Hanafiy mazhabiga ko‘ra, Fotiha surasidan keyin omiynni har bir namozxon ichida (maxfiy) aytadi. Barcha mujtahid ulamolarimizning nazdlarida namozda Fotiha surasidan keyin “omiyn”ni aytish sunnat hisoblanadi. Hanafiy mazhabimiz va molikiy mazhabida “omiyn”ni ovoz chiqarmay aytish kerak bo‘ladi. Bunga quyidagi ma’lumotlar dalil qilib keltirganlar:
1. “Omiyn” lafzi duodir. Uning ma’nosi “ijobat qil”, ya’ni “duoni qabul qil”, demakdir. Qanday duo qilish haqida Alloh taolo Qur’oni karimda bunday marhamat qilgan: “Robbingizga zorlanib va xufyona (ovozsiz) duo qilingiz! Zero, U (duoda va boshqada) haddan oshuvchilarni yoqtirmagay” (A’rof surasi, 55-oyat).
Hadisi sharifda Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam bu haqda bunday dedilar: “Ichida (maxfiy) qilingan duo ustida (oshkor) qilingan duoning yetmishtasiga teng keladi” (Imom Abu Shayx rivoyati).
Muhaddis Ibn Hibbon “Sahih” asarida ushbu hadisni keltiradi: “Duoning yaxshisi maxfiysidir”.
Demak, “omiyn”ni ichimizda aytsak, mazkur oyat va hadislarga amal qilgan bo‘lamiz.
2. Abu Voil roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Ali va Ibn Mas’ud roziyallohu anhumo “(Namoz ichidagi) bismillahir rohmanir rohiym”ni ham, “a’uuzu”ni ham, “omiyn”ni ham ovoz chiqarib aytishmasdi” (Imom Tabaroniy rivoyatlari).
Rasululloh sollallohu alayhi vasallam bilan doimo birga yurgan hazrat Ali va Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhumo kabi sahobiylarning “omiyn”ni ichlarida aytishlari ham kuchli dalil hisoblanadi. Boshqa bir rivoyatda hazrat Umar roziyallohu anhuning ham “omiyn”ni ichlarida aytib namoz o‘qiganlari ta’kidlanadi.
Hanafiy ulamolar xuddi shu ma’nodagi, lekin boshqa sahobai kiromlarning ismlari zikr qilingan rivoyatlarni ham keltiradilar.
3. “Omiyn” lafzini Qur’ondan emasligi hammamizga ma’lum. Buning ustiga, ushbu lafz arabcha ham emas. “A’uuzu billahi minash shaytonir rojiym” esa Qur’onda kelgan, yana Alloh taolo bizga Qur’on o‘qiganimizda uni aytishni vojib qilgan. Shunday bo‘lsa ham “A’uuzu billahi minash shaytonir rojiym”ni namozda ichimizda aytamiz. Nima uchun endi “omiyn”ni ovoz chiqarib aytishimiz kerak?!
4. Namoz juda ham mashhur ibodat hisoblanadi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam namoz farz bo‘lgan kundan boshlab har kuni besh vaqt namozni jamoat bilan o‘qiganlar. U zot sollallohu alayhi vasallamning har bir namozlari minglab kishilar tomonidan sinchkovlik bilan kuzatib borilgan.
Agar “omiyn”ni ovoz chiqarib aytish afzal bo‘lganida, u zot alayhissalom bu narsani bayon qilgan bo‘lardilar va orada hech qanday shubha qolmas edi. Holbuki, u zot sollallohu alayhi vasallamning o‘zlari imomlik qilayotganlarida, ba’zan ta’lim uchun birinchi safdagilar eshitadigan qilib “omiyn”, deganlaridan boshqa hech bir dalil yo‘q. Ayniqsa imomga iqtido qilgan kishilarning “omiyn”ni ovoz chiqarib aytganlari haqida hech qanday rivoyat ma’lum emas.
“Sunnatga muvofiq namoz o‘qing” kitobidan olindi.
Ali ibn Abu Harora rahimahulloh hikoyat qiladi: «Onam yigirma yildirki o‘rnidan tura olmasdi. Bir kuni menga:
– O‘g‘lim, Ahmad ibn Hanbalning huzuriga borib, undan men uchun Allohga duo qilishlarini so‘ra, – dedi. Men u zotning uyiga bordim va eshigini taqillatdim. Uyda edi. Eshikni ochmasdan:
– Kim u? – deb so‘radi.
– Men falon qasabadan keldim. Onam uzoq yillardan beri og‘ir bemor, o‘rnidan qo‘zg‘ala olmaydi. U meni sizdan duo so‘rashim uchun yubordi, – dedim. Shunda u kishining ajablangandek:
– O‘zimiz odamlarning duosiga muhtojmiz, – deganlarini eshitdim va noumid bo‘lib ortimga o‘girildim. Shu damda uydan bir kampir chiqib:
– Sen Abu Abdulloh (Ahmad ibn Hanbal) bilan gaplashgan yigitmisan? – dedi.
– Ha, – dedim.
– U kishi onang uchun duo qilishga kirishdi, – dedi kampir. Men shoshilib uyga yugurdim. Borib eshikni taqillatib, onamning iznini kutdim. Bir payt eshik ochildi. Qarasam, eshik oldida onam turibdi.
– Alloh menga shifo va ofiyat ato qildi, – dedi hayrat bilan».
Bu hikoya solih bandalarning duosi albatta qabul bo‘lishini va haqiqiy avliyolar o‘zlarini doimo Allohning rahmatiga muhtoj deb bilishini ko‘rsatadi. Ahmad ibn Hanbal rahmatullohi alayh duosi ijobat bo‘ladigan zotlardan edi. Ammo o‘zini hecham boshqalarning duosidan behojat deb bilmasdi.
Honiy al-Hojning “Solih va solihalar hayotidan ming bir qissa” kitobidan Ilyosxon AHMAD tarjimasi.
“Islom nuri” gazetasining 2026 yil 15-sonidan