Sayt test holatida ishlamoqda!
14 Iyul, 2025   |   19 Muharram, 1447

Toshkent shahri
Tong
03:21
Quyosh
05:02
Peshin
12:34
Asr
17:40
Shom
19:59
Xufton
21:33
Bismillah
14 Iyul, 2025, 19 Muharram, 1447
Maqolalar

Saloh Muhammad Abulhaj: “Bu yurtning allomalari, ustoz va imomlari biz uchun eng aziz zotlardir”

15.10.2024   10797   2 min.
Saloh Muhammad Abulhaj: “Bu yurtning allomalari, ustoz va imomlari biz uchun eng aziz zotlardir”

2024 yilning 15-16 oktyabr kunlari Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida nufuzli xalqaro konferensiya o‘tkazilmoqda.

Unda mamlakatimiz va xorijning ko‘plab olimlari ishtirok etmoqda.  

Islom ilmlari xalqaro universiteti professori, doktor Saloh Muhammad Abulhaj (Iordaniya) ulardan biri. Quyida olimning mamlakatimizda o‘tkazilayotgan nufuzli xalqaro konferensiya haqida bildirgan fikrlarini keltiramiz.  

–Toshkent va Xiva shaharlarida “Islom – tinchlik va ezgulik dini” mavzusida tashkil etilayotgan xalqaro konferensiyada ishtirok etish men uchun faxr, – dedi Islom ilmlari xalqaro universiteti professori, doktor Saloh Muhammad Abulhaj (Iordaniya). – Asli iordaniyalik bo‘lsam ham, O‘zbekistonni birinchi Vatanim deb hisoblayman. Chunki bu aziz diyordan yetishib chiqqan buyuk allomalar menga ma’naviy ota-ona kabi qadrdondir. Qaysi kitobni ochmay Samarqand, Buxoro degan tabarruk manzillarning nomlariga, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Dorimiy kabi buyuk ulamolarning ismlariga takror-takror duch kelaman.  

Bu yurtning allomalari, ustoz va imomlari biz uchun eng aziz va mo‘tabar zotlardir. Ularning barchasi bizga qadrdon va qardosh. Shu muborak diyor ahli bilan ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘lganimdan bag‘oyat xursandman.  

O‘zbekistonda buyuk va zabardast ulamolarning mavjudligi katta ne’mat va Allohning rahmati deb bilaman. Ushbu diyordagi barcha olimlar, imomlar, ilmiy soha vakillari sababli yurtingizda sof islomiy ta’limot yanada ravnaq topib, turli adashgan toifa vakillarining fitnasidan omondasiz.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining buyuk alloma va mutafakkirlar ilmiy merosini chuqur o‘rganish sohasidagi ulkan tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlayman. Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy xalqaro markazlarining tashkil etilgani o‘zbek xalqiga ilm va ziyo taratishga hissa qo‘shadi. Zotan, Movarounnahr – O‘zbekistondan yetishib chiqqan mashhur olimlar, faqihlar, muhaddis, mufassirlarning faoliyatini o‘rganib, ularning asarlari ustida tadqiqot olib borish ulkan sharaf va mas’uliyatdir.  

N.Usmonova,  

O‘zA

Maqolalar
Boshqa maqolalar
Yangiliklar

O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi

11.07.2025   3671   3 min.
O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi

Londonda muhim madaniy voqea bo‘lib o‘tdi: Buyuk Britaniyada ilk bor O‘zbekiston tarixi bilan bog‘liq, Islom sivilizatsiyasining oltin davrlariga oid noyob Qur’on qo‘lyozmalari va tarixiy artefaktlardan iborat kolleksiya namoyish etildi. Ushbu muqaddas yodgorliklar yillar davomida xususiy kolleksiyalar va muzeylarda saqlangan, endilikda ular o‘z diyori – O‘zbekistonga qaytmoqda.

 

Dunyoning mashhur Sotheby’s va Christie’s auksion uylari mezbonligida tashkil etilgan ushbu ko‘rgazmalar 2017 yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan BMT Bosh Assambleyasida ilgari surilgan tashabbus – Toshkentda Islom sivilizatsiyasi markazini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli loyihaning bir qismidir. So‘nggi yillarda milliy va xalqaro mutaxassislar tomonidan yo‘qolgan madaniy merosni izlash va aniqlash bo‘yicha keng tadqiqot ishlari olib borilmoqda.

