Yig‘ilishda 2024 yilning o‘tgan 9 oyi davomida amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Unda Namangan viloyat bosh imom-xatibi Musoxon domla Abbosiddinov ishtirok etib, bugungi kun imomi zamonga ziyraklik, teran fikr bilan qarashi, ulamolarning vazifasi din g‘ami, xalq dardi va yurt taqdiri yo‘lida astoydil xizmat qilish, din peshvosi sifatida, aholi, ayniqsa, yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, yaxshilikni, halollikni, ilm olishni targ‘ib qilish, odamlar orasini isloh qilib, ularni ahillikka, birdamlikka, oqibatli bo‘lishga undashdan iborat ekanini qayd etdi.
Uchqo‘rg‘on tumanidagi imom-xatib va imom-noiblar o‘zlariga biriktirilgan mahallalar bilan muntazam aloqada bo‘lib, oilalarni tinch-totuv yashashi, farzandlarni bevaqt tirik yetim bo‘lmasligi uchun ajrimlarni oldini olish, keksalarni hurmat qilish, qo‘shnichilik odoblariga rioya qilish kabi jihatlarga alohida e’tibor qaratish ta’kidlandi.
Yig‘ilishdan so‘ng Musoxon domla tumandagi "Qosim qori" jome masjidida namozxonlar bilan ko‘rishib, dildan suhbat qildi. Shuningdek, qurilishi bo‘layotgan “Abdulhamid hoji Abdurahmon o‘g‘li” jome masjidiga tashrif buyurib, namozxonlarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish topshirig‘ini berdi.
Shuningdek, tumandagi chekka hududda faoliyat yuritayotgan masjid imom-xatibi Rustamov Mahmudxonni xonadonidan xabar olib, yashash sharoitlalari bilan yaqindan tanishib, ularning haqqiga duoi hayrlar qildilar.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi
Namangan viloyati vakilligi
Matbuot xizmati
Kecha, 6 may kuni Buxoro shahridagi Mir Arab oliy madrasasida “Yilning eng yaxshi islom tarixi o‘qituvchisi” musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Muhammadolim domla Muhammadsiddiqov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, viloyat bosh imom-xatibi, Mir Arab oliy madrasasi rektori Jobir domla Elov, hay’at a’zolari, ta’lim muassasalari rahbarlari, pedagog-o‘qituvchilar ishtirok etdi.
Musobaqa davomida ishtirokchilar 4 ta shart bo‘yicha bahs olib bordi. Ularning chiqishini malakali hakamlar hay’ati baholab bordi.
Yakuniy natijalarga ko‘ra quyidagilar g‘olib deb topildi:
1-o‘rin: “Sayyid Muhyiddin maxdum” o‘rta maxsus islom ta’lim muassasasi o‘qituvchisi Muhammadyahyoxon Mahmudov 1-darajali diplom, “Haj” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan mukofotlandi.
2-o‘rin: Toshkent islom instituti o‘qituvchisi Xalilulloh Yusupov, 2-darajali diplom, “Umra” safari yo‘llanmasi va smart televizor bilan taqdirlandi.
3-o‘rin: Hadis ilmi maktabi o‘qituvchisi Sanjar Berdiyevga 3-darajali diplom va zamonaviy muzlatgich taqdim etildi.
Tanlovning qolgan 10 nafar ishtirokchisiga faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Aytish joizki, ushbu tanlov O‘zbekiston musulmonlari idorasi tasarrufidagi oliy va o‘rta maxsus diniy ta’lim muassasalari pedagog-o‘qituvchilari o‘rtasida har yili o‘tkazib kelinmoqda.
O‘zbekiston musulmonlari idorasi Matbuot xizmati