatvo markazi.
#xabar #haj2026 #ellikboshi #vazifa
Joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari ishtiroklarida “Haj – 2026” mavsumida hojilar ibodatiga boshchilik qiluvchi guruh rahbarlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Muftiy hazratlari haj qiluvchi inson Haq taoloning mehmoni ekani, shu bois haj amalini bajarayotgan kishiga ko‘mak bergan, uning og‘irini yengil qilgan inson ulug‘ ajru savoblarga noil bo‘lishini so‘zlab, har bir ellikboshi Rahmonning mehmonlariga O‘zi rozi bo‘ladigan darajada sidqidildan xizmat qilishi lozimligini alohida qayd etdilar.
Yig‘ilishda joriy mavsumni namunali o‘tkazish uchun amalga oshirilayotgan ishlar, jumladan, 300 nafardan ziyod ellikboshi saralab olingani, o‘quv-seminar mashg‘ulotlari o‘tkazilgani, ziyoratchilar bilan uchrashuvlarda e’tibor qilinishi zarur bo‘lgan masalalarga urg‘u qaratildi.
Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari o‘z so‘zlari davomida muborak safarga qadar ziyoratchilar bilan muntazam suhbatlar tashkil etish va ularda hajning tartib-qoidalari, ahkomlari, o‘ziga xos mashaqqatlarini tushuntirish hamda zikru duolar qilish va yurtdoshlarimizning barcha savollariga javob berish zarurligini ta’kidladilar.
Shuningdek, haj amaliga oid shar’iy masalalarda faqat Fatvo markazi fatvolariga rioya etish, haj safariga doir qonunchilik va me’yoriy hujjatlarni puxta bilish, o‘zaro yordam muhitini shakllantirish, zikru ibodatlarni ko‘paytirib, safarni mazmunli o‘tkazish bo‘yicha zarur tavsiyalar berildi.
Tadbir yakunida Haq taolodan bu yilgi haj mavsumi muvaffaqiyatli o‘tishini so‘rab xayrli duolar qilindi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati