Sayt test holatida ishlamoqda!
16 Iyul, 2025   |   21 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:24
Quyosh
05:04
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:58
Xufton
21:31
Bismillah
16 Iyul, 2025, 21 Muharram, 1447
Maqolalar

Giyohvand kishi o‘z joniga qasd qiluvchidir

17.09.2024   4126   3 min.
Giyohvand kishi o‘z joniga qasd qiluvchidir

Inson hayotda yaxshilikka intilib, yomonlikdan qaytib yashashga harakat qiladi, lekin yaxshilik va yomonlik tu­shunchalariga har kim har xil ta’rif beradi. Ba’zilar yaxshi deb hisoblagan ishlar boshqalar nazdida yomon, yoki aksincha bo‘lishi ham mumkin. Islom di­ni ta’limotida nimaki yaxshi deb buyu­rilgan bo‘lsa, u yaxshi, nimaki yomon deb qaytarilgan bo‘lsa, o‘sha narsa yomondir.
 

Dinimiz ahkomlari insonni dini, joni, aqli, nasli va salomatligiga, umuman aytganda, hayotiga zarar yetkazishga sabab bo‘luvchi barcha narsalarni yomon deb ulardan qaytargan, qaytaribgina qolmasdan, balki harom deb e’lon qilgan. Bulardan biri giyohvand moddalardir. Zero, giyohvandlik insoniyat kelajagining kushandasidir.
 

Alloh taolo A’rof surasining 157-oyati­da: “U (payg‘ambar) ularni yaxshilikka buyuradi, yomonlikdan qaytaradi va pok narsalarni halol qilib, nopok narsa­larni ularga harom qiladi...” deb marhamat qilgan.
 

Hadisi shariflarda ham: “Har bir mast qiluvchi narsa harom”, “Kim o‘zini-o‘zi zahar bilan o‘ldirsa, qiyomat kuni jahannam o‘ti bilan azoblanadi”, deyilgan bo‘lsa-­da, ba’zilar “oyat va hadislarda giyohvand moddalar nomi keltirilmagan-ku?” degan mantiqsiz savollarni o‘rtaga qo‘yishadi. Oqil kishiga Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi va sallamning: “Har qanday mast qiluvchi va badanni bo‘shashtiruvchi nar­salar harom”, deb marhamat qilganlari kifoya qiladi. Giyohvand modda nima deb atalishidan qat’i nazar, ularda mast qilish, badanni bo‘shashtirish xususiyati bor. Alloh taolo insonni o‘z joniga qasd qilmaslikka, o‘zgalarning ham qonini nohaq to‘kmaslikka buyuradi. Giyohvand esa oxir-oqibatda o‘limga olib keladigan moddalarni iste’mol qilish bilan o‘z joniga qasd qilgan sanaladi.
 

Giyohvand moddalar kishi me’dasi, jigar faoliyatiga salbiy ta’sir qiladi, o‘pkasini ishdan chiqaradi. Shuningdek, u insonning asab tizimi buzilishi, ko‘rish, eshitish, hid bilish, fikr yuritish, issiq-sovuqni, qattiq-yumshoqni, shirin-bemazani sezish xususiyatlari yo‘qolishiga olib keladi.
 

Jamiyatga yetkazadigan zararlari esa behad ko‘p. Giyohvand kimsa o‘ziga, oila­si, kasbi yoki o‘qishiga nisbatan loqayd bo‘­lib boradi. Ayniqsa, ishlab chiqarishda taraqqiyotning asosiy kuchi bo‘lmish yosh­lar giyohvandlikning asosiy qur­boni bo‘lishi juda ham ayanchli hol. Giyoh­vandlik shaxs va jamiyat o‘rtasidagi mu­nosabatni buzishga olib keladi. Darhaqiqat, bu hayotda tez-tez uchraydi. Qavm-qarindosh, gulday farzandlar, umr yo‘ldoshdan ayrilish, aksar hollarda mayib-majruh farzandlar tug‘ilishi kabilar shular jumlasidan.
 

Giyohvand modda harom bo‘lgach, uning tijorati, olingan foydasi ham harom hisoblanadi. Shunday ekan, bugun asr vabosi­ga aylangan, minglab yoshlarning gul umri xazon bo‘lishiga olib kelayotgan, kelajakni, yashashdan asl muddaoni unuttirayotgan bu illatga qarshi kurashish har bir mo‘min-musulmonning burchidir.

Mirjon domla EGAMBЕRDIYEV,
"Hidoyat" jurnalidan

MAQOLA
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

14.07.2025   2019   1 min.
AQSHning Atlanta shahrida ilk halol taomlar festivali o‘tkaziladi

2025 yil 19 iyul shanba kuni AQSHning Jorjiya shtati poytaxti — Atlanta shahrida ilk bor halol taomlar festivali bo‘lib o‘tadi. Mashhur “Atlantic Station” maydonida tashkil etiladigan festivalda 50 dan ortiq halol taom mahsulotlari sotuvchisi ishtirok etishi kutilmoqda.


Festival ishtirokchilari tomonidan Yaman, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo, hatto O‘zbekiston oshxonalariga xos kabob, burger, dukkaklik mahsulotlaridan tayyorlangan taomlar (falaful) va turli xil shirinliklar taklif etiladi.


Ushbu tadbir Atlanta musulmonlari festivallari uyushmasi tomonidan tashkillashtirilmoqda. Festival ayni paytda shahardagi AQSH bojxona va migratsiya siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari orasida muhojirlar madaniyatini nishonlash imkonini ham yaratadi.


Festival tashabbuskorlaridan biri — Hasaneyn Lakhani bunday dedi:

 
“Atlanta shahrida ilk halol ovqat festivalini o‘tkazish — juda ham hayratlanarli va ajoyib fikrdir. Men bu shaharda doimiy istiqomat qiluvchi sifatida musulmon jamoasiga yaqinligimni har doim his qilganman. Ramazon ovqat festivallari kabi kichik tadbirlardan to oshxona va ko‘chmas mulk sohalaridagi faoliyatgacha ishtirok etib kelaman”.


Uning ta’kidlashicha, festival – musulmonlar va musulmon bo‘lmaganlar uchun bir joyda to‘planib, shaharning madaniy xilma-xilligini nishonlash, shu bilan birga musulmonlar turmush tarzi va halol taomlar bilan tanishish imkonini beradi.

 
Lakhani Atlanta yaqinidagi Lorensvill shahrida joylashgan “BurgerFi” restorani sohibidir. U, shuningdek, ushbu restoran — Gruziya shtatidagi yagona halol sertifikatiga ega burger shohobchasidir.

Ilyosxon Ahmedov,
tayyorladi.

Dunyo yangiliklari