Agar gazetalardan birida ushbu xabar nashr qilinmaganida va uning haqiqatan sodir bo‘lganligi aniqlanmaganida edi, men bu xabarga ishonmagan bo‘lar edim. Gap shundaki, bir ayol o‘z uyida to‘shakda yotib vafot etgan va ko‘p qavatli imoratda u bilan birga yashaydigan aholi bundan bexabar holatda ayolning jasadi shu holicha bir yil qolib ketgan. Shu imoratdagi uylarning biriga o‘t tushganda uydagilarni qutqarish uchun kelgan qutqaruvchilar tasodifan bu holatni ko‘rib qolishgan. Shungacha biror kimsa ayol haqida so‘ramagan, u ayolning ko‘rinmay qolganini hech kim sezmagan ham.
Mana, zamonaviy madaniyatimiz bizlarni qay holatga olib keldi. Hech kimning hech kim bilan ishi yo‘q, har kim o‘z holicha erta ketib kech keladi va yon atrofidagilarga umuman ahamiyat bermaydi. Aslida, Islom dini buni qabul qila olmaydi.
Islom dinimiz ta’limotida shundayki, qo‘shni go‘yo o‘zimizning bola chaqamiz, ota-onamiz, naslu nasabimiz, quda andamiz kabi qadrlidir. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam aytadilarki: “Jabroil alayhissalom menga qo‘shni haqida doimiy tarzda vasiyat qilganlaridan, yaqin kelajakda qo‘shnilar bir-birlariga merosxo‘r bo‘lsalar kerak, deb o‘ylab qoldim”.
Hozirgi ahvolimizga qarasak, bir uyda motam, boshqa uyda to‘y, bir xonadonda musibat, qo‘shnisinikida o‘yin-kulgu... Go‘yo bu ikki xonadon o‘rtasida hech qanday aloqa yo‘qdek, bir-birida haqqi yo‘qdek.
Abdulloh ibn Amr raziyallohu anhu uylarida qo‘y so‘yilganda: "Yahudiy qo‘shnimizga ham hadiya qildinglarmi, yahudiy qo‘shnimizga ham go‘shdan berdinglarmi? Men Rasululloh sollallohu alayhi vasallamdan eshitganman, u zot bunday deganlar: “Jabroil alayhissalom menga qo‘shni haqida doimiy tarzda vasiyat qilganlaridan, yaqin kelajakda qo‘shnilar bir-birlariga merosxo‘r bo‘lsalar kerak, deb o‘ylab qoldim”, deb aytardilar.
Darvoqe, jamiyatdagi insonlarni o‘zaro aloqalarini mustahkamlashga olib boradigan eng yaqin yo‘l bu har bir inson o‘zining qo‘shnisi bilan aloqasini mustahkamlashidir. Zero, jamiyatlar qo‘shnilardan tarkib topar ekan, har bir qo‘shni yon qo‘shnisi bilan aloqani bog‘lashi, jamiyatning o‘zaro jipslashishini keltirib qaradi. Ushbu aloqalarni yanada mustahkamlashga targ‘ib qiladigan ta’limotlardan birida Rasululloh sallallohu alayhi vasallam bunday deganlar: “Qo‘shnisi och bo‘laturib to‘q yurgan kishi mo‘min emasdir”.
Yon qo‘shnisi vafot etsayu, tasodif bilan fosh bo‘lmaguncha bir yil davomida uni sezmay yursalar. Bu og‘ir musibat. Aslida bundan boshqa ijtimoiy musibatlar ham ko‘p. Ana shu musibatlarni mahv etish uchun jamiyat birlashmog‘ligi, o‘zaro aloqalarni mustahkamlamog‘i lozim.
Shayx Muhammad G‘azzoliy maqolasidan
Homidjon domla ISHMATBЕKOV tarjimasi.
O‘zbekistonda ushbu sana munosabati bilan an’anaviy ravishda “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkaziladi.
O‘zA xabariga ko‘ra, haftalik tadbirlari doirasida bugun O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi va bir qancha tashkilotlar vakillari “Yangi O‘zbekiston” bog‘ida Mustaqillik monumenti poyiga gulchambar qo‘yib, xalqimizning ozodlik yo‘lidagi jasoratiga ehtirom bildirdi.
So‘ng “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida daraxt ko‘chatlari ekildi. Ko‘chat ekish tadbiri turli millat vakillarini atrof-muhitni asrash va yashil hududlarni kengaytirishdek umumiy maqsad yo‘lida birlashtirdi.
Shuningdek, haftalik doirasida “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishonini topshirish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Din ishlari bo‘yicha qo‘mitada bir guruh yurtdoshlarimiz “Diniy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Tadbirda vazirlik va idoralar, jamoat tashkilotlari, diniy konfessiyalar vakillari, milliy madaniy markazlar faollari, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni mustahkamlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan hamyurtlarimiz, shuningdek OAV vakillari ishtirok etdi.
Haftalik doirasida o‘tkazilayotgan tadbirlar 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari o‘rtasidagi muloqotni kengaytirish, yoshlarni mamlakatimizdagi madaniy xilma-xillik bilan yaqindan tanishtirish hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va hamjihatlikni mustahkamlashga qaratilgan.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati