Shu yilning 12 sentyabr kuni Surxondaryo viloyatida “Termiziy allomalarning ilmiy-ma’naviy merosi: o‘tmish va bugun” mavzusiga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Prezidentimizning joriy yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida tashkil etilgan anjumanda mamlakatimizning 60 dan ortiq taniqli diniy ulamosi, islomshunos va tarixchi olimlari, soha mutaxassislari oflayn hamda onlayn ishtirok etdi.
Mazkur konferensiya O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Termiz davlat universiteti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi hamkorligida tashkil etildi.
Ochilish marosimida keyingi yillarda mamlakatimizda buyuk allomalarimiz hayoti va ijodini ilmiy asosda o‘rganib, targ‘ib qilish va ularning bebaho merosini yosh avlod ongu-shuuriga chuqur singdirishga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbuslari bilan tashkil etilgan Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ham ana shunday ulug‘vor maqsadlarga xizmat qilayotgani qayd etildi.
Konferensiyada Termiz davlat universiteti dots.nti, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Jaloliddin Mirzayev, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bo‘lim boshlig‘i Mirzo Kenjabek, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘limi boshlig‘i, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shukurillo Umarov, “Imom Termiziy” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi direktori Kamol Islamov va boshqa yetuk olimlar, ilmiy tadqiqotchilar chiqish qildi.
Mazkur konferensiyada “Termiziy allomalar ilmiy merosi dunyo fondlarida”, “Imom Termiziyning “Sunani Termiziy” asarida Imom Buxoriyning fikr-qarashlari va xulosalaridan istifoda etilishi”, “Termiziy allomalar merosini o‘rganish borasidagi izchil islohotlar: natijalar va istiqbol”, “Yangi O‘zbekistonda hadisshunoslik ilmining yangi bosqichi” kabi 20 ga yaqin mavzuda qiziqarli ma’ruzalar qilindi.
Ilmiy-amaliy konferensiya termiziy allomalar ilmiy-ma’naviy merosining hozirgi davrdagi o‘rni va ahamiyati haqida chuqur mulohaza yuritilib, asarlarini keng targ‘ib qilish, kitobxon yoshlarning o‘qib-o‘rganishiga intilishini yanada oshirish yuzasidan ham taklif va tavsiyalar bildirildi.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi rahbariyatining aholi bilan samimiy muloqoti ko‘plab muammolarni hal etishda muhim omil bo‘lmoqda. Ayniqsa, fuqarolar qabuli davomida har bir murojaat e’tiborga olinib, o‘z yechimini topayotgani quvonarli hol.
Bugun, 13 avgust kuni Diniy idora raisi o‘rinbosari Zayniddin domla Eshonqulov fuqarolarni qabul qilib, murojaat, arz va takliflarini eshitdi. Qabul chog‘ida ular tomonidan ko‘tarilgan diniy ta’lim, haj-umra, masjidlar holati, oilaviy muammo va moddiy yordam olish singari masalalar ko‘rib chiqildi.
Jumladan, oilaviy munosabatlarda kelganlarga muammolar yechimi bo‘yicha maslahatlar, shar’iy masalalar yechimi yuzasidan tavsiyalar va moddiy yordam so‘raganlarga belgilangan tartibda ko‘mak berildi.
Bu kabi qabul jarayonlari O‘zbekiston musulmonlari idorasining hududlardagi vakilliklari va barcha jome masjidlarida ham haftaning har chorshanba kuni imom-domlalar tomonidan amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Matbuot xizmati