 

Londondagi ikki ko‘rgazmada ilk bor xalqaro jamoatchilik e’tiboriga havola etilgan eksponatlar orasida dunyoning yetakchi olimlari, ekspertlari, mas’ul mutaxassislar, mashhur muzey va kutubxonalar vakillari  va kolleksionerlari ishtirok etdi.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti ushbu madaniy-ma’rifiy mega platforma – Islom sivilizatsiyasi markazi tashabbusini ilgari surish barobarida shaxsan uning amalga oshirilishiga boshchilik qilmoqda. Tarixiy va ma’naviy durdonalarni  Vatanga qaytarish bo‘yicha davlatimiz  rahbarining to‘g‘ridan to‘g‘ri topshirig‘i asosida  ushbu keng qamrovli loyiha amalga oshirilmoqda. Bu faqat tarixiy artefaktlarning  qaytishi emas – bu xotiraning, milliy o‘zlikning va O‘zbekistonning islom merosini asrashdagi betakror rolini tan olishning timsolidir, – deya ta’kidladi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov ko‘rgazma ochilish marosimida.

 

Namoyish qilingan nodir artefaktlar orasida IX-XIII asrlarga oid  Qur’on qo‘lyozmalari sahifalari, miniatyuralar, nafis zargarlik buyumlari, maishiy buyumlar, matolar va san’at asarlari bor. Ular O‘zbekistonni jahondagi muhim intellektual markazlardan biri sifatida ko‘rsatadi.

 

– Ushbu ko‘rgazmalar – O‘zbekiston Prezidenti shaxsiy tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan muhim madaniy hodisa bo‘lib, yosh  avlodni ilhomlantirishga qaratilgan. O‘z merosini qaytarishga yo‘naltirilgan bunday amaliy qadriyatlar madaniy uyg‘onish uchun mustahkam zamin bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Buyuk Britaniyadagi "Al-Furqon" fondi direktori Sali Shahsivari.

Ko‘rgazmalarda taqdim etilgan eksponatlarning ko‘pchiligi 2025 yilda Sotheby’s va Christie’s auksionlarida Islom sivilizatsiyasi markazi faoliyati doirasida xarid qilingan.

 

Sotheby’s savdo uyining Sharq merosi bo‘yicha vakili  Benedikt Karter shunday dedi:

– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bilan hamkorlik qilish biz uchun katta sharafdirMarkaziy Osiyo tarixida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan yodgorliklarning Vatanga qaytishiga ko‘maklashganimizdan mamnunmiz.

 

Toshkentning markazida 10 gektardan ortiq hududda barpo etilayotgan Islom sivilizatsiyasi markazi mintaqadagi eng yirik madaniyat va ma’rifat institutlaridan biriga aylanmoqda. Uning ekspozitsiya maydoni 8000 kvadrat metrdan oshadi. Markaz tarkibiga quyidagi besh mavzuli galereya kiradi:

"Qur’on zali"

"Islomgacha bo‘lgan meros"

"Renessansning birinchi va ikkinchi davrlari"

“Yangi O‘zbekiston”.

 

O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi elchisi Ravshan Usmonov quyidagilarni ta’kidladi:

– Bugun O‘zbekiston o‘z tarixiy merosini tiklash va asrab-avaylash borasida ulkan sa’y-harakatlar qilmoqda. Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi kabi tashabbuslar bu yo‘ldagi muhim qadam bo‘lib, tez orada u bilim va dinlararo muloqot mayog‘i sifatida o‘z eshiklarini ochadi. Bu bizning tarixiy o‘zligimizni anglash va uni ochiq tarannum etishga intilishimizning ifodasidir.

 

Londondagi ushbu ko‘rgazmalar nafaqat muhim madaniy voqea, balki tarixiy adolatning tiklanishi ifodasi bo‘ldi. Namoyish etilgan eksponatlar O‘zbekistonning islom olami intellektual markazi sifatidagi o‘rni va bugungi Yangi O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosni asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish yo‘lidagi navbatdagi yutuqlarini amalda isbot etdi.

Sisc.uz

O‘zbekistondagi Islom merosining bebaho xazinalari Londonda namoyish etildi
O'zbekiston yangiliklari